×

Isaak Nyuton ommaviy epidemiya sababli berilgan taʼtilda eng buyuk nazariyalarini yaratgan


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

3567 marta

CHOP ETILGAN

16.03.2020

Muallif: Maqsud Salomov

1665-1666-yillarda Londonda oʻlat tarqaydi. Odamlar orasida ommaviy kasallanish boshlanadi. Bu davrlar tarixga “Londondagi Buyuk oʻlat” nomi bilan kirgan. Buyuk oʻlat davrida Londonning chorak qismi (25%) oʻlatdan qirilib ketgan.

Oʻlat tarqagan yili mashhur olim Isaak Nyuton Kembrij universitetining Trinity kollejida 22 yoshli oddiy talaba edi. Oʻsha paytda ham hukumat epidemiya tarqalishining oldini olish uchun odamlarni ommaviy yigʻilishini cheklagan. Kembrij universiteti ham talabalarni uyiga joʻnatgan va talabalar uyida mustaqil oʻqishni davom ettirgan.

Nyuton oilasining Vulstorp mulkida joylashgan uyiga qaytadi va 1 yildan ortiqroq davr mobaynida oʻqituvchilarning yordamisiz ushbu uyda mustaqil tahsil olishni davom ettiradi. Nyuton uyida oʻqigan aynan shu yil keyinchalik uning “moʻjizalar yili (annus mirabilis)” degan nom olgan. Chunki Nyuton aynan shu davrda, uyida mustaqil oʻrganish davomida eng mashhur nazariyalarini yaratgan.

Birinchidan, u Kembrijda oʻrganishni boshlagan matematik masalalar ustida ishlashni davom ettiradi. Ushbu masalalar yuzasidan yozgan ilmiy ishlari keyinchalik matematik analiz fanining shakllanishida asoslardan biri boʻlib xizmat qiladi.

Ikkinchidan, quyoshli kunlarning birida deraza va boshqa nur tushadigan barcha yerlarni berkitib, xonasini qop-qorongʻi qilib oladi. Soʻng derazani berkitib turgan pardadan kichik teshik ochib, shu teshikdan tushayotgan nur yoʻlini shisha prizma bilan toʻsadi. Prizmaning birinchi tomonidan oʻtgan nur uning ikkinchi tomonidan turli xil ranglar koʻrinishida (kamalak kabi) tarqaladi. Aynan shu tajriba Nyutonning optika sohasidagi nazariyalarining yaratilishiga turtki boʻladi.

Uchinchidan, Butun olam tortishish qonuni haqidagi fikrlari ham aynan shu yillari vujudga keladi. Nyuton olma daraxti ostida oʻtirgan payti boshiga olma tushgani va shundan Butun olam tortishish qonuniga asos solgani haqidagi hikoyani eshitgan boʻlsangiz kerak? (Biroq olma Nyutonning boshiga tushmagan, bu, shunchaki, toʻqima sahna). Nyuton bogʻda aylanib yurganida olmalarning daraxtdan qulab tushishini kuzatadi. Va uning xayoliga “olmaning yerga qulashiga sabab boʻluvchi tortishish kuchining amal qilish masofasi Yerdan maʼlum uzoqlik bilangina cheklanmasdan, ancha uzoq masofalarda ham amal qilsa-chi? Masalan, Oygacha boʻlgan masofada”, – degan fikr kelib qoladi. Shu fikr keyinchalik Butun olam tortishish qonunining kashf etilishiga sabab boʻladi.

Buyuk oʻlat davri tugagach, 1667-yili Nyuton uyda oʻrganganlari asosida ishlab chiqilgan nazariyalari va shu nazariyalar haqida yozilgan ilmiy ishlari bilan universitetga qaytadi. 6 oy ichida Nyuton universitetning aʼzosiga (Fellow) aylanadi, 2 yildan keyin esa professor darajasiga erishadi.

Oʻzbekistonda ham 16-martdan taʼlim muassasalari yopilishi eʼlon qilindi. Oʻqish yoʻq, endi maza qilib uxlayman yoki koʻrolmay yurgan seriallarimni koʻrib tashlayman demay, mustaqil oʻrganish va tajriba oʻtkazishga ham biroz boʻlsa-da vaqt sarflang. Ajab emas, uydagi mustaqil oʻrganishlardan keyin siz ham Nyutonga oʻxshab kelajakda mashhur boʻlib ketuvchi nazariyalarni yaratib qolsangiz. 🙂

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!