×

AQShda magistraturaga hujjat topshirish jarayoni


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

12936 marta

CHOP ETILGAN

27.03.2018

*Hozirda Konnektikut universitetida (University of Connecticut) PhD Program in Environmental Engineering yo’nalishi bo’yicha tahsil olayotgan Sardorbek Musayev bilan suhbat.

AQSh universitetlari haqida gap ketganda ko’zimizning oldiga birinchi bo’lib nufuzli Harvard, Stanford, MIT yoki Yale universitetlari keladi. Aksariyat hollarda bu universitetlarga juda zukko kishilar o’qishga kirayotganiga guvoh bo’lamiz. Savol tug’iladi, oddiy talaba ham AQSh universitetlariga o’qishga kira olishi mumkinmi? Firkimizcha, ha. So’nggi statistika ma’lumotlariga ko’ra AQShda 4627 bilim yurtlari faoliyat ko’rsatayotgan bo’lib, ularning barchasida yuqori sifatli ta’lim olish mumkin.

Xo’sh, AQSh universitetlarining biriga qanday kirish mumkin? O’qishni muvaffaqiyatli bitirish uchun nima qilish kerak? Mazkur maqolada AQShda ta’lim olayotgan talaba sifatida shu savollarga javob berishga harakat qilaman.  Maqola AQShga magistratura yo’nalishi bo’yicha ta’lim olishni hohlayotgan va hozirda O’zbekistonda o’qib yurgan talabalar, ammo ishni nimadan boshlashni bilmay yurganlar uchun mo’ljallangan.

Bakalavr bosqichida qilinishi kerak bo’lgan ishlar

AQShga magistratura yo’nalishi bo’yicha o’qishga kelishni maslahat beraman. Buning uchun siz albatta O’zbekistonda bakalavr bosqichida o’qiyotgan yoki muvaffaqiyatli bitirgan bo’lishingiz kerak. Buning ahamiyati shundaki, 16-17 yoshda AQShda bakalavr bosqichida o’qish katta qiyinchiliklar tug’dirishi mumkin. Bu yoshda AQSh tizimida o’qib ketish, hayot tarziga moslashish qiyin kechadi, shu sababli O’zbekistonda bakalavr bosqichida o’qib, iloji boricha turli yutuqlarga erishib, keyin AQSh universitetlariga magistratura boshqichida ta’lim olish uchun hujjatlarni topshirish maqsadga muvofiq bo’ladi.

Agar o’qish davomida ba’zi bir ishlab chiqarish tashkilotlarida qisqa muddatli amaliyot o’tash imkoningiz bo’lsa, bundan albatta foydalaning. Bu bilan o’qiyotgan sohangiz va real hayotda bajarilayotgan ishlar o’rtasidagi bog’liqlik qay darajada ekanligini bilib olasiz. Boshqacha qilib aytganda, siz o’qiyotgan fanlar kundalik hayotda qanday ahamiyat kasb etayotganligi haqida yaxshiroq tasavvurga ega bo’lasiz. Oxir-oqibat siz ishlagan joylardan yahshi tavsiyanomalar (Recommendation Letter) olish sizga ayni muddao bo’ladi.

Bundan tashqari turli ilmiy anjumanlarda qatnashib yuring. Institut yoki universitetda ilmiy amaliy konferensiyalarda qatnashing, sohangizda bo’layotgan ishlar yuzasidan qisqa maqolalar yozishga harakat qiling. Siz qiziqqan sohada bo’layotgan o’zgarishlarni va dolzarb mavzularni kuzatib boring. Bu sizni keyinroq yozadigan Maqsadlar bayoni (Motivation letter) yozishingizda ancha qo’l keladi.

Shu vaqt davomida ingliz tilini mukammalashtiring, til va malaka imtihonlarini topshiring (TOEFL, IELTS, GRE, GMAT). Tabiiiyki, ushbu imtihonlarda iloji boricha baland ball olishga intiling.

