×

Chexiya universitetlarida oʻqish: bepul va pulli taʼlim, yashash hamda viza xarajatlari, stipendiya dasturlari haqida


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

12233 marta

CHOP ETILGAN

02.11.2018

Chexiya oliy taʼlim tizimi

Chexiyada oliy taʼlim bakalavriat va magistratura, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sifatida doktoranturaga boʻlinadi. Hozirgi kunda mamlakatda 26 ta davlat tasarrufidagi va 44 ta xususiy universitetlar mavjud.

Bakalavriat: 3 yil (ayrim texnikaga ixtisoslashgan oliygohlardagina 4 yil oʻqiladi);
Magistratura:
2yil;
Doktorantura:
3-4 yil.

*“Umumiy meditsina”, “Stomatologiya”, “Farmatsevtika”, “Huquq (yurisprudensiya)”, “Boshlangʻich taʼlim pedagogikasi” kabi mutaxassisliklar uchun taʼlim bakalavriat va magistraturaga boʻlinmagan va odatda 5-6 yil davom etadi.

Davlat Bolonya jarayoni (kredit-modul tizimi)ga aʼzo, hamda 3 yillik bakalavriat uchun yiliga – 60, semestriga – 30, umumiy – 180 kredit yigʻish lozim. Oʻqishni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchiga “bakalavr” darajasi beriladi.

Magistratura uchun esa xuddi shu tartibda 2 yilga 120 kredit toʻplash kerak. Bitiruv ishini samarali himoya qilgan talabaga “injener” yoki “magistr” darajasi beriladi. Chet elda bakalavr darajasini egallagan talabgor magistraturaga chex universitetiga kirish uchun bakalavr diplomini Chexiya oliy oʻquv yurtlaridan birida nostrifikatsiyadan oʻtkazishi kerak boʻladi. Chexiyada magistraturada oʻqish haqida batafsil SHU YERDA tanishing.

Doktorantura esa aynan tadqiqot faoliyati boʻlib, doktorant universitet/institutda dars berishi shart emas. Jarayon ilmiy rahbar va ilmiy xodimning ilmiy loyiha ustida ishlashiga qaratiladi. PhD darajasiga erishish uchun individual rejadagi barcha vazifalarni bajarish, davlat imtihonlarini topshirish va dissertatsiya himoya qilish lozim. Doktoranturaga kirish va oʻqish haqida toʻliq maʼlumot: SHU YERDA.

Qancha?

Chexiya qonunlariga koʻra davlat tasarrufidagi universitetlarda chex tilida oʻqimoqchi boʻlgan barcha (mahalliy va chet elliklar) uchun oʻqish tekin. Buning uchun kirish imtihonlarida chex tilini bilish darajasi boʻyicha sinovdan oʻtish kerak. Berilgan testlarning kamida 60%ini toʻgʻri ishlagan ishtirokchi kirish imtihonlarini topshirishga haqli (Masalan, Iqtisodiyot Oliy maktabining chet ellik abituriyentlarga taqdim etadigan testlari bilan SHU YERDA tanishing). Chex tilini egallaganlik darajasi B2 boʻlgan va kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan barcha talabalar (taʼlim chex tilida olib boriladigan guruhlarda) bepul tahsil olishlari mumkin. Mamlakatning eng nufuzli oliygohlari:

Karlov universiteti;
Iqtisodiyot oliy maktabi;
Pragadagi Chexiya Texnika universiteti;
Chexiya Agrotexnika universteti;
Praga Kimyo texnologiyalari oliy maktabi;
Brno Masarikov universiteti kabilardir.

*Chexiyaning davlat tasarrufidagi universitetlari haqidagi toʻliq maʼlumot SHU YERDA.

Agar taʼlim olish uchun ingliz yoki boshqa chet tilini tanlagan boʻlsangiz, pul toʻlab oʻqishga toʻgʻri keladi.

*Kirish imtihonlarida matematikadan beriladigan topshiriqlarga misollar bilan SHU YERDA, arxitekturadan esa SHU YERDA tanishing.

Ammo davlatdagi xususiy universitetlar barcha uchun pulli. Oʻqish haqi tanlangan yoʻnalish va universitetga qarab taxminan 2 700 dan 15 000 yevrogacha narxlanadi (2018 yil uchun). Shu bilan birga, xususiy universitetlar nemis, fransuz va ingliz kabi chet tillaridagi dasturlarni ham taklif etadilar. *Xususiy universitetlar haqida batafsil SHU YERDA tanishing.

Chex tilini qayerda oʻrgansa boʻladi?

Mamlakat chex tilini oʻrganishni istagan chet ellik talabgorlar uchun intensiv, kechki va kunduzgi, uzoq muddatli til kurslarini tashkil etgan. Ammo bu kurslar pulli boʻlib, Praga yoki Brno shaharlarida joylashganiga va muddatiga koʻra 2 700 yevrodan 5 000 yevrogacha boʻlishi mumkin.

