×

Grant yutish uchun personal statement’ni qanday yozish kerak? Yaxshi va yomon misollar hamda ularga izohlar


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

12778 marta

CHOP ETILGAN

01.10.2020

Ko’p dasturlarga hujjat topshirishda sizdan “personal statement” (shaxsiy bayonot) yozish talab qilinadi. Bu insho arizaning dasturga qabul yoki grant yutib olishda hal qiluvchi o’rin tutuvchi eng muhim qismlaridan biri hisoblanadi. Bu inshoda nomzodning qiziqishlari, maqsadlari va faoliyati haqida ma’lumot berilishi zarur. Personal statementlar yozuvchining didi va uslubidan kelib chiqib, turlicha bo’lishi mumkin, ammo, ularda quyidagi xatolarni qilmaslik kerak.

Dasturni tanlashning sababi sifatida shaxsiy muammolarni ko’rsatmang

Barcha personal statement’larda ma’lum dasturga hujjat topshirganingizning sababi so’raladi. Bunga sabab ko’rsatishda qilinadigan xatolardan biri – o’zingizdagi shaxsiy muammolarni sabab qilib ko’rsatish.

Ya’ni personal statement’da “o’zimni yoki oilamdagi muammolarni yaxshiroq tushunish uchun shu magistratura kursida o’qimoqchiman”, “falon voqea menda ruhiy travma qoldirgan, endi shu kursni o’qib, o’zimni tushunmoqchiman” kabi fikrlarni keltirsangiz, kasbning yoki sohaning o’ziga unchalik qiziqmaydigandek taassurot uyg’otasiz. Aniq vaziyat misolida qarasak: tasavvur qiling, psixologiya kursiga grant ajratilgan, siz esa shu grantni kimga berishni hal qiladigan shaxssiz. Nomzod inshosida quyidagilarni yozgan:

“Men bu sohani depressiyaga ko’p tushishim sababli tanladim. Bu holat nega bo’ladi, qanday tuzatiladi, bilmayman. Yoshligimdan buyon o’zimni o’rganish uchun uzoq izlandim, va hayotim sifatini shunchalik tushirib yuborayotgan holatni yaxshilashning eng to’g’ri yo’li – psixologiyani o’rganish, degan qarorga keldim. Men qanday depressiyaga tushmaslikni o’rganmoqchiman”

Bu nomzodga grant berarmidingiz?

Qabul jamoasi magistratura va doktorantura kabi kurslarni aniq maqsadga yo’naltirilgan, karyera uchun tanlanadigan yo’l deb tushunadi. Yuqoridagi misoldagidek vaziyatlarda esa, ular “shaxsiy hissiy yoki ruhiy muammolarini hal qilish uchun magistraturaga hujjat topshirish emas, psixologga borish kerak”, deb hisoblashadi. Personal statement’da o’zingizni faqat o’z tashvishlari bilan ovora, o’qishga ham faqat o’ziga aloqador maqsadlar bilan hujjat topshirayotgan odamdek ko’rsatmang.

Yechim: Agar kursni tanlashingizning sababi shaxsiy muammo bo’lsa ham, uni biror kattaroq va aniq maqsad uchun turtki bo’lgandek ko’rsatish kerak. Inshoning markazi esa aniq, faqat sizga aloqador emas, umumiy foydali maqsad bo’lishi zarur.

Bunda fikringizni dunyoga bog’lab, aniq misollar bilan ifodalash yordam beradi. Bunday yoza olish uchun esa, oldindan aniq rejalarni tuzib olish kerak bo’ladi. Mavjud bo’lmagan rejalar haqida aniq fikrlar berishning iloji yo’q.

Yuqoridagi “depressiya” misolida qarasak: agar chindan depressiyaga ko’p tushgan inson psixologiya kursini shuni deb tanlagan bo’lsa ham, fikrini taxminan bunday ifodalash kerak:

