×

Germaniyada 1 semestr oʻqish imkoniyatini beruvchi IES grantini yutib olgan talaba bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

14634 marta

CHOP ETILGAN

04.06.2021

Eslatma: Bu suhbat 2021-yilda qilingan. Suhbatda keltirilgan faktlar, raqamlar, talablar va boshqalar IES dasturining keyingi yillardagi qabulida oʻzgarishi mumkinligini hisobga oling.

1. Assalomu alaykum. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.

Assalomu alaykum, men Umrbek Ibragimov Xorazm viloyati, Yangiariq tumani Tagan qishlogʻidanman. Oddiy oʻzbek oilasida ulgʻayganman. Ota-onam doimo biz, farzandlarning, taʼlim olishimiz va tarbiyamizga alohida eʼtibor berganlar. Qishlogʻimiz garchi kichik boʻlsa-da, oʻziga xos tarixga ega. Yoshlikdan qishlogʻimiz va umuman Xorazm tarixiga oid turli voqealarni insonlardan eshitib tarixga qiziqishim uygʻongan. Shu qiziqishlarim meni Urganch davlat universiteti Tarix fakultetiga yoʻllagan va bugungi kunda shu oliygoh talabasi hisoblanaman. Oliygohimizda taʼlim olish va ilmiy izlanish uchun juda yaxshi muhit yaratilgan. Bu muhitni koʻrgan holda men ham 1-kursdaligimdayoq ilmiy izlanishlarimni boshlab yuborganman. Bunda menga oʻqituvchilarimiz Q. Masharipov va O.Matqurbonovlar yordam berganlar, ular yordami bilan hozirda “Qadimgi Xorazm tili, yozuvi va shu tildagi hujjatlar” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqdaman.

Copernicus IES dasturiga 2020-yil hujjat topshirib gʻolib boʻlganman va hozirda 6 oylik muddatga Berlindagi Berlin ozod universitetida Turkiy xalqlar tarixi va madaniyati yoʻnalishida taʼlim olib kelmoqdaman.

2. IES dasturi qanday dastur, biroz maʼlumot bera olasizmi?

International Excellence Scholarship (IES) dasturi Copernicus Berlin tashkiloti tomonidan tashkillashtirilgan Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkazlik talabalarga 6 oy Berlinda oʻqish imkonini beruvchi dastur boʻlib, barcha yoʻnalishlardagi bakalavr, magistratura va doktorantura talabalari uchun moʻljallangan. Qabul qilingan ishtirokchilar Freie Universität Berlin (FU Berlin), Humboldt-Universität zu Berlin (HU Berlin) yoki Universität Potsdam universitetlaridan birida oʻqish imkoniga ega boʻladilar. Dasturda nemis yoki ingliz tilida qatnashish mumkin.

Dastur vaqtida ishtirokchi biror kompaniya yoki muassasada 8 haftalik amaliyot oʻtashi talab etiladi. Amaliyot joyini ishtirokchining oʻzi topadi, ammo bunda almashinuv dasturi tashkilotchilari yordam beradi.

Ushbu dasturi davomida talabalar mahalliy nemis oilalariga joylashtiriladi. Ular Berlindagi nemis oilalarining yashash tarzi, madaniyati guvohi boʻlish va muloqot qilish imkoniga ega boʻladilar. Bu albatta talabalarning nemis jamiyatiga integratsiyasini ham osonlashtiradi. Zaruriy hollarda talabalar yotoqxonasidan ham joy ajratilishi mumkin

3. Dasturni qoʻlga kiritgan qanday iqtisodiy imtiyozlar bilan taʼminlanadi?

Dasturda 2 xil stipendiya mavjud. Bular toʻliq va qisman iqtisodiy qoʻllab quvvatlashni nazarda tutadi.

Toʻliq stipendiya quyidagi imtiyozlarni beradi:

  • Bepul turar joy;
  • Kunlik xarajatlar uchun stipendiya;
  • Berlinga yetib kelganda beriladigan bir martalik “Kutib olish paketi” (50 yevro atrofida pul, shuningdek Berlinga kelgan ilk kunlarda kerak boʻladigan ilk zaruriy narsalar);
  • Darsliklar, kerakli materiallar va kerakli barcha boshqa zaruriy ashyolar uchun mablagʻ;
  • Viza, sug’urta va yo’l xarajatlari, shuningdek, Berlindagi 1 semestr uchun kontrakt xarajatlari qoplab beriladi.

Qisman taʼminot stipendiyasi:

Bunda yuqoridagilardan yoʻl va oylik sugʻurta xarajatlari qoplab berilmaydi.

