×

Germaniyada FSJ dasturi boʻyicha tibbiyot sohasida amaliyot oʻtagan va hozirda Germaniyada shifokor boʻlib ishlayotgan hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

15842 marta

CHOP ETILGAN

25.02.2021

  1. Assalomu alaykum, Hamidullo. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.

Assalomu alaykum. Ismim Hamidullo Halilov. Yoshim 26 da. Andijonlikman. 34-maktab, Andijon davlat tibbiyot instituti qoshidagi 1-akademik litsey va Andijon davlat tibbiyot institutini bitirganman. Chet tillaridan rus, nemis va turk tillarida soʻzlashaman.

Institutni 2019-yili tamomladim va shu yili dekabr oyigacha Oʻzbekistonda poliklinikada ishladim. Shu vaqt oraligʻida Germaniyaning FSJ dasturiga hujjatlarimni tayyorlab, joʻnatdim. Shuningdek, Andijonda Berlin Zentrum oʻquv markazida nemis tilini ham oʻrgandim va Toshkentdagi Gyote institutida til imtihoni topshirib, nemis tilidan B2 sertifikatini oldim.

Germaniyaga esa 2019-yilning dekabrida keldim va FSJ dasturi boʻyicha Hessen oʻlkasi, Vesertal shaharchasida joylashgan Klinik und Rehazentrum Lippoldsberg klinikasida hamshira yordamchisi sifatida amaliyot oʻtadim. Amaliyotdan keyin to hozirgacha Germaniyada – Bavariya oʻlkasi, Amberg shahri, Klinikum St Marien klinikasida nevrologiya sohasida shifokor boʻlib ishlayapman.

  1. FSJ dasturi orqali Germaniyaga tibbiyot sohasida ishlash uchun kelgan ekansiz. Bu qanday dastur, umumiy maʼlumot bera olasizmi?

FSJ (Freiwilliges Soziales Jahr – koʻngilli ijtimoiy yil) – 17-27 yoshlilar uchun Germaniyada 6 oydan 18 oygacha (ayrim hollarda 24 oygacha boʻlishi mumkin) koʻngilli (volontyor) sifatida faoliyat yuritish imkonini beruvchi ijtimoiy taʼlim dasturidir. Shaxsan mening amaliyot dasturim 7 oy davom etgan.

Bunda koʻngillilar oʻzlari faoliyat yuritayotgan muassasa tomonidan tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida oʻqiydi va shu bilan birga, oʻziga yuklatilgan koʻngillilik ishlarini ham bajaradi.

Shu bilan birga, til bilimini amaliyot yordamida oshirish, nemis madaniyati bilan tanishish va seminarlarda boshqa yurtlardan kelgan FSJ amaliyotchilari bilan doʻstlashish hamda fikr almashish imkoniyati ham boʻladi.

Mazkur dastur boʻyicha butun dunyodan har yili oʻrtacha 50 ming nafar amaliyotchi qabul qilinadi. Masalan, 2019-yili FSJ dasturiga jami 54 478 nafar amaliyotchi qabul qilingan.

  1. Mazkur dasturda amaliyotchilarni moddiy taʼminlash qay tarzda amalga oshiriladi?

FSJ amaliyotchilari quyidagi moddiy ragʻbatlar bilan taʼminlanadi:

  • Amaliyotchilarga odatda oyiga oʻrtacha hisobda 330-400 yevro choʻntak puli beriladi. Lekin choʻntak puli miqdori amaliyot joyiga qarab farq qilishi mumkin. Masalan, men oyiga 400 yevro choʻntak puli olganman.
  • Amaliyotchi bepul turar joy va 3 mahal ovqat bilan taʼminlanadi. Ayrim yerlarda turar joy va ovqat bilan taʼminlanmasligi mumkin, bunda mazkur xarajatlarni qoplash uchun choʻntak pulidan tashqari oyiga yana qoʻshimcha 100-200 yevro beriladi.
  • Amaliyot muassasasi amaliyotchining ijtimoiy sugʻurtasi xarajatlarini qoplab beradi.
  • Amaliyot davomida 4-5 marta tabiat qoʻynida yoki kattaroq shaharlarda seminarlar uyushtiriladi va ularga borib kelish xarajatlari ham qoplab beriladi.
  • Shuningdek, amaliyot yakunlanganda amaliyotchi amaliyot joyidan yozma tavsiyanoma olishi mumkin.

