×

IELTS reading: test formati, ko’p uchraydigan xatolar va 8+ ball olish sirlari


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

56516 marta

CHOP ETILGAN

04.08.2018

Ko’pchilik test topshiruvchilar IELTS testining reading qismidan yuqori ball olishga qiynalishadi. Shaxsiy tajribamdan bilamanki, readingda 7.5 gacha yetish nisbatan osondek tuyiladi va ozgina mehnat qilinsa, 6dan oshmayotgan ballarni, shunchaki e’tiborliroq bo’lib ham 7 ga chiqarib olish mumkin. Ammo nega 8 dan oshirishga bunchalik qiynalamiz? Ushbu maqola aynan shu haqida: nega IELTS reading’dan past ball chiqadi va uni qanday ko’tarish mumkin?

Test formati bilan tanish bo’lsangiz, “skimming” , “scanning”, “paragrafni boshini o’qish”, “keywordlarni belgilash” va shu kabi vaqtni tejash uchun qo’l keladigan boshqa ko’plab usullar haqida eshitgan bo’lsangiz kerak. Lekin bu usullar shunchaki asosiy bilimni ko’rsatib bera olish va vaqt kabi til bilishga aloqador bo’lmagan faktorlarni sizning natijangizga ta’sir qilishiga yo’l qo’ymaslik uchun zarur.

Demak, noldan boshlaymiz.

IELTS testining ikki xil turi mavjud: Academic Module va General Training. O’zbekistonda IELTS o’qishga kirish uchun ko’proq topshirilgani bois academic module kengroq tarqalgan.

Academic module reading testining formati

Reading’da sizga ilmiy ingliz tilida yozilgan 3 ta matn beriladi. Matnlar odatda qiziqarli va informativ ruhga ega bo’lib, turli ilmiy yoki ommabop nashrlardan olingan maqolalar bo’ladi. Uchchala maqolaning ma’no jihatdan bir-biriga aloqasi yo’q. Test uchun 60 daqiqa beriladi, bu vaqt ichida test topshiruvchi 40 ta savolga javob topishi kerak. Har bir matnga asoslangan savollarga javoblar turli usullar bilan topiladi. Test so’nggida javoblarni tekshirish va javoblar varaqasiga yozish uchun qo’shimcha vaqt berilmaydi, shuning uchun 60 daqiqa ichida barcha javoblarni ko’chirishga ham ulgurish zarur. Test oxirida javobni ko’chirishga ulgurmaslik natijasida juda past ball olish hollari  tez-tez uchrab turadi, shuning uchun har bir matn uchun tahminan 15 daqiqadan sarflab, oxirgi 15 daqiqani javoblarni tekshirish, ko’chirish va qolib ketgan qiyinroq savollarga sarflash tavsiya etiladi.

Baholash tizimi

Baholash tartibi quyidagicha:

Reading’dagi savollarning qanday turlari bor?

IELTS reading testida beriladigan savollar quyidagi turlarga bo’linadi:

