×

Koreyada bakalavr bosqichida oʻqish uchun eng nufuzli koreys grantini (KGSP) yutib olgan hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

7683 marta

CHOP ETILGAN

17.12.2020

Eslatma: Bu suhbat 2020-yilda qilingan. Suhbatda keltirilgan ayrim raqamlar, talablar va boshqalar keyingi yildagi qabullarda oʻzgarishi mumkin.

1. Assalomu alaykum, Jamshid. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

Assalomu alaykum, men Buxoro viloyatining chekka bir qishlogʻida tugʻilib oʻsgan 19 yoshli Durboyev Jamshid boʻlaman. 6-sinfgacha qishlogʻimda oʻqib, 6-sinfning oʻrtasidan shaharning maktabiga oʻqishga kelganman. 2020-yilda maktabning 11-sinfini aʼlo baholarga tamomlaganman. Joriy yilda Janubiy Koreyaning eng nufuzli grantlaridan biri – KGSP (GKS) dasturiga topshirib, gʻolib boʻldim. 2021-yilning mart oyidan boshlab Janubiy Koreyada nufuzi boʻyicha 2-oʻrinda turuvchi Sungyunkwan universitetida bakalavriat bosqichida oʻqishni boshlayman.

2. KGSP (GKS) grant dasturi gʻoliblarga qanday moliyaviy imtiyozlar taqdim etadi? Batafsil sanab bersangiz.

Mazkur grantni qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  • Koreya universitetlaridan birida bakalavr bosqichida oʻqish puli (kontrakt) toʻliq qoplab beriladi.
  • Koreyaga borib kelish yoʻl xarajatlari qoplanadi.
  • Har oy qariyb 900 AQSH dollari stipendiya beriladi. TOPIK 5 yoki 6 darajasi borlar uchun 900 dollardan tashqari qoʻshimcha100 dollar oylik stipendiya ham beriladi.
  • Har oylik sugʻurta puli qoplanadi(60$).
  • 200$ izlanish olib borishingiz uchun taqdim etiladi.
  • 500-800$ dissertatsiya yoqlash xarajatlari uchun ajratiladi.
  • Birinchi oyda 200$ qoʻshimcha pul beriladi (Koreyaga moslashib ketish uchun)
  • Oʻqishni bitirib, vatanga qaytayotgan payt yana 100$ beriladi.
  • Agar siz Koreys tilini bilmasangiz, 1 yillik koreys tili kursida oʻqishingiz kerak boʻladi va mazkur kurs xarajatlari hm qoplanadi.

3. KGSP dasturi uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?

Dasturda ishtirok etish uchun til bilish talab qilinsa-da, minimum talab aniq belgilab qoʻyilmagan. Lekin raqobat juda kuchli boʻlganligi sababli til sertifikati yoʻqlar hatto 1-bosqich – hujjatlarni koʻrib chiqish bosqichidan ham oʻtolmaydi. Ayniqsa Oʻzbekistonda bu grantga kvota juda kam (har yili bor-yoʻgʻi 2 kishini saralab oladi), raqobat esa juda ham kuchli. Hozirda ham ingliz tilini, ham koreys tilini biladigan tengdoshlarim juda koʻp, shu sababdan til bilmasdan turib yoki til sertifikatisiz bu grantni yutishning deyarli iloji yoʻq. Mazkur dasturga hujjat topshirganimda koreys tili imtihoni TOPIKdan 6-darajam va IELTS imtihonidan 6.0 ballim bor edi.

