×

Koreyada yashash uchun 1 oyda oʻrtacha qancha pul sarflanadi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

9688 marta

CHOP ETILGAN

02.02.2021

Maqola 2021-yil yanvar oyida tayyorlangan.

Hozirda Janubiy Koreyada oʻqish yoki ishlash istagining yoshlar orasida tobora ommalashib borayotganligi va shu sababli koreys tili hamda Koreya hayotini bilishga boʻlgan qiziqish ortib borayotganligi ayni haqiqat.

Koreyada oʻqish rejasini tuzishdagi ilk qadam universitetlar bilan tanishish, ulardagi grant dasturlarining miqdori, zaruriy hujjatlar va qabul talablariga mos kelish shartlarini yaxshilab oʻrganib chiqish boʻlsa, keyingi oʻrinda oʻqish va yashash uchun umumiy sarflanadigan xarajatlar miqdorini hisoblab chiqish turadi.

Oʻqish uchun kontrakt puli miqdori, sugʻurta toʻlovi, yotoqxona yoki oʻqish bilan bogʻliq boshqa toʻlovlarni universitetlar veb-saytidan bemalol topish mumkin.

Hozir esa sizlar bilan barchaga birdek qiziq boʻlgan mavzu yaʼni: Koreyada xalqaro talaba sifatida yashash davomida shaxsiy ehtiyojlar uchun 1 oyda qancha mablagʻ sarflashga toʻgʻri kelishi haqida koʻrib chiqamiz.

1 yildan buyon Koreyada magistratura bosqichida taʼlim olayotgan talaba sifatidagi tajribaga asosan oylik yashash xarajatlarini oʻzim va bu yerda taʼlim olayotgan boshqa oʻzbekistonlik talabalar misolida birgalikda tahlil qilamiz. Quyidagi koʻrsatilgan toʻlovlar va narxlar asosida hamma oʻz ehtiyojlari doirasida oylik xarajatlarni oʻzi uchun hisoblab olishi mumkin.

  1. Yashash joyi uchun toʻlov

Avvalo universitetga qabul qilingandan soʻng talabalar universitetning yotoqxonasida turish yoki turmaslikni ixtiyoriy tarzda tanlaydi (til kursida oʻqish uchun kelganlardan tashqari). Yotoqxonada turish istagida boʻlsangiz, yotoqxona toʻlovi oʻqish kontrakt toʻlovini toʻlash paytida toʻlanib, taxminan 1 semestr uchun (6 oy) 3 kishilik xonada turish 600 000 von (545$) ni tashkil etadi. Yotoqxona toʻlovi universitetlarga qarab farq qilib, siz oʻqishga qabul qilingan paytda universitetingiz tomonidan 1 semestr uchun oʻqish kontrakt miqdori va yotoqxona toʻlov summasi haqida xabardor qilinasiz. Keyingi yotoqxona toʻlovlari esa har semestrning boshlanishida toʻlab boriladi.

Yotoqxonada emas, oʻzi shaxsiy ijarada turmoqchi boʻlganlar uchun bir necha ijara tanlovlari mavjud boʻlib, eng koʻp tarqalgan turi “Goshivon va “One Room” hisoblanadi. Goshivon – 1 kishilik kichik xona; ushbu ijara turini xuddi yotoqxona binosida har bir xonalarning alohida-alohida ijara sifatida berilishiga oʻxshash deb tasavvur qilishingiz mumkin.

Odatda bunday ijara uchun toʻlov xonaning holatiga koʻra, oyiga oʻrtacha 170 000 vondan~300 000 vongacha (154$~272$ gacha) boʻladi. Koʻpchilik goshivonlar bepul ovqat bilan ham taʼminlaydi, lekin xona ichida ovqat pishirishga ruxsat etilmaydi (alohida umumiy oshxona mavjud). Goshivonda ijara pulidan tashqari alohida tarzda hech qanday oylik kommunal toʻlovlar toʻlanmaydi. Ijara puli shartnomaga asosan har oyning boshida toʻlab boriladi.

Ikkinchi ijara turi — One Room – 1 xonali kvartira (2 kishi bemalol yashashi mumkin) boʻlib, oylik ijara toʻlovi 250 000 vondan~350 000 von (226$~317$) atrofida boʻladi (xona holati va kattaligiga qarab narxlar oshadi).

