×

«Harvard muvaffaqiyat siri». O’zbekistonlik talaba bu haqda so’zlab berdi


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

3089 marta

CHOP ETILGAN

02.01.2018

​​«Men hech kimga hech nimani o’rgatolmayman, balki kishilarni fikrlashga yo’naltirib yuborishim mumkin» Suqrot 

AQShdagi Harvard universiteti bir necha o’n yillikdan buyon jahon ta`lim tizimida o’zining muqim o’rniga ega, obro’li ilm maskanlaridan biri bo’lib qolmoqda. 23 yoshli Nilufar Ko’chimova 2017 yilda Harvard talabasi sifatida oliygohga grant asosida o’qishga qabul qilingan. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrif bilan borganida Amerikadagi vatandoshlar bilan suhbatlashgandi. Ular qatorida Nilufar ham bor. Universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan Nilufar oliygohda bir semestr davomida to’plagan tajribasidan so’ng, bir necha mulohazalarini Kun.uz muxbiri bilan o’rtoqlashdi.

«Harvardning kuchli hayratga solgan ilk jihati, shak-shubhasiz, undagi o’qitish uslubidir. AQShning nufuzli universitetlari qatorida yetakchi o’rinni saqlab turgan Harvard va uning izdoshlarida «​Suqrotning o’qitish uslubi»​ deb nomlangan tizim joriy qilingan», deb so’z boshlaydi Nilufar.

Uning qayd etishicha, o’zining muvaffaqiyatli o’qitish tizimi va yuksak natijalari bilan boshqa oliygohlardan ajralib turuvchi Ivi ligasi universitetlari aynan mana shu uslubiyat orqali shonli zafarlarga erishmoqda. «Suqrotning o’qitish uslubi» faylasuf tomonidan shogirdlariga bilim berishda qo’llanilgan o’zgarmas oddiy qoidalarga bo’ysunadi: manfaatli suhbat asnosida masalani muhokama etish, savol-javob shaklida tanqidiy fikrlashni rivojlantirish hamda ilk farazlarni natijadan ajratib olishdan iborat. Bu shunday dialektik uslubki, uning ishtirokchisi o’z fikrini himoya qilishi, boshqasi asoslantirilgan dalillar bilan qarama-qarshi «hujumga» o’tishi mumkin.

«Harvardda aynan shunday o’qitish uslubi orqali talabalarga bilim berilishini eshitgandim, ammo men uchun universitetning bunday siyosati doimo mavhumligicha qolavergan, uni hech qachon his etmagandim. O’qituvchining ma`ruzasi va kitobdagi jumlalarni tinimsiz qoraga ko’chirib borayotgan talabani ko’z oldingizga keltiring! Bundan tashqari, konspektini yod olib, seminar darslarida so’zma-so’z qaytargan talaba… Shu sharoitda huquqshunoslikni o’rgangan qiz uchun Harvardning notanish tizimi vahimali tuyila boshlagandi. Aytish joizki, menda qo’rquv ham paydo bo’ldi», deydi u.

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchisi Nilufar Ko’chimova suhbat davomida ilk paydo bo’lgan qo’rquvga o’qituvchilar sababchi bo’lganini ta`kidlab o’tdi.

«Haqiqatan, Harvardda ta`lim beruvchi professor va murabbiylar o’z kasbining mohir ustalari, desam adashmayman: ular «Suqrotning o’qitish uslubi»ni puxta tushungan pedagoglardir. Ayrim talabalar kabi, mashg’ulotlarda professor tomonidan bildirilgan savol oldida kuchsiz bo’lib qolmaslik uchun yanada qattiq tirishib o’qishim kerak edi. Ammo mavzular chuqurlashib borgani sari, professor beradigan savol va topshiriqlar ham murakkablashib boraverdi. Bu xuddi geometrik progressiyaga arifmetik rivojlanish yo’li bilan yetib olishdek gap edi. Misoli inqirozlar ko’chasiga kirib qolgandim, nazarimda Harvardda o’qish qo’limdan kelmaydi», deb so’zlarini davom ettirdi u.

