Norvegiya fan va texnologiya universiteti – NTNU (Norwegian University of Science and Technology) Norvegiyaning Tronheym shahrida joylashgan, 1966 yilda tashkil topgan. Norvegiyaning boshqa bir necha shaharlarida ham oʻz kampuslariga ega. Universitetda 42 mingga yaqin talaba tahsil oladi (2019-yilgi maʼlumotga koʻra). Universitet dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, 2022-yil sentabr oyi holatiga koʻra, THE reytinggida dunyoning eng yaxshi 500 universiteti roʻyxatidan joy olgan. 2020-yilga qadar NTUning 5 nafar bitiruvchi va professor-oʻqituvchilar xalqaro Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan.
Universitet 60 dan ortiq xalqaro magistratura kurslarini taklif etadi. Magistraturada norveg yoki ingliz tilida oʻqish mumkin va oʻqish 2 yil davom etadi.
Fakultetlar
Universitetda 9 ta fakultet mavjud boʻlib, ular quyidagilar:
- Muhandislik fakulteti.
- Axborot texnologiylari va elektrotexnika fakulteti.
- Tabiiy fanlar fakultet.
- Arxitektura va dizayn fakulteti.
- Iqtsodiyot va menejment fakulteti.
- Tibbiyot va sogʻliqni saqlash fanlari fakulteti.
- Ijtimoiy va taʼlim fanlari fakulteti.
- Gumanitar fanlar fakulteti.
- Universtitet muzeyi (muzey fakultet sifatida ham faoliyat yuritadi).
NTUda ingliz tilida oʻqitiladigan magistratura kurslarining toʻliq roʻyxati bilan SHU YERDA tanishishingiz mumkin.
Oʻqish va yashash xarajatlari
NTUning magistratura kurslarida oʻqish barcha uchun bepul, yaʼni kontrakt summasi olinmaydi. Biroq talabalar Norvegiyada yashash xarajatlarini oʻzlari qoplashi lozim. Yevropa Ittifoqi (EU), Yevropa iqtisodiy zonasi (EEA) va Yevropa erkin savdo birlashmasiga (EFTA) kirmaydigan davlatlardan boʻlgan talabalar, jumladan, oʻzbekistonliklar oʻqishga hujjat topshirishida Norvegiyada kamida 1 yil davomida yashash uchun yetarli mablagʻga egaligi haqida maʼlumotnoma taqdim etishi lozim.
2022-yilgi holatga koʻra, bu mablagʻ 128 887 NOK (taxminan 12 666 AQSH dollari)ni tashkil etadi. Ushbu summa keyingi qabul yillarida bir oz kamayishi yoki oshishi mumkin.
Mazkur mablagʻga egaligini talaba quyidagi hujjatlardan biri orqali tasdiqlanadi:
- Talabaning bank hisob raqami maʼlumotlari. Bunda hisob raqamda talab etilgan mablagʻ mavjud boʻlishi kerak. Mablagʻ istalgan pul birligida boʻlishi mumkin. Shuningdek, mazkur bank maʼlumotnomasining olinganiga 3 oydan oshmagan boʻlishi hamda ingliz tilida yoki ingliz tilidagi tarjimasi bilan birga taqdim etilishi kerak.
- Kafilning kafolat xati va uning bank hisob raqamida talab etilgan mablagʻ mavjudligi haqidagi maʼlumotnoma.
- Talabaning yetarli mablagʻga teng yoki undan koʻp miqdordagi grant yoki stipendiya olishi haqidagi maʼlumotnoma.
Yetarli mablagʻ haqidagi maʼlumotnoma va unga qoʻyilgan talablar bilan batafsil SHU YERDA tanishing.
Shuningdek, talaba NTUga qabul qilingach, mazkur mablagʻni NTU hisob raqamiga oʻtkazib berishi lozim. Talaba oʻqish uchun Norvegiyaga borgach, bu mablagʻ talabaning hisobiga qaytarib oʻtkazib beriladi. Maʼlum sabablarga koʻra, talaba oʻqishga bora olmagan hollarda ham mazkur mablagʻ talabaning hisobiga qaytarib oʻtkazib beriladi.
Bundan tashqari, har bir talaba har semestrda semestr badali (semester fee) toʻlashi kerak. Bu badal miqdori 2022-yil uchun 600 NOK (taxminan 59 AQSH dollari)ni tashkil etadi; keyingi yillarda bir oz oʻzgarishi mumkin.
Qabul jarayoni qanday?
NTUning xalqaro magistratura kurslariga hujjatlar har yili 1-dekabrgacha qabul qilinadi (EU va EEA tarkibiga kirmaydigan davlat fuqarolari, jumladan , oʻzbekistonliklar uchun). Masalan, oʻzbekistonlik nomzodlar 2023-yilda NTUda oʻqishni boshlash uchun 2022-yilning 1-dekabrigacha hujjat topshirishi lozim.
Magistraturada tahsil olmoqchi boʻlgan xalqaro talabalar uchun qoʻyilgan umumiy talablar quyidagilardan iborat:
- Nomzod oʻzi oʻqimoqchi boʻlgan sohaga tegishli bakalavriat diplomiga ega boʻlishi boʻlishi lozim.
- Nomzod ingliz tilini yetarli darajada bilishi lozim. Bunda nomzoddan IELTS (kamida 6.5 ball), TOEFL (kamida: Internet based – 90 ball; Paper based – 600 ball) yoki PTE (kamida 62 ball) sertifikatini topshirish talab etiladi. Sertifikat olinganiga 2 yildan oshmagan boʻlishi lozim. Bakalavriatni toʻliq ingliz tilida oʻqigan nomzodlar til sertifikatini topshirishdan ozod etilishi mumkin.
- Nomzodning bakalavriatdagi oʻzlashtirish darajasi yuqori boʻlishi lozim.
- Nomzod yuqorida tilga olingan moliyaviy mablagʻ haqidagi maʼlumotnomani topshirishi lozim.
Nomzodga qoʻyilgan talablar, soʻraladigan hujjatlar, qabul jarayoni haqida SHU YERDA batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.
Universitet oylik stipendiya yoki grant taklif etadimi?
NTUning talabalarni oylik stipendiya yoki yashash xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy mablagʻ bilan taʼminlovchi grant dasturlari mavjud emas. Biroq talaba boshqa tashkilot va muassasalar grantlari uchun hujjat topshirib (agar boʻlsa), ulardan moliyaviy yordam olishi mumkin.
NTU magistratura kurslariga oid savol-javoblar bilan SHU YERDA batafsil tanishing.