×

Green Card qanday to’ldiriladi – batafsil


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

23846 marta

CHOP ETILGAN

01.10.2018

2018 yilning 3 oktyabridan boshlab 2020 yilgi Green Card uchun lotoreyadan roʻyxatdan oʻtish boshlanadi va bu joriy yilning 6 noyabrigacha davom etadi.

Roʻyxatdan oʻtish faqatgina www.dvlottery.state.gov sayti orqali amalga oshiriladi. Roʻyxatdan oʻtish mutlaqo bepul. Aslida lotoreya uchun roʻyxatdan oʻtishda vositachilar xizmatidan foydalanmaganingiz maʼqul. Birinchidan, orada turgan vositachilar siz oʻzingiz shundoq ham toʻldirishingiz mumkin boʻlgan, kishidan ingliz tilini eng oddiy darajada bilish talab etiladigan anketani 60-150 mingga toʻldirib beradi. Ikkinchidan, orada turuvchi vositachilar lotoreyada yutish uchun hech qanday rol oʻynamaydilar, buni kompyuterning oʻzi bajaradi. Uchinchidan, keyinchalik vositachi sizning nomingizdan keyingi yillarda anketani toʻldirishi va undan bexabar siz oʻzingiz ham toʻldirganda ikkala arizani umumiy bazadan oʻchirib tashlanishiga sabab boʻladi. Toʻrtinchidan, vositachilar anketa toʻldirayotganda sizning pochtangizni emas, balki oʻzi ochgan pochtani yozadi va odatda sizga natijani tekshirish uchun beriladigan kodni berishmaydi, bu bilan ular sizga yutuq chiqqanda, tasdiqlash kodini taqdim etish evaziga toʻlov olishdan umidvor boʻlishadi. Grinkard anketasi qanday toʻgʻri toʻldiriladi?

Sizga buning uchun 30 daqiqa vaqt beriladi. Ushbu vaqt ichida anketani toʻldirib boʻlganingizdan soʻng, sizga uni yana bir marotaba tekshirib olish imkoni beriladi. Anketa faqat lotin alifbosidan foydalangan holda toʻldiriladi.

Anketa bir necha qismlardan tashkil topgan. Birinchi qismi anketa toʻldiruvchining shaxsiy maʼlumotlari uchun moʻljallangan boʻlib, 14ta banddan iborat. Agar siz turmush oʻrtogʻingiz yoki farzandlaringizni koʻrsatgan boʻlsangiz, u holda ularning maʼlumotlarini kiritish uchun ikkinchi qism ochiladi.

  1. Ism

Last/Family Name – familiya, First Name – ism, Middle Name –

Ism va familiya degan joyiga amaldagi pasportingizning ingliz tilida yozilgan sahifasidagi ism-sharifingizni yozasiz.

Middle Name qismiga nima yozish kerak – koʻpchilik bu yerga otasining ismini yozish kerak deb xato oʻylaydi. Vaholanki, Middle Name va otasining ismi bu ikki turli tushunchalar hisoblanadi. Gʻarbda koʻpchilikda ikkinchi (oʻrta) ism mavjud, bu esa bizda deyarli uchramaydi. Lekin hozirda anketa yozish qoidalari biroz oʻzgargan va ushbu joyda otasining ismini yozsa boʻladi, qachonki u pasportning inglizcha qismida mavjud boʻlsa. Lekin, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining pasportida bunday joy mavjud emas. Demak, ushbu joyning tanidagi No middle name degan katakchani belgilab qoʻyamiz, xolos.

  1. Jinsi

  1. Tugʻilgan vaqti

Month – oy, Day – kun, Year – yil. Bularning barchasi raqamlar bilan koʻrsatiladi.

  1. Siz tugʻilgan shahar

Tugʻilgan joyingizning hozirgi nomini yozing. Odatda pasportingizda bu joy koʻrsatilgan boʻladi. Lekin shunisiga eʼtibor berish lozimki, odatda pasportning oʻzbekcha sahifasida siz tugʻilgan tuman, inglizcha sahifasida esa siz tugʻilgan viloyat nomi yozilgan boʻladi. Shu bois inglizcha sahifada yozilgan joy jomini koʻrsatgan maʼqul. Joy nomini koʻrsatishda bitta shahar nomini koʻrsatish kifoya, tuman, shahar, viloyat tarzida koʻrsatish shart EMAS. Yashash joyingiz zamonaviy nomining rasmiy manbasidan izlab koʻring. Joy nomi lotin harflari bilan yozilishi kerak.

