×

Vengriya: barcha bosqichlar uchun to’liq grantlar; bepul turar joy va oylik stipendiya beriladi!


Grant

MUHLAT

15.01.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Vengriya

O'QILGAN

39342 marta

Vengriya hukumati davlat universitetlarining bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlari, shuningdek, tayyorlov kurslari va talabalar almashinuvi dasturlarida taʼlim olishni istagan nomzodlar uchun grant dasturini dasturini taklif etadi. Stipendium Hungaricum Scholarship Programme – Vengriya stipendiyasi dasturi taʼlimning barcha bosqichlarini qamrab oladigan toʻliq va 1-2 semestr (almashuv dasturi)ga moʻljallangan grantlardan iborat.

Stipendium Hungaricum Scholarship Programme 2020-2021-oʻquv yilida 5000 dan ortiq talabalarga stipendiya ajratgan. Kelgusi o’quv yillarida ham taxminan shuncha talabaga grant beriladi. Dastur Vengriya hukumati va turli davlatlarning taʼlim vazirliklari orasidagi ikki taraflama hamkorlik kelishuviga muvofiq 5 ta qitʼadan 70 dan ortiq davlatlarni qamrab oladi. Oʻzbekiston ushbu mamlakatlat tarkibiga kiradi. Grantning maqsadi – Yevropa standartlari asosida yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash.

Stipendium Hungaricum Scholarship Programme grantlari quyidagi bosqichlar uchun ajratiladi:

  1. Bakalavriat – 2-4 yil.
  2. Magistratura 1,5-2 yil.
  3. Bir bosqichli magistratura (one tier masters) – 5-6 yil (bu bakalavriat va magistratura kurslarini qamrab oladi).
  4. Doktorantura (PhD) – 4 yil.
  5. 1 yillik venger tilini oʻrganishga moʻljallangan tayyorlov kurslari.
  6. Bakalavriatdan keyingi ixtisoslik kurslari 1-2 yil.
  7. Bakalavriat, magistratura va doktorantura talabalari uchun almashinuv dasturi boʻyicha oʻqish 1-2 semestrni tashkil etadi. Dastur yakunlanganda sertifikat beriladi.

Grant doirasida 2024-2025-yilda oʻzbekistonliklarga barcha bosqichlar – bakalavr, magistratura, bir bosqichli magistrartura va doktorantura uchun, shuningdek, almashinuv dasturlari uchun grantlar mavjud. Nomzodlar grantga ariza topshrish jarayonida Vengriyadagi ishtirokchi universitet va oʻqitiladigan yoʻnalishni oʻzi tanlaydi.

Grant kimlar uchun?

Bakalavriat, magistratura doktorantura (PhD) bosqichida hamda talabalar almashinvi dasturida oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Grant yutib olganlar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  • Oʻqish pulidan (kontrakt toʻlovidan) toʻliq ozod etiladi.
  • Barcha bosqichlar va dasturlardagi talabalarga oʻqish boshlanishidan to tugagunicha yiliga 12 oy davomida oylik stipendiya beriladi. Stipendiya miqdori quyidagicha:
    – Doktorantura (PhD) bosqichi talabalari uchun dastlabki 2 yil davomida oyiga 140 000 HUF (taxminan 365 yevro), keyingi 2 yil davomida esa oyiga 180 000 HUF (taxminan 470 yevro).
    – Boshqa barcha bosqich/dastur talabalariga oyiga 43 700 HUF (taxminan 110 yevro).
  • Yotoqxonadan bepul turar joy ajratiladi. Agar talaba yotoqxonada emas, oʻzi ijaraga uy topib turmoqchi boʻlsa, ijara uchun oyiga 40 000 HUF (taxminan 100 yevro) mablagʻ ajratiladi; yodda tuting, bu mablagʻ kattaroq shaharlarda bir kishining 1 oylik ijara haqini toʻliq qoplashga yetmasligi mumkin.
  • Tegishli Vengriya qonunlariga muvofiq, bepul tibbiy xizmatlar bilan taʼminlanadi va yiliga 170 yevrogacha miqdorda qoʻshimcha tibbiy sugʻurta taqdim etiladi.