  1. Short answer questions. Bunday savollarga yoziladigan javob hajmi chegaralangan bo’ladi. Javobga ko’pi bilan nechta so’z yozish mumkinligi savolda aniq qilib yozib qo’yiladi. Test topshiruvchilar eng ko’p yo’l qo’yadigan xato esa nechta so’z yozish mumkin ekanligiga e’tibor bermaslik. Javobga bitta so’z yozish kerak vaziyatda, “car” so’zi javob bo’lib turib, “a car” deb yozsangiz ham javobingiz xato hisoblanadi.
  2. Multiple choice. Bunday savollarning javobi variant ko’rinishida beriladi. Test topshiruvchi duch keladigan eng katta muammo esa barcha variantlar to’g’ri, barchasi xato yoki to’g’ri javob bittadan ko’p tuyilishi mumkin. Buning sababi shundaki, test tuzuvchilar test topshiruvchilar matnni o’qishga kam vaqt ketsin deb ishlatadigan “siyqasi chiqib ketgan” usullarni yaxshi bilishadi va ataylab shunday variantlar berishadiki, har bir variantda matnda uchraydigan qandaydir so’z yoki ma’lumot qatnashadi. Natijada, matnni to’liq tushunmaydigan yoki o’qimagan test topshiruvchi adashib ketadi.
  3. Summary completion. Bunday savollarda odatda test topshiruvchiga butun matnning yoki matnning ma’lum qismining qisqacha xulosasi yana bir kichik matn ko’rinishida taqdim etiladi. Bu matnda ba’zi so’zlar tushirib qoldirilgan bo’ladi va test topshiruvchi shu so’zlarni topib javoblar varaqasiga yozishi kerak bo’ladi. Bu turdagi savollarga javob berishni qiyinlashtiradigan faktorlardan biri matnni yaxshi o’qimaslik va umumiy mazmunga tushunmaslik. Xulosani to’ldirish uchun original matnni ikki barobar yaxshi tushunish zarur.
  4. Matching sentence endings. Bunday savollarda test topshiruvchiga bir ustunda turli tugallanmagan gaplar va ikkinchisida boshlanishi berilmagan chala gaplar beriladi. Gaplar sonlar va harflar orqali birlashtirib yoziladi. Bu turdagi savollarga to’g’ri javob berish uchun ham matnni yaxshi tushunish kerak, ham qaysi ma’lumot qayerda joylashganini tez topib, tekshirib ko’rish kerak. Bir necha ming so’zli matn o’qib aynan qaysi gapda nima ma’lumot borligini eslolmasligingiz mumkin, vaqt yo’qotmaslik uchun savoldagi g’oya haqidagi qismni matndan tez topib, shu ma’lumotni o’qib chiqish kerak. Butun gapni tushunmasdan turib uning hamma so’zlari perefraza qilingan ikkinchi yarmini topa olishdan umid qilmang. Javob tanlayotganda gapning grammatik jihatdan to’g’ri ekanligini ham tekshirib qo’yish zarur.
  5. Sentence completion. Bunday savollar ham summary completionga o’xshab ketadi. Faqat bunda qisqacha matn emas, shunchaki gap beriladi va unda tushirib qoldirilgan so’zlarni matndan topish so’raladi. Bunday savollarga javob topishda matnning qayerida sizga kerakli ma’lumot borligini topa olish tezligi muhim rol o’yaydi. gapni to’ldirganda u grammatik jihatdan to’g’ri ko’rinishga kelishiga ham e’tibor qaratish kerak.
  6. True, False, Not given. Bunda test topshiruvchiga argumentlar, ya’ni gaplar beriladi va u shu gapning to’g’ri, xato yoki matnda berilmaganini topishi kerak bo’ladi. Bunday savollar test topshiruvchilarni eng ko’p qiynaydi. Ko’pchilik True va False’ni topadiyu, False bilan Not given’ning farqini bilolmaydi. Bunday savollarga javob topishda advokatlardek fikrlash qo’l keladi. Jinoyatchining aybini bo’yniga qo’yish uchun har bir gapiga e’tiborli bo’lish kerak. Agar u qandaydir mashina qizil rangda, degan bo’lsa (ya’ni matnda shunday yozilgan bo’lsa), va berilgan gapda ham shunday yozilgan bo’lsa, demak gap To’g’ri (True). Agar matnda mashina qora rangda, deb yozilgan bo’lsa, demak savolda ko’rsatilgan gap Xato (False). Agar jinoyatchi bir chiroyi mashina ko’rgandim, degan bo’lsa, ya’ni matnda mashina haqida gap bo’lsayu, rangi haqida gap bo’lmasa, demak Berilmagan (Not given). Shunchaki, shunday ayblovni birovning bo’yniga qo’ya olarmidim, degan savol, o’zini advokat deb tasavvur qilgan test topshiruvchiga juda katta yordam beradi. “Men unday deganim yo’q” degan e’tirozga o’rin qoldirmaslikni maqsad qilish kerak.
  7. Matching headings. Bunday topshiriqlarda odatda matndagi har bir paragrafga sarlavha qo’yish kerak bo’ladi. Bunda kalit so’zlar yordam bermaydi. Sarlavhaga oid savollarga javob berish uchun paragrafning umumiy mazmunini juda yaxshi tushunish kerak.
  8. Matching names. Bunda odatda test topshiruvchiga matnda keltirilgan shaxslar ismi va ularning xususiyatlari yoki qilgan ishlari aralash qilib beriladi. Javob berish uchun kim nima ish qilganini topish va ism bilan ma’lumotni bir-biriga tushirish kerak bo’ladi. Bunday savollarga javob topish nisbatan qulay, chunki ismlarni perefraza qilish qiyin, matnda sizga kerakli qandaydir Jon “manaman” deb turadi. Shu qismni topib, yaxshilab o’qib chiqasiz.
  9. Matching information to paragraphs. Bu Matching Headings topshirig’ining teskarisi. Headings’da sizga bir ro’yxat qilib sarlavhalar yozilgan bo’ladi, sizda bor sarlavhani qaysi paragrafga mos ekanini topish kerak bo’ladi. Ma’lumotni paragrafga tushirishda esa sizga biror ma’lumot berib qo’yiladi va shu ma’lumot qaysi paragrafda berilganini topish so’raladi.
  10. Labeling a diagram. Bunda sizga matnda tasvirlangan biror sxema vizual ko’rinishda beriladi va odatda shu sxemaning turli qismlari chizilgan bo’ladi. Sizning vazifangiz qaysi qism nima deb atalishini yoki boshqa ma’lumotlarni yozish. Bunday savollarga to’g’ri javob berish uchun matnni juda yaxshi tushunib olish kerak, ayniqsa ta’riflashda ishlatiladigan so’zlarni.