Joy nomlari zamonaviy nomlarining manbasi sifatida ushbu lotoreyani oʻtkazadigan AQSH davlat departamenti saytining kalit soʻzlaridan foydalangan holda Google dan izlab koʻrsangiz boʻladi. Buning uchun izlayotgan joy nomiga site:state.gov soʻzlari qoʻshib izlanadi. Bunday qidiruv ikki xil nomlanishga ega joy nomlarini aniqlashtirish uchun qulay hisoblanadi. Fargʻona shahrining nomlanishini xuddi mana shunday qilib qidirib koʻramiz. Ferghana yoki Fergana? Qidiruvimiz quyidagi natijani berdi:

Ferghana soʻzi state.gov domenida 287 marta, Fergana soʻzi esa 212 marta uchramoqda. Aslidaularning ikkisi ham toʻgʻri, lekin Ferghana soʻzi koʻproq tushmoqda.

Agar siz qidirayotgan shahar nomi state.gov domenidan chiqmasa, u holda AQSHning boshqa davlat saytlaridan site:gov kalit soʻzlari yordamida qidirib koʻrishingiz mumkin. Agar bunda ham natija chiqmasa Wikipedia.org va maps.google.com dan foydalanish mumkin, toʻgʻri, ular rasmiy saytlar emas, lekin juda koʻpchilik foydalanadigan manba hisoblanadi.

Agar tugʻilgan shahringiz nomaʼlum boʻlsa, ushbu joy ostidagi Birth City Unknown (tugʻilgan shahri maʼlum emas) katakchasini belgilab qoʻyasiz.

  1. Siz tugʻilgan davlat

Ushbu yerdagi roʻyxatdan oʻzingiz tugʻilgan davlatni belgilaysiz. Masalan, Uzbekistan, Kyrgyzstan, Tajikistan va hokazo.

  1. DVdasturidaqatnashish huquqiga ega boʻlgan davlat

Agar siz lotoreyada qatnashadigan davlatlarning birortasida tugʻilgan boʻlsangiz, ushbu banddagi maydonlarga tegmasdan keyingi bandga oʻtib ketaverasiz. Qaysi davlatlarning ushbu roʻyxatga kirishini ushbu manzildan aniqlasa boʻladi.

  1. Qatnashuvchining surati

“Choose New Photo” tugmasini bosing va kompyuteringizdagi rasmni belgilang. DV viza lotoreyasida qatnashuvchi ishtirokchilarning rasmlari quyidagi oddiy va qatʼiy qoidalar boʻyichatayyorlangan boʻlishi kerak:

  • Rasmga tushuvchi odam kameraga toʻgʻri qarab turgan boʻlishi;
  • Odamning boshi tepaga, pastga yoki yonga qarab turgan boʻlishi kerak emas;
  • Boshning balandligi umumiy kadr uzunligining 50% – 69% oraligʻida boʻlishi kerak;
  • Orqa fon neytral rangda boʻlishi (oq boʻlgani maqsadga muvofiq). Toʻq yoki gulli fonga ega rasmlar qabul qilinmaydi;
  • Rasm aniq olingan boʻlishi;
  • Rasmga tushuvchi kishi qora koʻzoynak yoki yuzni toʻsib turuvchi boshqa turli aksessuarlarda boʻlmasligi;
  • Agar boshining yuqori qismi oʻrab turadigan kiyimi boʻlsa va u kishi diniy eʼtiqodi bilan bogʻliq boʻlsa, uning biror qismi ham yuzni toʻsib turmasligi;
  • Rasmga soya tushib turmagan boʻlishi shart.

Texnik koʻrsatkichlari:

  • Rasm JPEG formati boʻlishi kerak;
  • Tasvirning maksimal hajmi 240 kilobayt (240 KB);
  • Tasvir oʻlchami: uzunasiga va eniga 600×600 va 1200×1200 piksel oraligʻida boʻlishi lozim;
  • Rang chuqurligi: 24 bit
  1. Pochta manzili

Bu sizning, yaqin kishingiz, qarindoshingiz yoki shunchaki tanishingizning manzili boʻlishi mumkin. Manzil sifatida istagan davlatingizni belgilashingiz mumkin.