Shuningdek, chet elliklarning chex muhitiga moslashtirish bilan shugʻullanuvchi ayrim hayriya tashkilotlari bepul chex tilini oʻrgatish kurslari tashkil etadilar:

  • Centrum pro integraci cizinců (Chet elliklar integratsiyasi Markazi). Murojaat uchun: npk@cicpraha.org; Rasmiy sayt: http://www.cicpraha.org/en/; Bu tashkilot xorijliklarni ishga joylashtirish boʻyicha ham amaliy yordam koʻrsatadi;
  • Integrační centrum Praha (Praga integratsiya Markazi). Murojaat uchun telefon: +420 252 543 846; Rasmiy sayt: http://www.icpraha.com; elektron pochta: info@icpraha.com; Roʻyxatdan oʻtish uchun bir martalik 500 chex kronasi miqdorida aʼzolik badali toʻlash kerak;
  • “META” tashkiloti. Murojaat uchun telefon: +420 773 304 534; Rasmiy sayt: https://www.meta-ops.cz/; elektron pochta: cjkurzy@meta-ops.cz; Shuningdek, tashkilot repetitorlik xizmatlari, oʻqituvchilar uchun xizmatlar bilan ham shugʻullanadi.

Qanday hujjatlar topshiriladi?

Chexiyaning turli universitetlariga hujjat topshirish bir-biridan farq qiladi. Karlov Universiteti misolida olib qarasak, oliygoh 17 ta fakultetga ega va har bir oʻqituvchining ariza va qabulga nisbatan oʻz yondashuvi mavjud. Lekin, umumiy tarkib taxminan quyidagicha:

1)   Oʻzingizga kerakli boʻlgan yoʻnalishni tanlang. Dasturlar bilan tanishing va kerakli talablarni aniqlashtiring:

  • Ingliz, nemis yoki fransuz tilida oʻqish (pulli);
  • Ingliz tilida tibbiyot (pulli);
  • Chex tilida oʻqish (tekin).

2)   Oʻrta (yoki oʻrta-maxsus) maʼlumotni nostrifikatsiyalash. Nostrifikatsiyalashning bir necha variantlari mavjud, bu haqida batafsil BU YERDA tanishing;

3)   Onlayn-ariza toʻldiring (Eslatib oʻtamiz, ayrim fakultetlar alohida oʻz ariza shakllariga ega). Onlayn ariza toʻldirish SHU YERDA;

4)   Roʻyxatdan oʻtish uchun badal toʻlash. Odatda 30-50 dollar xarajat qilish kerak boʻladi;

5)   Arizani chop eting, imzo cheking, mos keluvchi oʻqituvchini aniqlang va quyidagi hujjatlar bilan joʻnating:

  • Attestat, kollej, litsey, bakalavr yoki magistr diplomi;
  • Baholar yozilgan ilova;
  • Har ikkala hujjatning chex tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan nusxasi;
  • Maʼlumotingiz darajasi Chexiyada qabul qilingan maʼlumot darajasiga mosligi haqida hujjat (nostrifikatsiya qilingan attestat yoki diplom);
  • Roʻyxatdan oʻtish uchun aʼzolik badalini toʻlaganligingiz haqidagi kvitansiya.

*Dedlayn: chex tilidagi bakalavr va magistr dasturlari uchun odatda qishning oxiri va bahor oylarida (buni universitetdan aniqlashtirish kerak, masalan, Karlov universitetida 28 fevral yoki 31 mart. Ingliz tili dasturlar dedlayni: SHU YERDA); chex tildagi doktorantura uchun bahorning oxiri yozning boshlarida (Karlov universiteti doktoranturasi 30 aprel. Ingliz tilidagi doktorantura dasturlar dedlayni: SHU YERDA).

*Topshiriladigan hujjatlarni tanlagan universitetingizdan aniqlashtiring.

Kirish imtihonlari:

Hujjat topshirish kabi, imtihonlar ham farqli. Tekin oʻqishni istagan chet ellik, jumladan oʻzbekistonlik abituriyentlar uchun albatta, chex tili imtihoni majburiy. Barcha imtihonlar Siz tanlagan tilda (ingliz, chex, nemis va h.k) topshiriladi. Odatda imtihonlar may-iyun oylarida boʻlib oʻtadi. *Imtihonlarni tanlagan universitetingizdan aniqlashtiring.

Stipendiya bormi?

