×

Chevening stipendiyasi sohibi bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

9961 marta

CHOP ETILGAN

11.02.2019

O’zingiz haqingizda qisqacha gapirib.

Ism-sharifim Jo’shqinbek Ismailov, 1987-yil Xorazm viloyati, Xonqa tumanida tug’ilganman. 2008-yil Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini tugatganman. 2018-yilda Chevening Stipendiyasi sohibi bo’ldim va hozirda Buyuk Britaniyaning Dandi Universitetida (University of Dundee) Xalqaro energetika tadqiqotlari va energetika moliyasi yo’nalishi bo’yicha magistraturada o’qimoqdaman.

1. Chevening stipendiya dasturi g’oliblarga qanday iqtisoiy imtiyozlar taqdim etadi? Batafsil sanab bersangiz.

Chevening stipendiantlariga Buyuk Britaniyaga bir marta borish va kelish aviabileti, viza to’lovi, yillik sog’liq sug’urta to’lovi, bir martalik ko’chib borish uchun to’lov, Chevening tadbirlariga qatnashish uchun to’lov va o’n ikki oy davomida yashash harajatlari uchun oylik stipendiya to’lanadi.

2. Chevening stipendiya dasturi uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?

Dastur uchun minimum ingliz tili talabi IELTS umumiy 6.5 yoki uning ekvivalenti (TOEFL). Menda IELTS dan umumiy 7 ballik sertifikat bor edi.

3. Chevening stipendiya dasturiga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz o’rtachasi necha ball bo’lgan?

Bakalavr Diplomim umumiy o’rtacha bali 93 %. Diplomning umumiy o’rtacha bali bo’yicha Cheveningda alohida minimum talab yo’q, lekin ko’pchilik Britaniya Universitetlariga magistraturaga kirish uchun odatda bakalavr diplomiga  minimum talab 2:1 (Class II Division I), bizning o’lchovda 60-69%[1].

4. Dasturni qo’lga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan bo’lsangiz qanday?

Ha, alohida tayyorgarlik ko’rganman. Avvalo, dasturning o’zi bilan sinchiklab tanishib chiqdim. Bunda uning talablari, yo’riqnomalari, muhim sanalar haqida rasmiy veb-sayti va boshqa manbalardan ma’lumotlarni o’qidim va shu asosda shaxsiy rejamni tuzdim. Ikkinchidan, dasturga topshirish uchun arizamni va tegishli insholarni yozdim. Arizamni bir necha marotaba do’stlarim, mentorlarim, Buyuk Britaniyadagi universitetga kirish uchun alohida bepul maslahat xizmati xodimi, shuningdek oldingi yillarda dasturda g’olib bo’lgan kishilar tahriridan o’tkazdim. Jami bo’lib rejamdagidek o’n kishi tahriridan o’tkazib, o’n beshinchi variantini topshirdim. Uchinchidan, Buyuk Britaniya Universitelari orasida uchtasini tanlab ularga hujjatlarimni topshirdim va shartsiz takliflar oldim. Bunda Universitetning men tanlagan yo’nalish bo’yicha har bir moduli (fan), moduldan maqsad, kelgusidagi ish faoliyatimda ushbu modullarni foydasi, shuningdek ta’lim muassasi joylashgan joyini alohida o’rganib chiqdim. Savollarimni yig’ib har universitetlardan javoblar oldim. To’rtinchadan, suhbat uchun tayyorlandim. Bunda ko’p takrorlanadigan savollar ro’yxati asosida arizamda bergan ma’lumotlarim, ular haqida qo’shimcha va kengroq tafsilotlar yozdim. Suhbatga tayyorlanish jarayonida rejamga asosan do’stlarim, mentorlarim va oldingi yillarda dasturda g’olib bo’lgan kishilar bilan besh marta tekshiruv tayyorlov intervyulari tashkil qilib ularning fikrlarini oldim va javoblarimni to’ldirdim.

5. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Dastur ikki bosqichdan iborat: ariza va suhbat. Ariza o’zingiz haqingizdagi ma’lumotlar va har biri besh yuz so’zdan iborat liderlek, tanishlar orttirish, siz tanlagan universitetlar va kelgusi rejalar mavzularidagi insholardan iborat. Suhbat Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan 3-4 kishilik hay’at oldida arizangizda bergan ma’lumotlar asosida birinchi bosqichdan o’tganingizdan keyin bo’ladi.

6. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy hujjatlar qaysilari hisoblanadi?

  • Pasport nusxasi.
  • Bakalavr Diplomi va uning ingliz tiliga tarjima qilingan ilovasi.
  • Ikkita tavsiyanoma.
  • Ingliz tilini bilish sertifikati.
  • Kamida 1 ta universitetga Magistraturaga shartsiz qabul qilinganlik to’grisida taklif.

7. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Hujjatlarning bir-birini to’ldirishi va faqat so’ralgan savolga javob berishga alohida e’tibor qaratish kerak deb o’ylayman.

8. Suhbat jarayonida qanday savollar so’ralgan?

Suhbat taxminan 40-50 daqiqani tashkil etadi, bu jarayonida avvalo, arizada berilgan ma’lumotlar muhokama qilinadi. Jumladan, tanlagan ish faoliyatingiz, alohida liderlik sifatlaringiz, erishgan yutuqlaringiz va o’qish uchun tanlagan universitetlaringiz haqida savollar beriladi. Shuningdek, kelgusidagi aniq rejalar, ularga erishishning aniq  yo’llari, siz tanlagan sohaning butun dunyo va xususan O’zbekistondagi ahvoli, muammolari, muqobil yechimlari va bunda sizning o’rningiz haqida savollar beriladi.

9. Suhbatda asosan nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Suhbat jarayonida arizada berilgan ma’lumotlarga kengroq tafsilotlar va hayotingizdan misollar berishga, shuningdek faqat so’ralgan savol doirasida lo’nda javob berishga alohida e’tibor berish kerak deb o’ylayman. Shuningdek, ko’p takrorlanadigan savollar ro’yxati asosida oldindan alohida tayyorgarlik ko’rishni va do’stlar yoki mentorlar bilan kamida 5-6 marotaba tayyorgarlik sinov suhbatlari tashkil etib mashq qilishni maslahat beraman. Bunda siz o’zingizga ishonchni orttirishdan tashqari, javoblaringiz to’liqligi va savol doirasida ekanini tekshirib olasiz.

10. Grantni yutib olishingizda asosiy rol o’ynagan omillar nimalar deb o’ylaysiz va boshqalarga shu grantni qo’lga kiritish uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?

Yaxshi alohida tayyorgarlik eng asosiy omil bo’ldi deb o’ylayman. Chunki men qatori mutaxassislar O’zbekistonda juda ko’p, ular orasidan ajralib chiqishimga sabab aniq qadamlar belgilangan va vaqt bilan chegaralangan reja asosidagi qattiq tayyorgarlik deb o’ylayman. Kelgusida topshiruvchi nomzodlarga oldindan tayyorgarlik qilishni maslahat beraman.

11. Buyuk Britaniyada o’qish jarayoni qay darajda? Magistraturada haftasiga necha kun dars bo’ladi va dasrlar qiyinmi?

O’qish jarayoni juda intensiv, chunki Buyuk Britanyada Magistraturada o’qish bir yil. Fanlar bir sohaning ma’lum bir qismini tor doirada qamrab olganligi uchun juda amaliy. Masalan, Energetika loyihalari moliyasi fanidan 3 soatlik ma’ruza darsiga parallel 3 soatlik amaliy seminar o’tkaziladi. Bunda talaba tomonidan berilgan shartli loyihani Microsoft Excel dasturida moliyaviy modeli yaratiladi. Keyinchalik uyga vazifa uchun shu model maxsus moliyaviy kompyuter dasturga o’tkazish va natijalarga izoh berib biznes hisobot shaklida o’qituvchiga yuborish talab etiladi. O’qituvchi keyingi darsgacha, o’zining fikrlarini jo’natadi va har bir loyiha guruhda muhokamadan o’tkaziladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va elektr energiyasi iqtisodi fanlaridan maxsus labaratoriyalar va ishlab chiqarish korxonalariga safarlar uyushtirilib texnoligik jarayon bilan tanishtiriladi va baholanadi. Loyihalarnini huquqiy me’yorlari fanidan shartli loyihalar uchun shartnoma shartlari Amerika qo’shma shtatlaridagi talabalar bilan online shartli muzokaralar o’tkaziladi va baholanadi.