4. Dasturda qatnashish uchun nomzodga qoʻyilgan talablar nimalardan iborat edi?

Talablar quyidagicha:

  • Nomzod bakalavr, magistratura yoki doktorantura kursi talabasi boʻlishi kerak. Barcha yoʻnalish talabalari hujjat topshirishlari mumkin.
  • Nomzod nemis tilini kamida B1 darajasida bilishi yoki ingliz tilini B2 darajada bilishi lozim.
  • Hujjat topshirish vaqtida nomzodning yoshi 28 dan oshmagan boʻlishi kerak.
  • Nomzod ijtimoiy faol boʻlishi kerak.

5. Dastur uchun qanday hujjatlarni topshirish talab etiladi?

  • Jadval koʻrinishidagi tarjimai hol (CV).
  • Universitetdagi baholardan koʻchirma va uning tarjimasi.
  • Maktab attestati aslidan koʻchirma va uning tarjimasi.

Hujjatlar tarjimasini rasmiy tarjimon qilishi shart emas. Uni oʻzingiz qilsangiz ham boʻladi. Til sertifikati talab etilmaydi.

Qolaversa, portaldagi quyidagi savollarga ham javob yozish kerak boʻladi: “Grant dasturi orqali qaysi maqsadlarga erishmoqchisiz”, “Nima sababdan shu taʼlim yoʻnalishini tanladingiz”, “Qanday chet el koʻnikmalariga egasiz”, shuningdek ism-familiya kabi oddiy savollar.

6. Dasturga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz oʻrtachasi necha ball edi? Dasturda gʻolib boʻlish uchun baholar qanchalik ahamiyatli?

Dasturda baholarga kam eʼtibor beriladi, balki ijtimoiy faollik yoki aniq maqsad sari intilishni koʻrsatib bera olish undan-da koʻproq rol oʻynaydi. Men hujjat topshirgan vaqtimda baholar daftarchamda oʻrtacha baholarim 100 ballik sistemada 86,5 ga teng edi.

7. Til bilish darajangiz-chi? Til sertifikatidan necha ballingiz boʻlgan? Til bilish darajasi dasturga qabul qilinish uchun qanchalik ahamiyatli deb oʻylaysiz?

Talabgorlar nemis yoki ingliz tilida oʻz fikrlarini yaxshi ifodalay va tushuna olishlari kerak, chunki ular dastur davomida nemis oilasida yashashi va oliygoh darslarida qatnashib, yaxshi baholar ola bilishi kerak. Albatta undan oldin intervyuda ham til koʻnikmasi sinovdan oʻtiriladi. Men Copernicusʼga topshirmasdan oldin DAAD HSK dasturida ham qatnashgan edim va undan nemis tili B1.2 kursining maʼlumotnomasiga ega edim. Copernicusʼga ham ushbu maʼlumotnomani taqdim etganman.

8. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz, qanday?

Aslida Copernicus haqida 2018-yilda eshitganman. Ammo dastur haqida kamchilik bilgani uchun 2 yil davomida maʼlumot yigʻganman, biroq hujjat topshirish niyati deyarli menda boʻlmagan, chunki u paytlari dastur talablari qiyin edi. Menda esa oʻtishimga boʻlgan ishonch juda past edi. Lekin 2020-yil yanvar oyidan boshlab urinib koʻrishga qaror qildim va rasman hujjat tayyorlab boshladim. Bunda eng avvalo dasturga hujjat topshirib, muvaffaqiyatsizlikka uchragan talabalar bilan aloqa bogʻlab, ularning qilgan xatolarini qilmaslikka harakat qildim. Asosiysi oʻz maqsadimni aniq qilib koʻrsatishga eʼtibor berdim. Hujjatlar tayyorlashda oʻqituvchilarimning yordami katta boʻldi. Intervyu bosqichidan oldin doʻstim bilan taxminiy savollar asosida savol-javob qilib koʻrganmiz. Uchinchi topshiriqlar bosqichida har bir topshiriqni tez, ammo sifatli qilib bajarishga eʼtibor qaratganman.

9. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Dasturga qabul qilinish uchun 3 bosqichli saralashdan oʻtish lozim boʻladi. Birinchi bosqichda 5-savolda sanalgan hujjatlarni CopernicusBerlinning onlayn portaliga joylash talab etiladi (https://www.copernicusberlin.de/ies).

CopernicusBerlin hujjat topshiruvchilardan nemis tilini B1 yoki ingliz tilini B2 darajada bilishni talab etadi, ammo til sertifikatini taqdim qilishni talab etmaydi. Zarur hollarda nomzodning til koʻnikmasi intervyu orqali tekshiriladi.

