×

ACT test topshirish kimlarga va nima uchun kerak?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

8183 marta

CHOP ETILGAN

16.10.2018

ACT—American College Testing – AQSH va xorij fuqarolarining AQSHda joylashgan mashhur nufuzli oliy taʼlim dargohlarida oʻqishga qabul qilinishlari uchun zarur boʻlgan imtihon. Koʻpincha bu test natijalari maktabda olingan baholar maʼlumotnomasiga qoʻshimcha tarzida foydalaniladi.

ACT imtihoni haqida qisqacha:

Til – ingliz tili;
Oʻtkazilishi – yilda 6 marta;
Rasmiy sayti – ACT;
Tashkilotchi – ACT, Inc.;
Muqobil imtihon – SAT;
Natijalarni tekshirish – 2-3 hafta;
Toʻlov – 150-166,5 AQSH dollari;
Oʻtkaziladigan mamlakatlar – 150;
Eng kam ball – 1 ball;
Maksimal ball – 36 ball.

Oʻzbekistonda topshirish uchun – Tashkent International School (TIS) www.tashschool.org.

 

ACT imtihoniga tayyorgarlik koʻrish uchun resurslar:

  • ACT – ACT ning topshiriqlar boʻyicha misollar va tavsiya etiladigan oʻquv qoʻllanmalari joylashtirilgan rasmiy sayti;
  • 4tests – ACTdan onlayn-testlar;
  • Varsitytutors – Imtihonning har bir qismi boʻyicha onlayn-testlar;
  • Testverbal – ACT testlari uchun soʻzlar roʻyxati;
  • Testpreppractice – ACTga tayyorlanish uchun kitoblar roʻyxati.

ACT testi tarixidan

Test Ayova tadqiqot Universiteti professori Everett Franklin Lindkvist tomonidan 1929 yilda olimpiadaning oʻrta va yuqori sinf ishtirokchilari uchun testlar ishlab chiqish jarayonida oʻylab topilgan. USHbu testlarga asosida 1959 yilda ilk bor rasmiy taqdim etilgan ACT testi yaratilgan.

2005 yildan boshlab American College Testing topshirilishi ixtiyoriy boʻlgan, ammo hozirda nufuzli oliy oʻquv yurtlari albatta talab qilayotgan yozma qism bilan boyitildi. 2015 yildan test nafaqat qogʻoz, balki kompyuter variantida ham taklif etila boshladi.

ACT testining SAT testidan farqi nimada?

Koʻpincha ACT keng tarqalgan va AQSH taʼlim dargohlariga kirishda talabgorlar uchun zarur boʻogan SAT testiga raqobarchi sifatida qoʻyiladi. American College Testing ishtirokchining kognitiv va nazariy bilimlarini emas, amaliy bilimlarini aniqlashga yoʻnaltirilgan, deb hisoblanadi. ACT sobiq oʻquvchining umumiy bilimlari haqidagi xulosalarni beradi, SAT esa aniq sohalar yuzasidan malakalarni tekshiradi. Shuningdek, SAT AQSHning “periferiyasi”da, Texas shtatida mashhur boʻlsa, ACT, AQSHning janubi va Oʻrta Gʻarbi, shu bilan birga Qoyali Togʻlar regionlarida keng tarqalgan, degan fikr mavjud. Lekin AQSHning aksariyat kollej va universitetlari SAT  va ACT natijalarini qabul qiladilar.

ACT ning SAT dan yana bir farqi savollarning ancha sodda koʻrinishda berilishidadir. ACTni muvaffaqiyatli topshirish uchun oʻta yuqori darajadagi soʻz boyligiga ega boʻlish talab etilmaydi, shuning uchun ham xorijlik abituriyetlar koʻpincha ACTni tanlaydilar.

ACT testi qanday qurilgan?

Test 215 ta savoldan iborat boʻlib, oz ichiga 4 ta asosiy boʻlimni oladi: English (ingliz tili), Mathematics (matematika), Reading (oʻqish), Science (fan, fikrlay olish malakasi). Shuningdek, topshirish ixtiyoriy hisoblanadigan Writing (yozuv), qismi ham mavjud boʻlib, u imtihonning boshqa boʻlimlaridan alohida holda topshiriladi. Writing natijalarini AQSHning ayrim taʼlim muassasalari talab qiladilar. Sinovga 3 soat 30 daqiqa vaqt ajratiladi.

English. Blokda berilgan 75 ta savolga 45 daqiqada javob berish: xatolarni tuzatish, tinish belgilarini qoʻyish kerak. English qismi talabgorning grammatika va punktuatsiya, ritorika hamda stilistika borasidagi koʻnikma va qobiliyatlarini aniqlashga qaratilgan.