Ushbu joy lotin alifbosidan foydalangan holda mazkur manzil pochta tashuvchisi tushunadigan holatda yozilishi kerak.

In Care Of – bu yerga pochta manzilidagi shaxsning ismi va familiyasi yoziladi. Bu yerga oʻzingizningism familiyangizni yozsangiz ham boʻladi.

Address Line 1 – ushbu bandda koʻcha nomi, uy va xonadon raqami koʻrsatiladi. Pochta indeksi koʻrsatilmaydi. Ikkinchi (Address Line 2) qator joy yoki koʻcha nomi birinchi qatorga sigʻmaganda yozish uchun ishlatiladi, agar sizda birinchi qatorga siqqan boʻlsa, bu qator boʻsh qoldiriladi.

City/Town – yashash joyining nomi.

District/Country/Province/State – respublika/ oʻlka/ viloyat/ okrug nomi. Bu yerdagi respublika soʻzi davlatdagi respublikaga tegishli emas, bu yerda avtonom respublikalar nazarda tutilmoqda. Agar siz Toshkent shahrida yashasangiz, bundan oldingi bandda uni koʻrsatgan boʻlasiz, lekin bu katak boʻsh qolishi mumkin emas, shu bois ikkinchi marta Toshkent deb yozib qoʻyasiz. Qolgan barcha shahar va tumanlar qaysidir bir viloyat tarkibiga kiradi.

District/Country/Province/State – pochta indeksi. Pochta indeksini yozayotganda yangi pochta indekslarini yozishga harakat qiling, buni Google dan qidirib topsangiz boʻladi. Agar rostdan ham siz yashaydigan joyning pochta indeksi boʻlmasa No Postal Code/Zip Code katakchasini belgilab qoʻyasiz.

Country – roʻyxatdan davlatingizni belgilaysiz.

  1. Aynivaqtda yashayotgan davlatingiz nomi

Roʻyxatdan ayni vaqtda yashayotgan davlatingiz nomini belgilaysiz. Fuqarolik yoki tugʻilgan davlatingiz bilan adashtirib yubormang. Masalan, siz oʻqish bilan Malayziyada yoki ish bilan Rossiyada yashab turgan boʻlsangiz oʻsha davlatlarni koʻrsatasiz.

  1. Telefon nomeri

Bu yerga oʻzingizning telefon raqamingizni xalqaro formatda yozasiz. Ushbu bandni toʻldirish shart emas, lekin tavsiya qilinadi. Bu yerga uy telefon raqami yoki qoʻl telefonining raqamini yozsangiz boʻladi, eng muhimi u doim ishlashi va siz unga javob bera olishingiz kerakligini hisobga oling.

Masalan, sizga AQSHdan qoʻngʻiroq qiladigan boʻlishsa u holda + 9989-91-xxx-xx-xx koʻrinishida yozishingiz lozim.

  1. Elektron pochta manzili

Birinchi qatorga elektron pochta manzilingizni yozasiz, ikkinchi qatorga esa uni xuddi oʻzidek qilib qaytadan koʻchirib yozasiz.

  1. Maʼlumot darajasi

Anketa toʻldiralayotgan vaqtdagi maʼlumot darajasi yozilishi lozim. Bu yerda siz bir oy yoki 6 oydan keyin diplom olishingiz muhim emas. AQSHdagi taʼlim tizimi Oʻzbekistondagidan biroz farq qiladi, shu bois ushbu bandni toʻldirayotganda eʼtiborliroq boʻlish lozim:

Primary school only – faqat boshlangʻich maktab;

High School, no degree – oʻrta maktab, lekin shahodatnomasi yoʻq;

High School, degree – oʻrta maktab, shahodatnomaga ega;

Vocational School – kasb-hunar kolleji;

Some University Courses – toʻliqsiz oliy;

University Degree – oliy maʼlumot;

Some Graduate Level Courses – bir qancha magistratura darajasidagi kurslar;

Masterʻs Degree – magistr darajasi;

Some Doctorate Level Courses – Tugallanmagan aspirantura/doktorantura;

Doctorate Degree – doktorantura.

