×

Germaniya oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun tayyorlov kursi (podkurs): Studienkollegs


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

6402 marta

CHOP ETILGAN

12.11.2018

Germaniyada oliy taʼlimga tayyorlovchi maxsus muassasalar mavjud. Studienkolleg – xuddi shunday tayyorlov maktabi (podkurs) hisoblanadi. Shuningdek, Studienkolleg boʻlajak talabaning Germaniya muhitiga va madaniyatiga moslashishida koʻprik vazifasini oʻtaydi. Studienkollegs bir nechta (odatda 5 ta) fan boʻyicha universitet yoki institutning maʼlum sohasiga talabalarni tayyorlaydi. Shuningdek, attestat (yoki diplom)i nemis oliy taʼlimiga qabul standartlariga toʻgʻri kelmaydigan nomzodlar ham ushbu muassasalarda oʻqigandan soʻng universitetlarga kirishlari mumkin.

Studienkolleg turlari

Germaniyada 30 ta Studienkolleg mavjud. Qaysi oliygoh qoshida joylashganiga qarab, taʼlim muassasalari 2 turga boʻlinadi:

  1. Studienkolleg-Uni. Universitetlar qoshida ochilgan va universitet hamda institutlarga talaba tayyorlaydi;
  2. Studienkolleg-FH. Ixtisoslashgan institutlar qoshida joylashgan va uni tamomlab faqat institutlarga kirish mumkin.

Studienkolleg mutaxassisliklari boʻyicha turlari

  • T-Kurs (texnika kursi): injenerlik va texnika, tabiiy fanlar (biologiyadan tashqari), matematika va informatika (iqtisodiy kibernetikadan boshqa) yoʻnalishlar;
  • M-Kurs (tibbiyot kursi): biologiya, farmatsevtika, tibbiyot va veterinariya bilan shugʻullanishni istaganlar uchun. Ushbu mutaxassisliklarga qoʻyilgan talab juda kuchli;
  • G-Kurs (gumanitar fanlar kursi): siyosatshunoslik, kommunikatsiyalar, tarix, dunyo xalqlari madaniyati, huquqshunoslik va dinshunoslik yoʻnalishida oʻqimoqchi boʻlganlar uchun;
  • W-Kurs (iqtisodiyot kursi): iqtisod yoki menejerlik kasbini tanlaganlarga;
  • S-Kurs (ijtimoiy fanlar): sotsiologiya, ijtimoiy ish, statistika va hokazo yoʻnalishlar;
  • DSH-Kurs – Oʻzbekistonda 3 semestrdan kam boʻlmagan muddat oʻqib, taʼlimni Germaniyada xuddi shu mutaxassislik boʻyicha davom ettirmoqchi boʻlganlar qabul qilinadi, boshqa kurslardan farqli ravishda, bu kurs 1 semestr davom etadi va yakunida faqat nemis tili imtihoni – DSH topshiriladi.

Quyida Germaniyadagi tayyorlov muassasalaridan ayrimlari keltirilgan::

Barcha Studienkolleglar bilan batafsil tanishish: SHU YERDA.

Qancha muddat?

Studienkollegda 1 yillik (2 semestr) tayyorgarlik kursidan oʻtish lozim. Kursda oʻqish uchun tanlangan yoʻnalish boʻyicha kirish imtihonlari topshiriladi.

Kirish imtihonlari tarkibi:

Barcha muassasalarda imtihon tarkibi oʻxshash, masalan, Studienkolleg an der Universität Heidelbergda;

1. T-Kurs (texnika kursi):

  • Nemis tili*;
  • Matematika;
  • Tanlangan yoʻnalishga koʻra fizika yoki kimyo, informatika;
  • Tadqiqot sohasi boʻyicha qoʻshimcha fan**;
  • Uchinchi tanlanmagan fan – yana bir imtihon fani.

2. M-Kurs (tibbiyot kursi):

  • Nemis tili*;
  • Fakultativ biologiya yoki kimyo;
  • Fakultativ matematika yoki fizika;
  • Kelgusidagi oʻrganiladigan fan**;
  • Ikkinchi va uchinchi tanlanmagan fan – yana bir imtihon fani.

3. G-Kurs (gumanitar fanlar kursi):

  • Nemis tili*;
  • Tarix;
  • Qoʻshimcha adabiyot, geografiya yoki ijtimoiy tadqiqotlar;
  • Qoʻshimcha tadqiqot fani**;
  • Uchinchi tanlanmagan fan – yana bir imtihon fani.

4. W-Kurs (iqtisodiyot kursi):

5. S-Kurs (ijtimoiy fanlar):

  • Nemis tili*;
  • Ikkinchi chet tili (odatda ingliz, fransuz yoki rus tili);
  • Tanlangan yoʻnalish boʻyicha tarix va geografiya yoki tarix va matematikadan birini tanlash mumkin;
  • Qoʻshimcha tadqiqot fani**;
  • Uchinchi tanlanmagan fan – yana bir imtihon fani.

Agar taʼlimni ingliz tilida tanlagan boʻlsangiz, ikkinchi til sifatida fransuz yoki ispan va boshqa tillardan birida topshirasiz.

*Nemis tili DSH imtihoniga mos hajmda boʻladi, odatda reading, listening va writing boʻyicha bilimlar tekshiriladi. Nemis tili imtihoni haqida batafsil: SHU YERDA tanishing.

**Qoʻshimcha fanlar ogʻzaki usulda olinishi mumkin.

Toʻliq maʼlumot: SHU YERDA.

