Janubiy Koreyaning nufuzli KAIST universiteti butun dunyo boʻylab tabiiy fanlar yoʻnalishida oʻqiyotgan bakalavr va magistratura talabalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida yozgi KAI-X Research Internship Program dasturini tashkil etadi. Dastur 2026-yilning 1-iyulidan 14-avgustiga qadar (7 hafta) davom etadi. Qabul qilingan ishtirokchilar tanlagan laboratoriyalaridan birida amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega boʻladi.
Nomzodlar ariza topshirish vaqtida qaysi laboratoriyada amaliyot va tadqiqot oʻtkazishni xohlashini koʻrsatishi kerak.
Bundan tashqari, dastur davomida tashkil etiladigan quyidagi tadbirlarda qatnashishlari mumkin:
- Ochilish marosimi
- Kampus boʻylab sayohat
- Yakuniy taqdimot
- Natija hisobotini topshirish
- Yakuniy ziyofat va h.k.
Dastur mashgʻulotlari ingliz tilida olib boriladi.
Grant kimlar uchun?
Tabiiy fanlar (jumladan, fizika, kimyo, matematika, biologiya, miya tadqiqoti va kognitiv fanlar hamda tibbiyot fanlari) yoʻnalishida oʻqiyotgan bakalavr 3-4-kurs talabalari, magistratura talabalari uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturga qabul qilinganlar quyidagi moddiy imtiyozlar bilan taʼminlanadi:
- Koreyaga borish-kelish uchun aviachipta xarajatlari uchun mablagʻ ajratiladi (maksimum 1 million von — taxminan 701 AQSH dollargacha).
- Yotoqxona toʻlovi uchun 500 000 vongacha (taxminan 350 AQSH dollari) mablagʻ ajratiladi.
- Yashash xarajatlari uchun 600 000 von (taxminan 421 AQSH dollari) ajratiladi.
Talablar:
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- Istalgan davlat fuqarolari ariza berishi mumkin.
- Dasturda tabiiy fanlar, jumladan, fizika, kimyo, matematika, biologiya, miya tadqiqoti va kognitiv fanlar hamda tibbiyot fanlari yoʻnalishida oʻqiyotgan 3-4-kurs bakalavriat talabalari, shuningdek, magistratura talabalari qatnasha oladi.
- Dastur ingliz tilida boʻlgani bois ingliz tilini yetarlicha bilish lozim.
Dasturga qabul jarayoni:
Arizalar Oʻzbekiston vaqti bilan 2026-yil 15-fevral 20:00 ga qadar onlayn tarzda topshiriladi. Ariza Google shakl koʻrinishida boʻlib, nomzodlar ariza topshirish uchun Google hisobiga (Google Account) ega boʻlishi kerak. Arizani BU YERDA topshirishingiz mumkin.
Arizani toʻldirish vaqtida nomzodlar 1 ta yoʻnalish (major) va 2 tagacha tadqiqot sohasini tanlashi mumkin.
Onlayn arizada quyidagi hujjatlar talab etiladi (bu hujjatlarni arizani toʻldirishni boshlashdan oldin tayyorlab olib, BITTA PDF faylga birlashtirish lozim:
- Taxminan 1200 belgidan iborat maqsad bayoni (SOP). Maqsad bayoni quyidagi savollarga javoblarni qamrab olishi kerak:
– What you have studied so far
– Your academic or research plan
– Your motivation and purpose for applying
– Your goals and research interests - Akademik transkript (universitetda olingan baholar). Bu hujjat olinganiga 3 oydan oshmagan hamda universiteti muhri tushirilgan yoki vakolatli shaxs imzolagan boʻlishi kerak. Transkript ingliz tilida boʻlishi yoki rasmiy (notarial) tarjima qilinishi kerak.
- Tavsiyanoma. Tavsiyanoma berilganiga 3 oydan oshmagan boʻlishi va unda ushbu dasturning nomi (2026 Summer KAI-X Research Internship Program) aniq koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Ariza va yuqoridagi barcha hujjatlar ingliz tilida toʻldirilishi/boʻlishi kerak.
Yakuniy natijalar 2026-yilning aprel oyi oʻrtalarida eʼlon qilinadi.
ESLATMA: ariza topshirishdan avval rasmiy eʼlon hamda savol-javoblar bilan batafsil tanishib chiqing.
Qoʻshimcha savol va murojaatlar uchun: kai-x_internship@kaist.ac.kr