Oylik stipendiya odatda talabaning barcha xarjatlarini (oziq-ovqat, oʻquv qurollari, kiyim-kechak, transport va h.k.) toʻliq qoplamaydi, shu sababli talaba oʻzidan ham biroz xarajat qilishiga toʻgʻri kelishi mumkin. Vengriyada yashash xarajatlari bilan BU YERDA tanishing.

Talablar:

Nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  1. Vengriya bilan ikki taraflama hamkorlik kelishuviga aʼzo davlat fuqarosi ariza topshira oladi (Oʻzbekiston bunday shartnomaga ega).
  2. Nomzod oʻzi tanlagan universitetdagi taʼlim tilini bilish darajasi va boshqa qabul talablariga javob berishi kerak. Aksariyat dasturlar ingliz yoki venger tilida oʻqitiladi, shuningdek, nemis va fransuz tilida oʻqitiladigan kurslar ham mavjud. Stipendium Hungaricum grant dasturi boʻyicha ariza topshirish mumkin boʻlgan oliy taʼlim muassasalari roʻyxatini BU YERDAN topasiz.
  3. 2006-yil 31-avgustdan keyin tugʻilgan nomzodlar ariza topshira olmaydi (raqs kurslariga topshiruvchi nomzodlarga bu shart amal qilmaydi). Yaʼni 2024-yil 31-avgust holatiga koʻra, nomzod 18 yoshga kirgan boʻlishi kerak.

Shuningdek, har bir hamkor davlat uchun belgilagan taʼlim sohalari mavjud va hamkor davlat fuqarolari shu taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqish uchun ariza topshira oladi.

Oʻzbekiston fuqarolari ariza topshirishi mumkin boʻlgan yoʻnalishlar quyidagilar (ingliz tilida keltiriladi):

  • Bakalavrlik bosqichida oʻqish mumkin boʻlgan sohalar:
    – Agricultural Science
    – Computer Science and Information Technology
    – Engineering Science
    – Health Science
    – Sport Science
  • Magistratura bosqichida oʻqish mumkin boʻlgan sohalar:
    – Agricultural Science
    – Social Science
    – Computer Science and Information Technology
    – Legal Science
    – Engineering Science
    – Medical and Health Science
    – Natural Science (Biotechnology, Molecular Biology, Cartography)
    – Sport Science
  • Bir bosqichli magistratura bosqichida oʻqish mumkin boʻlgan sohalar:
    – Agricultural Science
    – Social Science
    – Computer Science and Information Technology
    – Legal Science
    – Engineering Science
    – Medical and Health Science
    – Natural Science (Biotechnology, Molecular Biology, Cartography)
    – Sport Science
  • Doktorantura (PhD) bosqichida istalgan sohada oʻqish mumkin.
  • Talabalar almashinuvi dasturlarida har bir bosqich talabasi yuqorida koʻrsatilgan tegishli sohalar boʻyicha qatnashishi mumkin.

Dasturga qabul jarayoni:

Hujjatlar 2024-yil 15-yanvarga qadar qabul qilinadi. Ariza va hujjatar onlayn ariza shu yerda topshiriladi. Dastlab nomzodlar ariza topshirish tizimida roʻyxatdan oʻtib, hisob (akkaunt) ochishi lozim: bu tizimga kirilgach, yuqori oʻng burchakdagi “Sign in/Register” tugmasi bosish orqali amalga oshiriladi. Roʻyxatdan oʻtishda oʻzingiz ishlatadigan, parol va logini esingizda boʻlgan emaildan foydalaning. Email grant tashkilotchilari va sizning oʻrtangizdagi asosiy muloqot vositasi boʻlib xizmat qiladi.

Tizimda hisob yaratilgach, universitet(lar) va yoʻnalish(lar)ni tanlab, ariza topshirish mumkin boʻladi. Nomzodlar ariza topshirishda 2 tagacha oʻquv dasturi (yoʻnalish)ni tanlashi mumkin. Bu dasturlar bitta universitetda yoki 2 ta turli universitetda ham boʻlishi mumkin. 2 ta dasturga ariza topshirish tanlanganda birinchi darajali tanlov qaysi ekani koʻrsatiladi.

Ariza topshirishda kerakli mʼlumotlar kiritilishi va soʻralgan hujjatlar yuklanishi kerak. Tizimga joylayotganda hujjatlarning maksimal hajmi 4 mbdan oshmasligi kerak, shunga e’tibor bering.