*Imtihonlarni tanlagan universitetingizdan aniqlashtiring.

Qanday qilib hujjat topshirish mumkin?

Odatda, dastlab izlayotgan sohangiz boʻyicha tayyorlov kurslarida ishtirok eta olish imkoniyatingizni bilib olish lozim. Tekshirish: SHU YERDA.

Murojaat Studienkolleg joylashgan universitet/institutning Xalqaro boʻlimi orqali amalga oshiriladi. Masalan, Studienkolleg Heidelbergga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlana olmaysiz. Shuningdek, ariza topshirish qaysi millat vakili ekanligingizga qarab farq qiladi. Hujjat topshirish uchun:

  • Baden-Vyurtembergdagi universitetlardan biriga ariza berish;
  • Bir vaqtda Studienkollegga kirish uchun ariza berish. Baden-Vyurtembergdagi universitet va kollejlar haqida maʼlumot: SHU YERDA;

*Sizning hujjatlaringizni Studienkolleg emas, universitet koʻrib chiqadi va ariza qabul qilinganligi yoki rad etilganligi haqidagi javobni yuboradi. Germaniyalik boʻlmagan talabgorlar uchun quyidagilar tashkilotlar javob beradi:

  • Baden-Vyurtemberg hududidan tashqaridagi Studienkollegga hujjat topshirayotgan boʻlsangiz: SHU YERDA;
  • Baden-Vyurtembergdagi Amaliy fanlar universitetiga daraja uchun hujjat topshirmoqchi boʻlsangiz: SHU YERDA;
  • Karlsrue yoki Shtutgartdagi texnologiya fanlariga ixtisoslashgan Texnologiya institutlaridan birining taʼlim dasturlariga hujjat topshirsangiz: SHU YERDA.

Dedlayn: Agar UniAssist ilovasi orqai topshirilsa, bahorgi semestr uchun 30-noyabrgacha, qishgi semestrga – 31-mayga qadar, mustaqil hujjat topshiradiganlarga onlayn registratsiya dedlayni: 15-yanvar va 15-iyul. Qoʻshimcha maʼlumotlarni universitetning Xalqaro boʻlimidan aniqlash lozim. Kirish imtihonlari darslar boshlanishidan bir hafta oldin oʻtkaziladi.

Mashgʻulotlar qachon oʻtiladi?

Geydelberg universitetida darslar ikki semestrdan iborat:

  • Oktyabr – fevral (qishgi semestr);
  • Aprel – iyul (yozgi semestr).

1-semestr:

  • Haftasiga 20 soat nemis tili (baholash testiga tayyorgarlik)+ 12-16 soat mos keluvchi kurslar;
  • Birinchi semestr oxirida baholash imtihoni odatda nemis tilida oʻtkaziladi.

2-semestr:

  • Baholash imtihonlari boʻlib oʻtadigan tanlangan (G, M, S, T, W) soha fanlari yuzasidan haftasiga taxminan 30 soat oʻqitiladi;
  • Ikkinchi semestr oxirida talabalar kursga oid fanlardan imtihon topshiradilar.

*Barcha mashgʻulotlar Studienkolleg, Im Neuenheimer Feld 684 oʻtkaziladi.

Savol va murojaatlar uchun: E-Mail: studium@uni-heidelberg.de; Telefon: +49 (0) 6221 – 54-5454.

Oʻqish toʻlovi qancha?

Germaniyadagi Studienkolleglarining aksariyatida oʻqish tekin. Ammo semestrda bir marta yigʻiladigan toʻlovni amalga oshirish zarur. Odatda bu narx semestriga 100 yevrodan 400 yevrogacha atrofida boʻladi. Masalan, Studienkolleg bei den Universitäten des Freistaates Bayern (in München)da 2018/2019-yilning qishgi semestri uchun toʻlov  129,40 yevro. Ayrim (istisno) muassasalarda esa oʻqish puli semestriga 1500 yevroni tashkil etadi. Studienkolleg Coburgda ta’lim olish tekin, faqat roʻyxatdan oʻtishdan oldin talaba bir marta 105 yevro (talabalik kartasi, semester chiptasi va talabalik badali uchun) pul toʻlaydi. Xususiy Studienkolleglar yiliga taxminan 6 ming yevro haq oladilar. Xususiy Studienkolleglar:

Yashash xarajatlari

Germaniyada yashash xarajatlari oyiga taxminan quyidagicha:

Turar joy: 200-400 yevro;
Oziq-ovqat: 120-160 yevro;
Transport: 50 yevro;
Tibbiy sugʻurta: 70-80 yevro;
Uyali aloqa va internet: 30-50 yevro;
Kiyim-kechak: 80-100 yevro;
Madaniyat, sport va hk.: 60-80 yevro.
Kitob va oʻquv qurollari: 50-70 yevro.
Administrativ sarflar: Studienkollegida oʻqish mobaynida semestriga bir marta taxminan 50 yevro uchun haq toʻlash kerak.

Studienkollegda oʻqiydigan talaba oyiga taxminan 700-1000 yevro sarflaydi. *Maʼlumotlar 2018-yil uchun taxminan berilgan hamda valyuta kursi va muddatga qarab oʻzgarishi mumkin.

Viza rasmiylashtirish. Germaniyaga borish uchun shengen vizasi haqida SHU YERDA va oʻqish davrida yashashga uzoq muddatli viza olish tartibi va xarajatlari haqida batafsil: SHU YERDA tanishing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!