One Roomʼda ijaraga turishdan avval shartnoma tuzilib, shartnomaga binoan belgilangan vaqtgacha turishingizni taʼminlash maqsadida uy egasiga ijara pulidan tashqari depozit-garov puli ham toʻlanishi talab etiladi. Bu odatda 500 000 vondan~1000 000 vongacha miqdorda boʻladi (455$~905$). Ushbu depozit puli uy egasi tomonidan saqlab turiladi hamda ijaradan chiqib ketayotgan paytda oʻzingizga qaytarib beriladi.

One Room ijarasida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun oylik kommunal toʻlovlar ham alohida toʻlanadi. Mazkur kommunal toʻlovlar 1 oyda oʻrtacha 50 000 von (45$) atrofida boʻladi. Odatda xona kerakli barcha uy jihozlari (divan, oshxona jihozlari, muzlatkich, kir yuvish mashinasi) bilan toʻliq taʼminlangan boʻladi.

Men stipendiat talaba sifatida universitetdagi yotoqxona toʻlovidan ozod etilganman va ijara toʻlovi mening bir oylik xarajatlarim qatoriga kirmaydi. Siz esa yashash joyi tanlovingizga koʻra oylik toʻlov xarajatini hisobga olishingiz kerak boʻladi.

  1. Oziq-ovqat xarajatlari

Yotoqxonada yashashni rejalashtirayotganlar yotoqxona uchun toʻlov qilayotgan paytda oziq-ovqat pulini ham qoʻshib toʻlash orqali talabalar oshxonasida ovqatlanish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin. Bu ham talabaning oʻziga bogʻliq boʻlib, istagiga koʻra talabalar oshxonasida ovqatlanish toʻlovini toʻlashi yoki toʻlamasligi mumkin (lekin talabalar oshxonasida choʻchqa goʻshti qoʻshilgan ovqatlar deyarli koʻp qilinganligi sababli oʻzbekistonlik talabalar oʻzlari ovqat qilib yeyishadi).

Agar talabalar oshxonasida ovqatlanmoqchi boʻlmasangiz yotoqxonada joylashgan oshxonadan foydalanib, bemalol ovqat pshirishingiz mumkin. Ijarada turish holatlarida ham umumiy oshxonadan foydalanish (goshivonda) yoki kvartirangizda oʻzingiz ovqat pishirishingiz mumkin (one roomʼda).

Oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga keladigan boʻlsak, Oʻzbekistondagi deyarli barcha mahsulotlarni Koreya doʻkonlaridan osongina topish mumkin. Faqatgina baʼzi biz bilgan meva yoki sabzavotlar shakli va taʼmi bu yerda biroz boshqacharoq.

Mahsulotlar narxi haqida gapirganda quyidagilarni misol qilib keltirish mumkin:

– Koreyada eng koʻp isteʼmol qilinadigan mahsulot – bu guruch. Guruch asosan qadoqlangan holda sotilib, 2 kg guruch narxi oʻrtacha 13000 von (12$) turadi.

– 1 kg kartoshka oʻrtacha 4000 von (3.7 $) va boshqa sabzavotlar ham 1 kg miqdori oʻrtacha 3500~4000 vonni (3$~4$) tashkil qiladi.

– Koreyada eng qimmat goʻsht mahsuloti mol goʻshti boʻlib, goʻshtning bir qancha turlaribor. Asosan Avstraliyadan import qilingan va Koreyaning mahalliy mol goʻshti kabilar koʻp uchraydi. Yuqori sifatli 1 kg mol goʻshti oʻrtacha 100 000~120 000 von (90$~110$) va oʻrtacha sifatdagi 1 kg mol goʻshti 50 000~60 000 von (45$~55$) atrofida boʻladi.

– Tovuq goʻshti esa juda arzon, yaʼni: 1 kg tovuq goʻshti oʻrtacha 5000~5500 von(4.5~5$)ga toʻgʻri keladi.

Koreyada mahsulotlarni birdaniga koʻp emas oz-ozdan, ehtiyojlarga koʻra sotib olish madaniyati shakllanganligi sababli deyarli barcha mahsulotlarni grammlab qadoqlangan holda sotib olishingiz mumkin.

Doʻkonlardan non ham topish mumkinmi deb oʻylayotgandirsiz? Albatta, barcha doʻkonlardan qadoqlangan non sotib olish mumkin. 1 ta non narxi oʻrtacha 2000 von (1.8$) turadi. Faqat bu yerdagi nonlar mazasi siz oʻrgangan Oʻzbekiston noni taʼmidan farq qiladi.

