×

Chet elda ijtimoiy sohalarda taʼlim olish


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

2918 marta

CHOP ETILGAN

21.10.2021

Avvalo, biz siz bilan devorlar jamiyatida yashashimizni eslatib oʻtsam. Bu devorlarning turlicha nomlari bor: oilaviy bosimlar, odamlarning fikri, maktab-kollej-universitet majburiyati va hokazo. Biroq, bu devorlarning ichida bittasi borki, uning yiqilishi juda qiyin. Oʻqib, odam boʻlish devori.

Umuman, odam boʻlish deganda koʻpchilik doktor, yurist, biron idoraning boshligʻi, oʻqituvchi, meʼmor yo shunga oʻxshash jamiyat orasida hurmatli kasblarni tushunadi. Bu kasblar asosan aniq va tabiiy fanlar doirasida boʻlganligi sabab, ijtimoiy sohada oʻqish oʻzbek jamiyatida aksar hollar iliq qabul qilinmaydi. Deylik, siz kimgadir falon universitetda tarix oʻqiyapman deganingizda, ular darrov oʻqituvchi boʻlishingizni, bu ishda pul boru, lekin biroz qiyinligini aytib ketishadi. Siz esa oʻqiyotgan boʻlimingiz pedagogikaga aloqador emasligini aytgan paytingiz, toʻnlar teskari kiyilib hay, maylida deb qoʻyiladi.

Men ham Turkiyaga kelgach, ilk bor Xorijlik Talabalar Imtihoni (YÖS – Yabancı Öğrenci Sınavı) ga kirib, yuz balldan 98 olganimni eshitgan yaqinlarim darrov maslahat berishga tushib ketishdi. Negaki, siz Turkiyaga chetdan kelib oʻqimoqchi boʻlsangiz,  matematika, geometriya va arifmetika qatnashgan xalqaro imtihondan oʻtishingiz va undan olgan ballingiz bilangina biron universitet va soha tanlashingiz mumkin. Alohida bir ixtisosning alohida imtihoni yoʻq. Boʻlajak doktor ham, sanʼatshunos ham bitta imtihonga kiradi.  Men esa, garchi ballim tibbiyot, harbiy muhandislik yo xalqaro iqtisod kabi boʻlimlarga yetsa ham, talablari nisbatan pastroq, 65 ball bilan ham kirib oʻqish mumkin boʻlgan Amerika adabiyoti va madaniyati boʻlimini tanladim. Shu koʻyi, Istanbul universitetidagi talabalik hayotim boshlandi. Biroq, tanqidlar hamon davom etardi.

– Och qolasan.

– Amerikaning madaniyati bor ekanmi?

– Bu boʻlimni bitirib, oʻqituvchi ham boʻlolmaysan!

– Amerikamish! Nomiga non botirib yeysanmi?

Men esa eʼtibor qilmadim. Bu tanqid va taʼna toshlari orasida qolgan tanishlarim ham serob edi. Masalan, Kastamoʻnu universitetida sotsiologiya oʻqigan Dilafruz, Egey universitetida Siyosatshunoslik oʻqigan Akrom, Erjiyes universitetida antropologiya oʻqigan Izzat… Qizigʻi, biz oʻzimiz oʻqiyotgan sohani aytgan paytimiz hech bir turk yo boshqa xalq vakili hayratlanmadi, kelajagimizning ochlik va faqirlikda oʻtishini bashorat ham qilgani yoʻq. Chunki, bu odamlar yashaydigan jamiyatda har bir kasbga hurmat va talab bor edi.

Endi bir savol tugʻiladi. Nega bunday kamsitish va kamsitilish Oʻzbekistonda odat turiga kirgan? Oʻzimizda oʻqiyotgan talabaga-ku hech yoʻq oʻqishga kirib oldi, deb uncha teginilmaydi, lekin chetda aynan shu lingvistika, sanʼatshunoslik, siyosiy va boshqa fanlarni oʻqigan talabalar doim masxara mavzusi boʻlib qoladi? Boisi, Oʻzbekiston hali rivojlangan emas, balki rivojlanayotgan oʻlka boʻlganligi uchun, uning insonlari ham avvalo eng asosiy (oziq-ovqat, sogʻliq, transport va hayot xavfsizligi, moliya) ehtiyojlarini qondiruvchi sohalarga hurmat koʻrsatishadi. Ayni bu qizgʻin jarayonda ularning tinchini biror filolog yo psixo-politologning kelib buzishi, menimcha yoqimsiz.

