×

Academic IELTS Writing: 7 yoki undan yuqori ball olish sirlari


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

46327 marta

CHOP ETILGAN

06.08.2018

Writing IELTS testining eng qiziqarli va ko’pchilik test topshiruvchilarning fikriga ko’ra eng qiyin qismi hisobanadi. Writingdan 6 va 6.5 ballgacha ancha tez ko’tarilib kelgan test topshiruvchilarga boshida hammasi oddiy tuyilsa-da, aynan 6.5 dan 7 ga sakrab o’tishga kelganda ko’pchilik muammoga duch keladi. Buning eng katta sabablaridan biri test topshiruvchi IELTS writingdagi topshiriqlarga aynan qanday javob yozish kerakligi va tekshiruvchi ulardan aynan nimani kutishini aniq bilmasligi. Ushbu maqola IELTS dan kamida 7 ball olish sirlari haqida.

Test formati haqida qisqacha ma’lumot

Academic IELTS testining yozma qismida test topshiruvchiga 2 ta topshiriq va ularni bajarish uchun 60 daqiqa vaqt beriladi. Birinchi topshiriq task 1 deb ataladi va unda test topshiruvchiga statistik ma’lumotlar yoki boshqa turdagi ma’lumotlar vizual ko’rinishda beriladi. Test topshiruvchi shu ma’lumotga asoslanib kamida 150 so’zdan iborat hisobot (report) yozishi kerak. Ikkinchi qism Task 2 deb nomlanadi. Bu topshiriq Task 1 ning teskarisi, ya’ni unda test topshiruvchiga hech qanday ma’lumot berilmaydi. Ma’lumotni uning o’zi yozishi kerak. Bu qismda test topshiruvchilardan ularga berilgan mavzuda kamida 250 so’zdan iborat insho yozish talab etiladi. Ikkala topshiriqni tamomlashga ulgurish uchun vaqtdan nihoyatda unumli foydalanish zarur, chunki juda ko’p test topshiruvchilar 1 soat ichida ikkala topshiriqqa ham javob yozishga ulgurmay, past ball olishadi. Task 1 ga task 2 dan ikki barobar kam ball beriladi, shuning uchun task 2 ikki baravar muhimroq sanaladi. Task 1 reportni yozish uchun ko’pi bilan 20 daqiqa sarflash kerak. Task 2 ga esa 40 daqiqa qolishi zarur. Imtihon boshlanganda yozishni inshodan (ya’ni Task 2) boshlash kerak, chunki u reportdan muhimroq hisoblanadi va unga ko’proq mehnat kerak bo’ladi.

Past ballga sabab bo’ladigan faktorlar:

  1. Vaqt yetmasligi. Har bir topshiriq uchun javobni yozishdan oldin puxta rejalashtirib olish juda muhim. Reportga ham, inshoga ham kirish va asosiy qismlar yoziladi. Inshoda ayniqsa xulosa qismi ham mavjud. Ularni rejalash, yozish va tahrirlashdan tashqari asosiy g’oyalarni shakllantirish ham zarur. Tajribasiz, ilgari ingliz tilida yozish bilan juda kam shug’ullangan yoki shunchaki test formati bilan to’liq tanish bo’lmagan test topshiruvchilar deyarli har doim shoshib qolishadi va ko’ngildagiday yozishga vaqtlari yetmay qoladi. Buning oldini olish uchun testga kirishdan oldin juda ko’p mashq qilish kerak. Tayyorgarlik chog’ida soat bilan ishlashni, tez fikrlashni va qanday qilib oxirida tahrirga vaqt qoldirishni mashq qilish kerak. Har bir qadam uchun ma’lum vaqt ajratib mashq qilish ham juda foydali. Masalan, birinchi 5-7 daqiqada butun mavzuni tahlil qilib, insho yoki reportni miyada shakllantirish, asosiy fikrlarni yozib qo’yish, xatto qanday faktlardan misol sifatida foydalanishni ham o’ylab olish kerak, qolgan vaqtda esa yozish bilan shug’ullanish, ya’ni tayyorlangan fikrlarni chiroyli ifodalashga diqqat qaratish kerak. Yozish jarayonining qoq o’rtasida keyingi gapga nima yozsam ekan, deb to’xtab qolish yaramaydi. Ko’p mashq qilinsa, fikrni ifodalash tezligi ancha ortib ketadi, odatda 300 ta so’zni 20 daqiqada tezlik bilan yozish mumkin. Bunga erishish uchun ko’p va xo’p yozib mashq qilish kerak. Demak, xulosa: testning ilk daqiqalarida nima yozishni aniq hal qilib olish va yozayotganda faqatgina chiroyli va tushunarli yozishgagina diqqat qilish kerak.
  2. Yozma ishni rejalashtirmaslik. Vaqt tig’iz bo’lgan vaziyatda test topshiruvchi sara va izchil fikrlarni yetkazib bera olishi uchun bu fikrlar avval miyada yaxshilab o’ylab olingan bo’lishi kerak. Agar to’g’ridan-to’g’ri javoblar varaqasiga yozib ketilsa mavzudan tashqariga chiqib ketish, juda ko’p yozib yuborish yoki fikr kelmay qolishi, yozishga ko’p vaqt ketib qolishi yoki hammasi yozib bo’lingach yaxshiroq g’oya paydo bo’lib qolishi kabi tartibsizliklar sodir bo’lishi mumkin. Qalamni qog’ozga qo’ygan vaqt test topshiruvchi insho yoki reportning boshidan oxirigacha nima yozishini o’ylab olgan bo’lishi kerak. Aynan qanday so’zlar ishlatilishi hisobga olinmasa ham qanday turdagi fikr va ma’lumot berilishi aniq o’ylab olinishi kerak. Lekin qisqa vaqt ichida shuncha narsaga ulgurish uchun test topshiruvchi tez fikrlay va tez yoza olishi kerak. Yuqorida aytilgandek oldin nima yozishni o’ylab olish hamma tomondan vaqt va mehnatni tejaydi.
  3. So’ralayotgan yozma ish formatini va shaklini yetarlicha tushunmaslik. Task 1 va 2 da taxminan 5tadan mavzu bor, ya’ni reportni ham, inshoni ham taxminan 5 xildan yozish mumkin. Odatda tahlil qilib qanday report yoki insho yozish kerakligini aniqlasa bo’ladi. Bu degani, topshiriqdan kelib chiqib tekshiruvchi sizdan aynan qanaqa shakldagi va ruhdagi yozma ish kutishini bilib olsa bo’ladi. Buning uchun barcha report va insho turlari bilan tanishib chiqish va har biriga qanday yondashishni puxta o’rganib olish kerak. Agar ikkala topshiriqni ham vaqtida tugata olsangiz va yozma ishni tartibli qilib yozsangiz-u, sizdan tahlil talab qilingan vaziyatda shaxsiy fikrga yo’naltirilgan insho yozib qo’ysangiz, ancha katta ball yo’qotib, barcha mehnatingiz puchga chiqib ketadi.

Yuqoridagi uch vaziyatdan kelib chiqib xulosa qiladigan bo’lsak: yozma imtihonda sizdan aynan nima talab qilishlarini biling, uni bajarish uchun vaqtdan to’g’ri foydalaning, vaqtdan unumli foydalanish uchun esa ishingizni reja asosida qiling.

Tekshiruvchi Test topshiruvchidan nima xohlaydi?

Bu savollarga javob berish uchun IELTS imtihonining yozma qismi qanday me’zonlar asosida baholanishiga e’tibor berish kerak:

  1. Task achievement – 25% (topshiriqning to’g’ri va to’liq bajarilganligi).
  2. Coherence&Cohesion – 25% (yozma ish to’gri va tushunarli shaklda yozilganligi).
  3. Lexical Resource – 25% (so’z boyligidan foydalanilganligi).
  4. Grammatical range&Accuracy – 25% (grammatik shakllardan keng va to’g’ri foydalanilganligi).

Yozma ishga qo’yiladigan umumiy ball shu to’rt me’zon asosida qo’yilgan baholarning o’rtachasi bo’ladi.

Agar test topshiruvchi 6.5 ball olgan bo’lsa, uning yozma ishi quyidagicha baholangan bo’lishi mumkin:

Task achievement – 7

Coherence&Cohesion – 7

Lexical resource – 7

Grammatical range&Accuracy – 6.

Xo’sh, 7 olish uchun yozma ish qanday bo’lishi kerak?

7 ballga loyiq deb topiladigan yozma ish quyidagi xususiyatlarga ega bo’lishi kerak:

Yuqori ball olish uchun ushbu me’zonlarni esda tutish va yozilgan har bir gap ularning deyarli barchasiga ball qo’shishiga harakat qilish kerak. Yozma ishingizning qayerida kamchilik bor yoki kamchiliklarni qanday to’g’irlash uchun IELTS bo’yicha ancha yuqori ball va tajribaga ega o’qituvchi bilan maslahatlashish muhim.

Endi, me’zonlarga alohida to’xtalamiz.

