×

Ilm, biznes va raqobat yoxud tomorqamizdagi toshlar…


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

1165 marta

CHOP ETILGAN

19.09.2020

Maqolam hech qanday ahamiyatga ega emasmi?

Kecha bir tanishim qoʻngʻiroq qilib qoldi. Oʻzi oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritadi. Yaqindagina yurtimizda tashkil etilgan, ISSN raqam biriktirilgan yosh jurnallardan birida maqola e’lon qilgan ekan. Kimdir “bu maqolangiz umuman yuridik ahamiyatga ega emas” debdi. Shoʻrlik, menga qanday qilib bu masalaga oydinlik kiritish mumkinligi haqida maslahat soʻrab murojaat qilibdi…

Progress

Koʻpchilik olimlar yaxshi biladilar, bundan 5-6 yil avval xorijiy jurnalda maqola chop ettirish Amerika ochishday gap edi. Jurnalga maqolani oʻtkazish bir azob boʻlsa, unga qora bozordan valyuta sotib olib, yana bankdan pul oʻtkazib, agar toʻlov boshqa valyutada amalga oshirilishi kerak boʻlsa, qayta konversiya qilib…yana azob edi, xullas kalom.

Yaqindan boshlab bu toʻsiqlar deyarli yoʻq boʻlib ketdi. Progress :). Bundan 10 yil oldin Oʻzbekistonda xalqaro miqyosdagi xorijiy nashr sifatida qabul qilinadigan jurnallar paydo boʻladi, deyishganda, balki ishonmagan boʻlarmidim. Nihoyat, shu kunlarga ham yetdik, ming shukr!

Oʻzing uchun…

Taraqqiyot, innovatsiya, yangilik… Yashirib nima qildik, zamon bilan baravar qadam tashlayotgan ham, ozgina orqada kelayotgan ham bor oramizda. Balki, hammamiz ham yangiliklarga hali tayyor emasdirmiz – yuqoridagiday muammolar koʻp uchramoqda. Shuncha vaqt, mehnat sarflab maqola yozibsiz, uni sifatli jurnalda nashr qildirganingiz haqidagi ma’lumotni topish/aniqlash/teksirishni ham oʻrganing-da, Zamondosh. Bir umr boshqalardan yordam kutmaysiz-ku. Olim uchun primitivlik belgisi bu. Oʻzbek ilm-fani vakili uchun uyat boʻladi-ya…

Dolzarb mavzu: Qanday qilib nashr kerakli rekvizitlarga ega ekanini aniqlash mumkin?

Barchamiz tadqiqotchi sifatida maqolamiz aprobatsiya boʻlishini, unga tezroq kerakli rekvizitlar biriktirilishini istaymiz. Biz maqola nashr ettirgan/ettirmoqchi boʻlgan jurnal/nashr aynan shu rekvizit (ISSN/ISBN/DOI va h.k.)ga ega ekanini, qaysidir bazalarda indekslanishini qanday aniqlash mumkin?

Bu jarayon quyidagicha amalga oshiriladi:

ISSN raqami orqali

  1. ISSN raqam roʻyxatga olinadigan portalga shu yer orqali kiring.
  2. Sizga kerakli jurnal ISSN raqamini yoki jurnal nomini qidiruv sahifasiga kiriting.
  3. “Search” yozuvini bosing. Tizim Sizga izlayotgan jurnalingiz haqida hamma ma’lumotni chiqarib beradi.

DOI raqami orqali

DOI raqam biriktirilgan nashr yuqori sifatli ilmiy asarlar chop etuvchi nashr hisoblanadi. Biriktirilgan ushbu raqam orqali Siz istalgan brauzer orqali xohlagan vaqtingizda maqolangizni topa olasiz.

Bazalardagi indekslar orqali

Avvalgi maqolalarimizdan birida indekslar haqida aytib oʻtgandik. Xalqaro miqyosda salmoqqa ega boʻlgan yirik ilmiy ma’lumot bazalari mavjud. Masalan, Google Scholar. Maqolangiz chiqqan jurnal ushbu bazada indeks qilingan boʻlsa, Google Akademiyasidan uni osongina izlab topasiz.

Tanishimga maqolasi chiqqan jurnal ISSN raqamga egaligi, maqolasi esa allaqachon Google Scholarda indeks qilinganini aytganimda, hursandlikdan ichiga sigʻmay ketdi. Baxtli boʻlish uchun odamzodga qanchalik oz narsa kifoya…

Ilm va biznes

Yaqindagina e’lon qilingan Scopus va Men yoxud “chiqindi quti”dagi tadqiqotlar nomli maqolada “Dunyoni yaxshi tomonga oʻzgartirish uchun ilm-fan eng yangi menejmentga asoslangan biznes boʻlishi kerak” degan edik. Bilasizmi nega? Har qanday faoliyat asosida manfaat yotadi. Moddiymi, ma’naviymi – manfaat. Inson – tugʻma pragmatist. Biz hamma narsa foyda keltirishi tarafdorimiz. Buning nimasi yomon?

“Ilmni biznesga aylantirganlar” qabilidagi iboralarni eshitganda, sekingina kulib qoʻyaman – manfaat boʻlmasa, kim ham tekinga oftobga chiqardi? Shunchaki, bu biznesda sogʻlom raqobatni hamda nashrning sifatli, hamyonbop, eng muhimi – jamiyatga foyda keltirishini ta’minlash zarur. Shunda oʻz-oʻzidan ham moddiy, ham ma’naviy manfaatga erishiladi – six ham kuymaydi, kabob ham.

Barakalla, oʻzbeklar, shunday davom etavering, balki, yaqin yillarda bizdan ham Scopus, Web of Sciencega kiradigan jurnallar chiqib qolar…

Birovning tomorqasiga tosh otmang, birodar…

Koʻplab ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar va guruhlar yuqorida aytganimiz kabi “bu jurnal hech qanday yuridik qiymatga ega emas…” mazmunidagi postlarni e’lon qila boshlabdi. Yurtimizdagi har qanday nashr OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi roʻyxatidan oʻtmaguncha, unga faoliyat yuritish huquqi berilmaydi.

Qiziq, shu postni yozgan odam yurtimiz qonunchiligida belgilangan me’yorlarga ishonchsizlik bilan qarayotganini bilarmikan? Sogʻlom raqobat yetishmayapti oʻzbek ilm-faniga.

Bolaligimda buvim rahmatli bir iborani doim takrorlar edilar: “Qaytar dunyo bu, nima qilsang ham – yaxshilikmi, yo yomonlikmi – oʻzingga yuz baravar boʻlib qaytadi…” Otgan toshingiz harsang boʻlib oʻzingizga qaytmasin, birodar.

Harsang tagidan omon chiqishingiz-ku, butunlay boshqa mavzu…

Nodira Rustamova, Ph.D.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!