Magistraturaga hujjatlarni tayyorlash

Agar yuqoridagilarni bajargan bo’lsangiz, siz endi maqsadlar bayonini (Motivation Letter) yozishga tayyorsiz. Magistraturaga hujjatlarni topshirishdan oldin ba’zi savollar ustida jiddiy fikr-mulohaza yuritishingiz kerak. Masalan, AQShda ta’lim olishdan qanday maqsadni ko’zlayapsiz? Qaysi soha bo’yicha o’qimoqchisiz? AQShda ta’lim olish mazkur soha bo’yicha mutahassis bo’lish uchun qanday yordam beradi? AQShda olgan bilimingizni O’zbekistonda ishlata olasizmi?

Magistratura bosqichida ta’lim olish uchun hujjat topshirayotganingizda, eng asosiy hujjat maqsadlar bayonidir (Motivation Letter). Mazkur hujjat magistratura bosqichida o’qish uchun qabul olishning “kaliti” desa ham bo’ladi. Bu bayonni mukammal yozish uchun siz olgan bilimingizga, tajribangizga va ingliz tiliga tayanishingiz kerak bo’ladi. Xo’sh, maqsadlar bayoni qanday yoziladi? Nimalarga e’tibor berish kerak? Maqsadlar bayonini yozishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan hususlar juda ko’p, ammo quyidagilarni eng asosiy hususlar orasida sanab o’tish mumkin:

  1. Nega bu sohani tanladingiz? Ushbu soha nimalari bilan sizga qiziq?
  2. Bu soha bo’yicha nimalarni o’qidingiz? Qanday tajribalar orttirdingiz?
  3. Sohaning qaysi yo’nalishlari bo’yicha qo’shimcha izlanish olib borish mumkin?
  4. Rivojlangan davlatlar, hususan siz tanlagan universitet, siz sanab o’tgan muammolar ustida qanday izlanishlar olib borayapti va siz ularni o’z vataningizda qanday tatbiq qilishingiz mumkin?
  5. Sizningcha siz ko’targan muammolarning yechimi nimada?

Maqsadlar bayonini yozishda, yuqoridagilarni umumlashtirgan holda, siz o’zingizni AQShda bemalol o’qiy olishingizni, sohani tushunishingizni va tilni mukammal bilishingizni bayon ettirishingiz kerak.

Maqsadlar bayoni tayyor bo’lgandan keyin, siz AQSh universitetlariga hujjat topshirishga tayyorsiz deyish mumkin. Hozircha siz to’plagan hujjatlar quyidagilardan iborat:

  1. Bakalavr diplomi va ilovaning tarjimasi (notarial tasdiqlangan bo’lishi kerak);
  2. TOEFL/IELTS va GRE/GMAT sertifikatlari;
  3. Maqsadlar bayoni (Motivation Letter)
  4. O’qigan va ishlagan joylaringizdan, amaliyot o’tagan joylaringizdan tavsiyanomalar (Recommendation Letter)
  5. Sohangiz bo’yicha olgan sertifikatlar va fahriy yorliqlar. Agar olimpiadalarda qatnashgan bo’lsangiz, ularning fahriy yorliqlari ham sizning foydangizga ishlaydi.

Magistraturaga hujjatlarni topshirish

Demak, magistraturada o’qish uchun hujjatlarni to’pladingiz, endi navbat hujjatlarni universitetlarga yuborishda. Bu jarayon quyidagilardan iborat:

  1. Universitetlar ro’yhatini tuzing

Siz tanlagan soha bo’yicha mashhur bo’lgan universitetlar ro’yhatini tuzib tanlashingiz kerak. AQShda 4627 ta bilim yurti bo’lib, barchasida sifatli ta’lim olish mumkin. Ushbu link orqali qaysi shtat universitetlarida sizni qiziqtirgan soha bo’yicha ilmiy daraja olish mumkinligini o’rganib chiqing. Sizga ma’qul bo’lgan universitetlar ro’yhatini tuzing. Masalan men 600ta universitetni tanlaganman. Qancha ko’p bo’lsa shuncha yahshi. Bu keyinroq o’qishga qabul qilinganingizda sizda tanlash imkoniyatini beradi (bu haqida sal keyinroq gaplashamiz).

