×

National Taiwan University: Tayvanda bakalavr kurslari uchun to’liq grant va oylik stipendiya!


Grant

MUHLAT

25.02.2021

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Tayvan

O'QILGAN

1971 marta

Tayvanda joylashgan National Taiwan University (NTU) oliygohi tomonidan Financial Assistance Grant for International Students grant dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Grant o’qish kontrakt to’lovini to’liq qoplab, nomzodlarni oylik stipendiya bilan ham ta’minlaydi. Grantni universitetning bakalavr bosqichida o’qish istagidagi barcha davlatdan bo’lgan arizachilar qo’lga kiritishi mumkin. Bakalavr kursi ingliz tilida va xitoy tilida o’qitiladigan yo’nalishlarga bo’linib, ariza topshirishdan avval ta’lim tilini yaxshilab tekshirib olish tavsiya etiladi. Yo’nalishlar haqida batafsil ma’lumotni bu yerdan oling.

Grant kimlar uchun?

Bakalavr kursida o’qishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

  • Grantni qo’lga kiritgan nomzod bakalavr kursida o’qish kontrakt to’lovidan to’liq ozod qilinadi.
  • O’qish davomida oylik TWD 6000 (taxminan 215 AQSh dollari) miqdorida oylik stipendiya bilan ta’minlanadi.

Lekin grant ma’muriy to’lovlar, yotoqxona to’lovi, sug’urta, diplom ishi maslahatchisi uchun to’lov va shu kabi boshqa to’lovlarni o’z ichiga olmaydi.

Talablar:

  • Nomzod maktab/kollej/litseyni tamomlagan bo’lishi va ushbu universitetning bakalavr kurslaridan biriga ariza topshirishi shart.
  • Ingliz tilida o’qitiladigan kurslarga qabul uchun kamida TOEFL iBT 71, IELTS 5.5, TOEIC 750 yoki GEPT High-Intermediate sertifikati talab qilinadi.
  • Xitoy tilida o’qitiladigan kurslarga qabul uchun kamida TOCFL boshlang’ich 2 darajasi yoki HSK 4 sertifikati talab etiladi. Ushbu til talablari universitetga ariza topshiruvchilar uchun asosiy belgilangan talab hisoblanib, yo’nalishlar bo’yicha til talablari farq qilishi mumkin. Yo’nalishlar bo’yicha til talablari bilan batafsil bu yerda
  • Bakalavr bosqichida o’qish davomida grantni doimiy saqlab qolish uchun talabalarning o’rtacha baholari 1-kurs uchun 3.0 ball (umumiy) va undan yuqori, 2-kurs uchun 3.2 ball (umumiy) va undan yuqori, yuqori kursga o’tayotgan talabalar uchun 3.33 ball (umumiy) va undan yuqori bo’lishi kerak.
  • Ba’zi yo’nalishlarga qabul uchun qo’shimcha imtihon yoki boshqa hujjatlarni talab qiladi. Shuning uchun ariza topshirishdan avval tanlangan kurs talablari bilan batafsil tanishib chiqing. Yo’nalishlar bo’yicha barcha talablar bilan bu yerda tanishing.

Dasturga qabul jarayoni:

Grant uchun alohida hujjat topshirish talab etilmaydi. Bakalavr kursiga hujjat topshirgan nomzodlarning arizalari grant uchun ham ko’rib chiqiladi. Lekin, grantga nomzodlik qilish uchun bakalavr kursiga 25-fevralgacha ariza topshirish zarur.

Bakalavr kursi uchun arizalar onlayn tarzda to’ldirilib, barcha kerakli hujjatlar elektron shaklda taqdim etilishi talab etiladi. Hujjatlarni qog’oz shaklida alohida topshirish shart emas. Arizachi bir vaqtning o’zida 5 tagacha yo’nalishga ariza topshirish imkoniyatiga ega. Agar qabul natijalariga ko’ra bittadan ortiq yo’nalishga qabul qilingan taqdirda, arizachi ular orasidan ixtiyoriy birini tanlaydi. Onlayn arizani boshlash uchun bu yerga bosing.

Onlayn arizani to’ldirganingizdan so’ng ariza shakli, “Declaration and Authorization form”, to’lov shakli va boshqa hujjatlarni yuklab olib, chop etib, to’ldirishingiz talab etiladi.

Barcha hujjatlar PDF formatida, rasmlar esa JPG formatida topshiriladi. Hujjatlar hajmi 5 MBdan katta bo’lmasligi va agar bir turdagi hujjat bir necha alohida fayllardan iborat bo’lsa, onlayn ariza sahifasiga yuklanishidan avval bitta fayl sifatida birlashtirilishi kerak.

Ariza topshirish to’lovi ham mavjud bo’lib, faqat bitta yo’nalish uchun ariza topshirganlar 80$ miqdorida, 3 ta va undan ortiq yo’nalish uchun ariza topshirganlar esa 3-arizadan boshlab qo’shimcha har bir ariza uchun 65$ dan to’lov to’lashi kerak. To’lovlar bank orqali pul o’tkazish yoki onlayn kredit karta to’lovi orqali amalga oshirilib, to’lov qog’ozi elektron variantda onlayn ariza tizimida ilova qilinishi shart.

Kerakli hujjatlar

  1. Maktab shahodatnomasi yoki kollej/litsey diplomi, baholari bilan
  2. Pasport nusxasi
  3. Til sertifikati
  4. Tavsiyanoma xati. Ariza beruvchi onlayn ariza tizimida tavsiyanoma beruvchining ma’lumotlari va elektron pochta manzilini kiritishi kerak. Arizachi tavsiya beruvchini ushbu onlayn ariza tizim orqali xabardor qilishi kerak. Va bu orqali tavsiya beruvchilarning dedlayn muddatigacha tavsiyanoma xatini taqdim etganligini tekshirib olishi mumkin.

Tavsiya etuvchi tavsiyanomani taqdim etish uchun quyidagi usullardan birini tanlashi mumkin: tizimdagi onlayn tavsiyanoma xatini to’ldirish (tavsiya etiladi); tavsiyanoma xatining skaner qilingan faylini yuklash; tavsiyanoma xatini pochta orqali yuborish; tavsiyanoma xatini muhrlash va pochta orqali yetkazib berish uchun ariza beruvchiga topshirish.

  1. Rasm. Rasm yaqin 6 oy ichida olingan bo’lishi va JPG formatda taqdim etilishi kerak
  2. Ariza to’lovi to’langanlik qog’ozi
  3. Declaration and Authorization Form- ushbu hujjat onlayn ariza to’ldirilgandan so’ng tizim tomonidan avtomatik ravishda yaratiladi. Siz faqat uni chop etib, imzolab, skaner variantda taqdim etishingiz kerak.
  4. Moliyaviy holat haqidagi sertifikat (eng kamida 6000 AQSH dollar depozit)
  5. Yo’nalishlar tomonidan talab qilinadigan boshqa hujjatlar. Batafsil ma’lumotni bu yerdan bilib oling.

 Qabul jarayoni

Nomzodlar qabul va grant bo’yicha natijalarni 2021-yil, 16-aprel sanasida onlayn ariza berish tizimi orqali tekshirib olishlari mumkin. O’qishga qabul qilingan talabalar 2021 yil 26-aprel sanasigacha universitetda o’qish istagida ekanligini tasdiqlashi shart.

Universitetga hujjat topshirish jarayoni, qabul shartlari haqidagi batafsil ma’lumot bilan bu yerda tanishing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!