Oziq-ovqat mahsulotlar tanlov imkoniyati juda keng va yarim-tayyor ovqatlar turi ham juda koʻp. Biz odatda 2 kishi 1 oy davomida ovqat tayyorlash uchun mahsulotlar sotib olishga oʻrtacha 150 000~200 000 von (140$~180$) miqdorida xarajat qilamiz.

  1. Tozalash/shaxsiy gigiyena vositalari va boshqa zaruriy kundalik buyumlar

Tozalash va shaxsiy gigiyena vositalarini deyarli barcha doʻkonlardan topish mumkin. Lekin odatda ular donalab alohida emas, 4 ta yoki 6 tasi birgalikda sotiladi va narxi ancha arzon. Misol uchun, atir sovun 6 tasi 3500~4000 von (3$~4$) atrofida. Tish pastasi ham xuddi shunday 3 ta yoki 4 tasi birgalikda sotilib, oʻrtacha 9000~10,000 von (8$~9$) atrofida boʻladi.

Koreyada “Daiso” deb nomlangan katta savdo majmualari mavjud boʻlib, u yerdan kundalik hayotda ishlatiladigan barcha mahsulotlarni eng mayda narsalargacha topish mumkin. Daiso savdo markazlari hamma shaharlarda va yaqin atrofimizda juda ham koʻp: pardoz anjomidan tortib, oshxona buyumlarigacha, kanselyariya mollari va tozalash vositalari. Mazkur savdo boʻlimlarida narxlar qatʼiy belgilangan boʻlib, hamma mahsulot 1000~5000 vongacha (1$~4.5$). Eng qimmat buyum 5000 von, xolos.

Shu sababli ham deyarli juda koʻp aholi, ayniqsa, talabalar kundalik buyumlarni Daisoʼdan xarid qilishadi.

Tozalash vositalari va boshqa kerakli xoʻjalik buyumlari odatda har oy alohida pul sarflashimizni talab qilmaydi. 2 kishi 40 000~50 000 von (37$~45$) atrofida xarid qilsak, xaridimizning koʻp qismini 2 oy yoki undan uzoq muddat ham ishlatishimiz mumkin.

  1. Kiyim-kechak xarajatlari

Avvalo kiyim-kechak xarajatlari hammaning oʻziga bogʻliq boʻlib, quyida keltirilgan misollar va narxlarga asosan barcha oʻzi uchun alohida tarzda sarflanadigan pul miqdorini hisoblab olishi mumkin. Menda ham odatda har oyda kiyim-kechak uchun sarflanadigan pul turlicha boʻladi: baʼzan kamroq, baʼzan koʻproq baʼzan kamroq sarflayman.

1 ta kofta yoki shim oʻrtacha 15,000~20,000 von (14$~18$) atrofida boʻlib, qishki qalin kiyimlar tabiiyki bundan qimmatroq.(25,000~30,000 von).

Oyoq kiyim masalasida asosan sport oyoq kiyim doʻkonlarini koʻp uchratish mumkin: oʻrtacha sifatli oyoq kiyim 45,000~50,000 vonni (45$~50$) tashkil qiladi. Yuqori sifatli brend mahsulotlar tabiiyki ancha qimmat.

Kiyim-kechak borasida aytishim mumkin boʻlgan eng yaxshi maslahat – Koreyaga kelayotganda oʻz didingizga mos oyoq kiyimlarni Oʻzbekistondan sotib olib keling. Bu avvalo narx borasidagi va oyoq kiyim dizayni borasidagi ikki davlat oʻrtasidagi ancha katta farq sabablidir. Kiyim-kechaklar borasida ham shunday. Oʻzbekiston olib kelgan kiyimlaringiz hisobiga bu yerda pul kamroq sarflashingiz mumkin.

Bundan tashqari Koreyada kiyim doʻkonlarining eng yaxshi tomoni muntazam ravishda “Sale (chegirma)”larning oʻtkazib borilishidir. Sale paytida mahsulotlar 50-70% gacha chegirma bilan sotilib, ayniqsa mavsumiy Saleʼda, yaʼni: qish paytlari yozgi mahsulotlar, yoz mavsumida qishki kiyimlar juda arzon narxda (jemperlar atigi 5000~10 000 vonga sotiladi) xarid qilinishi mumkin.

Men odatda kiyim uchun 1 oyda 70 000- 80 000 von (65$) atrofida sarflayman. Aytib oʻtganimdek, baʼzan bu summa kamroq yoki koʻproq boʻlishi mumkin.

