×

YHSA(Asia): maktab va kollej/litsey oʻquvchilari uchun tanlov; bosh mukofot – 5 ming AQSH dollari!


Grant

MUHLAT

31.05.2024

QOLGAN VAQT

31 kun

HUDUD

Xitoy

O'QILGAN

11213 marta

YHSA(Asia) – xitoylik professor Shing-Tung Yau tomonidan tashkil etilgan va oʻrta taʼlim oʻquvchilariga moʻljallangan tadqiqotga asoslangan tanlovdir. Tanlov tadqiqot mashgʻulotlarida innovatsiya, originallik, yaratuvchanlik va izchillikka alohida urgʻu beradi. Tanlov oʻquvchilarning ilmiy kashfiyotga boʻlgan ishtiyoqi, oʻrganishdagi sabr-matonati va munozaralarda mulohazakorligini tarbiyalash hamda qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻquvchilar va oʻqituvchilarni turli masalalar/muammolarga miqdoriy aniqlik hamda ilmiy asoslar bilan yondashishga undaydi. Tanlovda oʻquvchilar 1-3 kishilik jamoa shaklida ishtirok etishi mumkin. Bunda jamoalar tegishli fan toifasi boʻyicha tadqiqot ishi yozib topshirishi kerak boʻladi.

Tanlov quyidagi fan turkumlari boʻyicha oʻtkaziladi:

  1. Matematika (jumladan, matematika va statistika).
  2. Fizika (jumladan, muhandislik fizikasi).
  3. Biologiya (jumladan, biologiya va biologik tizimlarni matematik modellashtirish).
  4. Kimyo (jumladan, kimyo va farmasevtika fanlari).
  5. Kompyuter fanlari.
  6. Iqtisodiy va moliyaviy modellashtirish.

Grant kimlar uchun?

Oʻrta maktab va kollej/litsey oʻquvchilari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Tanlovda har bir fan boʻyicha gʻolib boʻlgan jamoalar quyidagicha mukofotlanadi:

  • Gold Prize – 5000 AQSH dollari (har bir turkum boʻyicha oliy oʻrinlar uchun);
  • Silver Prize – 500 AQSH dollari (bu 2-oʻrin hisoblanadi). Matematika yoʻnalishi boʻyicha Silver Prize mukofotini qoʻlga kiritgan gʻolib jamoa 2000 AQSH dollari bilan mukofotlanadi.
  • Har bir fan toifasi boʻyicha 3 tagacha gʻolib jamoa Honourable Mention (Alohida eʼtirof) sifatida qayd etiladi.
  • YHSA(Asia) tanlovida Gold Prize va Silver Prize mukofotlarini qoʻlga kiritgan jamoalar mahalliy (xitoylik) jamoalar bilan Pekindagi YHSA finalida bellashish imkonini qoʻlga kiritadi. Mazkur bellashuv gʻoliblari ham pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
  • Ogʻzaki himoya bosqichida qatnashgan barcha ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlanadi.

Talablar:

Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • Osiyoning istalgan davlatida yashovchi oʻquvchilar qatnashishi mumkin (Oʻzbekiston oʻquvchilari ham). Faqat Kontinental Xitoyda joylashgan hududdagi maktab oʻquvchilari mazkur tanlovda qatnasha olmaydi.
  • Ishtirokchilar oʻrta taʼlim muassasasida (maktab, litsey, kollej) tahsil olayotgan oʻquvchi boʻlishi lozim.
  • Bir vaqtning oʻzida boshqa tanlovlar uchun ham taqdim etilayotgan tadqiqot ishlari YHSA(Asia) tanloviga qabul qilinmaydi.

