×

AQSh: Bakalavr, Magistratura va Doktorantura kurslari uchun 50% grant


Grant

MUHLAT

Doimiy

QOLGAN VAQT

Doimiy

HUDUD

AQSh

O'QILGAN

4029 marta

AQShning Tennessi shtatida joylashgan Sharqiy Tennessi Davlat Universiteti (East Tennessee State University – ETSU) bakalavr, magistratura va doktorantura kurslariga ajratilgan grantlar uchun arizalar qabul qilmoqda. Grantlar iqtidorli mahalliy va xalqaro talabalarga moddiy rag’bat sifatida beriladi. Ushbu universitetdagi barcha o’quv kurslari haqida ma’lumotni bu yerdan olishingiz mumkin.

Grant kimlar uchun?

Bakalavr, magistraturada va doktoranturada o’qishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Agar talabaga grant berilsa, uning o’qish kontrakt to’loviga universitet tomonidan har semestr 50% chegirma qilinadi. Grant:

  1. Bakalavriat kursi talabalariga 8 semestr davomida to’lanadi.
  2. Magistratura kurslari talabalariga kursning necha semestr davom etishiga qarab 5 semestrgacha to’lanadi.
  3. Doktorantura kurslari talabalariga ham kursning necha semestr davom etishiga qarab 5 semestrgacha to’lanadi.

Grant qishki semestr uchun amal qilmaydi, lekin agar talaba yoz oylarida ham kurslarda ishtirok etsa, bu semestrlar uchun amal qiladi. Qolgan barcha xarajatlarni qoplash talabaning o’z zimmasida bo’ladi.

ETSU bakalavr kursining kontrakt to’lovi o’quv materiallari bilan qo’shib hisoblaganda yiliga 36819 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Talablar:

Sharqiy Tennessi Davlat Universiteti granti berilishi uchun nomzodlar quyidagi talablarga mos bo’lishlari kerak:

  1. Nomzod to’liq stavka asosida o’qishga kirayotgan bo’lishi zarur.
  2. Nomzod ETSU’ning bakalavriat, magistratura va doktorantura kurslaridan biriga hujjat topshirgan bo’lishi kerak.
  3. Nomzod talaba uchun F-1 yoki J-1 vizasini olgan yoki olishni rejalashtirayotgan bo’lishi kerak.
  4. Nomzod o’qish davomida erishgan yutuqlari (baholar)ni ko’rsata olishi kerak.
  5. Grant yutib olgan talaba kurs davomida har semestr grant olishda davom etishi uchun AQSh GPA tizimi bo’yicha 4 dan kamida 2.75 ball to’plab borishi kerak.
  6. Bakalavr,  magistratura yoki doktorantura kursida oldin o’qigan va yana shu kurslardan birida o’qimoqchi bo’layotgan talabalarga grant berilmaydi.
  7. Tibbiyot yo’nalishidagi M.D. va PharmD kurslariga o’qishga kirgan talabalarga grant berilmaydi.

ETSU Bakalavr kurslariga o’qishga kirish uchun ingliz tilini bilish darajasini tekshirish imtihonlaridan quyidagicha ballar to’planishi kerak:

  1. Agar nomzod TOEFL imtihonidan o’tgan bo’lsa, PBT dan kamida 500 yoki IBT dan 61 ball to’plagan bo’lishi; agar IELTS bilan hujjat topshirayotgan bo’lsa, kamida 5.5 ball olgan bo’lishi shart.
  2. ACT imtihonidan o’tgan bo’lsa, English va Reading’dan 19 olgan bo’lishi zarur.
  3. SAT imihonida Critical Reading (Verbal) qismidan olingan ball kamida 450 bo’lishi zarur.

Bakalavr kurslariga hujjat topshirishning so’nggi muhlatlari:

  1. Kuzgi semestr uchun – 15-iyun
  2. Bahorgi semestr uchun – 15-oktabr
  3. Yozgi semestr uchun – 15-mart

 

ETSU Magistratura va doktorantura kurslariga o’qishga kirish uchun ingliz tilini bilish darajasini tekshirish imtihonlaridan quyidagicha ballar to’planishi kerak:

Agar nomzod TOEFL imtihonidan o’tgan bo’lsa, PBT dan kamida 550 yoki IBT dan 79 ball to’plagan bo’lishi; agar IELTS bilan hujjat topshirayotgan bo’lsa, kamida 6.5 ball olgan bo’lishi shart. Boshqa talablar bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin.

Magistratura va doktorantura kurslariga hujjat topshirishning so’nggi muhlatlari:

  1. Kuzgi semestr uchun– 29-aprel
  2. Bahorgi semestr uchun– 29-sentabr
  3. Yozgi semestr uchun – 1- fevral

Dasturga qabul jarayoni:

Ushbu grantga alohida ariza topshirish shart emas, Universitetga hujjat topshirgan barcha nomzodlarga, agar ular quyidagi talablarga mos bo’lishsa, to’g’ridan-to’gri grant beriladi:

  1. Bakalavr bosqichiga birinchi kursga o’qishga kirayotgan nomzodning baholar ko’rsatkichi AQShning 4 balli GPA tizimi bo’yicha 3.0 yoki undan yuqori bo’lishi kerak.
  2. Magistratura va doktorantura bosqichiga o’qishga kirayotgan yoki bakalavr bosqichi bo’yicha o’qishni ko’chirayotgan nomzodning baholar ko’rsatkichi AQShning 4 balli GPA tizimi bo’yicha 3.0 yoki undan yuqori bo’lishi zarur.

O’qishga qabul qilingan va yuqorida sanab o’tilgan talablarga javob beradigan talabalarga Universitet tomonidan grant taklifi jo’natiladi. Talaba bu taklifni qabul qilsa, grant olishni boshlaydi.

Ma’lumot uchun interntl@etsu.edu elektron manziliga murojaat qilishingiz yoki rasmiy saytdagi ma’lumotlar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!