1. Assalomu alaykum. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz
Asslomu alaykum. Ismim – Begnazar Axmadjonov. 2002-yil 26-sentyabrda Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida tugʻilganman. 2020-yilda maktabni (11-sinfni) tamomlaganman.
2021-yili Vengriyada joylashgan Eotvos Lorand University (ELTE) oliygohining “Computer Science” bakalavriat yoʻnalishida oʻqish uchun Stipendium Hungaricum grantini yutib oldim. Naib qilsa, 2021-yilning kuzidan oʻqishim boshlanadi.
2. Siz yutgan grant haqida batafsilroq ma’lumot bersangiz.
Stipendium Hungaricum Scholarship (SH) Program Vengriya hukumati tomonidan har yili 4000-5000 talabaga turli darajalar bo’yicha Vengriyadagi universitetlardan birida tahsil olish imkoniyatini yaratuvchi dastur. Loyiha Tempus Public Foundation fondi tomonidan moliyalashtiriladi. Ushbu dasturda qatnashish uchun ikki davlat o’rtasida shartnoma imzolangan bo’lishi kerak. 2018 yilda O’zbekiston ham Vengriya hukumati bilan shartnoma imzolagan va ushbu dasturda birinchi marta ishtirok etdi. Bizdagi rasmiy hamkor – Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi. Batafsil
3. Bu grant qanday moddiy manfaatlarni oʻz ichiga oladi?
Grant talabaning quyidagi xarajatlarini qoplab beradi:
- Toʻliq oʻqish puli (tuition fee);
- Tibbiy sugʻurta;
- Viza uchun toʻlov puli (65$);
- Talabalar yotoqxonasi toʻlovi yoki kvartira uchun oylik 43000 HUF(150 USD) miqdorida pul beriladi;
- Bakalavr va magistratura uchun oylik 40000 HUF (140 USD) va PhD uchun 140000HUF (490 USD) miqdorida oylik stipendiya taqdim etiladi.
4. Grantni yutish uchun eng asosiy talablar qanday?
Menimcha, asosiysi yetarli darajada til koʻnikmasi (English B1-B2) hamda yaxshi akademik koʻrsatkichlarga (baholarga) ega boʻlish. Qoʻshimcha ijtimoiy faolliklar ragʻbatlantiradi. Shuningdek, grant olish boshqa turli faktorlarga bogʻliq. Masalan, har bir davlat uchun berilgan kvotalar (bu yil oʻzbekistonliklar uchun 100 ta joy ajratildi, oʻtgan yili 30 ta edi), universitetda tanlangan yoʻnalishdagi kvotalar ham taʼsir koʻrsatadi.
5. Grant yutib olish uchun alohida tayyorgarlik koʻrganmisiz? Koʻrgan boʻlsangiz, qay tarzda tayyorlangansiz?
Grant yutib olish uchun bir necha tayyorgarliklar koʻrganman. Avvalo motivatsiya xati uchun koʻplab insho namunalarini koʻrib, oʻrganib chiqdim. 5-6 kunda oʻzimi inshomni tayyorladim. Soʻngra universitet ichki imtihoni va suhbatiga tayyorlandim. Buning uchun avvalgi Stipendium Hungaricum sohiblari bilan muloqot qilib, maslahat olganman va albatta YouTube tarmogʻidagi manbalardan ham foydalandim.
6. Ushbu dasturda bakalavriat bosqichi uchun ariza berishda qanday hujjatlar taqdim etiladi?
Bakalavriat uchun quyidagi hujjatlarni topshirish talab etiladi:
- Onlayn ariza shakli (Application Form). Ingliz tilida onlayn toʻldiriladi.
- Motivatsiya xati (kamida 1 bet. New Times Roman, 12). Ingliz yoki venger tilida.
- Maktab yoki kollej/litseyi diplomining elektron nusxasi.
- Pasport nusxasi.
- Elektron rasm.
- Tibbiy ma’lumotnomaning elektron nusxasi.
7. Sizningcha, eng asosiy hujjatlar qaysilar va hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Oʻylashimcha, motivatsiya xati eng asosiysi. Chunki siz bor potensialingizni shu xat orqali koʻrsatib berasiz. Shuning uchun ilk bor topshirayotganlarga motivatsiya xatlariga e’tibor qaratishlarini maslahat beraman.
Til va boshqa akademik sertifikatlar imkoniyatlarni ancha oshiradi. Menda IELTS 6.5 va SAT 1230 ball bor edi.
8. Dasturga qabul necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?
Qabul jarayoni asosiy 3 bosqichdan iborat:
1-bosqich: Hujjat topshirish jarayoni. Onlayn ariza noyabr oyidan boshlab topshiriladi va bunda talabgor 2 ta universitetni tanlashi mumkin. Bunda nomzodlar hujjatlari oʻrganib chiqiladi.