Dasturga qabul jarayoni:

Tanlovda ishtirok etish quyidagi bosqichlarda boʻladi:

1-qadam: jamoani tuzish va roʻyxatdan oʻtish. Bu quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • Jamolar BITTA oʻrta taʼlim muassasasidan boʻlgan oʻquvchilardan tuziladi. Jamoda 1 nafardan 3 nafargacha oʻquvchidan iborat boʻlishi mumkin.
  • Har bir jamoa yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan nazoratchi oʻqituvchiga ega boʻlishi lozim.
  • Bitta oʻrta taʼlim muassasasidan bittadan koʻp jamoa qatnashishi va bitta oʻqituvchi bittadan koʻp jamoaga nazaratchilik qilishi mumkin. Shuningdek, bitta oʻquvchi bir nechta fan toifalari boʻyicha jamoalarda ham qatnashishi mumkin.
  • Jamoa va nazoratchi oʻqituvchi tayyor boʻlgach, BU YERGA kirib, jamoa roʻyxatdan oʻtkaziladi. Roʻyxatdan oʻtishning oxirgi kuni – 2024-yil, 31-may.
  • Jamoa muvaffaqiyatli roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin jamoa aʼzolarini oʻzgartirishga odatda ruxsat berilmaydi.
  • Roʻyxatdan oʻtish jarayonini osonlashtirish uchun roʻyxatdan oʻtish shakli NAMUNASINI  keltirilgan, uni koʻrib olishingiz mumkin (shakl 2021-yilgi tanlovniki).

2-qadam: tayyorgarlik va ishtirok. Jamoalar quyidagilarni tayyorlaydi va topshiradi:

  • Tadqiqot rejasi: har bir jamoa 2024-yilning 3-iyuniga qadar ingliz tilida yozilgan tadqiqot rejasini topshirishi kerak. Tadqiqot rejasi namunasi va shaklini BU YERDAN yuklab olishingiz mumkin.
  • Tadqiqot ishi: tadqiqot rejalari asosida saralab olingan jamoalar 2024-yilning 31-iyuliga qadar ingliz tilida yozilgan tadqiqot ishini topshirishi kerak. Tadqiqot ishi namunasi va shaklini BU YERDAN yuklab olishingiz mumkin.
  • Ogʻzaki himoya: 2024-yil noyabrda jamoalar ogʻzaki himoyada qatnashadi (himoya ingliz tilida boʻladi). Ogʻzaki himoyada har bir jamoa shaxsan ishtirok etishi kerak. Shaxsan ishtirok etmagan jamoalar talovdan chetlashtiriladi. Baholash paneli ogʻzaki himoyaga baho berishda jamoaga beriladigan mukofot mablagʻini biroz kamroq berishni tavsiya qilishi mumkin, lekin bu tavsiyaga 100% amal qilinadi degani emas. YHSA(Asia) tanlovida ogʻzaki himoyadan keyin Gold Prize va Silver Prize gʻoliblari YHSA mahalliy (Xitoy) tanlovi gʻoliblari bilan bellashuvda qatnashadi.

Shuningdek, ogʻzaki himoyada qatnashish uchun Xitoyga borish, u yerda turish va oziq-ovqat xarajatlarini ishitirokchilarning oʻzlari qoplashi kerak. Tanlov tashkilotchilari faqatgina ogʻzaki himoya tugagach, Xitoyga borish va qaytish uchun aviachipta olishga sarflangan summaning maʼlum miqdorini yoki toʻliq qoplab berishi mumkin (miqdori oʻsha paytda belgilanadi). Ogʻzaki himoyada qatnashish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar tashkilotchilar tomonidan qoplanmaydi.

MUHIM: tadqiqot rejasi va tadqiqot ishi qanday yozilishi boʻyicha talablar mavjud. Mazkur talablar bilan BU YERDA batafsil tanishing.

Tanlov bosqichlarini baholash tartibi va shartlari bilan BU YERDA tanishing.

Tanlovning oldingi yildagi gʻoliblari ishlari bilan tanishing:

Koʻp berildigan savollar bilan BU YERDA tanishing.

Savollar yuzasidan quyidagi kontaktlarga murojaat qilishingiz mumkin:

Email: yauaward@ashk.org.hk
Tel:  (852) 3907 0659 / (852) 3690 2704

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!