×

Daniyadagi oliy taʼlim tizimi va “abadiy talabalar”


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

6239 marta

CHOP ETILGAN

09.01.2020

Maqola Salomov.uz telegram kanalidan olindi

Daniya – taʼlimga qaratiladigan eʼtibor darajasi boʻyicha dunyoda eng yuqori oʻrinlarda turadi. Eʼtiboringizga Daniya oliy taʼlimiga xos qiziqarli maʼlumotlarni havola qilamiz.

1. Daniya oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olish mahalliy aholi (daniyaliklar), Yevropa Ittifoqi va Yevropa Iqtisodiy Zonasiga kiruvchi mamlakatlar fuqarolari hamda Shveytsariya fuqarolari uchun butunlay tekin. Qolgan davlat fuqarolari uchun Daniya universitetlarida tahsil olish uchun universitet va yoʻnalishga qarab yiliga 6000 yevrodan 16000 yevrogacha kontrakt toʻlashi kerak boʻladi.

2. 18 yoshga toʻlgan har qanday Daniya fuqarosi oliy taʼlim olish uchun 6 yil davomida hukumatdan oyiga 930 AQSH dollarigacha (6,243 Daniya kronasi) stipendiya olish huquqiga ega. Oylik stipendiya miqdori talabaning ota-onasi bilan birga yashash-yashamasligi, oilaviy daromadi va shu kabi boshqa omillar asosida belgilanadi. Agar talaba oʻqishini belgilangan muddatdan tugata olmasa va qayta toshirish jarayonlari 6 oydan oshib ketsa, ushbu iqtisodiy yordamdan mahrum etiladi (2016-yilgacha 6 oydan keyin stipendiyani toʻxtatib qoʻyish sharti boʻlmagan).

3. Daniya hukumati norasmiy tarzda talabalarni mamlakat tabiiy boyliklarning bir qismi sifatida qabul qiladi. Shuningdek, mamlakatda talabalar yaxshiroq kelajak yaratish uchun eng yaxshi sarmoya turlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli, talabalar uchun tahsil olish sharoitlari anchagina yuqori darajada taʼminlangan va ular uchun koʻplab iqtisodiy yordam dasturlari mavjud.

4. Daniyada mahalliy aholi uchun oliy taʼlim bepulligi va yaxshigina stipendiya toʻlanishi natijasida “abadiy talabalar (evighedsstuderende)” vujudga kelgan. Ushbu atama oʻqishni bitirmasdan, yoʻnalishi yoki oʻqish dasturini oʻzgartirib yoxud imtihonlarni oʻz vaqtida topshirmay, oʻqish muddatini choʻzib yuradigan talabalarga nisbatan ishlatiladi.

Jumladan, talabalar oʻz bosqichini tugatish uchun kerakli boʻlgan muddatdan oʻrtacha bir yarim yil koʻproq universitetda oʻqishi aytib oʻtilgan. Bu holatni bartaraf qilish maqsadida Daniya hukumati 2015-yili “The Study Progress Reform” dasturini qabul qildi.

Dastur oliygohlarga kerakli kreditlarni toʻplash uchun fanlarga majburiy yozdirish va imtihonlarni majburiy ravishda vaqtida topshirtirish orqali oʻqishni bitirishni orqaga suruvchi “abadiy talabalar”ni tezroq bitirishini taʼminlash imkonini berdi. Hozirda talabalar oʻz bosqichini belgilangan muddatdan maksimal 1 yil (bosqichi va yoʻnalishiga qarab) orqada qolgan holda bitirishi mumkin, islohotga qadar bunday chegara mavjud emasdi.

Shuningdek, ushbu dasturga koʻra, agar talaba oʻqishini belgilangan muddatdan tugata olmasa va qayta toshirish jarayonlari 6 oydan oshib ketsa, oylik stipendiyadan mahrum etiladi.

Islohot oʻz navbatida “abadiy talabalar”ning universitetni tezroq bitirishiga hissa qoʻsha boshladi va 2017-yilda talabalarning bitirishdagi oʻrtacha kechikish koʻrsatkichi 6,7 oyni tashkil etdi (2014-yil bu koʻrsatkich 11,6 oyni tashkil qilgan). Ushbu oʻzgarishlarga qaramasdan, “abadiy talabalar” hali ham maʼlum darajada saqlanib qolayotganligi aytiladi.

Dastur oʻz navbatida oʻqishni tashlab ketish darajasini ham oshishiga sabab boʻlgan. Jumladan, Daniya universitetlarida oʻqishni tashlab ketish koʻrsatkichi 2014-2017-yillar oraligʻida 20% ga oʻsgan.

5. Daniyada bakalavriat bosqichi – 3 yil; magistratura bosqichi – 2 yil; doktorantura bosqichi – 3 yil davom etadi. Ayrim yoʻnalishlarda ushbu muddatlar farq qilishi mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!