Xalqaro TOPIK (Test of Proficiency in Korean) imtihoni chet elliklar uchun koreys tilini egallaganlik darajasini aniqlash uchun oʻtkaziladi. Bugungi kunda imtihon sertifikati Koreya universitetlari bakalavr/magistraturasiga hujjat topshirish va taʼlim olish, koreys tili bilan bogʻliq idoralarga ishga joylashish uchun zarur. Shuningdek, bu imtihonni ishtirokchining bilimini tekshirish uchun ham topshirish mumkin.
TOPIK haqida qisqacha:
Til – koreys tili;
Hujjat topshirish – imtihonga 1-2 oy qolganda 5-10 kun davom etadi;
Tashkilotchi – NIIED (National Institute of International Education)
Rasmiy sayt – http://www.topik.go.kr/
Nechta davlatda oʻtkaziladi – 30 dan ortiq;
Yilda necha marta oʻtkaziladi – Koreyada yilda 6 marta, Oʻzbekistonda yilda 2 marta – bahorda va kuzda;
Imtihon uchun toʻlov – Oʻzbekistondagi tashkilotchiga bogʻlanib, aniqlashtirish zarur;
Amal qilish muddati – 2 yil;
Oʻzbekistonda qayerda topshirish mumkin – Toshkent shahridagi Koreya Respublikasi Taʼlim Markazi.
Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Talimarjon koʻchasi 3-uy.
Maʼlumot uchun telefon: 291-81-82 (ichki raqam:119); 291-84-24 (ichki raqam:120);
Taʼlim Markazining rasmiy sayti: http://www.tashkec.uz
TOPIK imtihonini topshirish tartibi
Roʻyxatdan oʻtish uchun yoʻriqnoma:
- Mobil telefoni yoki kompyuter orqali roʻyxatdan oʻtish mumkin;
- uztopik.modoo.at saytiga kirib, «Registratsiya na TOPIK» boʻlimiga oʻtish;
- Barcha maydonlarni pasport maʼlumotlariga mos tarzda toʻldirish. “Izobrajeniye” boʻlimiga rasm yuklash va saqlash (rasm hajmi 3x4sm va 500 kb dan ortiq boʻlmasligi hamda oxirgi 3 oy ichida olingan boʻlishi kerak);
- Saqlash tugmasi bosilganidan keyin ekranda roʻyxatdan oʻtganlik haqidagi eʼlon paydo boʻladi (Anketani chop etish shart emas, agar internet registratsiya oʻtgan boʻlsa 5 kun ichida elektron pochtangizga toʻlov haqida eslatma keladi);
- Imtihon muddatga koʻra pasport nusxasini Toshent shahridagi Koreya Respublikasi Taʼlim Markazidagi masʼul shaxsga taqdim etish va individual imtihon raqami olish kerak.
TOPIK imtihoni turlari
TOPIKda ham CEFR kabi 1 dan 6 gacha daraja mavjud.
TOPIK I (초급)– ishtirokchining eshitish, tushunish, xulosa chiqarish va murakkab boʻlmagan jumlalardan maishiy suhbatda foydalana olishiga qarab 200 ballik sistemada, 1 va 2-daraja bilan baholanadi. 100 daqiqa vaqt ajratiladi:
- tinglab tushunish – 30 ta savol, 40 daqiqa;
- oʻqish – 40 ta savol, 60 daqiqa.
TOPIK II (중고급) – ikki bosqichda oʻtkaziladi, imtihon topshiruvchining taqriz, maʼlumotnoma, gazeta maqolalari, yoʻriqnomalarni oʻqish, tushunish va yozish malakalari 300 ballik tizimda baholanadi va 3,4,5,6-daraja sertifikatlari beriladi:
1) 1-bosqich uchun 110 daqiqa ajratiladi, ishtirokchining iqtisodiy, ijtimoiy kontekstdagi soʻzlarni tushunishi va ishlatishiga koʻra baho qoʻyiladi:
- tinglab tushunish – 50 ta savol, 60 daqiqa;
- yozuv – 4 ta savol, 50 daqiqa;
- 2-bosqich – oʻqish qismiga esa 50 ta savol, 70 daqiqa ajratiladi.
TOPIK sertifikati quyidagi koʻrinishda boʻladi:
TOPIK darajalari uchun oʻtish ballari:
TOPIK I (초급):
1-daraja – 80 balldan ortiq;
2-daraja – 140 ball va undan yuqori.
TOPIK II (중고급):
3-daraja – 120 ball va undan yuqori;
4-daraja – 150 balldan yuqori;
5-daraja – 190 balldan yuqori;
6-daraja – 230 ball va undan yuqori.
TOPIK imtihonini haqida yana nimalarni bilish kerak?
- Internetda roʻyxatdan oʻtmasdan imtihon raqami olish mumkin emas;
- Roʻyxatdan oʻtish bilan imtihon haqini toʻlab, imtihon raqamini olish zarur;
- Imtihon topshiruvchilar soni chegaralangan, yaʼni, belgilangan hajmdagi hujjatlar yigʻilgan boʻlsa, hujjat topshirish muddati tugamagan boʻlsa ham qabul yopiladi;
- Ishtirokchi sinov belgilangan vaqtda auditoriyada boʻlishi zarur, kechikkanlar kiritilmaydi;
- TOPIK I va TOPIK II imtihoni uchun yigʻilgan ishtirokchilar soni 5 tadan kam boʻlsa, sinov oʻtkazilmaydi;
- Imtihonga tayyorgarlik koʻrish uchun: http://tashkec.uz/study_materials/topiks/
- Sinov haqidagi savollarga javob: http://tashkec.uz/questions/