×

The Nippon Foundation Scholarship Program: 2 yil davomida stipendiya bilan taʼminlovchi dastur gʻolibi bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

7924 marta

CHOP ETILGAN

02.06.2020

Eslatma: Bu suhbat 2019-yilgi qabul yuzasidan qilingan. Keyingi yillardagi qabulda suhbatda qayd etilgan talablar, sonlar yoki boshqalar biroz oʻzgarishi mumkin.

1. Oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.

Assalom alaykum. Men Murtozayev Abdulaziz 1998-yilda Toshkent viloyatida tugʻilganman. 2013-yilda Toshkent shahridagi 22-maktabni tamomlab, Toshkent Islom Universiteti qoshidagi akademik litseyga oʻqishga kirdim. Akademik litsey davridayoq ingliz tiliga boʻlgan qiziqishim kuchli boʻlgan va 2-kursdayoq IELTS topshirganman. Hozirda Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika Universitetining Energetika fakulteti 3-bosqich talabasiman. Mutaxassisligim “Issiqlik va Elektr energetikasi tejamkorligi”.

Mendan tashqari 4 nafar doʻstlarim ham bu grantni yutishgan. Ular: Humoyunmirzo Dolimov Toshkent shahridagi Inha universitetining 3-bosqich talabasi, Bekzod Ahmuratov Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetining 4-bosqich talabasi, Sohibjon Olimjonov Toshkent Davlat Yuridik Universiteti 3-bosqich talabasi, Doniyor Mahmudov Toshkent shahridagi Vestminister Xalqaro universiteti 4-bosqich talabasi.

2. The Nippon Foundation Scholarship Program in Tajikistan and Uzbekistan dasturi gʻoliblarga qanday iqtisodiy imtiyoz taqdim etadi? Batafsil izohlab bersangiz.

Avvalambor ushbu dastur haqida biroz maʼlumot bersam. The Nippon Foundation fondi 1962-yilda Yaponiyada Ryoti Sasakawa tomonidan asos solingan notijoriy xususiy fond hisoblanadi. Hozirgi kunda ushbu fond Yaponiyaning eng yirik fondlaridan biri. Ushbu fond tashabbusi bilan 2006-yilda JATCAFA (Japan Turkey Central Asian Friendship Association) tashkil etilgan. 2017-yilgacha bu tashkilot Markaziy Osiyo (Qirgʻiziston, Turkmaniston, Qozogʻiston va Tojikiston) dan boʻlgan talabalar uchun Turkiya davlati bilan hamkorlikda talabalarning Turkiya davlat universitetlarida tahsil olishlarini moliyaviy tomondan taʼminlab kelishgan.

2016-yilda tashkilot nomi va rejalari biroz oʻzgardi. Shundan buyon tashkilot JACAFA (Japan Central Asian Friendship Association) ga oʻzgardi. JACAFA grant dasturi The Nippon Foundation homiyligi asosida va Alif Academy (Tojikiston) bilan hamkorlikda tashkil etilib kelinmoqda. Shu yildan eʼtiboran tashkilot Qirgʻizisiton va Tojikistonda tahsil olayotgan talabalarni moliyaviy tomondan qoʻllab quvvatlab keldi. 2019-yilda ushbu roʻyxatga Oʻzbekistonni ham qoʻshishga qaror qilishdi va biz 5 ta talaba ushbu grantni Oʻzbekiston nomidan birinchi boʻlib yutganlar sifatida tarixda qoldik, albatta, bundan juda ham xursandman.

Endi esa iqtisodiy yordamlar haqida. Gʻolib deb topilgan talabaga 2 yil davomida har oyda 100 yevro (2020-yil, 2-iyun holatiga koʻra, 1 126 59 soʻm) miqdorida oylik stipendiya beriladi: umumiy 2400 yevro. Stipendiyalar Alif Academyʼning Toshkentdagi ofisi orqali Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy Bankining stipendiya olinadigan kundagi kursiga teng holda, soʻmda olinadi. Undan tashqari yilda 2 marta tashkilot sammitlar oʻtkaziladi va bu sammitlarga borish-kelish xarajatlari (aviachipta, mehmonxona va kunlik xarajatlar) toʻliq tashkilot tomonidan qoplanadi. Yana bir qulaylik grantning ikkinchi yilida tashkilot tomonidan JVP (Japan Visit Program) dasturida qatnashish mumkin. Ushbu dastur grant gʻoliblariga Yaponiyaga 5 kunlik sayohatni taklif etadi va bu sayohatning barcha harajatlari tashkilot tomonidan toʻlab beriladi. Yana bir judaham zoʻr imkoniyat bor agarda siz ushbu grantni yutgan boʻlsangiz sizda tashkilotga Project proposal application toʻldirib oʻz loyihangiz uchun 10 000 AQSH dollarigacha boʻlgan miqdorda moliyaviy yordam olish imkoni bor yagona sharti sizning loyihangiz tashkilotchilar tomonidan tasdiqlanishi va qabul qilinish kerak.

Grantning eng foydali tomoni bu emas. Gʻolib talabalarga tashkilotchilar tomonidan ixtiyoriy tanlov beriladi, yaʼni siz bakalavrni tugatgandan soʻng magistraturani tashkilotchining hamkori boʻlgan Tsukuba Universityʼda toʻliq grant asosida oʻqishingiz mumkin boʻladi. Bu oliygoh Yaponiyadagi eng nufuzli oliygohlardan biri hisoblanadi.

3. Ushbu dastur haqida qayerdan xabar topgansiz?

Dastur haqida 2019-yilning mart oylarida Grantlar.uz saytidan maʼlumot olganman.

