×

Assalom, Amerika: Ilk taassurotlar!


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

2005 marta

CHOP ETILGAN

12.08.2015

Izoh: Kundaligimni varaqlab o’tirib, Amerikaga ilk kelgan kunlarim tasvirlangan sahifalarni o’qib qoldim. Olti yil muqaddam yozilgan bu voqealar kechagidek esimda. AQShda o’qiyotgan boshqa vatandoshlarimiz ham bu o’lkaga ilk bor tashrif buyurganlarida  shunday yoki shunga o’xshash voqealarni, his-tuyg’ularni boshlaridan o’tkazgan bo’lsa, ajab emas. Agar o’quvchilarimiz orasida shundaylar bo’lsa, o’z tajribalarini biz bilan o’rtoqlashishlarini so’rab qolamiz. Quyida esa o’sha paytda yozilgan kundaligimdan bir parchani e’tiborlaringizga havola qilmoqchiman…

19:10. 2-avgust kuni Vashington xalqaro aeroportiga qo’nganimizdan so’ng, samolyotdan ochiq havoga chiqayotib xayolimga kelgan ilk narsa bundan to’rt yil muqaddam Hindistonga qilgan safarim bo’ldi. O’shanda Dehli aeroportida samolyotdan chiqarkanman, yuzimga issiq havo urilgandi. Havodagi namlikning yuqoriligi ochiq havo bo’lsa ham, odamga xuddi hammomga kirgandek tasavvur berardi.

Vashington havosi garchi Hindistonniki kabi u qadar namli bo’lmasa ham, lekin O’zbekistonga nisbatan havodagi namlikning yuqoriligi aniq seziladi va shuning uchun ham bu holat menga Hindiston safarini eslatdi.

Men bu yerda Amerika hayotining o’ziga xosliklari va shundan kelib chiqqan ilk taassurotlarim haqida yozmoqchiman.

Avvalo, ko’chada mashina va piyodalarning yo’l qoidalariga to’la rioya qilgan holda yurishlari e’tiborimni tortdi. Yo’lovchilar piyodalar uchun o’rnatilgan maxsus chiroqlar yonmaguncha, garchi yo’lda transport bo’lmasa ham, ko’chani kesib o’tishmas ekan. Trotuarlarning odam kirib chiqadigan har bir qismi yassi holatda asosiy yo’l bilan bir tekis qilib qo’yilgani ham alohida diqqatimni tortdi. Bu g’ildirakli sumkalarni olib yuruvchi piyodalarning trotuarlarga kirib-chiqishini yengillatish uchun qilingan bo’lsa ajab emas (Izoh: Keyin bilishimcha, bu nogironlar yuradigan aravachalar uchun ekan).

Odamlarning doim yordam berishga tayyor va doim jilmayib turishi ham o’ziga xos va menday o’zbekistonlik uchun yangilik bo’lgan bir hol. Menga ularning doim jilmayib turishlari hatto ortiqcha mulozamatdek ham tuyuldi. Men ham ularda noto’g’ri tasavvur uyg’otmaslik uchun ko’p tirjayishga harakat qildim.

Universitetimga kelib, fakultetimiz joylashgan binoning qayerda ekanini bir amerikalik talabadan so’raganimda, u ancha yo’l bosib borib, meni fakultetimiz binosiga olib kelib qo’ydi. Men boshida, uning ham yo’li shu tomonda bo’lsa kerak, deb o’ylabman. Lekin biz manzilga yetgach, u jilmayib, endi men ortimga qaytdim, dedi.

Hamma universitetlarda shunaqami bilmadim-u, lekin bizning fakultet xodimlari, professor va talabalari meni o’zlariga juda yaqin olishib, ko’p yordam berishdi va berishyapti.

Avvalo, Shimoliy Karolina aeroportiga kelib qo’nganimda, fakultetimizdan bir talaba meni kutib olgani chiqib, so’ng o’z mashinasida doimiy joy topgunimcha turishim uchun bir amerikalikning uyiga olib bordi. Bular bizni bu yoqqa jo’natgan grant dasturi doirasida tashkil qilinmagan, balki fakultetning o’zi uyushtirgan ishlardir.

Yashash uchun kvartira topganimdan so’ng esa, fakultetimiz talaba va professorlari menga stol-stul, divan-kreslo va yana boshqa kvartira uchun kerakli bo’lgan bir qancha jihozlarni bepul taqdim etishdi, hatto o’zlari mashinalarida uyimgacha olib kelib berishdi.

Bugun bir professorim kelib, mashinasida meni uyiga olib ketdi. U o’z uyidan bir divan va bir yumshoq kresloni menga bermoqchiligini aytdi. Mashinaga yuklashda yordam berish uchun yana bir professorni chaqirgan ekan. Biz uch kishilashib, ularni mashinaga yuklab, kvartiramga olib keldik. Qarang, yoshlari 50-60 dan oshgan ikki professor o’zlari divanni mashinalariga yuklab, mening uyimga olib kelib berishyapti. Qanday ajoyib. :) Ulardan biri hatto dekanimizning turmush o’r’tog’i ekan.

Bu yerda bir-ikki o’zbek yigitlarni ham uchratdim. Ulardan biri uzoq yillardan beri shu yerda yashar ekan, hozir o’z biznesiga ega. Amerikaliklar oldida ularning menga ko’rsatgan yordamlarini tilga olmaslik insofsizlik bo’ladi. Ulug’bek akam meni kelgan kunimdanoq o’z mashinasida shahar aylantirib, mehmon qildi. Kvartira topib bergan ham shu kishi. Keyin men bilan do’konga borib, kvartira uchun kerakli bo’lgan narsalarni olib berdilar. Juda xursand bo’ldim. Hozir ham, men borolmayman-u, lekin Ulug’bek akam ba’zan meni ko’rgani kelib turibdilar.

Chapel Xil shaharchasi tabiati go’zal, daraxt ko’p, ko’chalarning har ikki tomoni quyuq o’rmon bilan o’ralgan shahar. Menga juda yoqdi. Bir kuni ko’cha bo’ylab piyoda ketib borayotsam, yo’limni bir necha kiyik to’sib chiqdi. Hayvonot dunyosi ham bemalol yuribdi…

Nasib qilsa, 25-avgustdan o’qishim boshlanadi. O’qishning qattiqligidan biroz cho’chib turibman.

P.S.: Ushbu bitiklarni endi yozib tugatgan edim, eshik taqillab qoldi. Borib ochsam, professor Packer yana kelibdi. Qo’lida stol lampasi va yana xaltada bir narsalar. “Senga olib keldim”, deydi jilmayib. Qanday yaxshi odamlar…

2009-yil, 17-avgust

Behzod

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!