×

Green Card (Grin karta) natijalarini qanday tekshirish va unutib qoʻyilgan tasdiqlov raqamini qanday tiklash mumkin?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

114212 marta

CHOP ETILGAN

28.05.2020

2022-yilda oʻynalgan Green Card (DV-2024) natijalari 2023-yil 6-may kuni Oʻzbekiston vaqti bilan 21:00 da eʼlon qilinadi. Quyida natijalarni qanday tekshirish hamda tasdiqlov raqami (Confirmation Number) unutib yoki yoʻqotib qoʻyilganda, uni qanday tiklash (maqola oxirida) bosqichma-bosqich tushuntirilgan.

1-qadam. Dastlab https://dvprogram.state.gov havolasiga kirasiz.

Yana bir muhim jihat: yuqorida koʻrsatilgan havolagina (https://dvprogram.state.gov) Green Card lotereyasini tekshirish uchun rasmiy manba hisoblanadi. Undan boshqa hech bir saytda lotereya natijasini tekshirishga urinmang. Chunki natija eʼlon qilinganda turli qallobliklar koʻpayadi va ayrimlar Green Card natijasini tekshiruvchi soxta platformalar yaratib, aldab, sizdan pul ishlab olishga urinishadi. Bundaylar tuzogʻiga tushib qolmang. Yana unutmangki, Green Card natijalarini tekshirish BEPUL. Natijani tekshirmoqchi boʻlganingizda toʻlov qilish soʻralsa, bilingki qalloblarga uchrab qolibsiz. Ularga toʻlov qilmang va kredit kartalaringiz maʼlumotlarini saytga kiritmang!

2-qadam. Soʻng “Check Status (Statusni tekshirish)” tugmasini bosing.

3-qadam. Keyin esa ochilgan oynada “Continue (Davom etish)” tugmasini bosamiz.

4-qadam. Soʻng tekshirish uchun kerakli maʼlumotlarni kiritish oynasi ochiladi. Unda sizdan 4 ta maʼlumotni kiritishingiz soʻraladi:

  1. Tasdiqlov raqami (Confirmation Number). Bu raqam sizga Green Card lotereyasiga roʻyxatdan oʻtganingizda berilgan.
  2. Familiyangiz (Last/Family Name). Green Card formasini toʻldirayotganda familiyangizni qanday kiritgan boʻlsangiz, natijani tekshirishda ham shunday kiritishingiz kerak. Diqqat qiling: faqat familiyangiz kiritiladi, ismingiz kiritilmaydi.
  3. Tugʻilgan yilingiz (Year of Birth).
  4. Tekshiruv kodi (Authentication). Bu kod Authentication yozuvi ostida suratda berilgan boʻladi va shu kodni berilgan maydonga koʻchirib yozishingiz kerak.

Yuqoridagi maʼlumotlarni kiritib boʻlganingizdan keyin pastdagi “Submit (Topshirish)” tugmasi bosiladi.

5-qadam. “Submit” tugmasi bosilgandan keyin Green Card lotereyasini yutgan yoki yutmaganingiz haqida maʼlumot chiqadi. Bunda:

  1. Agar yutmagan boʻlsangiz, chiqqan maʼlumotda bosh harflar bilan yozilgan HAS NOT BEEN SELECTED (tanlanmadingiz) jumlasi mavjud boʻladi (quyidagi suratda keltirilgan).
  2. Agar yutgan boʻlsangiz, chiqqan xabarda AQSH davlat departamentining tabrik izohlariga koʻzingiz tushadi. Unda sizning ism-familiyangiz va yashash manzilingiz toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham keltirilgan boʻladi

Agar tasqidlov raqamini (Confirmation Number) unutib yoki yoʻqotib qoʻygan boʻlsangiz, uni tiklab olishingiz mumkin. Buning uchun siz Green Card lotereyasiga onlayn ariza toʻldirganda kiritgan elektron pocha manzilingiz kerak boʻladi. Emailingiz parolini esdan chiqarib qoʻygan boʻlsangiz ham xavotirga oʻrin yoʻq: emailingizga kirishingizga zarurat boʻlmaydi, shunchaki, uni tasdiqlov raqamni tiklash uchun emailingizni ham kiritishingiz kerak boʻladi.

Demak, tasdiqlov raqamini tiklash uchun dastlab 3-qadamgacha (yuqorida) koʻrsatilganlarni bajarib, “Continue” tugmasini bosasiz.

Keyin ochilgan oynada “Confirmation Number (Tasdiqlov raqami)” kiritish kerak boʻlgan maydon ostidagi “Forgot Confirmation Number(Tasdiqlov raqamimni unutib qoʻydim)” yozuvini bosasiz.

Shundan soʻng, ochilgan oynada soʻralgan maʼlumotlarni kiritib chiqasiz. Unda quyidagi maʼlumotlarni kiritish soʻraladi:

  1. Lotereya dasturi yili (Diversity Visa Lottery Program Year). Bunda siz roʻyxatdan oʻtgan yilingiz emas, ketishingiz mumkin boʻlgan yil kiritilishi lozim. Masalan, 2019-yilda roʻyxatdan oʻtganlar yutgan boʻlsa, 2021-yilda AQSHga borishi mumkin. 2020-yilda roʻyxatdan oʻtganlar esa, 2022-yil borishi mumkin. Agar siz 2020-yil  DV-2022 lotereyasiga roʻxatdan oʻtgan boʻlsangiz, 2022-yilni tanlaysiz.
  2. Familiya (Last/Family Name), ism (First Name) va sharif, yaʼni otaning ismi (Middle Name). Bularni ham kiritish kerak. Agar roʻyxatdan oʻtishda sharifingiz yoki ismingizni yozmagan boʻlsangiz, bu yer ularni kiritmaysiz va “No First Name” va/yoki “No Middle Name” tugmachasini belgilab qoʻyasiz.
  3. Tugʻilgan sana (Date of Birth). Bunda tugʻilgan sanangiz toʻliq – oy (Month), kun (Day), yil (Year) kiritilishi kerak. Diqqat qiling: Oʻzbekistonda sanani yozishda avval kun, keyin oy, soʻng yil yoziladi. Biroq tasdiqlov raqamini tiklash formasida dastlab oy (Month), keyin kun (Day), soʻng yil (Year) kiritilishi lozim. Oy va kun almashib qolsa, raqamingiz tiklanmaydi.
  4. Elektron pochta manzili (Email Address). Bunda Green Card lotereyasiga roʻyxatdan oʻtishda kiritgan elektron pochta manzilingizni yozasiz. Agar ushbu elektron pochta manzilingizni yoddan chiqarib qoʻygan boʻlsangiz, mazkur usul orqali tasdiqlov raqamini tiklay olmaysiz.
  5. Tekshiruv kodi (Authentication). Bu kod “Authentication” yozuvi ostida suratda berilgan boʻladi. Shu berilgan koddi maydonga kiritasiz.

Shundan soʻng, “Submit (Topshirish)” tugmasini bosasiz.

Keyin esa, agar hamma maʼlumotlar toʻgʻri kiritilgan boʻlsa, tizim sizni yuqorida keltirilgan 4-qadamga qaytaradi va unutib qoʻygan tasdiqlov raqamingiz avtomatik ravishdqa tasdiqlov raqami (Confirmation Number) maydonida paydo boʻladi (quyidagi suratda). Soʻng natijani tekshirishda davom etasiz (4-qadamga qarang, yuqorida).

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!