×

Janubiy Koreyaning 1-raqamli universitetiga toʻliq grant asosida qabul qilingan


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

26749 marta

CHOP ETILGAN

17.08.2020

Eslatma: Bu suhbat 2020-yilda qilingan. Suhbat davomida keltirilgan talablar, faktlar va raqamlar keyingi yillardagi qabul jarayonida oʻzgarishi mumkin. Har yili eʼlon qilinadigan KAIST qabul talablari BU YERDA berib boriladi.

1. Assalomu alaykum Sanjar. Avvalo, oʻzingizni qisqacha tanishtirsangiz.

Assalomu alaykum. Men Atamuradov Sanjar Samarqand viloyatining Jomboy tumanida 2001-yil, 27-fevralda tugʻilganman. 11-sinfgacha shu tumandagi 51-umumiy oʻrta maktabida tahsil olganman. Bu vaqt oraligʻida maktabda barcha fanlarni mukammal oʻzlashtirishga harakat qilardim va ayniqsa aniq fanlarga hamda ingliz tiliga qiziqishim juda kuchli boʻlgan. Maktabni bitirgunimcha Matematika va Fizika fanlaridan oʻrta maktablar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Bilimlar Bellashuvi” va Olimpiadalarda qatnashib, har yili tuman, viloyat, respublika bosqichlarida yaxshi natijalar koʻrsatib kelganman. Yoshligimdan dasturchilik kasbini egallashni maqsad qilib, Toshkentdagi Inha Universitetiga grant asosida oʻqishga kirishni orzu qilardim. 10-sinfimdan boshlab taʼtil vaqtlari Toshkentga keldim. Shu yerda doʻstlar orttirib, atrofni kuzatib, talabalar ham chet elga oʻqishga ketishlari mumkin ekanini tushundim. Shunday qilib Amerikaning eng nufuzli universitetlariga kirish uchun harakat boshlandi. 2018-yil oktyabr oyida IELTS imtihonini topshirib, 7.0 bal oldim. Keyin SAT imtihoniga 2 oy tayyorlanib, imtihonda 1330 (Math 800/800, EBRW 530/800) olganman. Soʻng yanvar oyigacha Amerikaning toʻliq grant beradigan 8 ta universitet, kollejlariga topshirib, hech qaysiga kira olmaganman. Shunda maktabni bitirib yana bir yil tayyorlanib dunyodagi eng nufuzli universitetlarga harakat qilishga qaror qildim. Lekin bu safar faqat Amerika emas, Yevropa, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Qatar, Kanada davlatlaridagi 100% grant bera oladigan nufuzli universitetlariga topshirdim. Qabul qilingan universitetlarimning ichidan eng nufuzli oliygoh – Koreyadagi Korea Advanced Institute of Science and Technology (KAIST)da oʻqishga qaror qildim. Oʻqish 2020-yil, avgust oyi oxiridan boshlanadi.

2. Ushbu universitetingiz haqida qisqacha soʻzlab bersangiz.

KAIST 2020-yil holatiga koʻra, QS reytingi boʻyicha dunyoda umumiy 39-oʻrinda, men tahsil olayotgan Computer Science (dasturchilik) sohasida 36-oʻrin va Janubiy Koreyaning oʻzida 1-oʻrinni egallagan. Universitetning turli bosqichlarida 10 mingdan ziyod talab tahsil oladi. Universitetda biznes yoʻnalishini oʻqiydigan Seuldagi kampusidan tashqari barcha yoʻnalishlar Daejong shahrida joylashgan.

3. Siz qoʻlga kiritgan grant talabaga qanday imkoniyatlarni taqdim etadi.

KAISTda xalqaro talabalar uchun universitet tomonidan faqat bitta – “KAIST Scholarship” nomli grant beriladi. Universitetga qabul qilingan barcha talaba mazkur grantni qoʻlga kiritgan hisoblanadi. Bu grantni olish uchun hech qanday ortiqcha hujjat talab qilinmaydi –qabul qilindingizmi, bepul oʻqiysiz degani.

Grant qabul qilingan har bir talabani quyidagilar bilan taʼminlaydi:

  • Kontrakt pulini toʻlashdan ozod etilasiz.
  • Sugʻurta xarajatlaringiz qoplab beriladi.
  • 350 000 von (taxminan 300 AQSH dollari) stipendiya bilan taʼminlanasiz.

Yotoqxona va oziq-ovqat xarajatlari KAIST talabalari uchun ancha arzonligi uchun bu stipendiya hamma xarajatlaringizni qoplaydi. Lekin mazkur grantni oʻqishni bitirguncha oʻzingizda saqlab qolish uchun 4,3 balli GPAda oʻzlashtirish darajangiz 2,7 balldan tushib ketmasligi lozim. Tushib ketsa, kontrakt summasini toʻlay boshlaysiz. Kontrakt summasi semestriga taxminan 5500 AQSH dollarigacha boʻladi.

