Daniyaliklar ingliz tilini eng yaxshi biluvchi xalqlar sirasiga kiradi. Vaholanki, ingliz tili Daniyada rasmiy til hisoblanmaydi. Davlat tili – dat tili. 3-4-sinfdagi maktab oʻquvchsidan tortib, 70-80 yoshli chol va kampirlargacha ingliz tilida gaplasha oladi. Shaxsan oʻzim shu paytgacha 70 yoshlar atrofidagi daniyaliklar bilan 5-6 marta ingliz tilida gaplashdim. Ulardan faqat bittasi biroz oʻylab, tutilib-tutilib gapirgan. Qolganlari bemalol gapiradi.
Daniyaliklar ingliz tilini qanchalik yaxshi bilishi haqida kengroq tasavvur hosil boʻlishi uchun statistik maʼlumotlarni keltirib oʻtaman. Xalqaro EF ingliz tilini bilish darajasi koʻrsatkichi (EF English Proficiency Index sayti: https://www.ef.com/wwen/epi/) boʻyicha dunyo mamlakatlari orasida Daniya natijalari oxirgi 6 yil ichida quyidagicha boʻlgan:
2014-yil – 1-oʻrin;
2015-yil – 3-oʻrin;
2016-yil – 2-oʻrin;
2017-yil – 3-oʻrin;
2018 – 5-oʻrin;
2019-yil – 4-oʻrin.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston hozirda ushbu koʻrsatkich boʻyicha 100 mamlakat ichida 95-oʻrinni egallab turibdi (2019-yil yakuni boʻyicha).
Xo’sh, nega daniyaliklar ingliz tilini bu qadar oson va yaxshi oʻzlashtirib olishadi? Buning bir necha sabablari bor.
Birinchidan, ingliz va dat tili bitta til oilasiga – german tillar oilasiga mansub. Shu sababli bu tillar orasida bir qancha oʻxshashliklar mavjud. Masalan, dat tilida “koʻz” soʻzi “øje” deb yoziladi va va “ai” deb oʻqiladi (ingliz tilida koʻz – eye, oʻqilishi ham “ai”). “Kold” (dat tilida) va “cold” (ingliz tilida) soʻzlari ham oʻxshash, maʼnosi ”sovuq” degani. Bu kabi oʻqilishi va yozilisi nisbata oʻxshash boʻlgan koʻplab soʻzlarni topish mumkin.
Ikkinchidan, Daniya taʼlim tizimida xorijiy tillarni oʻrganishga eʼtibor katta va maktablarda taʼlim sifati ancha yuqori. Odatda maktablarda 3-sinfdan boshlab ingliz tili oʻqitila boshlanadi. Lekin maktabga qadar ham bolalar bogʻcha yoki oila tarbiyasida ingliz tilini maʼlum darajada oʻzlashtirishadi. Maktabdagi sinflarda oʻquvchilar soni ham juda koʻp emas. Qonunan bitta sinfda eng koʻpi bilan 28 tagacha oʻquvchi boʻlishi mumkin. Lekin odatda bitta sinfdagi oʻquvchilar soni 20 nafar atrofida boʻladi. Oʻz navbatida, oʻquvchilar ham yaxshigina tirishqoq.
Uchinchidan, daniyaliklar ingliz tilida gaplasha olish afzalliklarini tan oladi va bu tilni yaxshiroq oʻrganishga harakat qiladi. Xalqaro miqyosdagi biznes, ilm-fan va boshqa koʻplab sohalarda ingliz tili yetakchi til hisoblanadi. Daniyaliklar oʻz sohasidagi muvaffaqiyatni taʼminlash uchun ingliz tilini bilish muhim ekanligini yaxshi anglaydi.
Toʻrtinchidan, Daniya aholisi sayohat qilishga ishqiboz. Daniya aholisi eng koʻp sayohat qiluvchi mamlakatlar ichida kuchli beshtalikka kiradi. Tabiiy ravishda sayohat qiluvchi kishi uchun eng kerakli til – ingliz tili hisoblanadi va sayohat qilish ishtiyoqi ingliz tilini yanada yaxshiroq oʻrganishga undaydi.
Beshinchidan, Daniyada ingliz tilidagi reklama, qoʻshiq, kino va shu kabilar juda anchagina ommalashgan. Shu oʻrinda fakt keltirib oʻtaman: hozirda Daniya aholi eng koʻp eshitadigan 20 ta qoʻshiqning aksariyati ingliz tilidagi qoʻshiqlar. Har kuni ingliz tilidagi reklama, video, kino koʻrish, qoʻshiq eshitish oʻz-oʻzidan ingliz tili darajasining mustahkamlanishiga oz-ozdan hissa qoʻshib boradi.
Baʼzida ingliz tilini zoʻr oʻrganish uchun aholining soʻzlashuv tili ingliz tili boʻlgan davlatga borish lozim ekanligi taʼkidlanadi. Daniyaliklar bu fikrning toʻlaligicha asosli emasligini koʻrsatib beruvchi millatlardan biri.
Aytgancha, daniyaliklar oʻzaro ingliz tilida gaplashmaydi odatda. Xorijliklarga ham dastlab dat tilida gapiradi (agar suhbati oʻzi boshlayotgan boʻlsa), xorijlik dat tilini tushunmasa, keyin ingliz tilida gapira boshlaydi.