×

Grin karta (Green Card) haqida


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

24672 marta

CHOP ETILGAN

18.09.2019

Grin Kartasi nima u? Uni nima bilan yeydi?

Gapni h-o-o-v Odam Atodan olib kelish niyatim yo’q. «Grin Karta» tarixini aytib bermoqchimasman. Shunchaki, yillar davomida lottoreyada ishtirok etib keladiganlarining ham ko’pchiligi Grin Karta o’zi nima ekanligini ko’p ham tushunvoraverishmasligiga guvoh bo’lyapman. Shunga imkon qadar qisqa to’xtalmasa bo’lmaydiganga o’xshayapti.

Xalq tilida «Green Card» bo’lib ketgan narsa aslida AQSHda doimiy yashash va ishlash huquqini beradigan – «Permanent resident card» nomli xujjat. U turli sabablar va yo’llar bilan beriladi. Shulardan biri – lottoreya o’yini ko’rinishida. Bu yashil kartochkani qo’lga kiritishning yagona yo’li emas. Lekin eng oson usuli. Har yili 50 000 dona yashil kartochkalar egalari aynan shunaqa usulda aniqlanadi. Lottoreyada ishtirok etish uchun belgilangan bir oy muddat ichida rasmiy saytga kirib, o’zingiz va turmush o’rtog’ingiz (agar bo’lsa) pasport ma’lumotlari, ta’lim borasidagi ma’lumotingiz so’raladigan anketani to’ldirib, maxsus talablarga mos keladigan rasm joylash kifoya.

Green Card qaysi saytlar orqali o’ynaladi?

Lotoreyaning rasmiy sayti manzili – https://www.dvlottery.state.gov

Bundan boshqa istalgan sayt – feyk, soxta. Haqiqiy emas. Bundan boshqa barchasi – «мошейник». Mutlaqo boshqa saytlarga ma’lumotlaringizni kiritmang. Internet olamida yuzlab o’ziga rasmiy maqom berib olgan feyk Green Card saytlari bor. Ular sizning shaxsiy ma’lumotlaringgizni to’plab olib, rasmiy saytga ularni kiritib, yutuq chiqqan holda sizdan yaxshigina pul talab qilish uchungina ochilgan. Aldanmang! Grin Kard lottoreyasi sayti faqat ingliz tilida faoliyat yuritadi. Uning ruschasi, «тем более» o’zbekchasi yo’q.

Grin karta o’ynash qancha turadi?

Hech qancha. Lottoreyada ishtirok etish to’lovi yo’q. U mutlaqo bepul. Qaysidir «типо» konsalting firmacha qanchadir miqdorda so’ragan puli – faqat o’z xizmati uchun. Agar sizga lottoreyada ishtirok etish uchun rasmiy to’lov, deb pul so’rasa, bu yolg’ondan boshqa narsa emas.

Qaysi firmada o’ynasa imkoniyat ko’payadi?

Hech qaysi. Sizga anketa to’ldirib berishga yordam beradigan hech bir firmaning biri ikkinchisidan ustun emas. AQSH immigratsion xizmati yoki Qo’shma Shtatlarning O’zbekistondagi elchixonasi biror firma bilan hamkorlik qilmaydi. Go’yoki ularning firmasida o’ynab, g’olib bo’lganlarning vizasi urilgan passportlarini ilib qo’yilganiga laqqa tushmang. O’sha odamlar aynan u yerda o’ynaganini tekshira olmaysiz, bu – bir. Qo’yilgan xujjatlar haqiqiyligi ham aniqmas, bu – ikki. Rostdan o’sha yerda o’ynab, kimdir yutgan bo’lsa ham bu o’sha insonning omadliligini ko’rsatadi xolos. Sizning omadinggizga buni mutlaqo aloqsi yo’q. 50 mingga to’ldiradigan firma ham, 10 mingga shu ishni qiladigani ham, bir-biridan ko’proq bilmaydi. Ulardan faqat qo’lidagi xujjatdan ma’lumotni to’g’ri ko’chirish talab qilinadi xolos. Buni esa o’zinggiz ham uddalay olasiz.

«Arizani oxirgi kunlarda topshirsa imkon ko’proq bo’larmish…?»

Bo’lmagan gap. Lottoreya o’ynash sanalari e’lon qilingach, o’sha 30 kundan istalgan birida topshiravering. Anketaning qaysi kunda to’ldirilganligi bilan hech kimning ishi yo’q. Asosiy talab, ma’lumotlar to’g’ri kiritilganligi va fotosuratning talablarga mosligi. Boshqa «fokus»lar yo’q.

Qanday qilib imkoniyatni oshirsa bo’ladi?

Buning yo’llari yo’q. Faqatgina turmush qurganlarda imkoniyat qolganlardan ikki barobar ko’proq. Chunki er yoki hotindan qay biriga yutuq chiqsa ham ularning har ikkisi grin karta olish imkoniga ega bo’ladi. Agar sizga kimdir yana biror yo’lini aytgan bo’lsa, bilingki, u noqonuniy va ohir oqibat, sizga yutuq chiqqan taqdirda ham viza berilmasligiga olib keladi.

Manba: @Floridiston kanali.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!