Mathematics. Boʻlim topshiriqlari ishtirokchining algebra, geometriya, trigonometriya va ehtimollar nazariyasiga oid bilimlari haqida tasavvur beradi. Har bir opshiriq 5 ta javob variantiga ega. Sinov davomida oddiy (programmalashtirilmagan) kalkulyatordan foydalanishga ruxsat beriladi. Blokda 60 ta savol mavjud va 60 daqiqa vaqt ajratiladi.

Reading. Blokda toʻrtta turli mavzular boʻyicha 40 ta savol va 35 daqiqa vaqt beriladi. Odatda, ular har xil asarlardan parchalar boʻladi:

  • Birinchi matn – badiiy asardan parcha;
  • Ikkinchi matn – ijtimoiy fanlarga tegishli;
  • Uchinchisi – gumanitar fanlarga oid yoki sanʼat haqida;
  • Toʻrtinchi parcha – tabiiy fanlar boʻyicha bilimlarni qamrab oladi.

Science. Bu blok 40 ta savoldan iborat, 35 daqiqada ishlash uchun imtihon topshiruvchiga tabiiy fanlar boʻyicha yozilgan yettita ilmiy ishdan parchalar taqdim etiladi. Har bir matnga bir nechtadan savollar biriktiriladi. Talabgor bu qism boʻyicha oʻzining analitik, muammolarni yechish va mulohaza qila olish qobiliyatlarini namoyish eta olishi zarur.

Writing. Ixtiyoriy blok. Ishtirokchi bu blokda ijtimoiy mavzuga oid esse yozadi. Shuni eʼtiborga olish kerakki, Writing natijasi umumiy ballga qoʻshilmaydi va taʼsir qilmaydi, alohida qoʻyiladi. Lekin, ayrim oliy oʻquv yurtlari English+Writing natijalarini talab qilishlari mumkin. Sinovga 40 daqiqa vaqt beriladi.

ACT test topshirish tartibi qanday va narxi qancha?

AQShning ayrim hududlarida ACT yiliga 4-6 marta oʻtkaziladi. Odatda testni sentyabr, oktyabr, dekabr, fevral, aprel va iyun oylarining shanba kunlarida topshirish mumkin. ACT topshirish narxi 150 dollar. ACT Plus Writing 166.5 dollar. Toʻlov pulini kredit karta orqali ham toʻlasa boʻladi. ACT oʻtkazish uchun masʼul tashkilotchi imtihon natijalarini 5-6 taʼlim muassasasiga joʻnatishni taklif etadi (xizmat haqi — 15 dollar). ACT imtihonini dunyoning 150 ortiq davlatlarida topshirish mumkin. Avstraliya, Rossiya, Singapur va Fransiya kabi davlatlar imtihon qabul qilish uchun 4 tadan markaz tashkil etishgan. Gonkongda 6 ta markaz ACT testini oʻtkazadi, chunki bu imtihon Xitoyda juda ommalashgan. ACT imtihonini topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish kerak. Buni telefon, e-mail yoki rasmiy sayt orqali amalga oshirish mumkin.

ACT testlari qanday baholanadi?

Testning har bir qismi 1 dan 36 gacha ball bilan baholanadi. Toʻrt qism ballari birlashmasining oʻrta arifmetikasi ACT imtihoni boʻyicha umumiy baho sanaladi. English, Mathematics va Reading 1-18 atrofida qoʻshimcha ball berishi mumkin, lekin bu hol umumiy bahoni oʻzgartirmaydi. Writing qismi 2 dan 12 ballgacha baholanadi va alohida natija varagʻiga qayd qilinadi, agar imtihon natijasi talabgorni qoniqtirmasa, ACT ni qayta topirish mumkin. Imtihonda toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ball – 36 ballni tashkil etadi.

Universitetga oʻqishga kirish uchun ACTdan necha ball olish kerak?

Eng nufuzli oliygohlar ACT dan 30-36 ball toʻplagan abituriyentlarni oʻqishga qabul qiladilar.

Kuchli yuztalik reytingidan joy egallagan universitetlar 25-27 ball olgan talabgorlarni taʼlim olishiga imkon beradilar.

Koʻpchilik oliy taʼlim muassasalari 22 dan 24 ballgacha natija koʻrsatgan nomzodlarni ham oʻqish uchun qabul qilishadi.

Shuningdek, 17-21 ball toʻplagan talabgorlarga imkoniyat yaratuvchi liberal qarashlarga ega boʻlgan kollej va universitetlar ham mavjud.

ACT imtihoni natijalari bilan sinov kunidan 2-3 haftadan soʻng rasmiy saytda tanishish mumkin. Rasmiy sertifikat olish uchun esa, taxminan 2 oy kutish kerak boʻladi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!