×

AQSHda mashgʻulot oʻtash uchun 5 haftalik SUSI Women’s Leadership toʻliq grant dasturini yutgan hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

9005 marta

CHOP ETILGAN

24.09.2019

Mazkur suhbat AQSHda 5 haftalik kursda tahsil olish imkonini beruvchi SUSI Women’s Leadership (hozirda SUSIs for Young Women Leaders) dasturi gʻolibasi boʻlgan va 2019-yilning yozida ushbu dastur mashgʻulotlarida ishtirok etgan vatandoshimiz bilan olib borildi. Suhbatda 2019-yilgi qabul maʼlumotlari aks etgan va ular keyingi yildagi qabullar bilan biroz farq qilishi mumkin.

1. Oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

Men Bekniyozova Kamola Rashid qizi 1998-yil 16-mayda Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida tug’ilganman. 2005-2009-yil Muborak tumani 7-maktabda, 2009-2014-yilda Qarshi davlat 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda oʻqidim. 2014-2017-yilda esa Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-son Qorakoʻl akademik litseyda tahsil olganman. Matematika, ingliz tilidan viloyat fan olimpiadalariga, «Yangi avlod», «Orasta qizlar», «Biz buyuk yurt farzandlari»ga qatnashdim. 2017-yil Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo’nalishiga davlat granti asosida o’qishga qabul qilindim. Germaniya, Buyuk Britaniya va Respublikamizda oʻtkazilgan ilmiy-maʼrifiy konferensiyalarga qatnashib, ilmiy maqolalarim chop etildi. 2019-yil Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi stipendianti boʻldim.

2. SUSI Women’s Leadership dasturi gʻoliblarga qanday iqtisoiy imtiyozlar taqdim etadi? Batafsil sanab bersangiz.

Ushbu grant bakalavrda tahsil olayotgan qizlar uchun mo’ljallangan va 5 hafta davom etadi. Dastur g’oliblariga barcha xarajatlar (viza, transport, turar joy, ovqatlanish, sayohat va boshqa xarajatlar  stipendiya) qoplanadi.

3. Ushbu dastur haqida qayerdan xabar topgansiz? 

2018-yil noyabr oyida Grantlar.uz kanalida ushbu grant haqida xabar topdim.

4. SUSI Women’s Leadership dasturi uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?

Dastur uchun til sertifikati aniq talab qilinmagan edi. Lekin darslar ingliz tilida bo’lgani uchun til bilish darajasi yuqori bo’lishi kerak ekanligi taʼkidlangan edi. 2017-yilda  IELTS imtihonidan 6 ball olganman.

5. SUSI Women’s Leadership dasturiga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz oʻrtachasi necha ball boʻlgan? Dasturda qatnashish uchun baholar ham ahamiyatlimi?

Ha, ahamiyatli edi. Men maktab va litseyni a’lo darajali diplom bilan tugallaganim, bakalavriatda barcha semestrda  hamma  baholarim faqat aʼlo (86 dan yuqori) bo’lganligi ushbu grantni yutishimga ancha yordam berdi deb oʻylayman.

6. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz qanday?

Tayyorgarligim motivational essay yozish va gender equality mavzusini yaxshilab o’rganish bo’ldi. 2018-yil dekabr oyida Jahon tillari universitetidagi MUN (Birlashgan Millatlar Tashkiloti modeli)da UNWOMENʼda qatnashib, jamiyatda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash haqida tasavvurlarimni kengaytirdim.

7. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Ikki bosqichdan iborat. Avval onlayn hujjatlar, inshoni junatdim. Yanvar oyida AQSh elchixonasi tomonidan 2-bosqich intervyuga taklif qilindim.

8. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy hujjatlar qaysilari hisoblanadi?

Albatta, motivational essay, talabaning ilm-fan, jamoatda faolligini aks ettiruvchi diplom, sertifikatlar va  til sertifikati.

9. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Inshoni yozishda o’zimiz haqida faqat reallikni, qiziqish, maqsadlarni roʻy-rost bayon etish kerak. Reyting daftarchasi (зачотка)ning ingliz tiliga tarjima qilingan nusxasini joʻnatish kerak. Yana bir muhim jihat, hujjatlarni hujjat topshirish muhlatining oxirgi kunlarini kutmasdan, ertaroq yuborish kerak.

10. Hujjat topshirish bosqichidan oʻtganingizdan keyin suhbat davomida qanday savollar berilgan va suhbatda asosan nimalarga e’tibor qaratish lozim?

2-bosqich intervyu AQSH elchixonasida boʻldi. Har bir imtihon qiluvchi xodim (examiner) hujjatlarimni qogʻoz shaklda oʻqib, oʻrganib shular haqida soʻrashdi. Savollar asosan maqsadlarim, womenʼs empowerment (ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish) haqida edi. Jamiyatda ayollarni qoʻllab-quvvatlash borasida qarashlarimni soʻrashdi. Yoʻnalashim Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar boʻlgani uchun xalqaro iqtisodiyot, Oʻzbekistonning tashqi savdo aloqalari va uni rivojlantirish boʻyicha fikrlarimni soʻrashdi. Suhbat taxminan 20 daqiqa davom etdi. Intervyuda juda samimiy  boʻlib, asosli javob berishga harakat qildim.

