Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi jurnalist va blogerlar uchun “Jamiyatda ayollar: huquq, himoya va imkoniyatlar” tanlovini eʼlon qildi.
Tanlov quyidagi nominatsiyalardan iborat:
- “Ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan, huquq va kafolatlari yoritilgan eng yaxshi jurnalistik material uchun”;
- Ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan, huquq va kafolatlari yoritilgan eng yaxshi blogpost uchun”;
- “Adliya eʼtirofi”.
Tanlov ishtirokchilari: Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xususan, jurnalistlar, foto-jurnalistlar va blogerlar.
Tanlov shartlari:
- tanlovga taqdim etiladigan 2021-yilning I choragida (yanvar, fevral va mart) bosma yoki elektron OAVda, tele-radioefirlarda yoki shaxsiy bloglarda eʼlon qilingan boʻlishi lozim;
- ilmiy ishlar, seminar, trening, konferensiya, davra suhbatlari uchun tayyorlangan maʼruzalar, slaydlar, yirik janrdagi badiiy asarlar (qissa, roman, doston) qabul qilinmaydi;
- har bir ishtirokchidan 3 tagacha material qabul qilinadi;
- tanlov tili – oʻzbek va rus.
Tanlovda ishtirok etish uchun 2021-yilning 20-may kunidan 20-iyun kuni soat 23:59 gacha quyidagi hujjat va materiallar tanlov@adliya.uz elektron pochtasiga yuboriladi:
- Ishtirokchi haqida maʼlumot;
- Ishtirokchining fotosurati;
- Tanlovda ishtirok etuvchi material (Word dasturida yozilgan matn yoki audio/video/fotofayl, faylning oʻzi yoki u joylangan sayt/fayl manbasiga havola).
Barcha materiallar eʼlon qilinganligi toʻgʻrisida skrinshot, pdf-nusxa, havola bilan tasdiqlanishi kerak.
Gʻoliblar esdalik va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
Tanlov gʻoliblari “27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” bayrami arafasida eʼlon qilinadi.