Lekin Germaniyaga kelish va ketish xarajatlarini amaliyotchining oʻzi qoplashi kerak.

  1. Beriladigan choʻntak puli amaliyot davrida Germaniyada yashash xarajatlarini toʻliq qoplashga yetadimi?

Ha, beriladigan choʻntak puli amaliyot davrida yashash uchun yetarli. Albatta, qayerda amaliyot oʻtayotganingizga qarab yashash xarajatlari bir oz farq qilishi mumkin, lekin Germaniyaning istalgan yerida beriladigan choʻntak pulini yetkazsa boʻladi, menimcha.

  1. FSJ dasturida faqat tibbiyot boʻyicha qatnashish mumkinmi yoki boshqa sohalar ham bormi? Bor boʻlsa, qaysilar?

FSJ amaliyotchilarining koʻpchiligi tibbiyot sohasi boʻyicha keladi. Lekin tibbiyotga yondosh boʻlgan boshqa sohalar ham mavjud. Jumladan, amaliyotchilar quyidagi sohalarda faoliyat yuritishi mumkin:

  • klinikalarda hamshira yordamchisi sifatida;
  • qariyalar uyida qariyalarga qarovchilarga yordamchi sifatida;
  • nogironlar shaxslar parvarishi muassasalarida qarovchilarga yordamchi sifatida;
  • muzeyda xodimlarga yordamchi sifatida;
  • tibbiy va qutqaruv xizmati xodimlariga yordamchi sifatida;
  • bolalar bogʻchasida yordamchi sifatida;
  • madaniy yoki sport muassasalaridagi xodimlarga yordamchi sifatida va shunga oʻxshash ijtimoiy sohalar.

Qayerlarda amaliyot oʻtash mumkinligi haqida MANA BU YERDA batafsilroq tanishishingiz mumkin.

  1. FSJ dasturida qatnashish talablari nimalardan iborat?

Talablar juda oddiy. Nomzod FSJ dasturida qatnashish uchun quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  • 17-27 yosh oraligʻida boʻlish;
  • darajasidan qatʼi nazar, qaysidir taʼlim muassasasini (maktab, litsey, kollej, universitet yoki institutni) bitirganlik;
  • nemis tilini kamida A1 darajada bilish.

Aslida nemis tilini kamida A1 darajada bilish darajasi viza olish uchun kerak. Muassasaning oʻzi bunday talabni qoʻyishi ham, qoʻymasligi ham mumkin. Baʼzi muassasalar darajangizni bilish uchun onlayn suhbat qilishi mumkin.

Men har bir klinikaga ariza topshirganimda hujjatlar bilan birga nemis tili boʻyicha B2 til sertifikatimni ham joʻnatganman (aslida til sertifikati boʻlishi va uni yuborish majburiy emas). Agar nemis tili sertifikatingiz boʻlsa, soʻralmagan boʻlsa ham yuborganingiz yaxshi, deb oʻylayman. Chunki arizani qabul qiluvchilar tilni qanchalik bilishingiz haqida tasavvurga ega boʻladi. Men bilan onlayn suhbat ham qilishmagan, hujjatlarim asosida qabul qilishgan. Suhbat qilinmaganining sababi ham til sertifikatimning borligi boʻlsa kerak.

  1. Dasturga arizalar qachon qabul qilinadi va qanday hujjatlarni topshirish talab etiladi?

Dasturga 12 oy mobaynida hujjat tayyorlab joʻnatsa boʻladi. Lekin aksar klinikalar va boshqa muassasalarda amaliyot sentabr yoki oktabr oyidan boshlanadi.