Reading testida yuqoridagi 10 xil savol turlarining barchasi tushmaydi, lekin tushgan savollarlar albatta shu ro’yxatdagi tiplarga mansub bo’ladi.

Savollarga to’gri javob berish uchun nima qilish mumkin?

Birinchi o’rinda matnni tushunish kerak. Reading testida ingliz tili lug’at boyligi nihoyatda muhim rol o’ynaydi. Qisqasi, yangi so’zlarda qochib qutulishning iloji yo’q. Agar matnni tushunmasangiz, yuqorida keltirilgan maslahatlarning sizga foydasi yo’q. Xo’sh, matnni tushunish uchun nima qilish kerak?

Buning uchun matnni nega tushunmasligimizni tahlil qilaylik. Agar test topshiruvchi 6 yoki 7 balldan ko’tarilolmayotgan bo’lsa, katta ehtimollik bilan unda quyidagi muammolar mavjud:

  • Birinchidan, test topshiruvchi ingliz tilidagi so’zlarni yaxshi bilmaydi. Buni to’g’rilash uchun so’z yodlash kerak. IELTS reading uchun turli lug’at kitoblardan so’z yodlash aqlli qaror emas. Agar testgacha ko’p “practice test” yechsangiz va har biridagi har bir ko’zingiz tushgan yangi so’zni yodlab ketaversangiz sizga boshqa hech qanaqa lug’atning keragi bo’lmaydi. 8 balldan yuqori natijaga erishgan barcha test topshiruvchilarning lug’at boyliklari juda yaxshi ekaniga ko’p guvoh bo’lganman.
  • Ikkinchidan, test topshiruvchi umrida ilmiy ingliz tiliga shunchalik kam to’qnash kelganki, matndagi shundoq ham qiyin so’zlar u umrida ko’rmagan qiyin grammatik strukturalar orqali bog’langan. Bu grammatikani yaxshi bilmaslik va ingliz tilidagi matn va gaplarga yetarlicha ko’z o’rganmaganidan kelib chiqadi. Natijani 8 balldan oshirishning yagona yo’li grammatikani Advanced darajagacha, C1 va C2 gacha to’liq o’qib chiqish va tushunib olish, hamda shu grammatikaning amalda ishlatilishini bilish uchun ko’p o’qish kerak.

Testning nomi “reading” – “o’qish” imtihonidan 8+ ball (ya’ni “besh”) olish uchun o’qishni bilish kerak. O’qish testi avvalo test topshiruvchining ingliz tilidagi matnni qanchalik yaxshi tushunishini tekshiradi. Bor yo’g’ri 60 daqiqa berilishining sababi esa yaxshi “reader”lar tez o’qiy oladi. Demak, tezlikka erisha olmagan bo’lsangiz, vaqtdan yutqazish hisobiga ham yuqori ball ololmaysiz.

Nima qilish kerak?

O’zingizga qoida qilib oling:

  1. Men bundan keyin hech qachon biror yangi so’z ko’rganimda shuni lug’atga yozmay va yodlamay o’tib ketmayman. Ishoning, bu prinsip hayotngizni o’zgartirib yuboradi.
  2. Men har kuni o’zimga qiziq qandaydir mavzuda nimalardir o’qiyman. Har kuni ingliz tilida kamida 5 varaq matn o’qiyman, tushunmagan so’zlarimni esa yodlab boraman.
  3. Har safar “practice test” ishlaganimda, nechta xato qilgan bo’lsam, hammasini nega xato chiqqanini tushunib, “aha!” deb qolmagunimcha tahlil qilaman. Agar o’zim baribir tushunmasam, tushunadigan odan so’rayman. Baribir bilmagan so’z, tushunmay qolib ketgan xato orqada qolishiga yo’l qo’ymayman.

Yuqorida keltirilgan prinsiplar a’lo darajadagi natijalarga erishishingizda sizga yordam beradi. IELTS testga tayyorlanayotganda maqsad umumiy bilim va ko’nikmani oshirishga qaratilishi kerak ekanligini unutmang. Agar siz har qanday ilmiy maqolani muammosiz tushinar darajaga yetsangiz, 40 ta savolning barchasga to’g’ri javob topishda sizga boshqa “usul”larning keragi bo’lmaydi. Agar ketma-ket uchta practice test’da bir xil ball olayotgan bo’lsangiz, demak yuqoridagi prinsiplarga amal qilmayotgan bo’lasiz. Agar nimadir o’xshamayotgan bo’lsa, “nega?” deb so’rang va albatta javob toping. Hech qanday xatoni yoki muammoni orqada qoldirib ketmang. Unutmang, olmaning to’kilganini hamma ko’rgan, faqat Nyutongina “nega?” deb savol bera olgan.

Keyingi maqolalarda IELTS testining boshqa qismlariga ham batafsil to’xtalamiz. Biz bilan bo’ling!

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!