×

Germaniyada o‘qish osonmi? O‘zbekistonlik talaba hikoyasi


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

6919 marta

CHOP ETILGAN

04.04.2019

Germaniya Yevropaning eng ko‘zga ko‘ringan mamlakatlaridan biri hisoblanadi. U yerda tahsil olishni xohlamagan odam bo‘lmasa kerak. Germaniyada o‘qish uchun nima qilish kerak? Qanday grantlar bor? O‘qishga borgan talaba ham o‘qib, ham ishlashi mumkinmi?

Bu haqida Germaniyaning Shmalkalden amaliy bilimlar universiteti talabasi Muhammadsaid Fatullayev batafsil gapirib berdi.

Muhammadsaid Fatullayev Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. U 24 yoshda, Germaniyaning Shmalkalden amaliy bilimlar universiteti xalqaro iqtisodiyot va biznes yo‘nalishida grant asosida tahsil oladi. Rus, ingliz, nemis, turk va tojik tillarini mukammal biladi.

Germaniyaga borishim haqida

Akademik litseyni bitirganimdan so‘ng, Toshkent Moliya institutiga hujjatlarimni topshirgandim. Ammo urunishlarim besamar ketdi. Tushkunlikka tushmay, ingliz tilini mukammal bilganim uchun xorijda o‘qishni maqsad qildim. Ilmiy va moliyaviy imkoniyatlarimni chamalab, ta’lim olishim uchun mumkin bo‘lgan mamlakatlar “xarita”sini tuzib chiqdim. Angliya, Amerika va oxiri Germaniyada to‘xtadim. Lekin bu mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish mushkul edi. Keyin Latviyaga ketishga qaror qildim. Shuni faxr bilan aytamanki, bu yer mening maqsadlarim yo‘lida mustahkam ko‘prik vazifasini o‘tadi. Latviyada bir yarim yil vaqt mobaynida ta’lim oldim. 2017-yil iyul oyida o‘tkazilgan “Erasmus exchange program” tanlovining barcha bosqichlaridan o‘tib, final bosqichiga yo‘llanma oldim. Komissiya a’zolari tomonidan ingliz tilida yozgan inshoyim yuqori baholangani bois birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tdim. Tanlovning ikkinchi bosqichi suhbat edi. Yaxshigina ter to‘kib, tayyorlandim. Suhbatda Yevropalik vakillar menga o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berishdi. Shuni alohida aytishim kerakki, suhbatda intilish va istaklaringizni sodda va lo‘nda qilib hakamlar hay’atiga tushuntirib bera olishingiz sizning grant yutish uchun imkoniyatlaringizni oshiradi. Xullas, tanlovda g‘olib bo‘lib, 2017-yil oktabrda Germaniyaga 6 oylik grant asosida o‘qishga keldim. Shu vaqt mobaynida nemis tilini B2 darajada o‘rgandim. Dekanimiz tavsiyaga ko‘ra Shmalkalden amaliy bilimlar universitetining xalqaro iqtisodiyot va biznes fakultetiga qabul qilindim.

Men bilgan Germaniya

Ilk bor Germaniyaga kelgan vaqtlarimda o‘zimni go‘yo boshqa dunyoga tushib qolganday his qilganman. Birinchi galda toza havosi yoqdi. Chunki, nemislar atrof-muhitga juda e’tiborli, jonivorlarga mehribon. Esimda, talabalar yotoqxonasi yonidagi bog‘da olmaxonni ko‘rib aqldan ozay degandim. Tabiatning noyob mavjudodlari, insonlardan qo‘rqmasdan erkin yashashi meni hayratlantirgan. Men yashagan joy adirliklar yonbag‘rida joylashgani uchunmi ayrim hayvonot bog‘larida ham uchratish qiyin bo‘lgan bug‘ularni saharda ko‘rib qolaman. Bu ham tabiat ne’matlariga bo‘lgan ehtiyotkorona munosabatdan deb bilaman.

Odamlarining o‘ziga xos prinsplari bor. Ya’ni yoqmadimi qilmaydi, ipidan ignasigacha o‘rganmaguncha tinmaydi. Biroz qattiqqo‘lroq, lekin do‘stlashib ketish muammo emas. Begonalarni ajratishmaydi.

Ularning kasbiga bo‘lgan muhabbati menga hayratlantirgan. Umuman ko‘cha supuruvchisi ham ishini yurakdan bajaradi. Buncha maqtadi deb o‘ylamang, oddiy ishlarini ham sifatli bajarganini ko‘p kuzatganim uchun shunday deyapman.

Nemislardan o‘rganadigan jihatlar ko‘p. Tartibli, hamma narsani o‘z vaqtida, reja asosida qilishadi. Borgan kunimdan boshlab, shu xislatni o‘zlashtirib olganman. Shuning uchun doimo ishlarim unumli, baroridan kelaveradi.

Imkoniyatlar nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, Germaniya ayni talabgor mamlakat deyish mumkin. Chunki, aksariyat universitetlar tekin, darsdan keyin ishlashga sharoit bor.