4. KGSP stipendiya dasturiga hujjat topshirganingizda diplom/attestat baholaringiz oʻrtachasi necha ball boʻlgan?

Bu grantning qatʼiy talablaridan biri – oʻqishni soʻnggi bitirgan joyingizdagi baholarning oʻrtachasi 80% dan kam boʻlmasligi kerak. Koʻpchilik yoshlar maktab baholari unchalik muhim emas deb oʻylab, maktab baholariga eʼtibor berishmaydi. Ammo maktab baholaringiz oʻrtachasi 80% dan past boʻlsa, siz bir qancha grantlarga, jumladan, KGSP dasturiga ham qabul qilinmaydiz (baholar 0ʻrtachasi 80% dan past boʻlganlarni qabul qiluvchi grantlar ham koʻp, albatta). Ballarning foizini chiqarish uchun diplom yoki attestatdagi barcha baholarni qoʻshib chiqib, fanlar soniga boʻlish kerak. Aytaylik, maktabda jami 17 ta fan oʻtilgan. Shu 17 ta fanning bahosi 5+4+5+5+3+5+5+…. shakilda qoʻshib chiqiladi va chiqqan natija 17 ga boʻlinadi. Shunda foizi chiqadi. Mening attestat baholarim hammasi 5 va bu baholarimning oʻrtachasi 100% degani. Dasturga 100 foizlik oʻrtacha baho bilan hujjat topshirganman.

5. Siz dasturga qay tartibda topshirgansiz – University Track orqalimi yoki Embassy Track orqalimi? Bularning farqini ham yoritib o’tsangiz.

Bu grantga 2 xil tartibda hujjat topshirsa boʻladi. Yuqorida aytilganidek, University Track yoki Embassy Track. Men Embassy Track orqali topshirganman. Demak, bularning farqi juda juda katta. Ayniqsa 2020-2021-yilgi grant dasturida butunlay farq qildi. Embassy trackʼda sizga 37-68 tagacha universitetlar ichidan 3 tasini tanlashga ruxsat beriladi. Har yili 68 ta universitetning ichidan tanlash mumkin edi, lekin bu yil bor-yoʻgʻi 37 ta universitetning ichidan tanlash huquqi berildi. Embassy Trackʼda bizning hujjatlarimizni Toshkentdagi Koreya taʼlim markazi koʻrib chiqadi va gʻoliblarni aniqlaydi. University Trackʼda esa, siz toʻgʻridan-toʻgʻri barcha hujjatlaringizni tanlagan universitetingizga joʻnatasiz. Ular shaxsan oʻzi siz bilan suhbat olib boradi va grantni yutish-yutmasligingizni ham ular hal qilishadi. Ammo University Track orqali hujjat topshirganda, eng zoʻr universitetlarga hujjat topshirolmaysiz. Asosan barcha universitetlar Koreyaning viloyatlarida joylashgan boʻladi. Lekin University Trackʼda gʻolib boʻlish ehtimoli Embassy Trackʼdan koʻra sal yuqori. Kimda TOPIK va IELTS ball yuqori boʻlsa, gʻolib boʻlishi oson. Shuningdek, suhbat ham onlayn tartibda boʻlgani uchun oʻzingizni yoʻqotib qoʻyish ehtimoli ham past boʻladi.

6. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz qanday?

Alohida tayyorgarlik koʻrmaganman. Asosan sizdan koreys tili va ingliz tilini mukammal bilish talab qilinganligi uchun shu ikki tilni yaxshilab oʻrgansangiz kifoya.

7. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar? 

Embassy Track orqali hujjat topshirayotganlar uchun bosqichlar bir oz koʻproq. Birinchi navbatda soʻralgan hujjatlarni Koreya elchixonasi yoxud Koreya taʼlim markaziga bevosita tashrif buyurish yoʻli orqali topshirasiz. Hujjat topshirish davri taxminan 2 hafta davom etadi.

Shundan soʻng taʼlim markazidagilar sizning hujjatingizni koʻzdan kechirishadi va birinchi bosqich – hujjatlarga qarab saralash bosqichidan oʻtganingiz yoki oʻtmaganingiz haqida 1 haftadan keyin aytadi. Odatda birinchi bosqichda, necha kishi hujjat topshirishidan qatʼi nazar, 5-6 ta oʻquvchi saralab olinadi. Agar sizda TOPIK ham, IELTS ham boʻlmasa, birinchi bosqichning oʻzidanoq yiqilish ehtimolingiz juda yuqori.

