×

Global Korea Scholarship: Koreyada bakalavriat va mutaxassislik darajasi bo’yicha o’qish uchun to’liq grant; joy – 100 ta!


Grant

MUHLAT

Doimiy

QOLGAN VAQT

Doimiy

HUDUD

Janubiy Koreya

O'QILGAN

26628 marta

MUHIM: Ushbu grantga qabul muddati universitetga qarab farq qiladi va aksariyat universitetlarda grantga qabul 2022-yil fevral oyi oxiri yoki mart oyida yakunlanadi. Qabul muddatlarini aniq bilish uchun oʻzingiz tanlagan universitet bilan bogʻlaning va imkon qadar ertaroq ariza topshiring.

Xorijlik talabalarga Koreya universitetlarining bakalavriat yoki mutaxassislik darajasi bosqichida oʻqish imkonini beruvchi 2022-yilgi Global Korea Scholarship dasturiga arizalar qabuli boshlandi.

Dastur doirasida butun dunyodan jami 100 nafar talabaga grant ajratilishi rejalashtirilgan. Shulardan 85 ta oʻrin bakalavriat uchun, 15 ta oʻrin mutaxassislik darajasi uchun ajratilgan.

Grant taklif etilayotga yoʻnalishlarning aksariyati koreys tilida oʻqitiladi. Lekin koreys tilini umuman bilmaydigan, lekin ingliz tilini biladiganlar ham bakalavriat yoki mutaxassislik darajasi bosqichini koreys tilida oʻqishni tanlashi mumkin. Chunki TOPIK 5 yoki 6 sertifikatiga ega boʻlmagan barcha nomzodlarning 1 yillik koreys tili kursida oʻqishi majburiy (bakalavriat yoki mutaxassislik kursini ingliz tilida oʻqimoqchi boʻlganlar ham). Til kursi oxirida talaba TOPIK 5 yoki 6 olishi kerak.

Bakalavriat bosqichi uchun qabul qilinganlar 1 yil koreys tili kursida, 4 yil bakalavriatda (jami 5 yil) oʻqiydi. Mutaxassislik darajasi dasturiga qabul qilinganlar 1 yil koreys tili kursida, 2-3 yil mutaxassislik darajasi bosqichida oʻqiydi. TOPIK 5 yoki 6 darajaga ega boʻlgan talabalar 1 yillik til kursida oʻqimasdan, birdan bakalavriat yoki mutaxassislik darajasida bosqichida oʻqishni boshlashi mumkin.

Dastur boʻyicha oʻqish uchun tanlash mumkin boʻlgan Koreya universitetlari belgilangan. Quyida ushbu Koreya universitetlari, ular GKS granti asosida qanday bosqichga nechta talaba qabul qilishi va qanday yoʻnalish (fakultet)ga qabul qilishi keltirilgan:

  1. Ajou universiteti Software Engineering yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat bosqichiga jami 15 nafar talaba qabul qiladi.
  2. Konyang universiteti Cyber Security (5 nafar) va Medical Artificial Intelligent (4 nafar( fakultetlariga bakalavriat bosqichiga jami 9 nafar talaba qabul qiladi.
  3. Kookmin universiteti Software va Artificial Intelligent yoʻnalishlari boʻyicha bakalavriat bosqichiga jami 10 nafar talaba qabul qiladi.
  4. Koreya Politexnika universiteti Mechatronics Engineering fakultetiga bakalavriat bosqichiga jami  10 nafar talaba qabul qiladi.
  5. Koreya Texnologiya va taʼlim universiteti Mechanical Engineering va Computer Science and Engineering maktablarining bakalavriat bosqichiga jami 10 nafar (har biriga 5 nafardan) talaba qabul qiladi.
  6. Pusan milliy universiteti quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha bakalavriat boqsichiga jami 10 nafar talaba qabul qiladi: Mechanical Engineering, Computer Science and Engineering, Nanoenergy Engineering, Nanomechatronics Engineering, Optics and Mechatronics Engineering.
  7. Sogang universiteti Electronic Engineering va Chemical and Biomolecular Engineering yoʻnalishi boʻyicha bakalavriatga jami 12 nafar talaba qabul qiladi.
  8. Soonchunhyang universiteti quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha bakalavriatga jami 9 nafar talaba qabul qiladi: Big Data Engineering, Internet of Things, Computer Software Engineering, Information Security Engineering, Medical IT Engineering.
  9. Kyungbok universiteti Data Analysis yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislik darajasi dasturiga jami 7 nafar talaba qabul qiladi.
  10. Yeungjin universiteti Computer Information va AI Convergence Mechanical Engineering maktablarining bakalavriat bosqichiga jami 8 nafar talaba qabul qiladi.