Har hafta chorshanba kuni energetika sohasida bevosita faoliyat olib borayotgan industriya vakillari, rahbar xodimlar va olimlar, mehmon spiker sifatida ma’ruza qiladi.

Darslar haftasiga 3 yoki 4 kun, qatnashish majburiy. Sababsiz dars qoldirish universitetda imtihonlarga qo’yilmaslik va talabalik vizasini bekor bo’lishiga olib keladi.

12. Ushbu dastur bo’yicha Buyuk Britaniyada o’qiyotgan talabalarga o’qishdan bo’sh paytlari ishlashga ruxsat etilganmi? Ruxsat etilgan bo’lsa, haftasiga necha soat?

O’qishdan bo’sh payti ishlashga ruxsat etilgan va haftasiga 20 soat. Lekin Chevening stipendiyasi sohiblarinining yillik daromadiga chegara qo’yilgan bo’lib bu yillik 3000 funt sterlingni tashkil etadi. Agar siz ushbu summadan ko’p mablag’ topsangiz , stipendiyangiz miqdori kamaytiriladi.

13. Chevening dasturi bo’yicha grant yutganlar oila a’zolarini (turmush o’rtog’i, farzandlarini) olib ketishi ham mumkinmi?

Oila a’zolarini bemalol olib kelish mumkin, faqat ular uchun alohida moliyaviy ko’mak berilmaydi.

14. Buyuk Britaniyada o’qish davomida siz uchrayotgan qiyinchiliklar nimalardan iborat? O’qish bilan bog’liq va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga alohida-alohida to’xtalsangiz.

O’qish va kundalik hayotda deyarli qiyinchiliklarga uchramadim desa ham bo’ladi, chunki universitet tarafidan va Chevening Kotibiyati ma’muriyati tarafidan xalqaro talabalar o’qishda va kundalik hayotda uchrashi mumkin bo’lgan qiyinchiliklar inobatga olinib amaliy chora tadbirlar ko’rib boriladi. Masalan, agar o’qishda qiyinchilik bo’lsa universitetda qo’shimcha darslar va konsultantlar xizmati tashkil etilgan. Bundan tashqari mahalliy talabalar juda faol bo’lib ular tomonidan turli ko’ngilli klublar tashkil etilgan. Chevening Kotibiyati tomonidan har bir stipendiatga kordinatorlar biriktirilgan bo’lib, ularga istalgan muammo yuzasidan murojat qilish mumkin.

15. Buyuk Britaniyaga jo’nab ketishdan oldin qanday tayyorgarlik ko’rish haqida tavsiyalaringiz.

Endi, nima olib kelish yoki olib kelmaslikni har kim o’zi qaror qilgani ma’qul. Men kelishdan oldin shifokorlar ko’rigidan o’tib, ularning tavsiyasi asosida davolanish kurslari olishni tavsiya qilaman. Ayniqsa, stamatolog ko’rigidan o’tib davolanishni qattiq tavsiya qilaman. Shuningdek, kundalik bosh og’rigi, shamollash bo’yicha dorilarni olib kelishni ham tavsiya qilgan bo’lardim. Shaxsiy tajribamdan oshni yaxshi ko’ruvchilar uchun alyumin qozon va guruch olib kelishni tavsiya qilaman.

16. Grantlar.uz sayti haqida fikringiz?

Bu sayt haqida fikrim juda ijobiy, sababi Chevening granti haqidagi ilk ma’lumotni shu saytdan olganman. Bundan ham asosiysi, grantga topshirishga tayyorgarlik jarayonida, ayniqsa arizani tayyorlash, universitetlarga hujjat topshirish jarayonida sayt tashkilotchilaridan qimmatli yordamlarni olganman. Fursatdan foydalanib, sayt ma’muriyatiga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Chevening dasturi gʻolibining insholari namunasi bilan SHU YERDA tanishing.

[1]Chevening FAQ https://www.chevening.org/faq/academic-qualifications-eligibility-making-an-application/1535  UK system of degree classification https://ask.liv.ac.uk/faq/86385

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!