×

TOPIK qanday imtihon va kimlar topshiradi?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

28966 marta

CHOP ETILGAN

17.10.2018

Xalqaro TOPIK (Test of Proficiency in Korean) imtihoni chet elliklar uchun koreys tilini egallaganlik darajasini aniqlash uchun oʻtkaziladi. Bugungi kunda imtihon sertifikati Koreya universitetlari bakalavr/magistraturasiga hujjat topshirish va taʼlim olish, koreys tili bilan bogʻliq idoralarga ishga joylashish uchun zarur. Shuningdek, bu imtihonni ishtirokchining bilimini tekshirish uchun ham topshirish mumkin.

TOPIK haqida qisqacha:

Til – koreys tili;
Hujjat topshirish – imtihonga 1-2 oy qolganda 5-10 kun davom etadi;
Tashkilotchi – NIIED (National Institute of International Education)
Rasmiy sayt http://www.topik.go.kr/
Nechta davlatda oʻtkaziladi – 30 dan ortiq;
Yilda necha marta oʻtkaziladi – Koreyada yilda 6 marta, Oʻzbekistonda yilda 2 marta – bahorda va kuzda;
Imtihon uchun toʻlov – Oʻzbekistondagi tashkilotchiga bogʻlanib, aniqlashtirish zarur;
Amal qilish muddati – 2 yil;

Oʻzbekistonda qayerda topshirish mumkin – Toshkent shahridagi Koreya Respublikasi Taʼlim Markazi.
Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Talimarjon koʻchasi 3-uy.
Maʼlumot uchun telefon: 291-81-82 (ichki raqam:119); 291-84-24 (ichki raqam:120);
Taʼlim Markazining rasmiy sayti: http://www.tashkec.uz

TOPIK imtihonini topshirish tartibi

Roʻyxatdan oʻtish uchun yoʻriqnoma:

  1. Mobil telefoni yoki kompyuter orqali roʻyxatdan oʻtish mumkin;
  2. uztopik.modoo.at saytiga kirib, «Registratsiya na TOPIK» boʻlimiga oʻtish;
  3. Barcha maydonlarni pasport maʼlumotlariga mos tarzda toʻldirish.  “Izobrajeniye” boʻlimiga rasm yuklash va saqlash (rasm hajmi 3x4sm va 500 kb dan ortiq boʻlmasligi hamda oxirgi 3 oy ichida olingan boʻlishi kerak);
  4. Saqlash tugmasi bosilganidan keyin ekranda roʻyxatdan oʻtganlik haqidagi eʼlon paydo boʻladi (Anketani chop etish shart emas, agar internet registratsiya oʻtgan boʻlsa 5 kun ichida elektron pochtangizga toʻlov haqida eslatma keladi);
  5. Imtihon muddatga koʻra pasport nusxasini Toshent shahridagi Koreya Respublikasi Taʼlim Markazidagi masʼul shaxsga taqdim etish va individual imtihon raqami olish kerak.

TOPIK imtihoni turlari

TOPIKda ham CEFR kabi 1 dan 6 gacha daraja mavjud.

TOPIK I (초급)ishtirokchining eshitish, tushunish, xulosa chiqarish va murakkab boʻlmagan jumlalardan maishiy suhbatda foydalana olishiga qarab 200 ballik sistemada, 1 va 2-daraja bilan baholanadi. 100 daqiqa vaqt ajratiladi:

  • tinglab tushunish – 30 ta savol, 40 daqiqa;
  • oʻqish – 40 ta savol, 60 daqiqa.

TOPIK II (중고급) – ikki bosqichda oʻtkaziladi, imtihon topshiruvchining taqriz, maʼlumotnoma, gazeta maqolalari, yoʻriqnomalarni oʻqish, tushunish va yozish malakalari 300 ballik tizimda baholanadi va 3,4,5,6-daraja sertifikatlari beriladi:

1) 1-bosqich uchun 110 daqiqa ajratiladi, ishtirokchining iqtisodiy, ijtimoiy kontekstdagi soʻzlarni tushunishi va ishlatishiga koʻra baho qoʻyiladi:

  • tinglab tushunish – 50 ta savol, 60 daqiqa;
  • yozuv – 4 ta savol, 50 daqiqa;
  • 2-bosqich – oʻqish qismiga esa 50 ta savol, 70 daqiqa ajratiladi.

TOPIK sertifikati quyidagi koʻrinishda boʻladi:

TOPIK darajalari uchun oʻtish ballari:

TOPIK I (초급):
1-daraja – 80 balldan ortiq;
2-daraja – 140 ball va undan yuqori.

TOPIK II (중고급):
3-daraja – 120 ball va undan yuqori;
4-daraja – 150 balldan yuqori;
5-daraja – 190 balldan yuqori;
6-daraja – 230 ball va undan yuqori.

TOPIK imtihonini haqida yana nimalarni bilish kerak?

  1. Internetda roʻyxatdan oʻtmasdan imtihon raqami olish mumkin emas;
  2. Roʻyxatdan oʻtish bilan imtihon haqini toʻlab, imtihon raqamini olish zarur;
  3. Imtihon topshiruvchilar soni chegaralangan, yaʼni, belgilangan hajmdagi hujjatlar yigʻilgan boʻlsa, hujjat topshirish muddati tugamagan boʻlsa ham qabul yopiladi;
  4. Ishtirokchi sinov belgilangan vaqtda auditoriyada boʻlishi zarur, kechikkanlar kiritilmaydi;
  5. TOPIK I va TOPIK II imtihoni uchun yigʻilgan ishtirokchilar soni 5 tadan kam boʻlsa, sinov oʻtkazilmaydi;
  6. Imtihonga tayyorgarlik koʻrish uchun: http://tashkec.uz/study_materials/topiks/
  7. Sinov haqidagi savollarga javob: http://tashkec.uz/questions/

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!