4. Odatda hujjat topshirish qaysi sanadan boshlanib qachongacha davom etadi?

Universitetga hujjat topshirish 3 ta siklda: Early (erta) – 1-sertyabrdan 23-oktyabrgacha, Regular (odatiy) – 9-noyabrdan 8-yanvargacha va Late (kechgi) 1-martdan 28-maygacha davom etadi. Bu topshirish muddatlari har yili 3-4 kun farq qilgan holda oʻzgarishi mumkin, lekin mana shu formatda hujjatlar har yili 3 marta qabul qilinadi.

5. Mazkur universitetga qabul uchun nomzodga qanday talablar qoʻyilgan? Qaysi tillarni bilish talab etiladi?

Oʻqish ingliz tilida olib boriladi. KAISTga kirish uchun koreys tilini bilish shart emas. Kirganingizdan keyin majburiy koreys tili kursi mavjud, shunda koreys tilini oʻrganib olishingiz mumkin.

Qabul jarayoni talab qilinadigan hujjatlarga koʻra Amerikaning universitetlarinikiga juda oʻxshash. Sizdan asosiy talab etiladigan narsalar:

  • SAT General yoki SAT Subject Test, IELTS imtihonidan natijangiz (kamida 6,5 ball ).
  • Shu paytgacha erishgan yutuqlaringiz-xalqaro va mamlakat miqyosida qanaqa Olimpiadalarni yutgan boʻlsangiz ularning sertifikatlari.
  • Qisqa KAISTda oʻqish uchun motivatsiyangiz, kelajakdagi rejalaringiz va xarakteringiz haqida berilgan 5 ta insho.
  • Darsdan tashqari mashgʻulotlar, hamda ish tajribangiz (agar boʻlsa).
  • Bitta tavsiyanoma, aniq fanlardan oʻqitgan oʻqituvchingiz tomonidan.

6. Grant uchun biror alohida hujjat topshirish talab etiladimi?

Grant uchun alohida hujjat talab etilmaydi. Faqatgina qabulda ota-onangizning daromadlari keltirilgan hujjatni taqdim etib, KAISTda oʻqish uchun pulingiz yetmasligini koʻrsatsangiz bas.

7. Topshiriladigan hujjatlar ichida eng muhimlari qaysilar deb oʻylaysiz? Va ularni tayyorlashda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Shu paytgacha butun dunyodan koʻplab nufuzli universitetlarga topshirgan boʻlsam, oʻzimning tajribamdan kelib chiqib, har bitta universitetning “falsafasi” bor deb tushunaman. Bu “falsafa” universitetning qaysi davlatda joylashganligi, uning nufuzi va qabul boʻlimida ishlayotganlarning oldindan kelishilgan mezonlari orqali aniqlanadi.Har qanaqa universitetga topshirishda yuqoridagi falsafani aniqlash yoʻli va KAIST misolida bu omillar qanday boʻlishini tushuntiraman:

  • Universitetning veb-saytini juda sinchkovlik bilan tadqiq (research) qilish. KAISTning veb-saytidan bu universitetning missiyasi (mission and values) yoki prezidentining keltirgan soʻzlari, ular qanday talabalarni kampusga yigʻishini bilish mumkin. Shunda koʻrinadiki, KAIST oʻzining sohasida aniq fanlarni eng uchli oʻzlashtirgan nomzodlarni qabul qiladi. Masalan, SAT Subject Test topshirib, biror fandan 700 balldan past olgan boʻlsangiz (maksimal 800 ball boʻladi), KAISTga topshirishning hojati yoq. Shunchaki, saralashdan ham oʻtolmay qolib ketasiz.
  • Tashqi resurslardan ham foydalanish. Faqatgina universitetning oʻzi bergan maʼlumotlarga tayanib qolmasdan, boshqa saytlar, platformalar, masalan quoraʼdan qidirib koʻring. Shu universitetda oʻqigan talabalarning fikri, ochiqcha tavsiyalari va maʼlumotlarini siz rasmiy saytdan topolmasligingiz mumkin.

8. Mazkur grantni qoʻlga kiritishingizga sababchi boʻlgan asosiy omillar nimalardan iborat, deb oʻylaysiz?

Bunga quyidagi omillar sabab boʻlgan deb oʻylayman:

  • Xalqaro test imtihonlardan test natijalar: SAT Subject Test imtihonining Matematikasidan 800 dan 800, Fizikasidan 800 dan 800, SAT (General)dan 1600 dan 1470 va IELTS 7 ball.
  • Erishgan yutuqlar: Olimpiadalarda matematika va fizikadan yaxshi natijalar – matematikadan xalqaro onlayn olimpiadada Oltin medal, Fizika fanidan Olimpiadaning Respublika bosqichidagi ishtirokim haqidagi sertifikatlar va h.k.
  • Darsdan tashqari mashgʻulotlar va ish tajribam: Maktabni bitirib Toshkentda IT kompaniyalarning birida dasturchi boʻlib ishlaganim va har xil IT loyihalarda qatnashganim, Amerika elchixonasining dasturlash boʻyicha kursiga qabul qilinganim va SAT dan oʻqituvchilik faoliyatim.
  • Insho (Essay): KAISTda inshoning talab qilinishining asosiy sababini tushuntiraman. Tasavvur qiling, siz universitetning qabul boʻlimida ishlaysiz va shunaqa katta universitetning bu yilgi talabalar jamoasini tuzish sizga bogʻliq. Topshirganlarning barcha imtihon natijalari va erishgan yutuqlari sizning qanchalik universitetingizga akademik jihatdan tayyor ekanligingizni aniqlab beradi. Lekin hatto oldidan koʻrmagan va gaplashmagan odamingizning xarakteriga kim javob beradi? U hech kim bilan gaplashmaydigan odamovi boʻlib chiqsa-chi? Mana shu yerda talabalikka topshirganlarning yozgan inshosi (essay) yordamga keladi.

9. Aynan KAIST grantini yutishga alohida tayyorgarlik koʻrganmisiz? Agar koʻrgan boʻlsangiz, qanday tayyorgarlik koʻrgansiz?

Aynan KAIST uchun oldindan tayyorgarlik koʻrmaganman. Shunchaki, shu yil Amerikaning 8 ta nufuzli universitetiga topshirganman va Amerikadan tashqaridagi turli davrlarda jami 7 ta universitetga topshirganman. Topshirish jarayonida hamma narsani optimal tayyorlashga harakat qilganman. Har holda universitetlarning hammasiga topshirish ham tekin emas.

10. KAISTda oʻqishdan tashqari talabalarga ishlashga ruxsat etilganmi? Ruxsat etilgan boʻlsa, haftasiga yoki oyiga necha soat ishlash mumkin?

Koreyaning deyarli barcha universitetlarida oʻqishdan tashqari ishlashga ruxsat bor. Lekin KAISTda oʻqiydiganlar uchun universitetdan tashqarida ishlash juda noodatiy hol. Sababi oʻqish juda qiyin va vazifalarni bajarish juda muhim. Bundan tashqari, ishlashga va ortiqcha pulga ehtiyoj boʻlmasligi uchun KAISTda barcha xalqaro talabalarga 100% grant beradi. Agar biror talaba pul sarflash odatlaridan kelib chiqib stipendiyani yetkiza olmaydigan boʻlsa, Universitetning oʻzi ish berishi mumkin. Ammo bu ish ham 1-kurs bakalavr bosqichida oʻqiyotganlar uchun cheklangan.

11. KAIST yoki boshqa nufuzli universitetlarga toʻliq grant yutishni istovchilar uchun qanday eng muhim maslahatlar bera olar edingiz?

Birinchi navbatda, mana shu maqolani oʻqiyotgan barchaga kuchli xarakter egasi boʻlishi kerak ekanligini aytmoqchiman. Hayotda koʻplab xatolar va muvaffaqiyatsizliklar insonlarning mana shu kichik faktorning ustida juda kam ishlashidan kelib chiqadi. Men uchun umrbod unutilmas hayot tajribalaridan bittasi – bu oʻzim xohlagan universitetga kirish boʻldi, albatta. Aytganimdek, maktabda bitiruvchi yilimda (11-sinf) 8 ta Amerikaning universitetiga toʻliq grantga topshirib 8 tasiga ham oʻtolmaganman. Oʻsha yili KAISTga ham topshirib, birinchi yil yiqilganman ham. Keyin oʻzimizning universitetlarning ham kirish test sinovlaridan oʻtib, oʻqishga kirdim, lekin bir kun ham oʻqishga bormadim. Borish haqida oʻylab ham koʻrmadim. Chunki yana oʻz ustimda koʻproq ishlab, avvalgi xatolarimni toʻgʻrilab, yana shu ssenariy boʻyicha bir yil vaqtimni ketkizib boʻlsa ham urinib koʻrdim. Demak, hayotda oldimizga bitta katta maqsad qoʻydikmi, hech qachon shu maqsadimizdan pastda turgan narsada toʻxtamaylik.

Nufuzli universitetga grant yutish istagida boʻlganlarga eng katta maslahatim ertaroq boshlang. Shaxsan oʻzim birinchi bor topshirgan hamma universitetlardan kirolmaganlik xatini olganimda bitta narsadan afsuslanganman: universitetga topshirishni sirlarini ertaroq tushunib yetganimga. Ertaroq shuni tushunib, harakatni ertaroq boshlaganimda edi, hozir oʻqishga kirganlik haqida qoʻlimda xat boʻlar edi.

2021-yilning bahorgi va kuzgi semestri uchun qabul talablari, hujjat topshirish jarayoni va tartibi haqida ushbu PDF fayli yuklab olish orqali batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!