Chexiya davlati barcha talabalar uchun stipendiyalar dasturlarini koʻzda tutgan. Lekin bu talabalarning qaysi davlat vakili ekanligiga qarab, farq qilishi mumkin:

  • Doktorantlar uchun 4 yil yiliga 10500 dan 25000 kron (405-964 yevro) gacha stipendiya toʻlanadigan dasturlar: BATAFSIL;
  • Chexiya taʼlim, madaniyat va sport vazirligi tomonidan taqdim etilgan stipendiya dasturida rivojlanayotgan davlatlar talabalari ishtirok eta oladi (Oʻzbekiston kirmaydi);
  • Yevropa kontekstidagi sotsiologiya yoʻnalishida YES tomonidan iqtisodiyoti oʻtish davrida deb hisoblangan davlatlar talabalari uchun 4000 yevrolik stipendiya beruvchi dastur mavjud (oʻzbekistonlik talabalar ishtirok eta oladilar). Stipendiya haqida batafsil SHU YERDA tanishing;
  • FSV UK tomonidan 1 yilga beriladigan stpendiyalar: BATAFSIL;
  • Karlova universiteti Matematika va fizika fakultetining Informatsion texnologiyalar yoʻnalishlari uchun bakalavr va magistraturada oʻqiydigan talabalarga beradigan stipendiyasi: BATAFSIL;
  • Erasmus Mundus stipendiyalari: BATAFSIL.

*Chexiya universitetlarining har biri oʻz stipendiyalar dasturlarini ham taqdim etadi. Yuqoridagi maʼlumotlar Karlov universiteti misolida olindi.

Yashash va viza xarajatlari qancha?

2018 yil boʻyicha toʻplangan maʼlumotlarga koʻra:

Turar joy. Tanlangan joy, universitet, shahar (yotoqxona, ijaraga olingan xona yoki kvartira)ga qarab oyiga taxminan 10 000-12 000 krongacha (385.5-462.6 yevro) boʻlishi mumkin. Agar yotoqxonada yashasangiz, taxminan kamida 2 700 kron (104 yevro) dan boshlanadi. Oʻrtacha 4000 kron (154 yevro) Masalan, quyidagi shaharlarda yotoqxonalar mavjud:

  • Brno (yotoqxona) oyiga 2730 kron (105.24 yevro) va undan ortiq;
  • Praga (yotoqxona) oyiga 4500 kron (173.48 yevro) dan boshlab;
  • Liberes (yotoqxona) oyiga 4000 kron (154.20 yevro) dan boshlanadi.

Tibbiy sugʻurta. Yiliga kamida 4 900 krondan (181 yevro);

Oziq-ovqat. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (non, shakar, goʻsht, baliq, sut mahsulotlari, sabzavotlar, mevalar) uchun bir oylik xarajat kamida taxminan 3000 kron (115.65 yevro). Masalan, 100 kron (3.9 yevro)ga shoʻrva, quyuq ovqat va bir likopcha salat sotib olish mumkin. Oyiga umumiy oʻrtacha 5000 kron (193 yevro) sarflaysiz. Mahsulotlarni bozor yoki supermarketdan olish narxga taʼsir qiladi.

Transport. Talabalar uchun imtiyozdan foydalanganda, bir oyda 260 kronga (10 yevro)ga yoʻl chiptasi sotib olish mumkin. Buning uchun yoningizda talabalik bileti va universitet maʼlumotnomasi boʻlishi kerak.

Internet va telefon. Chex universitetlari hududida doimiy ravishda bepul WiFi ishlab turadi. Tekin telefon qoʻngʻiroqlari va universitetdan tashqari hududda foydalanish uchun taxminan 400-500 kron (15.4- 19.3 yevro) xarajat qilinadi. Talabalar uchun maxsus tariflar:

  • Vodafone oyiga 499 kron (19.2 yevro);
  • T-mobile oyiga 399 kron (15.3 yevro);
  • O2 oyiga 299 kron (11,6 yevro);

Madaniyat, sport va hk. Taxminan 1400 kron (53 yevro).

Demak, barcha xarajatlar uchun talaba oyiga oʻrtacha 11160 kron (430.23 yevro) sarflaydi.

*Maʼlumotlar 2018 yil uchun taxminan berilgan hamda valyuta kursi va muddatga qarab oʻzgarishi mumkin.

Viza xarajatlari. Viza haqida maʼlumotlar:

A) Chexiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy sayti;

B) Ichki ishlar vazirligining immigratsiya portalida joylashtirilgan.

Talabalar uchun vizani rasmiylashtirishga 2-3 oy vaqt ketishi mumkin. Uzoq muddatli viza 3 oydan 1 yilgacha beriladi. Bunda talabadan bank hisob raqamida kamida 4000 yevro (18 yoshga toʻlmaganlar uchun ota-ona yoki vasiy shaxs nomidagi hisob raqamda kamida 3000 yevro) boʻlishi talab etiladi. Viza xarajatlari taxminan 160-200 ni tashkil etadi. Zarur hujjatlar haqida: BATAFSIL.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!