Grantlar.uz jamoasi AQSHning nufuzli Fulbright Student Program dasturi gʻolibi boʻlgan vatandoshimiz Abduaziz Isakulov bilan suhbat uyushtirdi. Suhbatda ushbu dastur, uning talablari, gʻolib boʻlish uchun eʼtibor qaratiladigan jihatlar va boshqa masalalar muhokama qilingan.
1. Assalomu alaykum, oʻzingizni qisqacha tanishtirsangiz.
Assalomu alaykum, ismim Abduaziz, hozirda Cardozo School of Law (Kardozo huquq maktabida) Juris Doctor darajasida tahsil olmoqdaman. 2017-yilda Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq yoʻnalishi boʻyicha bakalavr darajasini olganman. 2019-2020 yillarda Nyu-Yorkda Fordham University School of Law (Fordham Huquq Maktabida) LL.M (Mater of Laws in International Dispute Resolution) Xalqaro huquqiy nizolarni hal etish yoʻnalishida magistraturani Fulbright grant dasturi asosida tamomlaganman.
2. Fulbright Student Program oʻzi qanday dastur, biroz maʼlumot bera olasizmi?
Fulbright bu AQSH Davlat Departamentining almashinuv dasturlaridan biri boʻlib, dunyodagi 150 dan ortiq mamlakatlardan har yili faqatgina sanoqli isteʼdodli yoshlarni tanlab oluvchi va ularga AQSH oliygohlarida magistratura darajasini olish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlarni qoplab beruvchi grant dasturi hisoblanadi.
3. Dasturni qoʻlga kiritganlar qanday iqtisodiy imtiyozlarga ega boʻladi? Oilalilarga ham imkoniyatlar beriladimi?
Iqtisodiy imtiyozlar qatoriga magistraturaga kirish uchun topshiriladigan imtihonlar uchun toʻlovlar (TOEFL, GRE, GMAT), grant gʻolibining AQSH ga yetib borishi bilan bogʻliq boʻlgan transport xarajatlari, tegishli universitet kontrakt toʻlovlari, tanlov gʻolibining AQSH da yashash xarajatlarini qoplovchi oylik stipendiya, tibbiy sugʻurta xarajatlari, oʻqish uchun zarur boʻlgan adabiyotlarni sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun beriladigan moliyaviy koʻmak kabi imtiyozlarni kiritsa boʻladi.
Oilali dastur gʻoliblariga qoʻshimcha stipendiya berilmaydi, lekin tanlov gʻoliblarida oʻz oila aʼzolarini AQSH da moddiy taʼminlash uchun qoʻshimcha mablagʻ boʻlsa, elchixona tanlov gʻolibi oila aʼzolariga tegishli vizalarni olishda koʻmaklashadi.
4. Dastur talablari qanday?
Dasturning eng asosiy talabi tanlov ishtirokchilari bakalavr darajasini tamomlagan va kamida 2 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan nomzodlar boʻlishi kerak.
Nomzodning ingliz tilini qanchalik yaxshi bilishi va uning AQSH oʻqimoqchi boʻlgan sohasi uning oʻzi va Oʻzbekiston uchun qanchalik muhimligini yoritib beruvchi motivatsion inshosining sifati dasturda muvaffaqiyat qozonishning asosiy omillaridan biridir.
5. Dastur uchun qanday hujjatlar talab etiladi? Hujjat topshirish necha bosqichdan iborat?
Hujjat topshirish ikki bosqichdan iborat. Avvalo nomzodlar bakalavr diplomlari nusxalari, motivatsion insho va tegishli tavsiya xatlarini topshiradilar. Agar ushbu bosqichdan nomzod muvaffaqiyatli oʻtsa, keyin ikkinchi bosqichga – suhbatga chaqiriladi.
6. Dasturga ariza topshirishda baholarning oʻrni qanday?
Baholarning oʻrni juda muhim. Chunki AQSH dagi barcha universitetlar uchun nomzodning bakalavr davomida olgan baholari, nomzodni magistraturaga qabul qilishda ingliz tilini bilish darajasidan keyingi eng muhim omildir.
7. IELTS darajangiz qanaqa edi, grant yutishda til bilish darajasi qanchalik ahamiyatli? Sertifikat majburiymi?
Sertifikat hujjat topshirish jarayonida majburiy emas. Agar nomzod yuqorida taʼkidlangan ikki bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtsa, elchixona unga TOEFL topshirish bilan bogʻliq imtihon xarajatlarini qoplab, uni ushbu test imtihoniga roʻyxatdan oʻtkazishda koʻmak beradi. Nomzodlardagi mavjud IELTS va boshqa til sertifikatlari ularni TOEFL topshirishdan ozod qilmaydi. Shuning uchun men IELTS imtihoni emas, balki TOEFL imtihonini topshirganman va 103 ball toʻplaganman.