Topshirilishi kerak boʻlgan hujjatlar quyidagilar:

  • shahodatnoma/diplom (oʻzbek va nemis tillarida);
  • pasportning elektron varianti;
  • motivatsion xat (nemis tilida);
  • CV /rezyume (nemis tilida);
  • til sertifikati (baʼzida sertifikat oʻrniga onlayn suhbat qilinadi).
  1. Motivatsiya xatida nimalar yozilishi kerak?

Motivatsiya xatida FSJ amaliyotini oʻtashni nega xohlashingiz, nega aynan shu soha va muassasani tanlaganingiz ochib berilishi kerak. Shuningdek, FSJ dasturiga bir oz bogʻlangan holda maqsad va rejalaringizni ham kiritishingiz mumkin.

  1. Hujjat topshirish jarayoni qay tartibda boʻladi? Hujjatlar qanday va qayerga topshiriladi?

Muassasalar hujjatlarni ikki xil usulda qabul qiladi:

  1. Baʼzi muassasalarning saytida onlayn ariza shakli bor va shu ariza toʻldirilib, kerakli hujjatlar ham xuddi shu ariza shakliga yuklanadi.
  2. Baʼzi muassasalarning saytida onlayn ariza shakli boʻlmaydi. Bunda ularning saytida PDF shaklidagi ariza shakli boʻlishi mumkin. Shu arizani yuklab olib, kerakli hujjatlar bilan muassasaning tegishli elektron pochtasiga yuborishingiz kerak boʻladi. Agar ariza shaklini topa olmasangiz, FSJ dasturiga topshirmoqchi ekaningizni, hujjatlarni qanday topshirish kerakligini soʻrab elektron pochta orqali xabar yozishingiz mumkin (nemis tilida). Shunda sizga ariza shaklini yuborishadi.

Lekin FSJ dasturiga qabul qiluvchi muassasalarni topish olish jarayoni ham bor. Keling, shu jarayonni koʻrib chiqamiz.

Oʻzingiz mustaqil hujjat topshirayotganda internet bilan (Google bilan) ishlashni va nemis yoki ingliz tilini bilishingiz kerak boʻladi. Agar bularni yetarli darajada bilmasangiz, internet va qidiruvni yaxshi tushunadigan hamda nemis yoki ingliz tilini biladigan tanishingiz bilan birga qilishingiz kerak boʻladi.

Dastlab, Google.com saytiga topshirmoqchi boʻlgan yilingizni yozasiz. Masalan, “FSJ agencies Germany 2021” yoki shunga oʻxshash. Bu yerda inglizcha keltirildi, lekin nemischa yozib izlasangiz (FSJ Agenturen Deutschland 2021), topish osonroq va maʼlumot koʻproq boʻladi.

Shu kabi yozib qidirganingizda FSJ dasturiga topshirish mumkin boʻlgan koʻplab saytlar chiqib keladi. Masalan, yuqorida keltirilgan jumlani yozib qidirsam, saytlar orasida https://www.ijgd.de saytining MANA BU sahifasi ham chiqib keldi. Bu FSJ amaliyotini tashkillashtiruvchi agentlik (uyushma) ekan. Bunday agentliklar anchagina. Ular orqali ham, muassasaning oʻziga toʻgʻridan-toʻgʻri ham ariza topshirish mumkin.

Endi shu sahifaga kirib koʻramiz. Sahifa nemischada ekan va amaliyot joyini tanlash hamda ariza topshirish uchun kerakli boʻlgan maʼlumotlar mavjud. Shularni oʻqib, oʻrganib chiqib, ariza topshirsak boʻladi.

Lekin bu FSJ amaliyot dasturiga ariza qabul qiluvchi saytlardan faqat bittasi, xolos. Bunday saytlar bir nechta. Shuningdek, FSJ dasturiga qabul qiluvchi muassasalarning oʻz sayti yoki elektron pochtasi orqali ham ariza topshirsa boʻladi. Masalan, men klinikalarning oʻzini saytiga kirib, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzlariga ariza topshirganman.