Grant kimlar uchun?

Bakalavriat va mutaxassislik darajasi boʻyicha oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Grantni qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Til kursi va bakalavriat yoki mutaxassislik darajasi bosqichida oʻqish uchun toʻlov toʻliq qoplanadi.
  • 900 000 von (taxminan 754 AQSH dollari) miqdorida oylik stipendiya beriladi.
  • Dastur boshlanishida Koreyaga borish va tugaganda vatanga qaytish uchun aviachipta olib beriladi.
  • 200 000 von (taxminan 167 AQSH dollari) miqdorida joylashib olish uchun yordam puli beriladi.
  • Tibbiy sugʻurta xarajati qoplanadi.
  • Bakalavriat yoki mutaxassislik darajasi tamomlanganda 100 000 von (taxminan 84 AQSh dollari) miqdorida mablagʻ beriladi.
  • TOPIK 5 yoki 6 darajaga ega talabalarga 100 000 von (taxminan 84 AQSH dollari) miqdorida grant beriladi.

Talablar:

Nomzodga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Fuqarolik: Janubiy Koreyadan boshqa barcha davlat fuqarolari ushbu grantga ariza bera oladi. Nomzodning oʻzi ham, ota-onasi ham Koreya fuqarosi boʻlmasligi kerak.
  • Taʼlim darajasi: (a) oʻrta taʼlimni (11 yillik maktab, litsey yoki kollejni) tamomlagan yoki 2022-yil 31-avgustgacha tamomlaydigan oʻquvchilar bakalavriat va mutaxassislik darajasi bosqichiga ariza topshira oladi; (b) mutaxassislik darajasi bosqichini tamomlagan yoki 2022-yil 31-avgustgacha tamomlaydigan nomzodlar faqat bakalavriat bosqichida oʻqish uchun ariza bera oladi.
  • Baholar: maktab, litsey, kollej yoki mutaxassislik darajasi bosqichida olingan baholar oʻrtachasi (GPA) 4 lik tizimda 2,64 dan, 4,3 lik tizimda 2,80 dan, 4,5 lik tizimda 2,91 dan, 5 lik tizimda 3,23 dan yuqori boʻlishi kerak. 100 ballik tizimda esa baholar oʻrtachasi kamida 80% boʻlishi yoki oʻquvchi oʻz kursi (sinfi)ning eng yaxshi 20% oʻquvchilari safiga kirishi kerak.
  • Yosh: 25 yoshdan kichik (1997-yil 1-sentabrdan keyin tugʻilgan) boʻlish kerak.
  • Salomatlik: barcha nomzodlar butun dastur davomida Koreyada oʻqish uchun jismoniy va ruhiy jihatdan sogʻlom boʻlishi kerak.
  • Koreyadagi oʻrta taʼlim muassasalarida tahsil olgan yoki bakalavrlik darajasiga ega nomzodlar bu dasturga ariza topshira olmaydi.
  • Bundan oldin Koreya hukumatining stipendiya dasturini qoʻlga kiritganlar bu dasturga ariza topshira olmaydi.
  • Nomzod faqat 1 ta universitet va 1 ta bakalavriat yoki mutaxassislik darajasi yoʻnalishiga ariza topshirishi mumkin. 1 tadan koʻpiga ariza topshirganlar saralashdan chiqarib yuboriladi.

MUHIM: Yuqoridagi talablar faqat GKS granti uchun. Har bir universitetning oʻzida ham qabul talablari mavjud va ular GKS granti talablaridan biroz farq qilishi mumkin; universitetning saytiga kirib, universitet qabul talablari bilan ham tanishib chiqing.

Dasturga qabul jarayoni:

GKS granti boʻyicha yuqorida koʻrsatilgan universitetlarga ariza topshirish muddatlari universitetga qarab farq qiladi. Nomzodlar oʻzi tanlagan universitet saytiga kirib, GKS boʻyicha qabul muddatini koʻrib olishi, saytdan topa olmasa, universitet bilan bogʻlanib, qabul muddatini soʻrab olishi kerak.

Nomzodlarga imkon qadar ertaroq ariza topshirish tavsiya etiladi (2022-yil mart oyida deyarli barcha universitetlarda qabul tugaydi).

