×

Barcha xarajatlari qoplanuvchi Young Professional Internships Program amaliyot dasturi gʻolibi bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

6181 marta

CHOP ETILGAN

24.07.2020

1. Assalomu alaykum, Abdulaziz. Siz bilan oldin ham suhbat qilganmiz. Suhbatimiz davomida siz bilan tanishib olgandik. Shunday boʻlsa-da, yana bir marta oʻzingizni qisqacha tanishtirsangiz.

Assalomu alaykum, men Murtozayev Abdulaziz 22 yoshdaman. Oʻzim haqimda oldingi suhbatimizda toʻliqroq maʼlumot bergan edim.

2. Young Professional Internships Program dasturi qanday dastur va bu haqida qanday xabar topdingiz?

Avvalambor, dastur tashkilotchilarni tanishtirsam ular — American Councils for International Education va US Embassy Tashkent. US Embassy Tashkent haqida koʻpchilikda maʼlumot bor deb oʻylayman. American Councils haqida biroz maʼlumot bersam. American Councils haqida gapiradigan boʻlsam ushbu tashkilot 1976-yilda Amerikada tashkil topgan. Shu kungacha tashkilot dunyoning 90 ta davlatlari bilan hamkorlikda turli dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Tashkilotning butun dunyo boʻyicha 32 ta vakilliklari bor, shu jumladan Toshkenda ham 2018-yildan buyon faoliyat yuritib kelishmoqda. 94000 alumniʼlari mavjud. Turli davlatlarning olimlari, oʻqituvchilari, tadqiqotchilari va talabalari tashkilotning dasturlarida qatnashib kelmoqdalar.

Endi YPIP dasturi haqida toʻxtalib oʻtsak. Ushbu dastur birinchi marotaba Oʻzbekistonda tashkil etilmoqda va ushbu dasturda birinchilardan boʻlib qatnashayotganimdan juda ham xursandman. Dasturga 30 kishi qabul qilinishi rejalashtirilgan edi, lekin karantin bilan bogʻliq baʼzi sabablarga koʻra 26 kishi qabul qilindi. YPIP dasturining maqsadi Oʻzbekistonlik talaba va yaqinda oʻqishni tugatgan bitiruvchilariga Oʻzbekistonning yetakchi va yirik kompaniyalarida 2 oy davomida amaliyot oʻtash va amaliy koʻnikmalarga ega imkoniyatini berishdan iborat. Bu dastur yaqin kelajakda oʻz biznesini boshlamoqchi yoki biznes marketing sohasidagi kompaniyaga ishga kirmoqchi boʻlganlar uchun ajoyib imkoniyat. Gʻoliblar Toshkent shahrida amaliyot oʻtashadi.

Dastur haqida Grantlar.uz sayti e’lon qilingan dastur haqidagi maqoladan xabar topgan edim.

3. Mazkur amaliyot dasturiga amaliyot oʻtash bilan bogʻliq qabul qilinganlarga qanday imtiyozlar taqdim etiladi?

YPIP dasturiga qabul qilingan har bir talabaga 250$ miqdorida bir martalik stipendiya beriladi. Ushbu mablagʻ sizning oʻzbek bank kartangizga soʻmga teng ekvivalentda toʻlab beriladi. Ushbu pul mablagʻi talabaning amaliyot oʻtaydigan kompaniyasiga borish kelish va ovqatlanish xarajatlarini qoplashni nazarda tutilgan. Undan tashqari agar amaliyot oʻtash uchun biror bir viloyatdan Toshkent shahriga kelsangiz, sizning yoʻl xarajatlaringiz va Toshkentda yashash uchun uy-joy xarajatlaringiz ham tashkilot tomonidan toʻliq qoplab beriladi.

4. Dasturga hujjat topshirishda aynan qanday hujjatlar soʻraldi?

Dasturga qabul qilinishingiz uchun siz Oʻzbekistondagi biror oliygohning kamida 3 kursini tugatgan boʻlishingiz yoki yaqin 1-2 yil ichida oʻqishni tugatgan boʻlishingiz kerak. Sizdan talabalik guvohnomasi, pasport, essay (insho), baholari daftarchasidan koʻchirma kabi hujjatlar talab etiladi. Hamma hujjatlar elektron tarzda topshiriladi.

5. Sizningcha, ushbu dasturga hujjat topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Hujjatlarning ingliz tilida ekanligiga va faqatgina kerakli hujjatlarni taqdim etganingizga eʼtibor qaratishingiz kerak.