Aynan klinikada tibbiyot sohasida FSJ amaliyoti oʻtashni xohlovchilar MANA BU saytdan Germaniyadagi klinikalar roʻyxatini topishi, klinika saytiga kirib, FSJ amaliyoti uchun joy bor yoki yoʻqligini aniqlash hamda joy boʻlsa, ariza topshirishi mumkin.

Shuningdek, FSJ dasturi uchun joy topish mumkin boʻlgan bir nechta saytlar ham bor. Mana ulardan baʼzilari:

www.medi-jobs.de

jobs.kliniken.de/suche/alle

Indeed.de

Neuvoo.de

https://ich-will-fsj.de/

https://www.praktischarzt.de/

https://www.stepstone.de/

Agar muassasa sizni qabul qilsa, elektron pochta orqali bu haqida xabar qiladi va quyidagi hujjatlarni elektron pochta orqali yuboradi:

  • ish shartnomasi;
  • sugʻurta polisi;
  • turar joyga tegishli hujjatlar (turar joy bilan ham taʼminlab bersa).

Bu hujjatlar dastlab elektron yuboriladi va siz ularni koʻrib chiqasiz. Lekin elchixonaga viza uchun hujjat topshirayotganda bu hujjatlarning asli (qogʻoz shaklidagisi) kerak boʻladi. Aslini esa muassasa pochta orqali yuboradi.

Baʼzi muassasalar hujjatlarni birdan muhr va imzo bilan yuboradi. Siz olib, imzolab, elchixonaga topshiraverasiz. Ayrim muassasalar esa faqat boʻsh hujjat yuborishi mumkin. Menga ham boʻsh shartnoma yuborishgan. Bunday holatda siz kerakli hujjatlarni imzolab, pochtadan muassasaga qayta yuborasiz. Keyin ular imzo va muhr qoʻyib hujjatlarni sizga qaytarishadi. Keyin elchixonaga topshirasiz.

Yuqoridagi hujjatlar imzolanib, muhrlanib tayyor boʻlgach, Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasiga viza uchun hujjatlarni topshirasiz.

Elchixonaga qanday hujjatlar topshirilishi, viza berilishi shartlari quyidagi havolalarda batafsil keltirilgan:
Ingliz tilida oʻqish
Nemis tilida oʻqish

Agar muassasa arizangizni rad qilsa, buni ham elektron pochta orqali xabar qilishadi.

  1. Hujjatlarni tayyorlash jarayoni ancha uzoq davom etishi mumkin ekan. To viza chiqqunicha amaliyotning boshlanish muddati oʻtib ketsa, nima boʻladi?

Bu ish beruvchi muassasaga bogʻliq. Baʼzilari 1-2 oy oʻtib ketsa ham kelaver deyishi mumkin. Baʼzilari esa keyingi yilgacha kutib turishni va keyingi yil kelishingizni soʻraydi.

  1. FSJ amaliyoti muddati qanday belgilanadi?

Muddatni nomzodning oʻzi ariza topshirishda belgilaydi. Men 12 oylik muddatga topshirganman va qabul qilinganman.

Lekin dastlabki 3 oy sinov muddati hisoblanadi. Bu muddat ichida ish beruvchi ham, amaliyotchi ham sababini koʻrsatmagan holda shartnomani bekor qilishi mumkin. Agar 3 oydan keyin shartnomani bekor qilishmoqchi boʻlsa, muassasa yoki amaliyotchi muayyan sabab koʻrsatishi kerak boʻladi.

Men oʻzim ham 6-oyning oxirida sababini koʻrsatgan holda shartnomani bekor qilganman.

  1. Nega shartnomani muddat oldin bekor qilgansiz?

Men Oʻzbekistonda olgan diplomimni Germaniyada tasdiqlatish uchun topshirganman. Soʻng tasdiqlash imtihonini topshirganman. Javobi ijobiy chiqqan va diplomimni tasdiqlab berishgan. Shundan soʻng shifokorlikka ishga hujjat topshirib, qabul qilinganman. Shu sababli shartnomani muddatdan oldin bekor qilganman va vizamni ishchi vizaga uzaytirganman. Oʻshandan beri Bavariya oʻlkasi, Amberg shahri, Klinikum St Marien klinikasida nevrologiya sohasida shifokor boʻlib ishlayapman.