  1. Stipendiya topishga harakat qiling

Ikkinchi muhim masala bu o’qish harajatlari. Odatda AQShda ta’lim uchun to’lov (tuition fee) qimmat bo’ladi. Sizda yana sog’ligingizni sug’urta qilish imkoni ham bo’lishi kerak. Endi savol tug’iladi, o’qish harajatlarini qanday qoplash mumkin? Siz bevosita grant beruvchi tashkilotlarga topshirishingiz va o’qishga qabul qilinishingiz mumkin. Bunda sizni o’qish harajatlaringiz ushbu grant beruvchi tashkilot tomonidan to’liq yoki qisman qoplanadi. Masalan, Islom Karimov fondi magistratura va doktorantura bosqichlariga o’qish grantlarini har yili e’lon qiladi. Ushbu link ham www.grantlar.uz ta’lim grantlarni e’lon qilib turadi va tavsiyalar berib turishadi. Bularni kuzatib, ular orqali ham ta’lim grantlarini yutib olish mumkin.

Grantlarga juda ko’p kishi murojaat qilgani uchun, ulardan birini yutish odatda qiyin bo’ladi. Grant yutish uchun bir necha marta topshirishingiz, 2-3 yil kutishingiz kerak bo’lishi mumkin. Bunday holatga tushmaslik uchun rejali ish tutish talab qilinadi. Masalan, grantlarga murojaat qilish bilan birga siz ro’yhatini tuzgan universitetlarning professorlari bilan bevosita aloqaga chiqishingiz kerak.

Universitet professorlari bilan bog’lanish

Tuzgan ro’yhatingiz bo’yicha professorlarni o’rganishni boshlang. Ularga yozishdan oldin obdon tayyorlanib, ozgina “uy ishi”ni qilib olishingiz kerak. Professorning ilmiy qiziqishlari sizning qiziqishlaringizga qay darajada yaqin va/yoki to’g’ri keladi? Buni professorning vebsahifasidan, Google Scholar orqali yozgan maqolalaridan va shahsiy laboratoriyasidagi ilmiy ishlardan bilib olishingiz mumkin. Albatta professorga yozishdan oldin, uning maqolalari bilan yaxshilab tanishib chiqing. Maqsadlar bayonini (motivation letter) shunga mostlab yozing. Shunda professorning sizga qiziqishi ortadi va uning qilayotgan ishlaridan boxabarligingiz sizning foydangizga ishlaydi.

Sizni qiziqtirgan professor hozirda qanday loyiha(lar) ustida ishlayotganini uning vebsahifasidan yoki rezyumesidan bilib olsangiz bo’ladi. Odatda mavjud loyihalari orqali talabalar ushbu loyihalarda ishlashadi va o’qish harajatlarini qoplashadi, oylik stipendiyalar olishadi. Bunda ikki tomon ham manfaat ko’radi. Professorning loyihasi amalga oshadi va talaba o’z o’qishini tugatib oladi.

Professor sizga o’qish va yashash harajatlaringizni qoplash uchun stipendiya ajratishi uchun nima qilish kerak?

Professorni mumkin qadar o’zingizning g’oyalaringizga qiziqtiring. Agar professor g’oyalaringizga qiziqib qolsa, u sizga yordam berishga harakat qiladi va sizni o’zining ilmiy tadqiqot olib borish guruhiga (research team) olishi mumkin. Bu ikki yo’l bilan amalga oshishi mumkin:

Birinchisi, Research Assistant (RA), ya’ni ilmiy ishlar bo’yicha yordamchi, sifatida. Siz magistr yoki aspirant talabasi bo’lib professorning loyihasida bevosita ishlaysiz va harajatlaringiz shu loyiha tomonidan qoplanadi. Ikkinchisi, Teaching Assistant (TA), ya’ni dars berish bo’yicha yordamchi, sifatida. Bunda ham sizning harajatlaringiz fakultet byudjetidan qoplanib, siz ma’lum bir professorning dars berishiga yordam berasiz, talabalarni uy vazifalarini tekshirasiz va shunga o’xshash yo’llar bilan professorga yordam berasiz.