Xoʻsh, chetda ijtimoiy soha oʻqish chindan mantiqsizmi? Keling, bularni oʻzim oʻqiyotgan boʻlim misolida tahlil qilaylik.

1. Oʻzbekistondagi ijtimoiy talabning ozligi sabab, universitetlar ham oʻz xizmatlarini taklif qilishda biroz erinchoqlikka yoʻl qoʻyishadi. Yaʼni, yurtimizda shundoq ham uncha baland boʻlmagan taʼlim sifati ijtimoiy sohalarga kelganda yanada tushib ketadi. Chetda esa buning aksi. Siz bir universitetning Somiy tillari (bu oilaga arab, oromiy va yahudiy tillari kiradi) boʻlimiga, bu tillardan birontasini ham bilmay turib topshirdingizmi, qoʻlingizga bakalavr diplomini  ola turib siz nafaqat bu tillarni, balki bu tillarda gapiruvchi mamlakatlar tarixi, iqtisodiyoti, madaniyati va milliy psixologiyasini ham oʻrgangan mutaxassislik sertifikatini olasiz. Bu kafolatlangan. Chunki, bitta darsda oʻtiluvchi bitta mavzuning oʻziga kamida uchta kitob titkilash, uyga vazifangizni topshirgan paytingiz referatingizdagi plagiatni darrov aniqlovchi sistema va “odamgarchilikni” bilmaydigan oʻzga sayyoralik domlalar sizni shunga majbur qiladi. Oxiri oʻzingiz ham bu yerning Oʻzbekiston emasligiga, oʻqimaslik oʻqishdan koʻra koʻproq ovoragarchilkka sabab boʻlishiga guvoh boʻlasiz.

2. Agar oilangizdagilar hali ham ishonmayotgan boʻlishsa, ularga shunchaki ketayotgan universitetingizning kutubxonasini koʻrsating. Fakultetning oʻzigagina tegishli axborot markazini koʻrsatsangiz ham boʻladi.  Masalan, Turkiyada, agar taʼlim tilingiz va sohangiz inglizcha boʻlmasa, ingliz tilini bilishingiz ham shart emas. Chunki, har qanday kitob turkchaning oʻzida bor. Buni bilgan professorlar ham, sizga har turli kitob tavsiyasi, vazifalarni qalashtirib tashlashadi. Albatta, kitobni faqat filolog yo sotsiologlar oʻqimaydi. Tibbiyot va iqtisodiyot kabi fakultetlardagi talabalar ham 7/24 rejimida ishlovchi kutubxonalarda koʻp tong ottirishlari mumkin, biroq sizda aynan mutolaa masʼuliyati kuchliroq boʻladi.

3. Men oʻqishni yangi boshlagan payt dekanatga chaqirib, qoʻlimga inglizcha tayyorlov kursiga yoʻllanma tutqazishdi. Aytishlaricha, mening boʻlimim yuz foiz inglizcha boʻlgani holda kaminaning inglizchasi yetarli emasmish. Axir, bu tilda toʻliq gaplasholaman, tarjimalar qilganman. Hozir borib yana grammatika oʻrganamanmi deganimda ular hayron boʻlishdi:

– Aslo! Universitet talabasiga maktab bolasidek qoida yodlatish ahmoqlik-ku. Siz har kuni odatiy darslarni tugatgach, shu kursga qatnang, natijasini koʻrasiz. Uch oy, koʻp emas.

Men ham noiloj bordim va… Shuni tushundimki, men inglizcha gapirganim, bilganim bilan bu tilning mantigʻi-yu falsafasini, inglizcha fikrlay olish koʻnikmasini bilmas ekanman. Kursda har turli mavzuda kreativ fikrlashni oʻrgandim. Aslida oʻzbekchada ham uncha yaxshi boʻlmagan kreativlikni menga aynan mana shu inglizcha kursi berdi.

Bu yerda aytmoqchimanki, chet elda ijtimoiy fanlar boʻyicha oʻqish sizga fikrlarni yodlash emas, balki fikrlashni oʻrgatadi.