Ushbu psixologiya kursini depressiyaning ekstremal turlarining alternativ davolarini chuqurroq o’rganish uchun tanladim, bunga shu muammoga shaxsan duch kelganim va qo’shimcha davo usullarini vaziyat taqozosidan chuqur o’rganishim turtki bo’lgan. Keyinchalik bu mavzuni karyeramga bog’lashga qaror qildim. Depressiya fenomeniga oid qarashlarim O’zbekiston ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi amaliyotim va psixoterapevt doktorlar bilan suhbatlarim, bemorlar bilan muloqot orqali shakllangan. Augsburg universiteti (misol keltirildi) psixologiya magistratura kursiga qabul qilingach, depressiyaning shizofreniya holatiga qanchalik aloqasi borligini hamda uni davolashda aroma terapiya va gipnozning ta’siri ustida amaliy tajriba o’tkazmoqchiman. Bugungacha aroma terapiyaning depressiyaga ta’siriga oid tadqiqotlarimda ba’zi siljishlar bo’lgani uchun, gipnozning ta’sirini ham qo’shib o’rganishga qaror qildim.”

Yuqoridagi kabi misolni, albatta, o’z yo’nalishida ma’lum tushuncha va maqsadlarga ega shaxsgina yoza oladi. Bu fikrlarni o’qiganda, nomzod nima qilayotgani, nega qilayotgani va endi nima qilmoqchi ekanligi haqida aniq tasavvurga ega ekanligini bilish mumkin. Shuning uchun ham, bu misoldagi fikr personal statement’ga bundan avvalgi misolga nisbatan munosibroq.

Balandparvoz gaplarni yozmang

Siz insonlarga yordam berish, yaxshi ishlarga sabab bo’lish, qahramonlik qilishni orzu qiladigan inson bo’lishingiz mumkin. Bunday insonlar ko’p. Ammo, personal statement’da o’z maqsadlaringizni ifodalashda real va aniq fikrlarni keltiring. “Men barcha insonlarga yordam berishni xohlayman”, “men dunyoni qutqarish uchun tug’ilganman”, “o’zimni biror buyuk ish qilish uchun yaratilgandek his qilaman” kabi gaplarni, balki, chin dildan yozarsiz, lekin ular qabul komissiyasiga balandparvoz va mavzudan yiroq bo’lib ko’rinadi. Misol:

“Psixologiya kursini tanlaganimning sababi depressiyaga tushgan insonlarga yordam berishni xohlayman. Dunyoda millionlab inson depressiyadan azob chekadi. Men psixologiya bo’yicha magistratura kursida o’qish orqali depressiyaning zararlarini va yechimlarini o’rganib, insonlar uchun foydali tadqiqotlar olib bormoqchiman. Buni anchadan buyon orzu qilaman. O’zimni shu maqsad uchun tug’ilganman, deb hisoblayman”.

Yuqoridagi gap yozilgan personal statement juda kuchsiz hisoblanadi: unda yozilgan fikrlar o’ta umumiy va biror aniq rejadan yiroq.

Yechim: deyarli hamma boshqalarga yordam berishni xohlaydi, lekin hech qachon personal statement’ga yuqoridagidek gaplarni yozmang. Uning o’rniga foyda keltirish uchun amalda qaysi yo’lni tanladingiz, shu haqida yozing. Misol:

“Magistratura kursi davomida jamiyatdan ajralib qolish darajasidagi og’ir depressiya holatlariga uchragan katta yoshli (45 yoshdan oshgan) bemorlarga gipnoz va aroma terapiya orqali samarali ta’sir ko’rsatishning shartlarini aniqlashni reja qilganman. Augsburg universitetida mavjud Center of Wellness and Alternative Therapy markazining mavjudligi men uchun juda muhim, chunki bu yerda universitetda meni qiziqtirgan mavzuga oid arxiv ma’lumotlari va tadqiqotchilarning kontakt ma’lumotlari saqlanar ekan. Aynan shu yosh guruhidagi bemorlarni tanlashimga sabab esa men yashaydigan va ishga qaytishni reja qilgan shaharda depressiyadan shikoyat qilganlarning taxminan yarmi shu yoshdagilarni tashkil qiladi”.

Bu misolda nomzod keltirilgan har bir fikrni aniq ifodalagan va ko’rsatilgan qarorlarga sabablarni ham yozgan. Bu yerda, nomzodning o’zi ham depressiyadan zarar ko’rgani ham yozilgan, ammo u fikrning juda kam qismini ifodalagan. Bu misoldan shaxsiy muammo sababli qilingan qarorlarni qanday qilib maqsadlarga aylantirish hamda professional usulda yozish kerakligini o’rganishingiz mumkin. Personal statement’da hayotingizdagi qiyinchiliklar, o’z tarixingiz va shu kabi o’quv kursiga, rejalaringiz va sabablarga to’g’ridan-to’g’ri aloqasi kam fikrlarga ko’p joy sarflamang. O’ylab ko’ring: siz minglab dollar mablag’ni eng umidli nomzodga belgilashi kerak bo’lgan xodim sifatida, aniq rejalari va ularning tanlagan universitetiga mosligi o’rniga faqat o’zi haqida yozgan inson haqida nima deb o’ylagan bo’lar edingiz?

