×

AQSh: xorijlik talabalarga ajratiladigan grantlar va moliyaviy yordam dasturlari


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

5993 marta

CHOP ETILGAN

20.03.2019

Amerikadagi oliy o’quv yurtlarida o’qish va ma’lum ilmiy darajani qo’lga kiritish ko’p mablag’ talab etadi, lekin bu borada chet ellik talabalarga yordam berish uchun juda ko’p stipendiya dasturlari mavjud.

Deyarli barcha universitetlar o’z talabalari uchun stipendiya dasturlarini taklif etadi, ularning aksariyati xalqaro talabalar uchun ochiqdir. Fulbrayt Komission’ga ko’ra, Amerikaning 600 dan ortiq oliy o’quv yurtlari chet ellik talabalarga o’rtacha 20 ming AQSh dollari miqdorida stipendiya taqdim etishadi. Ular, odatda, akademik mahorat, moliyaviy ehtiyoj yoki darsdan tashqari jamoatchilik ishlaridagi faollik me’zonlari asosida ajratiladi.

Bundan tashqari, xususiy tashkilotlar va homiylar tomonidan taqdim etiladigan turli xil stipendiyalar mavjud bo’lib, ular turli xil mezonlarga asoslanadi.

Grant turlari

Universitet stipendiyalari – ko’pgina universitetlarda o’zlarida tahsil oladigan xalqaro talabalar uchun moliyaviy yordam dasturlari amal qiladi. Shuning uchun grant tanlashda siz hujjat topshirgan oliygohning ro’yxatingizda birinchi bo’lishi muhim.

Moddiy yordam dasturlari – ushbu stipendiya dasturlari talabalarning moliyaviy ehtiyojlariga asoslangan bo’ladi. Ularning aksariyati faqat AQSh fuqarolari va rezidentlariga beriladi, biroq ba’zi universitetlar chet ellik talabalarga shu turdagi stipendiyalarni ajratadilar.

Erishilgan yutuqlari uchun beriladigan stipendiyalar – bu turdagi grantlar akademik jihatdan iste’dodli talabalar, mahoratli sportchilar, jamoat ishlari faollari yoki tadbirkorlik ishlarida o’zini ko’rsatgan iqtidorli talabalarga beriladi.

Ma’lum mamlakatlar uchun ajratiladigan stipendiyalar – ushbu stipendiyalar ma’lum bir davlat yoki mintaqa fuqarolari uchun mo’ljallangan bo’ladi. Hozirda bu turdagi grantlarning aksariyat qismi, rivojlanayotgan mamlakatlardan bo’lgan talabalariga beriladi.

Hukumat tomonidan moliyalashtiriladigan stipendiyalar – bular Amerika Qo’shma Shtatlari hukumati chet ellik talabalar uchun ajratadigan stipendiya dasturlaridir.

Ma’lum tashkilot yoki fond tomonidan ajratiladigan stipendiyalar – bu turdagi grantlarni xususiy biznes egalari yoki homiylar xalqaro talabalarni moddiy qo’llab – quvvatlash uchun ajratadilar. Ular odatda biror mamlakat (misol uchun rivojlanayotgan mamlakatlar) fuqarolari yoki ma’lum guruhga kiruvchi shaxslar, yoxud muayyan sohalargagina yo’naltirilgan bo’ladi.

Xususiy va davlat stipendiyalari

The Fulbright Commission  dasturi PhD va doktorlik ishlarini olib boradigan Buyuk Britaniya fuqarolari uchun keng imkoniyatlar beradigan stipendiyalarni taklif etadi. Nomzodlar oliygohlar taklif etadigan deyarli barcha yo’nalishlar bo’yicha grant dasturiga hujjat topshirishlari mumkin. G’oliblar kamida birinchi o’quv yili uchun sarflanadigan ta’lim xarajatlari va to’liq tibbiy sug’urtani olishlari mumkin. Ayrim nomzodlarga butun bosqich davomida bepul o’qish, barcha xarajatlarni o’z ichiga oladigan stipendiya yoki qo’shimcha loyihalar uchun pul mablag’lari ajratiladi.

The American Association of University Women dasturi Amerika Qo’shma Shtatlarida magistr yoki doktorlik qilishni istagan chet ellik talaba/tadqiqotchi ayollar uchun mo’ljallangan. Assotsiatsiya har biri 18 000- 30 000 AQSh dollari miqdoridagi bir necha turdagi grantlar taklif qiladi. Xotin – qizlarning rivojlanishi va jamiyatdagi o’rnini ortishiga qaratilgan tadqiqotlarga ustunlik beriladi.

Next Gen Scholarship – Vashingtonning Maryland shahri, yoki Virjiniyada o’qish istaganlar uchun har biri 1000 AQSh dollari miqdoridagi grantlar ajratadi. Dastur oliygohda o’qiydigan va endi o’qishga kirmoqchi bo’lgan barcha chet ellik talabalar uchun ochiq. Dasturda qatnashish uchun nomzodning o’rtacha baholari (GPA) kamida 5.0 dan 3.0 ballni tashkil etishi zarur.

The P.E.O. International Peace scholarship – AQSh oliygohlarida magistratura/PhD bosqichida o’qishni istagan xalqaro talabalarga 12 500 AQSh dollarigacha miqdorida mukofot taqdim etadi.

The Aga Khan Foundation International Scholarship dasturi bir qator rivojlanayotgan mamlakatlardan bo’lgan tadqiqotchilarga bir necha grant o’rinlari ajratadi.

The Civil Leadership Awards dasturi akademik va professional mahoratga ega iqtidorli talabalar uchun to’liq moliyalashtirilgan magistrlik darajasini ta’minlaydi.

