×

International Excellence Scholarship Program (IES): barcha yo’nalish va bosqich talabalari uchun Germaniyada almashinuv dasturi – xarajatlar qoplanadi!


Grant

MUHLAT

30.12.2023

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Germaniya

O'QILGAN

71720 marta

International Excellence Scholarship Program (IES) dasturi Markaziy Osiyo, Kavkaz, Sharqiy va Janubi-sharqiy Yevropada joylashgan davlatlarida joylashgan oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan bakalavriat, magistratura va doktorantura (PhD) talabalariga Berlinda 1 semestr (6 oy) davomida tahsil olish va malaka oshirish imkonini beradi. Ushbu talaba almashinuv dasturida istalgan yoʻnalish boʻyicha tahsil olayotgan talabalar qatnashishi mumkin.

Dasturga qabul qilingan talabalar Germaniyaning eng yaxshi universitetlarida (HU BerlinFU Berlin, HWR Berlin, University of Potsdam) tahsil oladi.

Dastur vaqtida ishtirokchi biror kompaniya yoki muassasada 8 haftalik amaliyot o’tashi talab etiladi. Amaliyot joyini ishtirokchining o’zi topadi, ammo bunda almashinuv dasturi tashkilotchilari yordam beradi. Dasturda nemis yoki ingliz tilida qatnashish mumkin.

Ishtirokchilar alohida kvratira bilan taʼminalandi, bu kvartiralar dars stoli, shkaf va internet aloqasi bilan jihozlangan boʻladi.

Dasturga arizalar har yili 2 marta (yozgi va qishki semestr uchun) qabul qilinadi.

Grant kimlar uchun?

Talabalar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dasturda 3 xil stipendiya mavjud. Bular toʻliq va qisman iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.

1. Toʻliq stipendiya quyidagi imtiyozlarni beradi:

  • Kutib olish paketi beriladi (350 yevro).
  • Choʻntak puli beriladi (umumiy qiymai 1200 yevro).
  • Tibbiy sugʻurta xarajatlari qoplanadi.
  • Bepul turar joy taʼminlanadi.
  • 1 semestr oʻqish haqi toʻlab beriladi.
  • Til kursi, fuqarolik javobgraligi sugʻurtasi, taʼlimga oid safarlar, madaniy va boshqa tadbirlar xarajatlari qoplanadi.

2. Qisman taʼminot stipendiyasi plus:

Bunda yuqoridagilardan tibbiy sugʻurta xarajatlari qoplab berilmaydi. Qolganlari qoplanadi.

3. Qisman taʼminot stipendiyasi:

Tibbiy sugʻurta va 2 oylik turar joy xarajatlari qoplab berilmaydi (turar joy uchun 1650 yevro toʻlash lozim). Qolganlari qoplanadi.

Eslatma: Qanday turdagi grant yutishingizdan qat’i nazar, yo’l (borish-kelish) xarajatlarini o’zingiz qoplashingiz kerak.

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagilardan iborat:

  • Belgilangan davlatlardan biridagi oliy taʼlim muassasasida bakalavriat, magistratura yoki doktoranturada tahsil olayotgan boʻlish lozim (belgilangan davlatlar roʻyxatida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston ham bor).
  • Istalgan yoʻnalish boʻyicha tahsil olayotgan talabalar hujjat topshirishlari mumkin.
  • Dastur boshlanganida nomzod bakalavriat, magistrtatura yoki doktorantura talabasi boʻlishi kerak.
  • Nemis tilini kamida B1 yoki ingliz tilini kamida B1 darajasida bilishi kerak. Bunda til sertifikatini topshirish majburiy emas, nomzod hujjat topshirish bosqichidan o’tsa, uning til bilish darajasi suhbat jarayonida aniqlanadi.
  • Dasturning boshlanish vaqtida (Germaniyaga borish vaqtida) nomzodning yoshi 28 dan oshmagan bo’lishi kerak.

Dasturga qabul jarayoni:

Dasturga yilda ikki marta – 1-oktyabrdan 30-dekabrgacha (keyingi yil qishki semestr uchun) hamda 1-apreldan 30-iyungacha (keyingi yil yozgi semestr uchun) qabul bo’ladi.  Arizalar bu yerda qabul qilinadi. Ariza va boshqa hujjatlar ingliz yoki nemis tilida bo’lishi kerak.

Dasturga qabul 3 bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqich: hujjat topshirish. Bunda onlayn arizani toʻldirish va quyidagi hujjatlarni topshirish kerak boʻladi:

  • CV. CV 1 betdan oshib ketmasligi va unda rasm ham boʻlishi kerak (ingliz yoki nemis tilida tayyorlanishi kerak).
  • Original tilda universitet baholari. Barcha tamomlangan semestrlarda oʻtilgan fanlar va ularning baholari kerak boʻladi. Birinchi semestrda oʻqiyotganlar universitet baholari oʻrniga universitetga qabul qilinganlik haqida maʼlumotnoma va maktab baholari (attestat, 10-11-sinf baholari) yoki kollej/litsey baholarini original tilda yuklaydi.

Yuqoridagi hujjatlar BU YERDA onlayn tarzda har yili 1-oktyabrdan 30-dekabrgacha yoki 1-apreldan 30-iyungacha qabul qilinadi.

2-bosqich: vazifa bajarish. Bunda birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarga vazifa beriladi. Nomzodlar shu vazifani bajarishi kerak boʻladi.

3-bosqich: suhbat. Ikkinchi bosqichdan oʻtganlar onlayn orqali suhbatga taklif etiladi. Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtganlar dasturga qabul qilingan hisoblanadi. 3-bosqich natijalari odatda 5 oy ichida eʼlon qilinadi. Gʻoliblar keyingi yili Germaniyaga joʻnab ketadi.

Hozirda ushbu dasturga arizalar qabul qilinmoqda va bu qabulning oxirgi sanasi – 2023-yil 30-dekabr.

MUHIM: Ariza topshirishni boshlashdan oldin dasturning rasmiy saytidagi maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.

Savollar yuzasidan info@copernicusberlin.de manziliga ingliz yoki nemis tilida murojaat qilishingiz mumkin.

Mazkur dasturni yutib olgan oʻzbek talaba bilan qilingan suhbatni BU YERDA oʻqishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!