4. Oilangizga kutubxonani koʻrsatdingiz, fikr nima ekanligini oʻzingiz ham tushundingiz, biroq hali ham shubhalaringiz bor. Shu payt bir narsani unutmaslik kerak: Chetga oʻqishga keta turib, soha tanlayotganda aslo Oʻzbekiston mantigʻi bilan qaramang. Qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ kabi stereotiplarning gap-soʻzlari bilan kirlangan koʻzoynakni yeching va aslida men nimani koʻproq yaxshi koʻraman deb oʻylang. Raqamlardan koʻra soʻzlarni sevasiz va oʻqish bitgach, Oʻzbekistonga qaytmoqchisiz. Bu ham mantiqli. Chunki, rivojlanayotgan davlat sifatida Oʻzbekistonning har qanday soha vakiliga ehtiyoji bor. Siz hamon Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan, biroq unga oʻta zarur bironta kasbning asoschisi boʻlishingiz mumkin. Daromadga kelsak, ishoning, bilimli kadr, qaysi soha vakili boʻlishidan qatʼiy nazar, hech qayerda och qolmaydi. Har holda, men shunday oʻylayman.

5. Ijtimoiy sohada oʻqishni ham aniqlashtirdik, biroq bu sohaning aynan qaysi qismida oʻqimoqchisiz? Ular faqat oʻzbek insonining zehniyatiga oʻrnashib qolgan adabiyot, til, tarix va boshqalar emas.

Masalan, Turkiyaning oʻzida shunday boʻlimlar bor:

Klassik filologiya (bu boʻlim doirasida shumerologiya, xititologiya, lotin adabiyoti, qadimgi yunon madaniyati, klassik turkologiya), Yevropa bilimlari (vengerologiya, polyak tili va madaniyati, anglofon adabiyot, frankofon adabiyot, slavyan xalqlari, ispan-italyan-portugal filologiyasi, mintaqalar kesimida Yevropa adabiyoti va hkz), Tarix (proto-xistoriya, antropologiya. arxivshunoslik, arxeo-lingvistika, ideologik tarix va h.k.) kabi bir qancha ilmiy yoʻnalishlarga sochilib ketgan sohalar bor. Albatta, bu boʻlimlarning baʼzilari Oʻzbekistonda ham bor, lekin bittagina Tarix boʻlimiga oid Antropologiya yoʻnalishining oʻzi uchta qismga ayriladi. Oʻzbekiston taʼlimida esa bunday boʻlinish mavjud emas. Shu sabab, tanlovni ketadigan davlatingizdagi tizimga moslab, avvaldan puxta qilib oling.

6. Qayerda oʻqisam? Yevropada bizniki kabi aynan biron sohaga ixtisoslashgan universitetlar kam topiladi. Sizga koʻproq oʻzimizning OʻzMU kabi juda koʻp fakultetlarni oʻz ichiga olgan universal oliygohlar duch kelishi mumkin. Biroq, baribir saralash degan narsa bor. Masalan, Turkiyada tibbiyot oʻqimoqchi boʻlganlar koʻproq Xajettepe yoki Jarrohposho, Iqtisod istaganlar Boʻgʻozichi universitetlariga kelishlari mumkin. Siz ham ketayotgan davlatingizda siz istagan sohaning eng katta mutaxassislari aynan qaysi universitetlarda faoliyat koʻrsatishini aniqlab oling. Chunki oʻta katta universitetning Adabiyot boʻlimida hatto professor boʻlmasligi mumkin. Kuningiz dotsent va doktorantura oʻqiyotgan assistentlarga qolmasin. Qaysi universitetning bu soha boʻyicha hammadan yaxshiligini aniqlash uchun esa bitta professor yoki dotsentga nechta talaba toʻgʻri kelishini oʻrganib koʻring.

Yuqoridagi tavsiya va ogohlantiruvlar, albatta hamma ijtimoiy sohada oʻqisin, degan maqsadda yozilmadi. Oʻzbekistonning qayeridadir chetda oʻqishni istagan, bunga yetarli imkon topishni maqsad qilgan minglab tengdoshlarimiz bor va ularning baʼzilari tanlov qilishda qiynalayotgan boʻlishi mumkin. Ayni payt, Oʻzbekistonda juda kuchli bir kasb fetishi bor. Fetish bu bir narsani ilohiylashtirish, dunyoda undan boshqa narsa yoʻq deb bilish va faqat u bilangina cheklanish degani. Bu doʻstlarimiz mana shu kasb fetishi qurboniga aylanmay, mantiq bilan oʻz qiziqqan sohalarida bemalol oʻqishlari mumkin, demoqchi edim, xolos.

Mirzohid Muzaffar,
Anqara universiteti talabasi,
Grantlar.uz uchun maxsus.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!