Demak, buning uchun siz professorga uning ishlariga juda ham qiziqishingizni, qilayotgan ishlari sizning qiziqishlaringizga aynan mos tushayotganligini maqsadlar bayoni (motivation letter) da namoyon qilib berishingiz kerak.

Professorga xat yozayotganingizda sizga berayotgan vaqtini qadrlashingizni, birgalikda ishlashingiz sizga katta imkoniyat berishligini albatta aytishingiz kerak. Bu sizni yuksak madaniyat egasi ekanligingizni ko’rsatadi.

Shuni unutmangki, professorlar bizga o’hshagan talabalardan kuniga minglab xat olishadi va ularni hammasini ham o’qishga vaqti, imkoniyati bo’lmaydi. Ba’zan bir, ikki yoki olti oylardan keyin ham sizga javob berishi yoki umuman javob bermasligi ham mumkin.

Professordan javob kelmaganda nima qilish kerak? Agar bir binoga kirib har bir eshikdan yordam so’rab taqillataversangiz, biri ochmasa albatta boshqa biri ochadi. Dastlab, gaplashganimizday AQShda 4627 ta bilim yurti bo’lsa va siz ulardan o’zingizga to’g’ri keladigan 600 tasini tanlab olgan bo’lsangiz va bularning ichidan sizning qiziqishlaringizga to’g’ri keladigan 600ta professorning ro’yhatini tuzib chiqqan bo’lsangiz, va har birini ilmiy ishlarini o’rganib ularga yozishda to’xtamasangiz, deylik sizga ularning 90% rad javobini bersa va qolgan 10% gina sizni olishga ishtiyoq bildirsa va ularning yormida sizni o’qishingizga to’lab beradigan mablag’i bo’lsa, demak sizni omadingiz kelgani shu bo’ladi. Ya’ni 600 ta professordan 5 % bu 30 ta professordan sizga ijobiy hat keldi degani. Mana endi sizda tanlov imkoniyati bo’ldi. Qaysi universitetga borishni va qaysilari sizning harajatlaringizni 100% qoplanishi kafolatlanadi, bular endi sizni qaroringiz bo’ladi.

Bularning hammasiga erishish uchun sizda kuch, g’ayrat, vaqt va eng asosiysi o’zingizni sohangizga fidoyilik talab etiladi. Omad sizning tinimsiz harakatingizda va o’sha 5% professorning sizni ishingizga qiziqishini topishingizda bo’ladi.

Bizning maqsadimiz sifatli ilm olish va kelajakda jamiyatga foyda keltirish bo’lib, ushbu maqsadimizga tezroq erishishni xohlashimiz kerak. Faqatgina eng nufuzli (top universities) universitetlar bilan chegaralanib qolmay, balki boshqa universitetlarga ham topshiraverishingiz kerak. Xalqaro talabalar universitetlar nufuzini dunyoga yoyishda muhim rol o’ynaydi. Shu bilan AQSh universitetlari O’zbekiston ta’lim bozoriga kirishga harakat qilishadi. AQSh universitetlari o’zlarining reytinglarini yuqoriroq ko’tarish uchun dunyoning barcha davlatlaridan talabalarni qabul qilishni istashadi. Bizning davlatimiz mustaqillikga erishganiga ko’p vaqt bo’lmagan bo’lsa, hali AQShning ko’p universitetlari o’zbek talabalari bilan boyimagan. Agar siz qiziqqan universitetda o’zbekistonliklar kam bo’lsa yoki hali umuman o’qimagan bo’lsa, universitet sizning hujjatlaringizga e’tibor berishi aniq.

AQSh universitetlarida talaba bo’lish va maqsadingizga erishishning hech qachon erta kechi bo’lmaydi. Tinimsiz harakatingiz ertaga albatta o’z mevasini beradi.

Manba: uzbekimmigrant.com

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!