×

2018-yildan boshlab kimlar xorijiy til test sinovidan ozod etiladi?


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

2306 marta

CHOP ETILGAN

20.01.2018

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi 610-sonli qarori asosan 2018 yil 1 yanvardan boshlab malaka sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlarga sertifikatni olgandan boshlab 3 yilgacha amalda bo‘ladigan imtiyozlarni berish tartibi joriy etiladi. Bu haqda DTM Chet tillarini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi xabar bergan.

Ma’lum qilinishicha, o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, uch yilgacha amalda bo‘ladigan imtiyozlar quyidagilardan iborat:

– chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi A2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘qishga kirishda saralash test sinovlari ro‘yxatiga kiritilgan chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani bo‘yicha test sinovidan ozod etiladi va ularga chet tili fanidan maksimal ball beriladi;

– chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi B1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari bakalavriat yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari majmuasiga kiritilgan chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani bo‘yicha test sinovidan ozod etiladi va ularga chet tili fanidan maksimal ball beriladi;

– chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga kirishda test sinovlari majmuasiga kiritilgan chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani bo‘yicha test sinovidan ozod etiladi va ularga chet tili fanidan maksimal ball beriladi;

– chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari pedagoglari attestatsiya jarayonida malaka sinovi uchun belgilangan maksimal ball bilan baholanadi va test sinovidan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda chet tilini egallash va bilish darajasini baholash uchun joylarda talabgorlar sonidan kelib chiqqan holda guruhlarni tashkillashtirish, viloyatlarda test sinovlarini tashkil qilish, topshiriq shakllari va test sinovlarini o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa tashkiliy masalalarga doir muhokama jarayoni ketmoqda.

Manba: Kun.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!