Dasturga ariza topshirish bosqichi quyidagicha amalga oshiriladi:

1. Saralashning 1-bosqichi. Bunda nomzodlar oʻzi tanlagan universitetga GKS granti uchun talab etiladigan hujjatlarni topshiradi. Ular quyidagilardan iborat:

  • Ariza shakli. Bu hujjatga nomzod imzo qoʻyishi shart.
  • Shaxsiy bayon (Personal Statement). Bu hujjatga nomzod imzo qoʻyishi shart.
  • Oʻquv rejasi (Study plan). Bu hujjatga nomzod imzo qoʻyishi shart.
  • Bitta tavsiyanoma. Bu hujjatga tavsiya beruvchi imzo qoʻyishi shart.
  • GKS arizachi bilan kelishuv hujjati. Bu hujjatga nomzod imzo qoʻyishi shart.
  • Tibbiy maʼlumotnoma. Bu hujjatga nomzod imzo qoʻyishi shart.
  • Attestat yoki diplom. Oxirgi sinf/bosiqchda oʻqiyotganlar oʻz taʼlim muassasasidan oxirgi sinf/bosqichda oʻqiyotgani va oʻqishni qachon yakunlashi haqida maʼlumotnoma topshiradi.
  • Fanlardan olingan baholar.
  • Arizachi va uning ota-onasining qarindoshlik aloqasini tasdiqlovchi hujjar (tugʻilganlik haqida guvohnomalar) hamda fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat (pasportlar).
  • Xorijlik koreys ekanligini tasdiqlovchi hujjat (buni faqat Koreyadan boshqa davlat fuqarosi boʻlgan koreyslar topshiradi).
  • Koreya fuqaroligidan voz kechganlikni tasdiqlovchi hujjat (buni faqat Koreya fuqaroligidan voz kechgan nomzodlar topshiradi).
  • Koreys millatiga mansub urush faxriysi avlodi ekanligini tasdiqlovchi hujjat (faqat shunday shaxslar avlodlari topshiradi).
  • Yaroqli TOPIK yoki ingliz tilini darajasini tasdiqlovchi sertifikat (IELTS, TOEFL va hk). TOPIK yoki ingliz tili sertifikatlarini topshirish majburiy emas, lekin nomzodlarni saralashda sertifikatlar ham inobatga olinadi.
  • Qoʻlga kiritilgan mukofotlar va boshqa yutuqlar haqidagi diplom/sertifikatlar. Bularni topshirish majburiy emas, lekin nomzodlarni saralashda bular inobatga olinadi.

Barcha hujjatlar ingliz yoki koreys tilida boʻlishi yoxud shu tillardan biriga qilingan rasmiy tarjimasi bilan birga topshirilishi lozim. Hujjatlarni qay tarzda topshirishni har bir universitet oʻzi belgilaydi (universitet saytidan koʻrib oling yoki email yozib soʻrang).

Yuqorida sanalgan va toʻldirish talab etiladigan hujjatlar shaklini BU YERDAN yuklab oling (2022 GKS-UIC Application Forms FAQ.zip).

MUHIM: Universitetlar yuqoridagi hujjatlar tarkibiga oʻzhartirish kiritishi mumkin. Shu sababli, ariza topshirishdan oldin tanlagan universitetingizdan GKS granti uchun qanday hujjatlar kerakligini qayta tekshirib oling.

2. Suhbat. Universitetlar munosib nomzodlarni saralab oladi va ularni suhbatga taklif qiladi. Suhbat natijalari 2022-yil 29-aprelgacha eʼlon qilinadi.

3. GKS grantiga tavsiya qilish. Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtganlarni universitetlar GKS granti uchun tavsiya qiladi va ularning hujjatlarini NIIED tashkilotiga (GKS uchun masʼul tashkilot) yuboradi. Bu bosqichga  oʻtgan barcha nomzodlar rasmiy tibbiy maʼlumotnomani topshirishi kerak boʻladi.

4. Gʻoliblarni eʼlon qilish. NIIED eng munosib nomzodlarni saralab, 2022-yil iyun oyi oxirlari eʼlon qiladi.

MUHIM: Bu maqoladgi maʼlumotlar umumiy keltirilgan. Shu sababli, dastlab ushbu grant haqidagi qoʻllanmani batafsil oʻqib chiqing hamda boshqa kerakli maʼlumotlar bilan tanishing. Qoʻllanma, universitetlar, toʻldiriladigan hujjatlar, koʻp beriladigan savollar va shu kabi muhim materiallarni BU YERDAN yuklab olishingiz mumkin.

Mazkur grantni yutib olgan hamyurtimiz bilan qilingan suhbatni BU YERDA oʻqishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!