×

Germaniya: Musiqa yoʻnalishida magistratura yoki malaka oshirish kurslari uchun stipendiya!


Grant

MUHLAT

26.09.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Germaniya

O'QILGAN

5521 marta

Germaniyaning DAAD tashkiloti musiqa yoʻnalishi boʻyicha magistratura yoki malaka oshirish kurslarida oʻqishni xohlovchi talaba/tadqiqotchilarga Study Scholarships – Postgraduate Studies in the Field of Music dasturini taklif etmoqda. Dastur musiqa yoʻnalishida bakalavr darajasiga ega chet ellik yoshlar uchun moʻljallangan. Germaniya Federal Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu dastur talabalarga Germaniyadagi oʻzlari tanlagan musiqiy oliygohlardan birida 10–24 oy davom etadigan bakalavrdan keyingi bosqich kurslarida oʻqish imkoniyatini beradi.

Dastur faqat badiiy (artistic) sohadagi loyihalarni moliyalashtirishga moʻljallangan boʻlib, musiqashunoslik, musiqiy taʼlim, musiqa yoʻnalishidagi tadqiqotlar uchun DAADʼning boshqa grantlari mavjud.

Grant kimlar uchun?

Musiqa yoʻnalishida magistratura yoki malaka oshirish kurslarida oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Gʻoliblar quyidagilar bilan taʼminlanadilar:

  • Oyiga 934 yevro stipendiya.
  • Safar xarajatlari uchun mablagʻ.
  • Oʻqish va tadqiqotlar uchun bir martalik mablagʻ.
  • Tibbiy va baxtsiz hodisalar sug’urtasi.
  • Germaniyaga ketishdan oldingi 2, 4 yoki 6 oylik nemis tili kursi uchun toʻlov (oʻqitish tili nemis boʻlgan oliygohga kirgan talabaga til kursida oʻqish majburiy).
  • Germaniyadagi oʻqish davomida stipendiyat tanlagan nemis tili kursi toʻlovlari toʻlab beriladi.
  • Stipendiatning TestDaF yoki DSH testi uchun sarflagan mablagʻi qaytarib beriladi (grant berilgandan keyin topshirilgan test uchun).

Baʼzi hollarda:

  • Turar joy harajatlari uchun subsidiya.
  • Stipendiatning oila aʼzolari uchun nafaqa.
  • Nogironlik yoki surunkali kasallik holatida beriladigan nafaqa (boshqa tashkilot tomonidan qoplanmaganda).

Talablar:

Nomzod quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  1. Nomzod Germaniya fuqarosi boʻlmasligi kerak.
  2. Nomzod Germaniya hududida 15 oydan ortiq istiqomat qilmagan boʻlishi kerak (ariza topshirish holatiga koʻra).
  3. Nomzod Germaniya oliygohlaridan biriga musiqa yoʻnalishidagi magistrlik/aspirantura kursiga qabul qilinishi kerak.
  4. Nomzod bakalavr darajasini (yoki bundan oldingi ilmiy darajani) olganiga 6 yildan koʻp boʻlmagan boʻlishi kerak.
  5. Nomzod nemis va/yoki ingliz tilini yaxshi bilishi kerak.
  6. Oʻqitish tili nemis boʻlgan kurslar uchun nemis tili sertifikati talab etiladi.
  7. Grant gʻolibi oʻqish boshlangunicha (odatda oʻquv yili 1-oktyabrdan boshlanadi) nemis tili kurslariga qatnashga qiziqish bildirishi kerak.
  8. Grantlar faqat badiiy musiqa yoʻnalishi uchun ajratiladi (musiqashunoslik, musiqiy taʼlim, musiqa yoʻnalishidagi tadqiqotlar uchun DAADning boshqa grantlari mavjud).
  9. Nomzodning DAAD grantida gʻolib boʻlishi uning oliygohga qabul qilinishini kafolatlamaydi.
  10. DAAD stipendiyasi nomzod oliygohga qabul qilingandagina kuchga kiradi.

Nomzodlarga qoʻyilgan talablar haqida shu yerda batafsil tanishishingiz mumkin (Application requirements ruknida).

Dasturga qabul jarayoni:

Grantga ariza berish uchun nomzod Germaniya oliygohlaridan biriga musiqa yoʻnalishi boʻyicha magistr/PhD kursiga qabul qilinishi kerak. Qabul talablari tanlangan oliygohga qarab turlicha boʻladi.

2024-yil kuzda boshlanadigan kurslarga Study Scholarships – Postgraduate Studies in the Field of Music granti uchun arizalar qabuli 2024-yil 26-sentyabrgacha davom etadi. Ariza topshirish ikki bosqichda amalga oshiriladi:

1 – bosqich: ariza va kerakli hujjatlar DAAD portali orqali topshiriladi:

  1. Onlayn ariza.
  2. Motivatsion xat (nomzodning nega aynan shu dasturda ishtirok etishni xohlashi haqidagi akademik, kasbiy va shaxsiy sabablari koʻrsatilgan, 1 – 3 sahifadan iborat boʻlishi kerak).
  3. Toʻliq CV (jadval koʻrinishida).
  4. Oʻqishga qabul qilinganlik haqidagi xat (agar mavjud boʻlsa).
  5. Nomzod tanlagan ilmiy rahbardan rozilik xati (agar mavjud boʻlsa).
  6. Bakalavr/bundan oldingi bosqich diplomlari nusxasi.
  7. Baholar/diplom ilovasi (baholash tizimi haqidagi maʼlumot bilan birga).
  8. Ingliz va/yoki nemis tili sertifikatlari (oʻqitish tiliga qarab).
  9. Yozib olingan ishni oʻz ichiga olgan maxsus shakl. Bu shaklni BU YERDAN yuklab olish mumkin (“Information about the audio/video files”)

Barcha hujjatlar ingliz/nemis tilida boʻlishi, boshqa tilda boʻlgan hujjatlar notarial tasdiqlangan nusxasi bilan birga taqdim etilishi zarur.

2 – bosqich: hujjatlar topshirilganidan 1 – 2 hafta oʻtgach, nomzodlarga musiqiy namunalari yozilgan audio/video fayllarni yuklash uchun havola (link) yuboriladi. Namuna va ijodiy ishlarga qoʻyilgan talablar: shu yerda.

Ariza topshirish haqida BU YERDA batafsil tanishing (“Application Procedure” boʻlimini oching). Arizalarni esa rasmiy saytdagi “Submitting an applition” ruknidan topshirish mumkin.

Grant haqidagi toʻliq ma’lumotni DAADʼning rasmiy saytidan yoki savol-javoblardan bilib­­­­­­­­­­ olishingiz mumkin.

Savollar yuzasidan BU YERDA koʻrsatilgan kontaktlarga murojaat qilishingiz mumkin (“Contact and consulting” boʻlimini oching).

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!