×

AQSHda oʻqishga ketayotgan talaba bilishi lozim boʻlgan 4 narsa


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

6670 marta

CHOP ETILGAN

28.03.2019

Bugungi maqolamizda Amerika Qoʻshma Shtatalari universitetida oʻqish uchun ketayotgan talabalarga juda foydali boʻladigan 4 ta maslahat bilan oʻrtoqlashmoqchimiz.

Amerika universitetlari kampusida yashash chet ellik talaba uchun qoʻrqinchli tuyulishi tabiiy. 3000 dan ortiq oliygoh va 20,4 million talaba oʻqiydigan davlatda yashash bu vaziyatga eng “tayyorlanib” borgan talabani ham esankiratib qoʻyishi mumkin. Biroq, yodda tuting: siz yolgʻiz emassiz! Siz bilan birga Amerikada yana 1,1 million talaba oʻqiydi :))).

Oʻzingizni bu katta va rivojlangan zamonaviy davlatda “suvdagi baliqdek” his qilishingiz va kerakli bilim, malaka hamda koʻnikmalarni oʻzlashtirishingiz uchun sizga quyidagi 4 ta maslahat asqotadi:

1. “Oʻyin”ning asosiy qoidalarini bilish. Universitet iyerarxiyasi va tarkibiy tuzilma (struktura)sini bilish sizga oʻzingizning jamiyatning bir boʻlagi sifatida his qilish imkonini beradi. Ayniqsa, biror bir yordam kerak boʻlganda (ishonavering, yangi oʻqishga borganda sizga ozgina emas, anchagina yordam kerak boʻladi) kimga murojaat qilish kerakligini bilish juda foydali. Shuning uchun, oʻqishga kirishdan avval AQSH hayoti, universitet muhitida kerak boʻladigan struktura va til (sleng)ni oʻrganish kerak.

Kim bilan gaplashayotganingizga qarab: president (rektor), provost (oʻquv ishlari boʻyicha prorektor), registrar (oʻquv boʻlimi boshligʻi), resident director (moliya-iqtisodiy ishlar boʻyicha prorektor/yotoqonaga joylashtiruvchi komendant) – ularning sizga nima masalani hal qilib bera olishini tushunib olgan yaxshi.

Amerikadagi baholash tizimiga kelsak, bu yerda masala sal murakkabroq. Chunki barcha natijalar avval 100 foiz hisobida oʻlchanadi, keyin esa harflar boʻyicha darajaga oʻgiriladi (bu yerda gap A, B va hokazo oʻzlashtirish koʻrsatkichlari haqida ketyapti). Albatta, kursni tanlayotganingizda yakuniy bahoning qanday boʻlishi kerakligi oldindan belgilab qoʻyiladi. Lekin! Testdan yaxshi oʻtdingiz degani kursdan “zachet” oldingiz, degani emas.

Koʻpchilik darslar sizning darsda qatnashishingiz, faollingiz va loyihalardagi ishtirokingiz kabilarni foiz hisobida bahoingizga qoʻshadi. Har bir fan oʻziga xos. Yaʼni, ulardagi baholash ham bir-biridan farq qiladi. Bu yerda oʻquv dasturi oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasidagi “shartnoma” sifatida amal qiladi. Albatta, darsni kim oʻtayotganiga qarab, yondashuv ham turlicha. Masalan, darsning qayerda va qaysi vaqtda oʻtilishini ham professor hal qidadi. Demak, oʻqituvchingizning ism-sharifi, kim ekanligi, dars qayerda oʻtilishi va uning ishxonada kunning qaysi qismida boʻlishi haqidagi maʼlumotlarni eslab qolgan durust.

Nihoyat, yana bir fakt: Amerikada oʻqish koʻp sonli konspekt yozish va adabiyotlarni oʻrganish bilan bogʻliq qiyin jarayon. Modomiki, siz u yerda oʻqimoqchi ekansiz, bunga tayyor turing.