Topshiriladigan asosiy hujjatlar quyidagilardir:

  1. Onlayn ariza (koʻpi bilan 2 yil oldin olingan fotosurat bilan birga).
  2. Motivatsion xat (kamida bir bet, Times New Roman 12 shriftida, tanlangan taʼlim tilida yoki venger tilida yoziladi).
  3. Tanlangan universitet va yoʻnalish oʻqitiladigan til (ingliz, nemis, fransuz yoki venger tili) boʻyicha til sertifikati (IELTS, TOEFL, TestDaF va h.k.). Til sertifikatining minamal balliga qoʻyilgan talab tanlangan universitet va oʻqish bosqichiga qarab farq qiladi. Ariza topshirishda tanlangan universitetning qabul talablaridan minimal ballni koʻrib olishingiz kerak boʻladi. Aksariyat universitetlar kamida B2 daraja talab qiladi.
  4. Taʼlim maʼlumoti haqidagi hujjat (qaysi bosqichga topshirayotganlikka qarab, attestat yoki diplom; agar attestat/diplom tanlangan taʼlim tilida boʻlmasa, uni shu tilga tarjima qildirib, tarjimasi bilan birga topshirish kerak boʻladi).
  5. Baholar (topshirilayotgan bosqichga qarab, maktab, kollej, listey, universitetdagi baholar; agar baholar tanlangan taʼlim tilida boʻlmasa, uni shu tilga tarjima qildirib, tarjimasi bilan birga topshirish kerak boʻladi).
  6. Paspot nusxasi.
  7. Tadqiqot rejasi (faqat doktorantraga ariza topshirayotganlar uchun).
  8. Tavsiyanoma (faqat doktorantraga ariza topshirayotganlar uchun).
  9. Agar talab etilsa, tanlangan universitetdan ilmiy rahbar bayonoti (faqat doktorantraga ariza topshirayotganlar uchun).
  10. Ariza haqidagi bayonotni qabul qilinganlik hujjati. Bu onlayn ariza shaklida boʻladi va uni nomzodlar qabul qilishi kerak boʻladi.
  11. Tibbiy maʼlumotnoma. Onlayn ariza topshirish jarayonida topshirilmaydi. Tibbiy maʼlumotnomani onlayn arizalari koʻrib chiqilib, grant uchun tavsiya qilingan nomzodlar keyinchalik topshiradi.

MUHIM: Yuqorida keltirilgan hujjatlar eng asosiy hujjatlardir. Ulardan tashqari ham maʼlum hujjatlarni yuklash soʻraladi. Qaysi bosqich/dastur uchun qanday hujjatlar topshirilishini BU YERDA batafsil koʻrishingiz mumkin.

Ariza topshirish yakunlangandan keyin hamkor davlatdagi masʼul tashkilot ariza topshirganlardan munosiblarini grant uchun tavsiya qiladi. Oʻzbekistondagi tavsiya qilish vakolatiga ega ushbu tashkilot Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligidir. Grantga tavsiya qilish jarayoni 2024-yil 28-fevralgacha yakunlanadi.

Shundan soʻng, 2024-yil mart-may oylarida tanlangan universitetlarga qabul jarayoni boʻlib oʻtadi. Bunda aksariyat hollarda onlayn tarzda imtihon topshiriladi.

Shundan soʻng 2024-yil 15-apreligacha tibbiy maʼlumotnoma topshirishi kerak boʻladi.

Yakuniy natijalar (grantni qoʻlga kiritganlar) 2024-yilning iyun oyida eʼlon qilinadi.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin quyidagilarni albatta batafsil oʻqib chiqing:

Ushbu grantni yutib olgan hamyurtimiz bilan uyishtirilgan suhbatni bu yerda o’qishingiz mumkin.

Savollar yuzasidan quyidagi kontaktlarga murojaat qilishingiz mumkin (savol soʻrab murojaat qilishdan oldin barcha kerakli maʼlumotlarni oʻqib chiqing):

Grant tashkilotchisining elektron manzil: stipendiumhungaricum@tpf.hu
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining masʼul xodimlariga murojaat uchun emal: ma.irgashev@mail.ru (Mr. Yakubjon Irgashev).

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!