×

Koreyaga jeton: yangiliklar, tafsilotlar, o‘zgarishlar


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

33554 marta

CHOP ETILGAN

07.11.2017

6 noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan «Kompleks test markazi» ochilishi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Koreyaga ishga ketishni xohlaganlarni ro‘yxatga olish va imtihon qilish shartlari ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra: Koreyada ishlashni istaganlar birinchi navbatda yangi tashkil etilgan «Kompleks test markazi»ning www.ckt.uz saytida ro‘yxatga o‘tishi hamda jeton olish uchun topshiriladigan imtihon kuni va seansini tanlashi kerak bo‘ladi. Ushbu sayt faqatgina O‘zbekiston ichida ochiladi. Jeton uchun imtihon kuni band qilinganidan so‘ng imtihon topshiruvchi «Kompleks test markazi»ga borib, ro‘yxatdan o‘tadi va 87 500 so‘m miqdoridagi pulni to‘lab, kompyuter orqali testdan o‘tadi.

Savollar matn va audio testlardan iborat bo‘lib, ularning soni jami 30 tani tashkil etadi. Imtihon uchun 40 daqiqa vaqt beriladi. 40 daqiqa tugagach, avtomat ravishda imtihon to‘xtatiladi.

Imtihon savollari O‘zbekistondagi uchta oliygoh mutaxassislari tomonidan CBT – Computer Based Testing usuli bo‘yicha davlat ta’lim standartlari asosida tuzilgan bo‘lib, ushbu savollarga javob berish uchun koreys tili bo‘yicha boshlang‘ich 1 va 2- daraja (chogip) bilimga ega bo‘lish talab qilinadi.

Test natijalari bo‘yicha nomzodlar reytingi tuziladi. Bunda berilgan 40 daqiqadan qancha oldinroq imtihon topshirib bo‘linishi muhim ahamiyatga ega. Deylik, imtihon savollariga 20 daqiqa ichida to‘liq javob bergan odam 40 daqiqada barchasini to‘g‘ri yechgandan ko‘ra oldingi o‘rinlarni egallaydi.

Ushbu imtihon boshlanishiga kuni 3 seans (har bir seansda 80 kishi imtihon topshiradi), keyinchalik esa 5 seansdan olinadi.

Bir odam oyiga bir marta, bir yilda esa 12 martagacha jetonga imtihon topshirish huquqiga ega bo‘ladi. Necha marta topshirilishidan qat’i nazar, to‘plagan eng yuqori ballari inobatga olinadi. KTM testini topshirish uchun to‘langan pul qaytarilmaydi.

Imtihon topshirib bo‘lgandan keyin darhol uning natijalarini bilish mumkin. Reytingdagi o‘rinni esa test topshirilgandan 10 kun keyin Agentlik rasmiy saytidagi shaxsiy kabineti orqali bilish mumkin.

Reyting shu tarzda tuzib boriladi va EPS-TOPIK imtihoni uchun, deylik 6 ming nomzod qabul qilinishi kerak bo‘lsa, qolganlar keyingi imtihonlarda qatnashish huquqini qo‘ldan boy bermaydi.

Turli sabablarga ko‘ra KTM imtihon natijalaridan qoniqmaganlar 20 kun ichida apellyatsiyaga berishlari mumkin. Appelyatsion arizani faqatgina imtihon topshirgan shaxs berishi mumkin.

Ammo, unutmaslik lozimki, KTM testi natijalari 8 oy saqlanadi. 8 oy ichida EPS-TOPIK imtihoni topshirilmasa, KTM imtihonini qaytadan topshirishga to‘g‘ri keladi.

KTM imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlar reyting asosida EPS-TOPIK imtihonida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birgalikda, EPS-TOPIK imtihonlarini o‘tkazish shartlari ham o‘zgargan. Endilikda EPS-TOPIK imtihon malaka testini ham o‘z ichiga oladi. Ya’ni, test savol-javoblaridan keyin koreyalik mutaxassislar suhbatidan o‘tish talab qilinadi.

«Kompleks test markazi» – mustaqil tashkilot bo‘lib, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi 138 uyda joylashgan. Mo‘ljal: Respublika Qon quyish markazi, «Aziya Tashkent» mehmonxonasi. Jamoat transportlari: №38, 40, 57, 58, 126, 132 avtobus yo‘nalishlari.

Markazga ro‘yxatdan o‘tish uchun xohlagan paytda, biroq testdan o‘tish uchun band qilingan vaqtdan 60 daqiqacha oldin borish lozim. Imtihon zaliga test boshlanishidan 30 daqiqa oldin kiritish boshlanadi.

Imtihonga elektron qurilmalar, har qanday kanselyariya mahsulotlari, kitoblar, lug‘atlar, bloknotlar olib kirish taqiqlanadi. Savol-javob vaqtidan o‘rindan turish, gaplashish va boshqa ortiqcha harakatlarni qilish mumkin emas. Har bir stol atrofi to‘siq bilan o‘ralgan bo‘lib, yuqoriga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.

KTM imtihoni uchun ro‘yxatdan o‘tish 7 noyabrdan, imtihonlar esa 13 noyabrdan boshlanadi.

Manba: Arirang.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!