6. Dasturga qabul qilinishingizning asosiy omillari nima deb oʻylaysiz?

Dastur uchun motivtsiya xati yoki insho yozishingiz kerak boʻladi. Asosiy omil suhbat deb oʻylayman. Hujjatlaringizni qabul qilishgandan soʻng sizni tashkilot rahbarlari bilan boʻladigan suhbatga taklif etishadi. Aynan shu suhbatda sizni qabul qilish yoki qilmasliklari aniq boʻladi.

7. Amaliyot davomida amaliyotchilardan nimalar talab qilinadi? Amaliyot jarayoni qiyinmi va amaliyot uchun odatda kuniga necha soat vaqt ajratiladi?

Amaliyot davomida qatnashchilardan tanlangan kompaniyaning rivojlanishiga oz boʻlsa-da hissa qoʻshishlari talab etiladi. Buni siz oʻz gʻoyalaringiz bilan ham amalga oshirishingiz mumkin. Amaliyot qiyin emas asosiysi qatʼiy talablar yoʻq masalan forma, vaqt va hokazolar. Maqsad amaliyotchiga forma kiydirish emas maqsad amaliyotchiga amaliy koʻnikmalar berish. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtishim joizki bu amaliyot aynan shu jihatlari bilan bizning universitetlarimizdagi stajirovkalardan keskin farq qiladi. Vaqt masalasiga kelsak haftada 5 kun va kuniga 5-6 soatdan oshmagan holda amaliyot tashkil etiladi. Talab qilinadigan yagona narsa har hafta davomida oʻz yoʻnalishingiz boʻyicha haftalik qilgan ishlaringizni taqdim qilasiz bu ham qisqagina 5 daqiqadan oshmagan holda. Amaliyot yakunida esa butun amaliyot davomida qilgan ishlaringizga hisobot topshirasiz.

8. Hozirda amaliyot qay tarzda olib borilyapti? Uydan turib vazifalarni bajaryapsizlarmi yoki American Councils ofisiga boribmi?

Covid-19 sababli hozir barcha amaliyotga doir ishlarni uydan bajaryapmiz. Lekin boshida 1 hafta ofisda ishlagan edik. U paytda karantin choralari kuchaytirilmagan edi.

9. Mazkur dastur ishirokchilarga qanday amaliy foyda berishi mumkin deb oʻylaysiz?

Bu dasturdan asosiy koʻzlangan maqsadim bu – koʻnikma hosil qilish. Yangi doʻstlar va tanishlar orttirish. Har bir guruhga mentor berilgan xususan mening guruhimga ham mentor berilgan. Mentorimizni koʻpchilik taniydi. Oʻzbekistonning bugungi kundagi eng mashhur yoshlaridan biri – Jamshid Akhmadaliev bizga mentor boʻlganlar. Toʻgʻrisi ulardan juda ham koʻp narsalarni oʻrganyapmiz. Shaxsiy rivojlanish, liderlik sirlari va atrofdagilar bilan muloqotga kirishish usullari boʻyicha juda ham qimmatli maslahatlarni bermoqdalar. Shu oʻrinda Jamshid akaga bu uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Yana bir muhim jihat dastur yakunida tashkilotchilar barchaga sertifikat va tavsiyanoma xatlari berishadi. Bular esa kelajakda magistratura yoki ishga kirmoqchi boʻlganlar uchun juda ham kerakli hujjatlardir.

10. Mana, deyarli 1 oydan beri amaliyot oʻtayapsiz ekan. Amaliyot jarayonida biror qiyinchiliklarga duch keldingizmi?

Yoʻq aslo. Aksincha, tashkilotchilarning yordamlari bilan anchagina yengillik boʻlmoqda. Ular bilan har hafta Zoom oraqli muloqotga kirishib turamiz.

11. Umuman, shu kabi amaliyot dasturlarida ishtirok etish imkonini qoʻlga kiritishni xohlovchilarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

Avvalo dastur haqida va tashkilotchilar haqida tanishib chiqing. Agar maqsadlaringizga mos kelsa albatta topshirib koʻring. Shu oʻrinda tengdoshlarimga kichik bir maslahatim bor edi. Aziz tengdoshlarim koʻpchiligingiz bitta yoki ikkita grantga hujjat topshirasiz va agar sizni qabul qilishmasa tamom koʻnglingiz sovib boshqa hech qachon topshirmayman, nohaqlik boʻldi degan vajlarni qilasiz. Bitta narsani unutmaylik asosiysi harakat. Yutish yoki yutqizish ikkinchi oʻrindagi narsa. Asosiysi hayotda yutqazmang deb qolaman!

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!