11. Grantni yutib olishingizda asosiy rol oʻynagan omillar nimalar deb oʻylaysiz va boshqalarga shu grantni qoʻlga kiritish uchun nimalarga eʼtibor qaratishni tavsiya etasiz?

Xudoga shukrki, grantni yutib olishim oson kechdi. Hujjatlarimni joʻnatish, suhbatga tayyorlanishda ota-onam, ustozlarim, doʻstlarim katta yordam berishdi. Ingliz tilim va ayollar mavzusiga qiziqishim asosiy omil boʻldi deb oʻylayman. Shuningdek, dasturimiz ayollar haqida boʻlgani uchun mamlakatimizdagi shu sohani yaxshi oʻrgandim. AQSH elchixonasida tomonidan tashkil etilgan «English for succes» til kursida qatnashishim gapirish, tushunish mahoratlarimni rivojlantirdi. Aytmoqchimanki, til bilish darajasi ham juda muhim.

12.   Dasturda tahsil olish jarayoni qanday? Nimalar oʻrgatiladi va mashgʻulotlar qiyinmi?

5 hafta davom etgan dasturda  Washington DC da dunyoning 30 mamlakatidan kelgan qizlar bilan fikr almashdik. Vashington shtatida esa Markaziy Osiyoning 5 ta davlatidan kelgan qizlar bilan  Women’s issues (ayollar muammolari)ga oid darslarda qatnashdik. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ayollar oʻrni, Amerika tarixi, geografiya, ekologiya, omma oldida nutq soʻzlash, tashkiliy sohadagi xulq-atvor kabi sohalarda bilim oldik. Daryoda raftig, piyoda sayohat, kanatda sayohat, Tinch okeaniga sayohatlar, Madaniyat festivali, Xalqaro taomlar kuni ham boʻldi. Mashgʻulotlar davrida nafaqat Amerika, ayollar mavzusi va  mamlakatimiz haqida chuqurroq oʻrgandim.Mashgʻulotlarda guruh boʻlib ishlashga, mavzuga doir har birimizning mamlakatimizdagi holat haqida fikr almashishga katta eʼtibor berilardi.

13. AQSHda dastur davomida siz uchrayotgan qiyinchiliklar nimalardan iborat? Oʻqish bilan bogʻliq va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga alohida-alohida toʻxtalsangiz.

Avvalo ob-havoga moslashish qiyinroq kechdi. Iyun bizda yoz boʻlsa, Vashington shtatda bu payti Selsiy boʻyicha 16-18 daraja edi. Keyin uyqu vaqtiga moslashish ham, chunki 12 soat orqada vaqt. Halol taom topilmasligi ham men uchun sal qiyinchilik tugʻdirdi. AQSHga borishda Tashkent-Istanbul-Brussel-Washington DC, qaytguncha Seattle-Frankfurt-Istanbul-Tashkent yoʻnalishida parvoz qilinganligi uchun, reys almashtirish,  safar uzoqligi ham oʻziga yarasha qiyin boʻldi.  Dasturga Oʻzbekistondan 4 nafar qiz ishtirok etdik va doim bir-birimizni qoʻllab, yordam berdik. Amerikaliklar va boshqa davlatdan kelgan qizlarning samimiy muloqatidan zavq oldim.

14.   AQSHga joʻnab ketishdan oldin qanday tayyorgarlik koʻrish haqida tavsiyalaringiz (nimalarni olib ketgan yaxshi, nimalar shart emas va h.k.).

AQSHdagi ob-havoni hisobga olib, ko’proq issiq kiyimlar olish kerak. Cultural Festival boʻlishini bilib, milliy kiyimlar,  suvenerlar olib bordik. Boradigan shahrimiz haqida avvaldan oʻrganish ham juda muhim boʻldi. SUSI Women’s Leadership dasturini avvalgi yillar yutgan qizlardan koʻplab maslahatlar oldim.

15.   Grantlar.uz sayti haqida fikringiz?

Grantlar.uz kanalining barcha xodimlariga cheksiz tashakkurlarimni aytaman. Kanalingizni doim intiqlik bilan kuzatib boraman. Sizlarga omad va zafarlar tilayman!

Grantlar.uz tahririyati: SUSI Women’s Leadership dasturi har yili tashkillashtiriladi. 2020-yilgi dastur uchun hujjatlarni qabul qilishning boshlanishi 2019-yilning noyabr oyida kutilmoqda Hujjar qabul qilish boshlangadan, Grantlar.uz saytida bu haqida eʼlon qilinadi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!