Keyingi bosqich bilimingizni tekshirish boʻladi. Bunda siz Koreya taʼlim markazi eʼlon qilgan kunda taʼlim markazga borib yozma imtihon va ogʻzaki suhbatdan oʻtasiz. Ikkovi ham bir kunda boʻladi. Ikki imtihon ham ingliz va koreys tilida boʻladi. Yozma imtihonda oʻqish uchun tanlagan sohangizni nega tanlaganingiz, bitirib qaytgach nimalar qilishingiz, madaniyat va oziq-ovqatga koʻnikishingiz qiyin boʻlsa, nima qilishingiz kabi savollar soʻraladi va shu savollarga javob yozishingiz kerak. Yozma imtihon va ogʻzaki suhbatdan aʼlo darajada oʻta olsangiz, 1-2 kunda gʻolib boʻlganingiz haqida maʼlumot olasiz. Va siz mana shu jarayongacha deyarli grant sohibiga aylangan boʻlasiz.

Ammo bu hali hammasi emas. Shundan soʻng hujjatlaringiz Koreyaga joʻnatiladi. Va taxminan noyabrning oʻrtalarida NIIED studyinkorea.go.kr saytida muvaffaqiyatli nomzodlar ism-familiyasini eʼlon qilishadi.

Keyin sizning hujjatlaringiz 3 ta tanlagan universitetingizga joʻnatiladi. Shunda hech boʻlmaganda 1 ta universitet sizni qabul qilsagina, siz grantni yutgan hisoblanasiz. Mabodo 3 ta universitet ham sizni tanlashni xohlamasa, grantni qoʻldan boy berasiz va shu paytgacha barcha jarayonlardan oʻtganingiz ham befoyda boʻladi. Har yili qariyb 20% oʻquvchilar 3 ta universitet ham qabul qilmaganligi sabab grantni qoʻldan boy beradi.

Uchala universitet ham qabul qilmaganining koʻp sabablari bor. Birinchisi, sizning davlatingizda raqobat deyarli boʻlmagan va siz hech qanday IELTS va TOPIKsiz davlatingizda grantni yutgan boʻlishingiz mumkin. Ikkinchisi, siz tanlagan universitetlarning uchovi ham juda zoʻr universitetlar. Ular zoʻr boʻlganga yarasha, talabalarini ham zoʻr boʻlishini xohlashadi. Shunday qilib mana shu yil ham bir nechta oʻquvchilar 3 ta universitet ham tanlamaganligi uchun grantni qoʻldan boy berdi.

Shuningdek, bu orada siz Medical examination ( tibbiy koʻrik)dan oʻtib, barcha tahlil javoblari va NIIED tomonidan berilgan shaklni shifokorlarga toʻldirtirib email orqali joʻnatishingiz kerak. Shundan keyin, agar siz 1 tadan koʻp universitetga qabul qilingan boʻlsangiz, endi siz qaysi universitetni tanlashingiz haqida NIIEDga email joʻnatasiz (deadline bor, oʻshanga moslashtirib joʻnatiladi). Va nihoyat, uzoq kutilgan onlar keladi. Dekabrning oʻrtalarida (har yil har xil) grantning batamom gʻoliblari ism-familiyasi saytda eʼlon qilinadi. Shundan keyin vizaga hujjat topshirish, Koreyaga borish biletini olish va shunga oʻxshash ishlarni bajarasiz (bilet universitetingiz tomonidan elektron ravishda sotib olib beriladi, siz pul sarflamaysiz).

8. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy hujjatlar qaysilari hisoblanadi?

Pasport nusxasi, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi, ota-ona pasport nusxasi, maktab attestati yoki kollej/litsey diplomi. Va asosiysi self statement (oʻzi haqida maʼlumot) va study plan (oʻqish rejasi, kelajakdagi orzular, oʻqishni bitirgandan keyin qiladigan ishlar va hokazolar). Koʻpchilik mana shu ikki insho juda muhim deb aytganligi uchun men ham qoʻlimdan kelgancha mukammal qilib yozishga harakat qildim. Qariyb 3 oy davomida mana shu ikki inshoni yozdim. Ammo baʼzi bir, boshqa davlatlardan shu grantni yutgan oʻquvchilar inshosini oʻqib koʻrsangiz, juda sodda va xatolarga boy qilib yozilgani ham uchrab turadi. “Asosiysi mana shu insholar”, deb aytgandan koʻra, yuqorida sanab oʻtilgan barcha omillarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq boʻladi, deb oʻylayman.

9. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Haqqoniylikka! Yuqorida aytganimdek, hujjatlar orasida self statement va study plan bor. Mana shularni yozayotganda oʻzingiz haqingizdagi barcha haqiqatlarni oshkor qilishingiz kerak. Shuningdek, bu insholarni ikki tilda: yo ingliz, yo koreys tilida yozish mumkin. Baʼzilar esa bittasini koreys, bittasini ingliz tilida yozadi. Men ikkovini ham koreys tilida yozganman. Negaki, koreys tilida yozish menga qulay va oʻz fikrlarimni toʻlaqonli ifodalay olaman. Yana bu insholarni koreyslar oʻqiganligi uchun koreys tilida yozgan maʼqul. Negaki kim boʻlsa ham, oʻz tilida yozilgan narsani yaxshiroq tushunadi. Albatta, faqat ingliz tilini biluvchilar har ikkala inshoni ham ingliz tilida yozadil Oxirida yozib boʻlgandan keyin insholarni, albatta, tekshirtirish kerak. Agar ingliz tilida yozgan boʻlsangiz inglizga, koreys tilida yozgan boʻlsangiz koreysga yoki shu tillarni yaxshi biladiganlarga tekshirtirib olishingiz kerak. Negaki, qanchalik tilni yaxshi bilaman desangiz ham. bari bir bitta-yarimta xato boʻlib qolishi mumkin.

10. Suhbat jarayonida qanday savollar soʻralgan?

Bu grantni yutish yoki yutmasligingiz 80% suhbatga bogʻliq. Agar siz bilan suhbat olib borayotgan hakamlarda birinchi taassurotni yaxshi qoldirsangiz, gapirishingiz ravon boʻlsa, oʻzingizga ishongan holda gapirsangiz, suhbatdan muvaffaqiyatli oʻta olasiz. Suhbat payti 8-10 ta savol beriladi. Suhbat davomiyligi 10-15 daqiqa boʻladi. Savollar 4-5 ta hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan beriladi. Ulardan biri ingliz tilida va qolganlari koreys tilida savollar beradi. Faqat bir tilni bilsangiz, faqat siz bilgan tilda suhbat qilinadi. Menga quyidagi savollar berildi.

  1. “Nega aynan sizni tanlashimiz kerak?”
  2. “Nega aynan shu grantga qatnashyapsiz?”,
  3. “Nega bu sohani tanladingiz?”,
  4. “Koreyaga borganingizda madaniyati yoki ovqatlari sizga toʻgʻri kelmasa nima qilasiz?”,
  5. “Koreyaga borib kelgandan keyin bu ikki davlatga qanday foydangiz tegadi?”,
  6. “Shu paytgacha biror marta politsiyachilar bilan orangizda kelishmovchilik boʻlganmi?”
  7. “Boʻlgan boʻlsa, nega?”
  8. “Mabodo Koreyada shunday hodisa boʻlib qolsa nima qilasiz?”

Oxirgi 3 ta savol ingliz tilida, qolganlari koreys tilida berilgan.

11. Suhbatda asosan nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Muomalaga! Muomalangiz zoʻr boʻlsa, suhbatdan yaxshi oʻtish ehtimoli yuqori. Shuningdek, suhbat payti gapirayotganingizda oʻzingizda ishonch bilan gapirishingiz kerak. Agar siz oʻzingizga ishonmasangiz, hakamlar ham sizga ishonishmaydi. Ular sizdan kreativlik kutadi, savollarga hamma beradigan javoblarni berishga harakat qilmaslik kerak. Yangi gʻoyalar va mantiqiy mulohazalarga boy gaplarni koʻproq gapirish kerak. Shunday gapiringki, hakamlar “ haaa, rostdan ham shunday,” deb hayron qolsin. Shunda ular sizga ishonadi va grantni sizga “beradi”.