Ushbu bosqichdan oʻtganlar intervyuga taklif etiladi. Intervyuda oʻzingiz, maqsadlaringiz, qiziqishlaringiz haqida savollar beriladi. Intervyu 15-20 daqiqa davom etadi.

Intervyu bosqichidan oʻtgandan soʻng eng uzoq va qiyin 3-bosqich yaʼni topshiriqlarni bajarish bosqichi keladi. Bu bosqichda sizga oʻz sohangiz va qiziqishlaringizdan kelib chiqib bir qancha topshiriqlar beriladi. Masalan menga berilgan bir topshiriqda, Xorazm haqida boʻlgan, ammo nemislarga ham qiziq boʻlishi lozim boʻlgan 5 ta tarixiy voqea haqida matn tayyorlash topshirilgan.

Yuqoridagi 3 bosqichli saralash tizimidan sogʻ-omon oʻtib olganlar gʻolib sanaladilar. Ammo bu ogʻir va uzoq davom etuvchi jarayondir.

10. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Dastur talabgorlardan koʻp ham hujjat soʻramaydi, ammo shu uchta hujjatni tayyorlashda ham xatosiz va tushunarli qilishga harakat qilish lozim. Shuningdek tarjimayi holni qisqa va loʻnda qilgan maʼqul.

11. Nima deb oʻylaysiz, gʻoliblik uchun eng muhim boʻlgan hujjatlar qaysilar?

Copernicusʼda saylash 3 bosqichda amalga oshirilar ekan, gʻoliblikni baholar yoki til sertifikati emas, balki saralash bosqichlarida oʻz qiziqishi va ijtimoiy faolligini koʻrsata olishi asosiy oʻrinda turadi.

12. Stipendiya sohibi boʻlishingizga sababchi boʻlgan asosiy omillar nimalar deb hisoblaysiz.

Yuqorida koʻp marotaba takrorlaganim kabi, mening ham gʻolib boʻlishimda aniq maqsadimni koʻrsata olganim asosiy rol oʻynadi deb bilaman. Ilmiy ish mavzum Qadimgi Xorazm tili bilan bogʻliq boʻlib, bu til asosan nemis olimlari tomonidan oʻrganilgan. Men esa grant dasturda qatnashish maqsadim sifatida shu mavzuni Germaniyada chuqurroq oʻrganmoqchiligim, ilmiy adabiyotlarni tarjima qilmoqchiligim va oʻzbek va nemis tarixchilari oʻrtasida aloqalarni kuchaytirmoqchiligim haqida yozgan edim. Intervyu bosqichida maqsadimni yana-da yaxshiroq tushuntirdim va uchinchi bosqichda berilgan topshiriqni iloji boricha tezroq bitkazishga harakat qildim.

13. Ushbu dasturni qoʻlga kiritmoqchi boʻlganlarga nimalarni va qanday tayyorgarlik koʻrib qoʻyishni tavsiya qilgan boʻlardingiz?

Oʻylaymanki, bu dasturga hujjat topshirishdan oldin, talabgorlar, eng avvalo, oʻz oldilariga qoʻygan maqsadlarini aniqlashtirib olishlari lozim. Aniq maqsadni koʻrsata olish gʻoliblik sari yetaklaydi.

14. Dasturga qatnashish imkoniyatiga ega boʻlganlar Germaniyaga borishdan oldin qanday hozirlik koʻrishi kerak? Borishda nimalarni olib borishni tavsiya qilasiz?

Allohning inoyati bilan gʻolib boʻlgan talabalar Germaniyaga milliy suvenirlar yoki kiyimlardan olib borishsa yaxshi boʻladi. Qolaversa biror milliy taomimizni pishirishni oʻrgansinlar. Chunki dastur davomida “madaniyatlar kechasi” oʻtkaziladi, unda har bir davlat vakili oʻz madaniyatini koʻrsatishi va milliy taomini pishirishi lozim boʻladi. Shuningdek, boradigan vaqtiga qarab zaruriy kiyim-kechaklarni, jumladan, issiq kiyimlarni olib borishlari ham kerak. Sababi Berlinda havo sovuq boʻladi, kiyim-kechaklar esa qimmat, tashkilot beradigan oylik stipendiya bunga yetmasligi mumkin.

Grantlar.uz: Mazmunli suhbat va ajratgan vaqtingiz uchun tashakkur.

Umrbek: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.

Ushbu dastur haqidagi maqolani BU YERDA oʻqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!