  1. Transport xarajatlari

Koreyada transportning barcha turidan foydalanish mumkin. Biz doʻstlarimiz bilan asosan yaqin masofalar uchun avtobuslardan foydalanamiz. Doimiy yoʻnalishlar boʻyicha avtobus narxlari voyaga yetgan shaxslar uchun 1600 von (1.5 $) hisoblanadi.

Avtobusdan yoki taksidan foydalanganda toʻlovlarni naqd pul orqali yoki transport kartalar orqali toʻlash mumkin. Transport karta orqali yoʻl haqi toʻlash nihoyatda qulay boʻlib, deyarli koʻpchilik aholi transport kartadan foydalanadi. Shuningdek, transport kartasining yana bir qulay tomoni –bitta avtobusga chiqib, transport kartasi orqali toʻlov qilib, 30 daqiqa ichida boshqa avtobusga almashinib chiqilganda alohida haq toʻlanmaydi.

Shaharlararo sayohat qilishda tezyurar avtobus yoki poyezddan foydalanish mumkin. Shaharlararo avtobuslar masofaga qarab narxlari turlicha. Biz yashayotgan shahar – Cheonan shahridan Seulgacha (86 km) avtobus haqi 7000 von (6.5$) va atigi 1 soat vaqt oladi. Tezyurar poyezd orqali Cheonandan Seulgacha 14 500 von toʻlov (13$) va 35 daqiqa vaqt sarflanadi.

Eng qimmat transport turi, shubhxasiz, taksi hisoblanadi. Chunki taksiga chiqish paytidan boshlab avtomatik tarzda 3300 von (3$) (shaharlarga qarab farq qilishi mumkin) yoʻl haqi hisoblash boshlanib, manzilga yetib borguningizgacha maʼlum summani tashkil qiladi. Shu sababli koʻpchilik talabalar juda ham zarur paytlardagina taksidan foydalanadi.

Hozir virus holati sababli darslar onlayn boʻlyapti, har kuni universitetga qatnamaslik hisobiga deyarli transport uchun pul sarflamayman. Lekin universitetga darsga qatnagan paytlarimizda transport ucun bir oyda oʻrtacha 50 000 von (45$) sarflanar edi.

Albatta transport uchun pul sarflash ham siz yashayotgan joy va transportdan kunlik necha marta foydalanishingizga bogʻliq. Agar universitet yotoqxonasi yoki universitet yaqinida yashasangiz oʻz-oʻzidan transport uchun ham koʻp pul sarflashingizga toʻgʻri kelmaydi.

  1. Boshqa xarajatlar

Koreyada yashash davomida shaxsiy ehtiyojlarimizdan tashqari, sugʻurta toʻlovi, universitet tomonidan semestr boshlanishida toʻlanadigan ayrim xarajatlar, viza muddatini uzaytirish uchun toʻlanadigan xarajatlarni ham, albatta, hisobga olish zarur. Garchi bunday xarajatlar har oy toʻlanmasa ham, avvaldan tayyorgarlik koʻrishingiz uchun bilib, hisobga olib qoʻyganingiz yaxshi.

Shuningdek, uyda ovqatlanmasdan, baʼzan koʻchada ovqatlanish, doʻstlar bilan birga vaqt oʻtkazish yoki sayohat qilish kabi xarajatlarni ham nazarda chetda qoldirmaslik zarur. Bunday xarajatlarni oʻzingiz uchun hisoblab olishingiz mumkin.

Xullas, aga barcha eng zaruriy oylik xarajatlarni hisoblaydigan boʻlsak, shaxsan men bir oyda taxminan 300 000 von (270$) atrofida pul sarflashimga toʻgʻri keladi. Men hozir stipendiat talaba sifatida kontrakt va yotoqxona toʻlovlaridan ozod qilinganligim sababli, yashash joyi xarajati yoki kontrakt pulini qoʻshmadim. Siz albatta oʻzingiz toʻlashingiz shart boʻlgan majburiy toʻlovlarni ham hisobga oling!

Xarajatlar koʻp koʻrinsa, qoʻrqib ketmang. Bunday xarajatlarni qonuniy tarzda soatbay ishlab qoplash mumkin.

Sun Moon universiteti Xalqaro aloqalar yo’nalishi magistratura bosqichi talabasi Yunusova Nilufar tayyorladi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!