×

UWC-Dilijan kollejiga kirgan Leraning hikoyasi (2021-2023)


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

3341 marta

CHOP ETILGAN

01.11.2020

Oʻzbekistonlik yuqori sinf maktablari hamda kollej/litsey oʻquvchilari uchun oʻqishni xorijda grant asosida davom ettirish imkoniyatini taqdim etuvchi UWC dasturi orqali Armanistondagi Dilijan kollejiga qisman grant asosida qabul qilingan hamyurtimiz – Lera oʻz tajribasi bilan boʻlishdi. Uning hikoyasini eʼtiboringizga havola etamiz.

P.S. Lera 2020-yildagi qabulda ariza topshirgan va 2021-2023-yillatda tahsil olish imkoniyatini qo’lga kiritgan.

Leraning hikoyasi

Barchaga salom!👋

Mening ismim Lera va men Fargʻonadanman. Kelasi yili Armanistonda joylashgan UWC-Dilijan kollejiga oʻqishga boraman. Aslida, oʻqishni mana shu yili boshlashim kerak edi, hatto 2 oy oʻqidim ham. Lekin karantin choralari va siyosiy muammolar tufayli oʻqishimni bir yilga kechiktirishimga toʻgʻri keldi. Agar siz bu yil UWC-Dilijan kollejiga kirsangiz, siz bilan kursdosh boʻlamiz. 🙂

UWC kollejlariga hujjat topshirish boʻyicha tavsiyalar

UWC haqida dastlab dadam gapirib bergandi, keyin esa boshqa maʼlumotlarni oʻzim izlab, oʻrgandim. Arizani topshirishim uchun ikki yarim hafta vaqt ketdi, lekin koʻproq vaqtim boʻlishi va arizamni yanada yaxshiroq qilishni xohlagandim! Eng qiyini insholarimni anketada koʻrsatilgan soʻzlar soniga moslashtirish boʻldi. Belgilangan soʻzlar soniga inshoni moshlashtirish va shu bilan birga, inshongizning asosiy mazmunini saqlab qolish uchun arizani imkon qadar ertaroq toʻldirish, oxirgi kunga qoldirmaslikni qattiq tavsiya qilaman!

Aynan inshoni qanday yozganligingiz keyingi bosqichlarga oʻtish yoki oʻtmasligingizni hal qiladi. Berilgan savollarning barchasiga iloji boricha aniq va ravshan javob berishga harakat qiling va javoblarni internetdan koʻchirmang. 🙂

Maqsadingizni aniq belgilab oling va “Men nega kollejga topshiryapman va kollejdan nimani xohlayman, umuman, hayotdan nimani xohlayman?” degan savolga aniq javob bering. Masalan, men oʻz fikrlarimni daftarga yozib oldim. Yozish jarayonida siz barcha fikrlaringizni qayta takrorlaysiz, shu bilan bir qatorda boshqa narsalar ham xayolingizga keladi va bir muncha vaqt oʻtgach (menda bir sutkadan soʻng boʻldi) ularni qayta koʻrib chiqasiz, turli qaydlar va havolalar kiritasiz.

Shuningdek, Milliy komitet kollej talablariga maksimal darajada mos keluvchi talabalarni tanlashini yodda tuting. Keyingi bosqichga oʻtish yoki oʻtmasligingizdan qatʼi nazar, arizangiz ustida ishlash sizga oʻzingizni yaxshiroq tushunishga yordam beradi va qanday yoʻnalishda harakatlanish siz uchun eng maqbul ekanini aniq koʻrsatib beradi.

UWC nimasi bilan menda qiziqish uygʻotdi?

Birinchidan, xorijda tahsil olish, ayniqsa IB dasturi boʻyicha oʻqish men uchun juda jozibali va qiziqarli tajriba hisoblanadi. Bundan tashqari, maktabdan keyin chet elda oʻqishni davom ettirishimni doimo bilardim.

Ikkinchidan, kollej maqsadlari va vazifalarini chuqurroq oʻrganib chiqib, ular mening maqsadlarimga juda mos kelishini angladim. Kollejdagi taʼlim sizni faqatgina “koʻr-koʻrona” yodlashga majbur qilmaydi, balki mavzular mohiyatini ochib beradi va tushuntiradi. UWC jamiyat foydasi uchun ishlashga va eng muhimi, hozirgi paytda jamiyat uchun haqiqatan ham nimadir qila olishingizni anglashingizga alohida ahamiyat beradi.

Bularning barchasi menga juda tanish edi. Masalan, men Fargʻonada volontyorlik va ijtimoiy yordam ishlari bilan shugʻullanib kelganman: bolalar uylariga (oʻyinchoqlar, shirinliklar, narsalar va kitoblar olib borish orqali), nogironlar va faxriylarga (uy atrofini tozalash, moddiy va maʼnaviy koʻmak orqali) qoʻlimdan kelgancha yordam berib kelganman.

Kollejdan keyingi hayotimdagi maqsadlar

Kollejni tamomlagach, yuridik institutga kirishni rejalashtiryapman. Menimcha, hozirda aniq belgilab olgan rejam shuning oʻzi. 🙂 Barcha institutlar haqida maʼlumot olishga yetarlicha vaqtim boʻlmagan, shu sababli hali aynan qayerda oʻqishim haqida aniq bir qarorga kelganim yoʻq.

Kelgusi yildagi rejalaringiz qanday?

Hozircha Oʻzbekistonda 11-sinfni bitirib, attestat olishni rejalashtirganman. Bundan tashqari, mustaqil ravishda ingliz tilimni yaxshilash ustida ishlayman.

Ha, aytgancha, til haqida: ingliz tilini bilish UWC dasturi uchun majburiy talab hisoblanmasa-da, hech boʻlmaganda B1 darajasida bilish lozim. Mening ingliz tili darajam B2, lekin shunda ham moslashish men uchun qiyin boʻlgandi.

UWC kollejlarida ingliz tili boʻyicha turli talaffuzlarga ega oʻqituvchilar dars beradi, darslar esa birdan boshlanadi. Masalan, UWC-Dilijan kollejidagi oʻqituvchilardan birini tushunishga juda qiynalganman – aytganlarining 60-70 foizini tushunganman, xolos, qolgan qismini oʻzimcha taxmin qilganman.

Yakuniy mulohazalar

UWC – sizni sifatli taʼlim bilan taʼminlovchi ajoyib kollejlar tizimidir. Biroq dastur juda qiyin va dasturda muvaffaqiyat qozonish uchun faqat akademik (oʻqish) jihatidan emas, balki ruhan ham tayyor boʻlish lozim.

Barchaga muvaffaqiyat tilayman!

UWC dasturi, u taqdim etuvchi imkoniyatlar, hujjat topshirish jarayoni haqida SHU YERDA batafsil tanishing.

Mazkur material @OxianaFellows jamoasi tomonidan tayyorlangan.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!