TASK ACHIEVEMENT

Task achievement, ya’ni topshiriq to’liq bajarilganligini tekshiruvchi me’zondan yaxshi ball olish uchun, qisqaroq aytganda, topshiriqda so’ralgan hamma narsani yozish kerak.

Masalan, sizga mana bunday topshiriq berilgan bo’lsa,

Sizdan ikkala fikrni ham tahlil qilish so’ralyapti. Agar, deylik, ulardan birini tahlil qilsangiz, yoki faqat o’z fikringizni yozib qo’ysangiz, topshiriq chala bajarilgan bo’ladi va task achievement’dan ball pasayadi.

Bunday savolga yozilgan inshoda muallifning munosabati bilinib turishi, lekin o’ta tarafkashlik qilmasdan ikkala fikr ham haqqoniy yoritib berilishi, tahlil jarayonida esa izohlovchi fikrlar va faktlar, ma’lumotlardan foydalanish kerak.

COHERENCE AND COHESION

Qisqacha aytganda, bu me’zon yozma ishda fikr va ma’lumotlarning tartibli va mantiqiy ketma-ketligi, ishning o’qish uchun qanchalik tushunarli ekanligini tekshiradi.

Bu banddan yuqori ball olish uchun yozma ishda har bir argument uchun alohida paragraf yozish, gaplarni bog’lovchilar bilan bog’lash va mantiqiy ketma-ketlikka e’tibor berish kerak. Yozma ishda kirish qismi, asosiy qism, asosiy qism tarkibida bir-biridan alohida paragraflarga ajratilgan bir nechta asosiy fikrlar va xulosa qismi bo’lishi o’ta muhim. Fikrlar kirish qismida umumiylikdan ma’lum fikrga qarab torayib borishi va boshidan boshlab xulosa qismiga yo’nalishi kerak.

LEXICAL RESOURCE

Bu banddan yuqori ball olishni xohlagan test topshiruvchi ingliz tilini yaxshi biladiganlargina to’g’ri ishlata oladigan so’zlarni bilishini yozma ishida ko’rsatishi kerak. Bu lug’at boyligi bilan maqtanish imkoniyatidir. Bu vaziyatda umumiy vaziyatlarda ishlatiladigan oddiy so’zlarni “qiyin”, ilmiy, hamma ham bilavermaydigan sinonimlar bilan almashitirish foydali. Ish leksik jihatdan chiroyli va tushunarli bo’lishi kerak. Lekin kamyob so’zlarni shunchaki ishlatish bilan ularni to’g’ri ishlatishning o’rtasida katta farq bor. Biror “aqlli” so’zni xato ishlatgandan ko’ra umumiyroq so’zni o’z o’rnida qo’llagan test topshiruvchi yuqoriroq ball oladi. Ishlatilayotgan so’zning vaziyatga mosligiga 100% amin bo’lmasangiz, uni ishlatmang.

GRAMMATICAL RANGE AND ACCURACY

Bu qism test topshiruvchi grammatikani qanchalik yaxhsi o’zlashtirgani va undan qanchalik samarali foydalana olishini baholaydi. Bu banddan yuqori ball olish uchun ingliz tilidagi turli grammatik shakllardan keng foydalanish va ularni vaziyatga moslab, to’g’ri ishlatish kerak. Inshoning umumiy ruhiga bu va Lexical Resource bandlari katta ta’sir ko’rsatadi. Rasmiy so’zlarni rasmiyroq grammatik shakllar bilan yozish kerak, agar grammatik shakllar oddiy bo’lsa, o’ta ilmiy yoki rasmiy so’zlarni ularga aralashtirmaslik kerak. Grammatik shakllar va so’zlar birgalikda inshoning ruhi (toni) va stilini ko’rsatib beradi. Shuning uchun ikkalasidan foydalanish darajasi bir-biriga yaqin bo’lishi zarur. Agar o’ta ilmiy grammatik shaklga juda oddiy so’zlar biriktirilsa yoki aksincha bo’lsa, insho notabiiy chiqadi. Notabiiylik, “mexanik” tuyiladigan gaplar va o’qigan sari tushunish qiyinlashib, qayta o’qishga majbur qiladigan gaplar umumiy insho ruhini buzib yuboradi. Unutmang, bu tilni bilish darajasini tekshiradigan imtihon, unda har xil shakllarni bilish-u ishlata olmaslik emas, qancha shakl bilsa ham ularni 100% aniqlikda ishlata olish yuqoriroq ball olib keladi.

Keyingi maqolalarda IELTS imtihonidan maffaqqiyatli o’tib, yuqori ball olish sirlarini yoritishda davom etamiz.  Biz bilan bo’ling!

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!