O’zbekistonlik Harvard universiteti talabasining aytishicha, u «uslub»ning asl mohiyatini tushunib yetganida barcha qarashlar o’zgara boshladi. «Bir necha muddat davom etgan mashg’ulotlardan so’ng Suqrot o’z shogirdlariga qanday puxta bilim berishga erishganini tushunib yetdim.

O’qituvchining «ayovsiz va sovuq» savollariga har qancha tayyorgarlik ko’rib, javob bera olmay qolsam-da, mashg’ulotlarga nisbatan qiziqishim aslo so’nmadi. Eng muhimi topilmagan savollarga javobni topshiriqlar asnosida qidira boshladim. Kelgusi mashg’ulotlarga odatdagidan ikki karra ko’proq kitob varaqlashga majbur edim, ammo bu kishiga huzur bag’ishlaydi. O’rtadagi dovga har qanday talabani baxtli etuvchi narsa tikilgan: siz savolga javobni topasiz!​ Va bu «Suqrot uslubi»ning asl mohiyatini ifodalab beradi», deb ta`kidlaydi Nilufar.

Suqrot izdoshlari hayolingizdagi «qulaylik zonasi»ni tark etishga majbur etadi. Soddaroq qilib aytganda, Harvard professorining maqsadi talabani darsga tayyor emasligini bildirib, uni sharmanda qilish emas, (garchi uy vazifalari va topshiriqlar shunday holatlarga sababchi bo’lsa ham) balki o’rganuvchining qo’rquv iskanjasiga tushib qolishi, o’z fikrini erkin ifoda eta olmaslikdan asrashdir. Talaba har qanday sharoitda ham o’zining tushunchasidagi qadriyat va e`tiqodini aniq ifoda eta olishi shart.

​«Eng muhimi ham shunda edi: biz qancha kitob o’qiganimiz yoki bilimdan qo’rqish emas, balki 200-300 yillar avval yashagan sudya muayyan qoidaga qanday sharh berganini anglab, o’z munosabatimizni bildirishimiz kerak. Harvarddagi ta`limning birinchi semestri o’tib borarkan, tushunib yetdimki, matnni o’qish va har qachon savol berish kerak, har bir bilimni o’z holicha qabul qilmang», deb xotirlaydi u.

​Nilufarning aytishicha, bu so’zlar O’zbekistonda mavjud va davom etayotgan oliy ta`limdagi o’qitish tizimiga biroz soya solgandek bo’ladi, buning bilan oliygohlardagi o’qitishning ustuvor uslubi zaif yoki xato, degani emas.

«​Shunga qaramay, leksiya-seminarga asoslangan o’qitish tizimining markazida o’qituvchi asosiy rolni o’ynaydi. O’qituvchi tayyorlangan ma`lumotlarga tayanadi, ya`ni darslik tanlanadi. Talabaning darsdagi ishtiroki qanday? Nofaol kuzatib borish, ma`ruzani yozib olish va seminar payti cheklangan muddatda munozarada ishtirok etish. Men darsning tashkiliy jihatlariga to’xtalmoqchi emasman. Aks holda uslubiyatdan tortib amaliy kamchiliklargacha suhbatlashish lozim.

Xulosa shundaki, mazkur tizim, ayniqsa huquqshunoslik yo’nalishi talabalariga pand berishi bor gap. Albatta, O’zbekistonda oz bo’lsa ham xalqaro standart talablariga javob beradigan, zamonaviy uslubda darsni o’tishni biladigan, «ayovsiz va sovuq» savollari​ bilan talabani «ishlashga» majbur qiladigan o’qituvchilar borligini inkor etmaslik kerak. Biroq, ularning ham uslubi kitobdagi ma`lumotni ko’proq yodlab olishga undashdan boshqa narsa emas», deb qo’shimcha qilib o’tdi Nilufar Ko’chimova.

Suhbatning davomi kelgusi maqolada e`lon qilinadi.

Manba: kun.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!