12. Grantni yutib olishingizda asosiy rol oʻynagan omillar nimalar deb oʻylaysiz va boshqalarga shu grantni qoʻlga kiritish uchun nimalarga eʼtibor qaratishni tavsiya etasiz?

Bu grantni yutishimga juda koʻp omillar sabab boʻlgan. Birinchi navbatda TOPIK darajam. Men TOPIK 6-darajani juda yuqori ball (267 ball) bilan qoʻlga kiritganman. Menimcha, eng asosiy omillardan biri mana shu boʻlsa kerak. Keyin, yuqorida ham taʼkidlaganimdek, suhbatdan yaxshi oʻtganim ham mana shu grantni yutishimga koʻmaklashdi. Baʼzilar, sertifikat, tanlovlarda qatnashib gʻolib boʻlish va hokazolar muhim deb hisoblashadi, ammo men bunday deb oʻylamayman. Menda ham bunday sertifikatlar juda koʻp edi. Lekin suhbatdan yaxshi oʻtmasam sertifikatlarim meni qutqarib qololmasdi. Shu sababdan barchaga, aniqlikka intilishini maslahat beraman. Bu qogʻozlar hech narsani hal qilmaydi, agar siz oʻsha narsalarni amaliyotda qoʻllamasangiz. Koreyslar shunaqa xalq, ular qogʻozga qarab baho berishmaydi, shuning uchun har doim suhbat qilib koʻrib keyin gʻolibni aniqlashadi. Shu sababdan gapirishni mustahkamlash kerak va boshqalardan ajralib turishingizni hakamlarga isbotlashingiz kerak.

13. Keyingi yili mazkur dasturga hujjat topshirmoqchi boʻlganlarga nimalarni tavsiya qilgan boʻlardingiz?

Birinchi navbatda, TOPIK imtihonidan daraja olishlarini tavsiya bergan boʻlar edim. Shuningdek, IELTS yoki TOEFL imtihonlarini ham topshirib, yaxshi ball olib qoʻyishlari kerak. Yana koʻproq koreys tilida gapirishni mashq qilish kerak. Chunki grantning hal qiluvchi nuqtasi bu suhbat! Suhbatda esa 80% savollar koreys tilida beriladi. Shu sababdan gapirishga koʻproq eʼtibor qaratish lozim. (Faqat ingliz tilini biluvchi nomzod suhbat bosqichiga oʻtsa, savollar faqat ingliz tilida soʻraladi. Lekin Oʻzbekiston sharoitida Embassy Track orqali faqat ingliz tilini biluvchilar suhbat jarayonigacha yetib bora olmaydi, odatda).

Shu bilan birga, iloji boʻlsa, self statement va study planʼni yozib qoʻyish kerak. Chunki, odamzod asta-sekinlik bilan xatolarini tushunib yetadi va bu xatolarni tuzata oladi. Shu ikki inshoni oldindan yozib qoʻysangiz, uni har kun sayqallay olasiz, yangilik kiritasiz, keraksiz joylarini olib tashlaysiz. Shunday qilib mukammal inshoni yaratasiz. Asosiysi, shu grantni yuta olishingizga oʻzingizni ishontiring! Hech qachon orqaga qaytmang va faqat olgʻa qadam bosing. Raqiblaringiz kimligiga ham, nimalarga erishganiga ham eʼtibor bermang. Oʻzingizga va faqat oʻzingizga ishoning. Shunda grantni qoʻlga kirita olasiz.

Grantlar.uz: Mazmunli va foydali suhbat uchun tashakkur.

Jamshid: Suhbat uchun sizlarga ham rahmat.

Jamshidga mazkur grantga taqdim etish uchun berilgan tavsiyanomani BU YERDA o’qing.

Jamshid Durboyevning Telegram kanali

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!