×

Erasmus, Erasmus Mundus va Erasmus +: asosiy farqlar, kim uchun va qay biri afzal?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

7356 marta

CHOP ETILGAN

16.02.2019

Bugungi mavzumiz grant izlayotganda koʻpchilik duch keladigan savol boʻyicha: Erasmus, Erasmus Mundus va Erasmus + dasturlarining bir-biridan qanday farqi bor?

Asosiy farqlar

Bir qarashda bu dasturlarning hammasi bir xilga oʻxshab koʻrinadi: nomi: Erasmus, yaʼni, Erazm Rotterdamskiy sharafiga qoʻyilgan. Ammo farqlari anchagina.

Erasmus

ErasmusYevropa Ittifoqining notijorat almashuv dasturi. Talabalar va oʻqituvchilarning Yevropa Ittifoqiga kiradigan davlatlar hamda Islandiya, Lixtenshteyn, Makedoniya, Norvegiya, Turkiyadagi universitetlarda vaqtincha oʻqishlari va tajriba almashishlari uchun tashkil qilingan. Oʻqish va amaliyot oʻtash muddati 3 oydan 1 yilgacha.

Erasmus Yevropa Ittifoqining “Uzluksiz taʼlim – 2007-2013” dasturiga kiradi. Dasturning asosiy maqsadi – millatlar orasida madaniy aloqalarni, bagʻrikenglikni taʼminlash.

Erasmus dasturi ishtirokchilarga oʻqish pulini toʻlab beradi. Ayrim hollarda qatnashchilarga yashash xarajatlari uchun oʻrtacha hisobda 200-250 yevro stipendiya toʻlaydi.

Dasturda ishtirok etishni istagan nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  • kamida 2 yil oʻz yurtidagi universitetda oʻqigan boʻlishi kerak;
  • yaxshi baholarga (oʻrtadan yuqori) oʻqishi lozim;
  • oʻqishga borayotgan universitetda taʼlim oladigan tilni yaxshi bilishi talab qilinadi.

Erasmus Mundus

Erasmus Mundus alohida dastur hisoblanadi. Erasmus dasturidan asosiy farqi – bu dasturda deyarli butun dunyodagi universitet talabalari va oʻqituvchilar qatnashishlari mumkin. Dasturning maqsadi – Yevropa taʼlimini globallashtirish. Dastur bakalavr, magistratura, doktorantura bosqichlari talabalari va oʻqituvchilar uchun tashkil etilgan.

Erasmus Mundus quyidagi yoʻnalishlarda ish olib boradi:

  • Stipendiya beriladigan hamkorlikdagi magistrlik va doktorlik dasturlari.
  • Universitetlar oʻrtasidagi hamkorlik.
  • Yevropa oliy taʼlimiga qatnashchilarni jalb etish.

Dastur stipendiatlarga quyidagi imkoniyatlarni yaratib beradi:

  • Oʻqish puli toʻliq yoki qisman qoplanadi.
  • Tibbiy sugʻurta polisi puli beriladi.
  • Yashash xarajatlari toʻlab beriladi.
  • Borish-kelish aviachiptasini olib beriladi.

Erasmus +

Erasmus+Yevropa Komissiyasining 2014-2020-yillarga moʻljallangan taʼlim, oʻqitish va sport boʻyicha dasturi. Dastur ishtirokchilarga katta imkoniyatlar yaratib beradi.

Erasmus+da talabalar, oʻqituvchilar, yoshlar, volontyorlar va sport sohasida ishlaydigan kadrlar qatnasha oladilar.

Dasturda taʼlim sohasida ishlaydiganlar uchun Erasmus+ key action 1 granti bor. U maktablar, universitetlar rektor va direktorlari, boʻlim boshliqlari va boshqa xodimlarga Yevropa davlatlarida turli malaka oshirish, qayta tayyorlash kurslarida qatnashish imkonini yaratadi.

Albatta, qatnashchining barcha xarajatlari qoplanadi:

  • Kontrakt toʻlovi toʻliq qoplanadi.
  • Yoʻl xarajatlari.
  • Yashash sarflari.
  • Turar joy bilan taʼminlaydi.
  • Kunlik xarajatlar uchun stipendiya ajratadi.

Oʻxshash taraflari bormi?

Albatta, oʻxshash taraflar koʻp. Masalan:

  • barcha dasturlar talabalar va oʻqituvchilar uchun moʻljallangan;
  • oʻqish muddati belgilab berilgan;
  • kontrakt puli va boshqa xarajatlar toʻliq yoki qisman qoplanadi;
  • universitetlar oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyish vazifasini bajaradi;
  • dasturlar Yevropa taʼlimini dunyoga yoyishga xizmat qiladi.

Qaysi biri yaxshiroq?

Buni grantga ariza bermasdan oldin oʻylab koʻrish kerak. Dasturlarning talablari oʻxshash boʻlgani bilan, moliyalashtirishi turlicha. Shunga yarasha stipendiya miqdori ham.

Agar sizga Yevropa davlatlaridan birida bakalavr yoki magistratura bosqichini oʻqish imkonining oʻzi yetarli boʻlsa Erasmus qulay.

Balki siz Research Master yoki doktoranturada ilmiy izlanishlar olib bormoqchidirsiz. Buning uchun qoʻshimcha mablagʻ kerak boʻlsa, Erasmus Mundus yaxshiroq.

Siz taʼlim, sport, oʻqitish metodikasi boʻyicha oʻqish, tajriba almashishni xohlasangiz, volontyorlik bilan shugʻullansangiz va dunyo davlatlari tajribasini oʻrganmoqchi boʻlsangiz, sizga Erasmus+ koʻproq mos keladi. Umuman, Erasmus va Erasmus Mundusning hamma imkoniyatlari Erasmus+da bor.

Qanday hujjatlar topshiriladi?

Har uch holatda ham nomzod taxminan quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ariza;
  • CV;
  • pasport nusxasi;
  • diplom;
  • baholar;
  • esse;
  • motivatsion xat;
  • tavsiyanoma;
  • til sertifikati;
  • magistratura va doktoranturaga tadqiqot rejasi va loyihasi topshiriladi.

Hujjat topshirish jarayoni haqida toʻliq maʼlumot: SHU YERDA.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!