4. Dasturda kimlar ishtirok eta oladi?

Dasturda Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonlik 23 yoshgacha boʻlgan bakalavr bosqichi talabalari ishtirok eta oladilar (tahririyat: 2021-yilgi dasturda Qirgʻiziston talabalari ishtirok eta olmaydi). Oʻzbekistonliklarga qoʻyilgan talab shuki, talaba Toshkent shahridagi oliygohning 2-bosqichida tahsil olayotgan faqat bakalavr bosqichi talabalari ariza topshira oladilar. Tashkilotchilar gumanitar va IT mutaxassislikdagi talabalarni qoʻllab quvvatlashadi, lekin boshqa soha vakillari ham bemalol ariza berishlari mumkin. Bunga yorqin misol oʻzim.

5. Ushbu dasturi uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?

Bilasizmi, bu dasturga minimum talab hech qayerda koʻrsatilmagan, lekin nomzod ingliz tilini bilish darajasini IELTS, TOEFL, TOEIC kabi test natijalari orqali buni tasdiqlashi zarur​. Shaxsan oʻzimda ariza berish vaqtida IELTS balim 5.5 boʻlgan va uning ustiga muddati ham tugagan edi, lekin meni qabul qilishdi va IELTS ballari 7-7.5 ​boʻlgan baʼzi talabalar qabul qilinmadi. Bu dasturda eng asosiy omil IELTS emasligini shundan ham bilishimiz mumkin.

6. Dasturiga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz oʻrtachasi necha ball boʻlgan? Dasturda gʻolib boʻlish uchun baholar qanchalik ahamiyatli?

Tashkilotchilar qoʻygan talabnomada GPA, yaʼni oʻrtacha baholar kamida 4.0 dan 3.0 boʻlishi kerakligi belgilab qoʻyilgan. Bu bizning tizimga oʻtkazilganda masalan 100 dan 75 boʻlishi kerak. Lekin ishonasizmi, bu ham eng asosiy omil emas, chunki grantni yutgan baʼzi doʻstlarimning GPA lari bundan ancha past edi, lekin qabul qilindi.

7. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz qanday?

Albatta, dastur uchun har kuni vaqt ajratar edim. Ayniqsa Essay (insho) yozish uchun. Oʻz essayʼni 40 kunda yozib boʻlganman. Undan tashqari, suhbat uchun ham alohida bir hafta davomida tayyorlanganman.

8. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Hujjat topshirish 3 bosqichdan iborat. Birinchisi arizalar topshirish, ikkinchisi mantiqiy testlar va uchinchisi suhbat.

9. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy hujjatlar qaysilari hisoblanadi?

Eng asosiy hujjatlar pasport, universitet baholaridan ingliz tiliga tarjima qilingan koʻchirmasi, talabalikni tasdiqlovchi hujjatning ingliz tilidagi tarjimasi, IELTS yoki TOEFL va shunga oʻxshash til sertifikatlari, agar boshqa qoʻshimcha sertifikatlar boʻlsa, ular ixtiyoriy va oxirgisi berilgan mavzu boʻyicha essay, yaʼni insho.

10. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Hujjatlarni tayyorlashda oʻsha hujjatning qaysi tilda ekanligiga, hujjatlarni toʻgʻri va tiniq skaner qilinganiga alohida eʼtibor berish kerak.

11. Hujjat topshirish bosqichidan oʻtganingizdan keyin suhbat boʻlganmi? Boʻlgan boʻlsa, qanday savollar berilgan va suhbatda asosan nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Albatta suhbat boʻlgan. Suhbatni 3 kishilik hakamlar jamoasi oladi. Yuqorida baholar ham, IELTS ham eng asosiy omil emas degan edim, eng asosiy omil mana shu bosqichi, yaʼni suhbat bosqichida boʻladi (albatta, bungacha siz oldingiz bosqichlardan oʻtgan boʻlishingiz kerak). Suhbatga men alohida tayyorlangan edim. Bu yilgi talabalarga maslahatim suhbat uchun avvalo oʻz rejalaringizni aniqlashtirib oling, kelajakda jamiyatga qanday foydangiz tegadi shu haqida koʻproq oʻylab koʻring. Shu bilan birga Yaponiya-Oʻzbekiston munosabatlari haqida maʼlumotlar olishga harakat qiling.

12. Stipendiya gʻolibi boʻlishingizda asosiy rol o’ynagan omillar nimalar deb o’ylaysiz va boshqalarga shu stipendiyani qo’lga kiritish uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?

O’ylashimcha, grantni yutishimdagi eng asosiy omil suhbat jarayonida o’zimni yo’qotmagan holda maqsadlarim va rejalarim haqida aniq gapira olganim bo’ldi. Hujjatlarimni ham to’liq so’ralgan holatda tayyorlagan edim. Essay ham 40 kunda yozilgani uchun juda yaxshi chiqqan edi deb o’ylayman.

13. Grantlar.uz sayti haqida fikringiz?

Grantlar.uz jamoasi va bu jamoa rahbarlari Hamidulla aka Ziyoyev va Maqsud aka Salomovlarga bu loyihani tashkil etganliklari uchun alohida minnatdorchilik izhor etmoqchiman. Saytni 6 yildan beri doimiy kuzatib kelaman. Yoshlarimiz uchun juda ham foydali maʼlumotlarni berib kelmoqdasizlar. Alloh qilayotgan ishlaringizga baraka va yaxshilikni koʻpaytirib bersin deb qolaman.

2020-yilda mazkur stipendiyani qoʻlga kiritgan hamurtimizning topshirgan hujjatlari bilan BU YERDA tanishing.

Mazkur dasturning 2022-yilgi qabuli va talablari bilan SHU YERDA batafsil tanishishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!