Shuningdek, AQSh oliy o’quv yurtlarida o’qish uchun boshqa ko’plab stipendiya dasturlari mavjud, shuning uchun bu davlatda ta’lim olishni istagan nomzodlarga internetni va turli grant beruvchi tashkilotlarning rasmiy saytlarini ko’rib chiqish muhimdir. Quyida AQShning bir qancha mashxur oliygohlari taklif qiladigan stipendiya dasurlari haqida qisqacha ma’lumot beramiz.

Universitetlar tomonidan taklif etiladigan grantlar

Vashingtondagi American University bir nafar ellik talabaga bakalavr bosqichining 4 yili uchun bepul ta’lim va boshqa barcha xarajatlari qoplanadigan to’liq stipendiya taklif qiladi. Bir qancha qisman grantlar ham mavjud.

University of Arkansas chet ellik talabalar uchun bir qator moliyaviy imkoniyatlarni taqdim etadi.

Brandeis University har yili qabul qilingan xalqaro talabalarga har bir stipendiantning moliyaviy ehtiyojlarini to’liq qondiradigan grant o’rinlarini taklif etadi. Dastur doirasida har yili bir marta talabaning ona yurtiga borib kelishi uchun aviachipta ham beriladi.

Berea College qabul qilingan xorijlik talabalarning barchasiga birinchi kurs uchun to’liq mablag’ ajratadigan AQShdagi yagona oliygohdir. Keyingi yillar uchun talabalardan o’z xarajatlari uchun har yili 1000 AQSh dollarni tejash so’raladi. Shuningdek oliygoh xalqaro talabalarga yozda ishlash imkoniyatini ham beradi.

Clark Universityga hujjatlarini topshirgan nomzodlar to’g’ridan – to’g’ri oliygoh taklif etadigan bir necha“erishilgan yutuqlari uchun” (merit based schoparships) grant dasturlariga nomzod hisoblanadi. Bundan tashqari, xalqaro talabalar har yili 20 000 dan 25 000 AQSh dollarigacha mablag’ ajratadigan stipendiya dasturlariga ham hujjat topshirishlari mumkin.

Dartmouth College ham chet ellik talabalarga safar xarajatlarini o’z ichiga olgan stipendiya va kredit (scholarship and loan) dasturlarini taklif etadi.

Emory University chet ellik talabalarga saxovatli moliyaviy yordam taklif qiladi. Ammo grant dasturi hujjat topshirilgan o’quv kurslari bilan uzviy bog’liqdir. Boshqacha aytadigan bo’lsak, talabaga o’quv dasturidagi joy va grant o’rinlari alohida – alohida berilmaydi.

Illinois Wesleyan University xalqaro talablarga kirish imtihonlarida erishgan natijalariga qarab stipendiyalar ajratadi. Ushbu mukofot har bir talaba uchun yiliga 10 000 dan 25 000 AQSh dollarigacha bo’lgan mablag’ni tashkil etadi. Dastur shartlari bajarilganida grant to’rt yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Iowa State University har yili xorijlik talabalar uchun 2,000 dan 10,000 AQSh dollarigacha bo’lgan stipendiyalar ajratadi. Ariza beruvchilar akademik salohiyati va kirish imtihonlarida erishgan natijalariga qarab taqdirlanadilar.

Michigan State University’da xalqaro bakalavrlar uchun Global Spartan Leadership program dasturi mavjud. Stipendiantlarga dastur talablari bajarilgandan so’ng 8000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot beriladi. Dastur doirasida qatnashchilardan turli yetakchilik va madaniy tadbirlarga qatnashish talab etiladi.

The University of Minnesota xalqaro talabalar uchun yiliga 5 000 AQSh dollari va 10 000 AQSh dollari miqdorida grantlar taklif qiladi. Shuningdek oliygoh taklif etadigan boshqa bir necha grant dasturlari ham chet ellik talabalar uchun ochiq.

The University of Nebraska-Lincoln oliygohi ham iqtidorli va jamoatchi talabalarga bir necha grant dasturlarini e’lon qiladi.

New York University chet ellik talabalarni o’zining Wagner Scholarships dasturiga hujjat topshirishga taklif etadi. Dastur har yili bir necha talabaga 25 000 dan 47 000 AQSh dollarigacha miqdordagi stipendiyalar ajratadi.

The University of Oregon universiteti har yili 30-40 nafar xorijlik talabaga stipendiyalar ajratadi. Grantlar kontrakt to’lovini to’lashga mo’jallanib, 7 500 dan 30 000 AQSh dollarigacha bo’lgan mablag’ni tashkil etadi. Buning evaziga stipendiantlardan bolalar, jamoat muassasalari va oliygoh hodimlari uchun o’z ona yurtlari haqida prezentatsiyalar o’tkazishlari talab etiladi.

Wesleyan University Osiyolik talabalar uchun mahsus Freeman Asian Scholars Programme stipendiya dasturini taklif etadi. Grantlar 11 nafar favqulotda iqtidorli va yuqori potensialli bakalavriat talabalariga ajratiladi. Bundan tashqari universitet 30 nafar xorijlik talabalarga moliyaviy ko’mak ham beradi.

Yuqorida sanab o’tilganlar AQSh oliy o’quv yurtlarida chet ellik talabalar uchun ajratiladigan grantlarning hammasi emas. Ammo biz maqolaga eng yaxshi grant dasturlari ro’yxatini kiritishga harakat qildik. Bo’lajak talabalarga esa o’zlari hujjat topshirgan oliygoh taklif etadigan grantlar ro’yxatini tekshirishni kanda qilmaslikni maslahat beramiz.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!