Bu yerda kompaniyalar ko‘pligi bois, nemis tilini bilgan yaxshi kadrga ish muammo bo‘lmaydi. Talabalar haftasiga 20 soat davomida ishlashi mumkin. Masalan, men o‘qishdan bo‘sh paytlarimda xususiy maktabda 7—9-sinf o‘quvchilariga matematika va ingliz tilidan dars beraman. Topib tutishim ko‘ngildagidek. Xarajatlarimdan ortib, gohida boshqa davlatlarga ham sayohat qilib turaman. Xullas, intilgan talaba o‘zini bemalol ta’minlay oladi.

Albatta, hamma narsa ham mukammal bo‘lmaydi. Ularning ham o‘ziga yarasha minus taraflari bor. Meni eng xafa qiladigani, ko‘pchilik oilalarda qariyalarni tashlab ketishadi yoki umuman qarashmaydi. Shuning uchun ham qariyalar uyi ko‘p. Pensiya solig‘i ham oshib bormoqda. Sababi ko‘pchilik o‘rta yoshdagilar qariganda oilasi tashlab ketishidan, farzandlarisiz qolishdan qo‘rqib, pensiya jamg‘armalariga juda katta soliq to‘lashadi. Shuning hisobiga mamlakatda aholi o‘rtasida tug‘ilish kamaygan. Menimcha, odamlar farzandli bo‘lishdan naf yo‘q deb o‘ylashmoqda.

Germaniyada o‘qish uchun qanday grantlar bor?

Odatda ko‘p grantlar, dasturlar Germaniya uchun keladi. O‘rinli bir savol tug‘iladi. Nega aynan Germaniyada grantlar ko‘p?

Birinchidan, nemislarning faol va izlanuvchan talabalarni dunyo bo‘ylab izlab topish va rag‘batlantirishga bo‘lgan e’tibori kuchli.

Ikkinchidan, deyarli barcha ta’lim bepul. Uchinchidan, talabalarni moddiy rag‘batlantirish asosida nemis tilining dunyo bo‘ylab yoyilishini ta’minlash va iqtidorli talabalarni qulay infratuzilmaga ega bo‘lgan kompaniyalarda ishlatishni maqsad qilgan. Ana shunday dasturlardan biri, nafaqat Germaniyada balki, butun Yevropada talabalar uchun eng mashhur va har tomonlama qulay bo‘lgan dastur DAAD (Deutscher Akademischer Austauschdienst yoki German Academic Exchange Service) hisoblanadi. Har yili dunyo bo‘ylab, 29 ta yo‘nalish bo‘yicha yuz mingdan ortiq talabaga DAAD stipendiyasi tarqatiladi. Dastur tomonidan ta’lim berish sifati past, oqsayotgan ayrim mamlakatlarga rivojlantirish uchun maqsadli kvotalar ajratiladi. Shuningdek, davlatlarning elchixonasi bilan hamkorlikda ko‘plab musobaqalar ham tashkil qilinadi.

Agar siz Germaniyaga o‘qish uchun grant yutolmasangiz, o‘z hisobingizdan ham borishingiz mumkin.

Universitetda o‘qish osonmi?

U yerdagi ta’lim tizimi biznikidan keskin farq qiladi. Universitetim misolida bir qancha faktlarni hisobga olgan holda, Germaniyada o‘qish bir muncha qiyin degan bo‘lardim.

Sababi, birinchidan, o‘quv yili davomida faqat ma’ruzalar o‘tiladi. Darsni tinglash majburiy emas. O‘zbekistondagi universitetlardagiday darsga kelgan, kelmagan talaba davomat qilinmaydi. O‘qishga kelish ixtiyoriy lekin, o‘quv yili so‘nggida barcha talabalar belgilangan imtihondan o‘tishlari kerak.

Ikkinchidan, dars ikkita professor tomonidan o‘tiladi va semestr so‘nggida imtihon ikkala o‘qituvchiga topshiriladi. Ya’ni bir fandan ikki bor sinovdan o‘tasiz. Buni talabaga qulaylik tarafi shundaki, agar birinchi o‘qituvchidan yaxshi ball ololmasangiz, ikkinchidan olishingiz mumkin. Va ikkala ustozdan olgan baholaringiz reyting daftarchangizga qo‘yiladi. Uchinchidan, bir fandan 3 bora yiqilish — bu o‘qish bilan butunlay xayrlashish degani. Buni mag‘zini chaqqan talaba, albatta, har bitta fanni sinchkovlik bilan o‘rganadi.

 

Kontraktlar har bir viloyatning qonunlariga va universitetlarning salohiyatiga qarab belgilanadi. Lekin Germaniyaning aksariyat viloyatlarida o‘qish tekin. Men ham grant asosida tahsil olaman.

Umuman olganda, Germaniyada O‘zbekistondagiday talabalarga “3”,  “4”, “5”lik stipendiyalar berilmaydi. Lekin talabalar uchun ko‘plab stipendiya dasturlari bor. Agar siz qattiq harakat qilib, iqtidor va qobiliyatlaringizni ko‘rsata olsangiz ularni yutib olishingiz mumkin. Ya’ni grantni qo‘lga kiritsangiz, bir yil davomida o‘rtacha (dasturda belgilangan mablag‘ga qarab) 450—500 yevro atrofida stipendiya beriladi. Men ham bir yil oldin shunday dasturda g‘olib bo‘lib, yil davomida 660 yevro atrofida stipendiya olganman.

Manba: Daryo.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!