Yaponiya hukumati tomonidan rivojlanayotgan mamlakat talabalariga turli yoʻnalishlar boʻyicha magistraturada oʻqish uchun Asian Development Bank – Japan Scholarship Program dasturi tashkil etilgan. Dasturda ishtirokchilar iqtisodiyot, boshqaruv va rivojlanishga aloqador boshqa sohalar boʻyicha magistratura bosqichini turli nufuzli universitetlarida oʻqib, oʻz mamlakatlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga hissa qoʻshishlari koʻzda tutilgan.
Ushbu dastur doirasuda Yangi Zelandiyaning nufuzli Oklend universitetida (University of Auckland) quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻqish imkoniyati mavjud:
- Master of Public Health
- Master of Science (Environmental Science)
- Master of Arts (Development Studies)
- Masters programmes in Engineering.
Ushbu dastur bir yilga moʻljallangan boʻlib, ishtirokchining akademik faoliyatiga qarab, tegishli universitetning taklifiga asosan keyingi yilga uzaytirilishi mumkin. Magistratura bosqichi uchun dasturning maksimal davomiyligi ikki yilni tashkil etadi.
Hozirda 2024-yildan boshlanadigan oʻqish uchun beriladigan grantlarga ariza qabul qilinmoqda.
Maʼlumot uchun: 2023-yil mart oyi holatiga koʻra, Oklend universitetida dunyoning eng nufuzli universitetlari roʻyxatida 87-oʻrinni egallab turibdi (QS reytingi boʻyicha).
Grant kimlar uchun?
Magistraturada oʻqimoqchi boʻlganlar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Bu grantni qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:
- Universitetda oʻqish toʻlovidan ozod qilinadi.
- Borish va kelish uchun aviachipta xarajatlari qoplanadi.
- Yashash xarajatlari uchun oylik moddiy yordam beriladi.
- Tibbiy sugʻurta xarajatlari qoplanadi.
- Tadqiqot bilan shugʻullanuvchilarga dissertatsiya tayyorlash uchun maxsus grant ajratilishi mumkin.
ESLATMA: Ishtirokchilarning oila aʼzolari, hamrohlari xarajatlari dastur tomonidan moliyalashtirilmaydi.
Talablar:
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- Dasturda BU YERDA berilgan rivojlanayotgan davlat fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Roʻyxatda Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlari mavjud.
- Nomzod Oklend universitetining yuqoridagi magistrlik kurslariga ariza topshirgan boʻlishi / topshirishi va 2024-yildan boshlab oʻqish uchun qabul xati olgan boʻlishi / olishi kerak. Magistrlik kursiga kirish talablari bilan batafsil BU YERDA tanishing.
- Bakalavr yoki unga tenglashtirilgan oliy ilmiy darajaga ega boʻlishi lozim.
- Ariza topshirish vaqtida kamida ikki yillik (toʻliq stavkada) professional ish tajribasiga (universitet diplomini olgandan keyin) ega boʻlishi kerak.
- Ingliz tilini yetarlicha bilishi lozim. Kamida IELTS 6,5 (har bir boʻlimdan kamida 6.0) talab etiladi. Universitet magistrlik kurslari boʻyicha til talabi bilan batafsil BU YERDA tanishing.
- Nomzod ariza topshirish vaqtida 35 yoshdan katta boʻlmasligi kerak. Istisno hollarda, yuqori lavozimli amaldorlar va menejerlar uchun moʻljallangan dasturlarda 45 yoshgacha boʻlganlar ishtirok etishi mumkin.
- Jismoniy va ruhiy sogʻlom boʻlishi va dasturni yakunlagandan soʻng oʻz vataniga qaytishlari shart.
- Dastur tashkilotchilari xodimlari va ularning qarindoshlari; oʻz mamlakatidan boshqa joyda yashayotganlar hamda magistraturaga allaqachon oʻqishga kirgan yoki allaqachon tugatgan nomzodlar dasturda ishtirok etish uchun ariza topshira olmaydi.
Dasturga qabul jarayoni:
Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar avval Oklend universitetining yuqorida taʼkidlangan magistrlik kurslaridan biriga qabul qilingan boʻlishi kerak. Magistrlik kurslariga ariza topshirish jarayoni, kerakli hujjatlar bilan batafsil BU YERDA tanishing.
Grant dasturi uchun kerakli hujjatlar:
- ADB-JSP maʼlumotnomasining toʻldirilgan shakli
- ADB-JSP arizasining toʻldirilgan shakli
- Oklend universiteti tegishli magistrlik kursiga qabul qilinganlik haqida taklif xati nusxasi
- Akademik hujjatlar: diplom va baholar
- Ish tajribasini tasdiqlovchi guvohnoma
- Nomzod daromadini tasdiqlovchi maʼlumotnoma
- Oilaviy daromad toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.Bunda ota-onangiz yoki turmush oʻrtogʻingizning yillik/oylik daromadi boʻlishi kerak.
- Pasportingiz nusxasi
- Muddati 2 yildan oshmagan IELTS sertifikati
Yuqoridagi barcha hujjatlar pochta orqali Oklend universitetiga 2023-yil 21-iyuldan kechiktirmay yuborilishi kerak. Pochta yuborilishi kerak boʻlgan manzil: The University of Auckland, Private Bag 92019, Auckland 1142, New Zealand
Qabul qilingan arizalar 2023-yil 29-sentyabriga qadar koʻrib chiqiladi. Muvaffaqiyatli nomzodlar 2023-yil noyabr oyigacha xabardor qilinadi.
MUHIM: dasturga hujjat topshirishga kirishishdan avval rasmiy eʼlon va dastur boʻyicha koʻp berilgan savollar (FAQ) bilan yaxshilab tanishib chiqing.