Fikrlaringizni noprofessional va norasmiy usulda, hissiyotga berilib yozmang

“Personal statement” jumlasidagi “personal”, ya’ni “shaxsiy” so’zi ko’plab nomzodlarda “bu inshoda shaxsiy fikrlarim va xarakterimni ochib berishim kerak ekan” degan tushuncha uyg’otadi. Ammo bu degani, qiziqish va sifatlaringizni istalgan usulda yozish mumkin, degani emas. Personal statementda rejalaringiz, faoliyatingiz va shu kabi aniq fikr va faktlar ko’rsatilishi, ular mantiqan izchil hamda professional ko’rinishda ifodalanishi lozim. Norasmiy usulda va hissiyotga berilib yozilgan fikrlar, odatda, qabul komissiyasida salbiy taassurot uyg’otadi. Misol:

“Men jarrohlik va tanani o’rganish ishlariga qiziqaman. O’likxonaga kirishning o’zi menga bir olam zavq bag’ishlaydi. Har doim yaralar va jarohatlardan qo’rqmaganim uchun hammani hayron qoldiraman”.

Universitetda o’qish ancha jiddiy qaror hisoblanadi va qabul komissiyasi hujjat topshirgan nomzodni qanday gapirishni biladigan, fikrlari va maqsadlari aniq, umumiy emas, xususiy fikrlarni ifodalaydigan inson bo’lishi kerak, deb hisoblaydi. Ayniqsa, magistratura va doktorantura kurslariga hujjat topshirgan nomzodlar fikrlarini norasmiy va noprofessional usulda ifodalamasliklari kerak. Yuqoridagi misollarda esa fikr aynan shunday ifodalangan.

Yechim: fikrni rasmiy va professional usulda, hech bo’lmasa, bir oz adabiyroq yozgan maʼqul.

“Tibbiyotda inson organizmi shunchalik g’aroyibki, uni mukammal o’rganish hayotim mazmuniga aylangan. Ushbu sohaga bo’lgan qiziqishim, hatto bu yo’ldagi qo’rquv hissiyotlarini boshqarishga ham yordam beradi. Jarrohlikda ko’pchilikni qo’rquvga soluvchi jarohatlar meni yangi bilim asoschisidek o’ziga jalb etadi”.

Yuqoridagi misolda yozuvchi o’z hissiyotlarini ko’rsatib o’tdi, lekin, ularning ifodalanishi o’zgardi. Bu ham, avvalgi misoldagidan ko’ra yaxshiroq hisoblanadi.

Xulosa

Personal statement siz va maqsadlaringiz, ichki olamingiz haqidagi insho. Ammo, uni haddan ziyod balandparvoz yoki norasmiy usulda, noaniq qilib yozishdan saqlaning. Bundan “personal statementni rasmiy qilib, ilmiy maqolaga o’xshatib, umuman hissiyot qo’shmasdan yozish kerak ekan”, degan xulosa chiqarmang. Ajoyib personal statement yozishning biror aniq qolipi yo’q, chunki bu insho siz haqingizda, siz esa boshqalarga o’xshamagan shaxssiz. Bu inshoga ma’lum darajada hajviya yoki hissiyot qo’shish ham o’ziga xoslikni ta’minlashi mumkin.

Undan tashqari, “bunday inshoni maqolada aytilgan darajada yozish uchun yozish qobiliyati ham yaxshi bo’lishi kerak ekan, gapga usta bo’lmasa qiyin bo’lar ekan” kabi xulosaga ham kelmang. Fikrlaringizni aniqlab olgach, inshoni do’stlaringiz va ustozlaringiz yordamida bemalol mukammal darajagacha tahrirlashingiz mumkin.

Shunchaki, yuqoridagi kabi xatolarni qilmaslik kerakligini yodda tuting.

Dilnoza Fayziyeva

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!