  1. Oilaviy ahvoli

Oilaviy ahvoli degan band ayni vaqtdagi qonuniy oilaviy holatingiz boʻyicha toʻldiriladi.

Unmarried – hech qachon turmush qurmagan.

Married and my spouse is NOT a U.S. citizen or U.S. Lawful Permanent Resident (LPR) – uylangan/turmushga chiqqan. Turmush oʻrtogʻi AQSH fuqarosi yoki AQSHda yashash huquqiga ega emas.

Married and my spouse IS a U.S. citizen or U.S. Lawful Permanent Resident (LPR) – uylangan/turmushga chiqqan. Turmush oʻrtogʻi AQSH fuqarosi yoki AQSHda yashash huquqiga ega. Ushbu ikki banddan birini siz turmush oʻrtogʻingiz bilan anchadan beri yashamayotgan boʻlsangizu, lekin qonuniy nikoh mavjud boʻlganda ham belgilaysiz, hattoki nikohingiz bekor qilinish bosqichidayu, lekin ariza toʻldirayotgan vaqtingizda nikoh oʻz kuchida boʻlsa ham.

Divorced – ajrashgan.

Widowed – turmush oʻrtogʻi vafot etgan.

Legally Separated – MDH davlatlarida Legally Separated holatining yuridik asosi mavjud emas, shu bois bu bandni belgilash suhbat jarayonida arizani rad etishga sabab boʻladi.

Agar siz sharʼiy nikoh bilan yashayotgan boʻlsangizu, lekin hali qonuniy nikohdan oʻtishga ulgurmagan boʻlsangiz, married bandini tanlay olmaysiz.

  1. Farzandlar soni

Bu yerga siz oʻzingizning barcha 21 yoshgacha boʻlgan farzandlaringizni (nikohdagi farzandingiz boʻlishi shart emas) Qayerda yashashidan qatʼi nazar koʻrsatasiz. Faqatgina AQSH fuqarosi yoki u yerda doimiy yashovchi farzandingiz yozilmaydi. Ushbu bandga farzandlaringiz soni raqam bilan yozasiz, agar farzandingiz boʻlmasa nol yozasiz.

Ushbu bandda xotiningiz/eringizning avvalgi nikohidagi farzandlarini (21 yoshgacha) ham yozasiz. Xotiningiz/eringizning oʻzi boqib olgan farzandini koʻrsatish shart emas, uni oʻsha arizachining oʻzi koʻrsatadi.

Shundan soʻng yozganlaringizni bir qator tekshirib chiqing va Continue (Davom etish) tugmasini bosing.

Agar siz xotiningiz/eringiz va farzandlaringizni koʻrsatgan boʻlsangiz, arizaning ikkinchi qismi ochiladi. Ikkinchi qismga ularning maʼlumotlarini oʻzingiznikiga oʻxshatib toʻldirib chiqasiz. Har kim uchun oʻzining rasmi boʻlishi shart.

Agar turmush oʻrtogʻingizning oʻzi ham lotoreyada qatnashishni istasa alohida anketa toʻldiradi. Ikkinchi qismga esa sizning maʼlumotlaringizni yozadi. Bunday holatda yutish ehtimoli ortadi.

Barcha jarayonlar tugaganidan soʻng, Continue tugmasi bosiladi. Shundan soʻng ochilgan sahifa orqali siz anketani bir qator koʻzdan kechirib chiqishingiz lozim, xatoliklar boʻlsa ortga qaytib toʻgʻirlash mumkin. Ushbu sahifa quyidagicha koʻrinishda boʻladi:

Shundan soʻng Submit tugmasini bosasiz, oynada sizning anketani muvaffaqiyatli toʻldirganingiz haqidagi sahifa paydo boʻladi. Ushbu sahifada sizning ism sharifingiz, anketa toʻldirilgan sana, natijani tekshirish kodi (16 belgidan iborat) boʻladi. Sahifa yuqorisida Print (Chop etish) tugmasi orqali chop etishingiz mumkin boʻladi.

Yuqoridagi maʼlumotlar asosida oʻzingiz vositachi yordamisiz bemalol anketani toʻldira olasiz. Omad yor bo’lsin!

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!