2-bosqich: nomzod yashovchi davlatdagi rasmiy hamkor tavsiyasi. Hujjatlar oʻrganib chiqilgach, mart oyida nomzod hujjatlari nomzod yashovchi davlatdagi rasmiy hamkorga yuboriladi (Oʻzbekistondagi rasmiy hamkor – Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi). Rasmiy hamkor nomzod hujjatlarini oʻrganib chiqib, keyingi bosqichga tavsiya qiladi. Soʻng nomzod hujjatlari oʻzi tanlagan universitetga yuboriladi. Menda ushbu universitetlar: 1-tanlov University of Debrecan, 2-tanlov Eotvos Lorand University boʻlgan.
3-bosqich: universitetdagi imtihon va suhbat jarayonlari. Tanlagan universitetlar nomzodlar bilan suhbat hamda ichki imtihon oʻtkazadi. Menda ikkala universitetda ham suhbat va ichki imtihon (tanlagan yoʻnalishidagi fandan) bo’lgan. Vas hu bosqichda, universitetlar suhbat va imtihon natijalariga qarab, eng yaxshi nomzodlarni tanlab oladilar.
Qiziq joyi, men University of Debrecan oliygohiga Foundation Year dasturiga qabul qilingan edim (bu holat menga yoqmagan edi. Chunki imtihon va suhbatni yaxshi topshirgan edim). Bu esa mening 1-tanlov universitetim edi. Lekin men 2-tanlov universiteti, yaʼni ELTE oliygohiga bakalavriatga qabul qilindim va bu men uchun kutilmagan syurpriz boʻldi desam ham boʻladi
9. Universitet imtihonida nimalardan / qanday fanlardan imtihon olingan?
Birinchi University of Debrecan tomonidan matematika fanidan imtihon olingan va men hamma savollarga toʻgʻri javob berganman. Soʻng suhbat boʻlgan
Keyin Eotvos Lorand University tomonidan Matematikda imtihon olingan, jami 15 ta savoldan 10 tasiga toʻgʻri javob berganman. Soʻng suhbat boʻlgan.
10. Suhbat jarayonida qanday savollar so’ralgan (agar suhbat boʻlgan boʻlsa)?
University of Debrecan tomonidan suhbatda matematika faniga doir masala va savollar berilgan
Eotvos Lorand University tomonidan boʻlgan suhbatda oʻzim haqimda, nega bu sohani tanlaganim haqida umumiy savollar berilgan
11. Sizningcha, suhbatda asosan nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Asosiysi, oʻzingiz haqingizda yaxshi taassurot qoldirish. Hamda texnik savollarga yaxshi tayyorlanish.
12. Grantni yutib olishingizda asosiy rol oʻynagan omillar nimalar deb oʻylaysiz va boshqalarga shu grantni qoʻlga kiritish uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?
Kerakli hujjatlarni tartib bilan tayyorlash, motivatsiya xatini yaxshi yozish, hujjatlarni vaqtida topshirish, imtihon va suhbatga yaxshi tayyorgarlik koʻrish eng asosiy omillar, deb oʻylayman. Shuningdek, nomzodning akademik koʻrsatkichlari ham ahamiyatga ega. Mening ham grant yutishimga shu omillarning yigʻindisi sababchi boʻlgan.
13. Oʻqish boshlangach, necha yil tahsil olasiz?
Bakalavriatda oʻqish 6 semestr davom etadi, ya’ni 3 yil tahsil olaman.
14. Bu grant dasturiga va shu oliygohga hujjat topshirish niyatidagi nomzodlar harakatni nimadan boshlashlari va nimalarni yodda tutishlari kerak?
Eng avvalo, grant haqida yetarlicha maʼlumot yigʻish, shartlari, talablari va boshqalar bilan batafsil tanishib chiqish lozim. Hamda oʻzi tanlayotgan universitetlar haqida ham yetarlicha bilish maslahat beraman. Ichki imtihon va suhbatga tayyorlanish eng asosiy faktorlardan hisoblanadi.
Qoʻshimcha sifatida, Grantlar.uz Jamoasiga kattakon minnatdorchiligimi bildirmoqchiman. Shu kanalni deyarli 4 yildan beri kuzatib boraman va katta manfaat olganman. Ushbu grantni yutishimda ham Grantlar.uz saytidagi maʼlumotlar va @grantlar_namuna kanalidagi hujjat namunalaridan bevosita foydalandim. Siz bilan Stipendium Hungaricum sohibi sifatida yaqindan ishlashga tayyorman.
Gratlar.uz: Mazmunli suhbat va ajratgan vaqtingiz uchun tashukkur.
Begnazar: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.
Begnazarning grant uchun topshirgan hujjatlari bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.