2. Oʻqishga otlanishdan oldin sizga yordam beruvchi boʻlim imkoniyatlarini bilib oling. Istalgan universitetning Xalqaro boʻlimi haqida – oʻziga xos “aralashtirgich” deyish kam. Vaholanki, buning yaxshi taraflari koʻp. Xalqaro boʻlim tezda sizning Vataningizdan keyingi “uyingiz”ga aylanadi. Begona yurtda oʻzingizni musofir his qilmaslik uchun bu boʻlim xodimlari hamma narsaga tayyor.

Qayerga borish va kimga uchrashishni bilmayapsizmi: qoʻrqmasdan ishni Xalqaro boʻlimdan boshlayvering. Unutmang, boʻlim xodimlari professional darajala tayyorlangan mutaxassislar. Ular deyarli barcha savollar boʻyicha sizga yoʻl-yoʻriq koʻrsata oladilar.

Yana bir gap: AQSHdagi barcha universitetlarda Talabalarni qoʻllab-quvvatlash xizmatlari mavjud. Masalan, kasal boʻlib qolganda, maqola yoki konspekt yozishda muammoga duch kelganda sizga yordam beruvchilar hamisha topiladi.

Shu bilan birga, turar joy xizmati, konsultatsiya xizmati, talabalar tibbiy markazi, talaba advokaturasi, kampus politsiyasi, repititor xizmati va yozuv markazi kabi muhim boʻlimlar bilan tanishib chiqing.

Qoʻshimcha xizmat sifatida kampuslar sayohat uchun grantlar, stipendiyalar va tadqiqot byurosi va ustozlikni ham taklif etadi.

3. Muloqot qilish va tegishli xulosa chiqarishga oʻrganing. Bu oʻzingizningdan boshqa millat va davlatlar madaniyatini oʻrganish uchun katta imkoniyat. Muloqot davomida oʻz madaniyat, hayot tarzi va fikrlashingiz haqida aytib berishingiz mumkin.

Bunga yangi odamlar bilan tanishish va doʻstlar orttirishga xizmat qiladi. Talabalar turar joyiga yetib borganingizda amerikalik talabalar bilan tadbirlarga borishga harakat qiling. Hamma oʻtkaziladigan tadbirlar roʻyxati va talabalar tashkilotlari haqidagi maʼlumotlar universitet veb-saytiga joylashtirilgan boʻladi.

Amerikalik talabalar bilan muomala qilishga qoʻrqmang. Sizning yutugʻingiz – sizning “yangi”lingiz. Albatta, har qanday yangilik atrofdagilarda qiziqish uygʻotadi. Tanishishni esa, siz bilan boshqalarni umumlashtiradigan narsalardan boshlang. Masalan, dunyoda barcha millat vakillari ichida futbol desa “oʻzini tomdan tashlaydigan”lar topilishi tayin.

4. Hamma narsani oldindan bilish shart emas: bilmaganingizni soʻrashdan uyalmang. Siz “ensiklopediya” emassiz. Shuning uchun, bilmaganingizni soʻrashga tortinmang. Buning uchun shunchaki qoʻl koʻtarish va noaniq masalaga oydinlik kiritish kerak, xolos. Hech kim sizni ayblamaydi.

Boshida “madaniy shok” yuz berishi aniq. Hamma millatlarning oʻziga xos taraflari bor. Buni xitoylik talabalarni suvarak va chayonlarni “mazza qilib” isteʼmol qilayotganlarida yoki tayvanliklar muzqaymoq sifatida maymunning muzlatilgan miyasini xush koʻrishlarini oʻz koʻzingiz bilan koʻrganda tushunasiz. Yangi jamiyatga moslashish uchun oʻqishdan boʻsh vaqt kerak boʻladi. Eng muhimi – hamma narsaga iloji boricha bagʻrikenglik bilan qarash.

Demak, xulosa qilamiz. Duch keladigan hamma yangiliklarni mardonavor kutib oling. Imkoniyatlaringizni biling va tadbirlarda qatnashing, yana iloji boricha koʻpchilik bilan muloqot qilishga harakat qiling. Bu sizning talabalik davringiz esda qolarli va qiziqarli boʻlishi uchun kerak. Umr boʻyi eslab yuradigan xotiralar boʻlishi uchun barcha imkoniyatlardan maksimal darajada foydalaning.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!