8. Motivatsion xat, tavsiyanoma va boshqa hujjatlar tayyorlashda nimaga koʻproq eʼtibor berish kerak. Shaxsiy maslahatlaringiz.
Avvalo nomzod oʻz sohasini yaxshi bilishi kerak. Ushbu sohada AQSHda qanday oliygohlar borligi va u yerda orttirilgan bilim va tajriba bilan oʻsha sohani Oʻzbekistonda qanday rivojlantirish mumkinligi haqida oʻziga yarasha taxminiy tasavvurga va rejalarga ega boʻlishi kerak.
9. Ish tajribasi talab etiladimi? Volontyorlik harakatlari hisobga olinadimi?
2 yillik toʻliq ish tajribasi talab etiladi. Volontyorlik harakatlari ish tajribasi sifatida qabul qilinmaydi.
10. Dasturga qabul qilinishda nima koʻproq muhim rol oʻynaydi deb hisoblaysiz?
Eng muhim omil bu nomzodning AQSHda taʼlim olishga boʻlgan va tegishli sohani Oʻzbekistonda rivojlanishiga hissa qoʻshishga boʻlgan xohish-motivatsiyasining mavjudligi va albatta til bilish darajasi.
11. Intervyu bosqichida nimalarga ahamiyat berish kerak, sizdan qanday savollar soʻralgan?
Asosan toʻplagan ish tajribam, kelajakdagi maqsadlarim, faoliyat yuritayotgan sohamdagi muammo va kamchiliklar, nega aynan AQSH yoki nega aynan AQSHdagi u yoki bu oliygohlarda taʼlim olishga boʻlgan xohishim kabi mavzularda savollar berilgan.
12. Ushbu grantni qoʻlga kiritmoqchi boʻlganlarga qanday maslahat bera olasiz?
Asosiy maslahatim bakalavr bosqichida baholarga eʼtibor bering, til oʻrganishda va uni takomillashtirishdan toʻxtamang va albatta oʻzingiz faoliyat yuritayotgan sohani yaxshilab oʻrganing.
13. Amerikada oʻqimoqchi boʻlganlarga boshqa qanday dasturlarni tavsiya qila olasiz? Qaysi universitetlarni tanlagani maʼqul?
Elchixona tomonidan har yili oʻtkaziladigan va bakalavr talabalari uchun moʻljallangan bir semestr davomida almashinuv dasturi asosida oʻqish uchun Global UGRAD dasturi mavjud.
Magistratura talabalari esa universitet tanlashda US News World Report, Times Higher Education, QS kab xalqaro reytinglar roʻyxatiga kirgan va ushbu reytinglarda yuqorida oʻrinlarni egallagan oliygohlarga hujjat topshirishlarini maslahat beraman.
14. Amerikada ishlash haqida ayta olasizmi, ayniqsa huquq sohasida, qanchagacha oylik topish mumkin?
Fulbright dasturi asosida magistraturani tugatganingizdan soʻng, agarda siz oʻz sohangiz boʻyicha AQSHda ish topsangiz, dastur sizga maksimal 18 oy davomida ish tajribasi toʻplash maqsadida AQSHda ishlash imkoniyatini beradi.
Huquq sohasidagi oyliklarga keladigan boʻlsak, AQSHdagi yosh huquqshunoslarning daromadi ularning huquq sohasida tanlagan yoʻnalishi, davlat tashkiloti, xususiy sektor yoki nodavlat-notijorat tashkilotlarda ishlashiga qarab keskin farq qiladi. Misol uchun ayrim huquqshunoslar oʻqishni bitirib, oʻz faoliyatlarini nodavlat-notijorat tashkilotlarda yillik 50-60 ming AQSH dollarlik daromaddan boshlashsa, xususiy sektordagi ayrim yuridik firmalarda yosh huquqshunoslarning birinchi yillik daromadi hozirgi kunda 215 ming AQSH dollarigacha yetishi mumkin.
15. Dasturni tugallagandan soʻng oʻz yurtiga qaytish va kamida 2 yil ishlash kerak deyiladi, bu qanchalik toʻgʻri va dasturni tugallab AQSHda qolish mumkinmi?
Bu dasturning eng asosiy shartlaridan biri, dastur tamomlanganidan soʻng, tanlov gʻolibidan Oʻzbekistonga eng kamida 2 yilga qaytishi va oʻz sohasida faoliyat yuritishi va soha rivojiga AQSHda olgan bilimlarini qoʻllab hissa qoʻshishi kutiladi.
Abdulaziz Isakulov bilan boʻlgan video suhbatni BU YERDA koʻrishingiz mumkin.
Mazmunli suhbat uchun Abduaziz akaga minnatdorchilik bildiramiz va kelgusi ishlarida omad tilaymiz.