  1. Mazkur dastur boʻyicha borganda dasturdan tashqari boshqa ish qilish ham mumkinmi?

Yoʻq, bu taqiqlangan. Agar amaliyotdan tashqari yashirincha ishlasa va qoʻlga tushib qolsa, amaliyotchi maʼmuriy javobgarlikka tortiladi va uning maʼlumotlari qoidabuzarliklarga oid maxsus tizimga joylanadi. Germaniyada ishga kirish uchun aynan shu tizim bazasidan maʼlumotnoma talab qilinadi. Maʼlumotnomada ishga kirmoqchi boʻlgan shaxsning qoida buzganligi haqida maʼlumot boʻlsa, ish beruvchi uni ishga olmasligi mumkin.

  1. FSJ amaliyoti vaqtida oʻqishga yoki ishga hujjat topshirish mumkinmi?

Ha, amaliyot davomida oʻqish yoki ishga hujjat topshirsangiz boʻladi. Oʻqish/ishga qabul qilinsangiz, keyin vizangizni uzaytirishingiz mumkin. Faqat amaliyot muddati tugagandan keyin yoki amaliyot shartnomasini bekor qilgandan keyin oʻqish/ishni boshlashingiz mumkin boʻladi. Oldingi savolda aytganimdek, ungacha mumkin emas.

Lekin oʻqish yoki ishga topshirganda amaliyot shartnomasini bekor qilishga shoshilmaslik kerak. Chunki shartnoma bekor qilingach, 14 kun ichida “propiska”dan oʻtish kerak boʻladi. 14 ichida oʻtilmasa, Germaniyani tark etishga majbur boʻlasiz. Oʻqish yoki ishga qabul qilingandan keyin “propiska” masalasini bemalol hal qilib olasiz.

  1. Bir vaqtning oʻzida bir nechta muassasaga ariza topshirish mumkinmi?

Ha, albatta. Aslida xuddi shunday qilish kerak. Va bir qancha arizalarga rad javobi kelsa, hafsalangiz pir boʻlib qolmasligi, yana boshqa muassasalarga topshiraverish kerak.

Oʻzbekistonlik nomzodlarni olishlari bir oz qiyin. Chunki qabul qilishsa, oʻzbek amaliyotchi viza olishi kerak boʻladi. Bu jarayonda ham amaliyotga qabul qilgan muassasa amaliyotchiga koʻmak berib turishi kerak. Yevropa davlatlaridan boʻlgan amaliyotchilar esa viza olishi shart emas, shunchaki, borib amaliyotni boshlab yuboraverishadi.

Shaxsan men to qabul qilingunimcha 2 oy davomida kuniga 20-25 tacha klinikaga ariza yuborganman. Bittasiga topshirib, javobini kutib turmay, imkon qadar koʻproq muassasaga ariza topshiraverish kerak.

  1. Aytgancha, bir savolni soʻrash yodimdan koʻtarilibdi: mazkur dasturga topshirish pullikmi?

Yoʻq, FSJ dasturiga topshirish bepul. Aslida Germaniyada FSJ dasturiga arizalarni qabul qiluvchi agentliklar mavjud. Shu agentliklar orqali ham, bevosita FSJ amaliyoti oʻtaladigan muassasaga ham arizangizni topshirsangiz boʻladi. Har ikki holatda ham sizdan mutlaqo pul olinmaydi.

Biroq pullik xizmat evaziga hujjat topshirishga koʻmaklashuvchi xususiy tijoriy agentliklar ham boʻlishi mumkin va ularning xizmatidan foydalansangiz, ular oʻz xizmati evaziga maʼlum haq undiradi, albatta.

Grantlar.uz: Batafsil va mazmunli suhbat uchun tashakkur. Menimcha, juda foydali suhbat boʻldi.

Hamidullo: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!