×

Koreyaga oilasini chaqirishni istagan talabalar uchun maslahatlar


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

7619 marta

CHOP ETILGAN

01.06.2019

Siz Koreyada talabamisiz? Rafiqangiz (yoki farzandlaringiz ham) O’zbekistonda qolishganmi? Ularni Koreyaga olib kelishni istaysizmi? Unda quyida yozadiganlarim aynan siz uchun. Men ham xuddi shu kabi holatni o’z tajribamda sinab ko’rganim uchun bu boradagi ma`lumotlar sizga asqotib qolar deb o’yladim.

Aytgancha, bu blogpost aka-uka, ota-onalarni Koreyaga chaqirish haqida emas. Chunki, bilishimcha, noqonuniy mehnat faoliyatining oldini olish uchun aka-ukalarga anchadan beri viza berilmayapti (istisnolar bo’lsa kerak), ota-onalarga viza olish ham ancha qiyinlashib qolgan. Ammo bu toifa qarindoshlarni chaqirish ham “Mehmon viza” bilan bo’lgani uchun quyidagi aksar hujjatlar ular uchun ham bir xil tayyorlanadi.

Koreyaga oilani chaqirish odatda 2 usul bilan bo’ladi: “Mehmon viza” (C-31) yoki “Oila viza” (F-3-1). Mehmon viza 3 oyga beriladi va 3 oydan so’ng O’zbekistonga qaytish talab etiladi. Oila viza ham hozir 3 oyga beriladi, biroq Koreyaga kelgach, chaqiruvchining vizasiga qarab cho’zdirish mumkin bo’ladi. Ya`ni chaqiruvchi Koreyada qancha muddat yursa, Oila vizasi bilan kelgan inson ham shuncha muddat yura oladi.

Sababi nima bilmayman, ammo negadir Oila viza haqida elchixona saytida ma`lumot berilmagan. Lekin bu viza turi uchun hujjatlar qabul qilinadi. Odatda “Mehmon viza” uchun ham, “Oila viza” uchun ham bir xil hujjatlar tayyorlanadi.

Oxirgi paytlarda elchixona keltirgan ro’yxatga ko’ra hujjat tayyorlash kifoya qilmayotganiga guvoh bo’lib turibmiz. Oilani chaqirish uchun amalda talab etilmagan hujjatlarni ham tayyorlashga to’g’ri kelyapti. Quyida “Oila viza” uchun kerakli hujjatlar haqida imkon qadar ma`lumot beraman, agar shunga qarab tayyorgarlik ko’rilsa, Xudo xohlasa, viza olishga muvaffaq bo’linadi. Buni men va men kabi boshqa akalarimiz ham o’z tajribalaridan o’tkazib ko’rishgan.

1.      Taklifnoma

Hujjatlarning ichida eng muhimlaridan biri. Taklifnomada maqsadni aniq-tiniq yozish kerak. Jimjimador so’zlar bilan insho yozish shart emas. Chaqirishdan maqsadingizni yurakdan chiqarib lo’nda yozsangiz, e`tiborga olinadi. Koreyschada yozilgani ma`qul, ammo inglizcha yozsa ham zarari yo’q. Biz bu hujjatni Koreyada notarial tasdiqlatib ham olgandik, imzoning haqiqiyligini isbotlash ma`nosida.

2.      Kafolat xati

Kafolat xati ko’pchilik (shuningdek men ham avvallari) o’ylagandek professor yoki boshqa odam tomonidan berilmaydi. Kafolat xati chaqiruvchi insonning nomidan yozilishi kerak, bu holatda oila boshlig’i nomidan. Taklifnoma uchun ham, Kafolat xati uchun ham elchixonaning koreys tilidagi o’z shakli bor. Ana shulardan foydalanishni maslahat beraman. Kafolat xatining tayyor shaklini olib ma`lumotlarni kiritib, qo’l qo’yilsa kifoya qiladi. Buni ham taklifnomaga qo’shib Koreyada notarial tasdiqlatish maqsadga muvofiq (ikkisiga jami taxminan 40.000 won atrofida xizmat haqi ketadi).

3.      O’qish joyidan ma`lumonoma

Bunday qog’ozni odatda universitetdagi avtomat uskunalardan chiqarib olsa bo’ladi, dekanatning eshig’ida sarg’ayish shart emas. 🙂 Ma`lumotnomani xohlasangiz ingliz tilida, xohlasangiz koreys tilida olsangiz bo’laveradi.

4.      Grant haqida ma`lumotnoma

Agar siz Koreyada biror grant asosida o’qisangiz, bu haqida ma`lumotnoma taqdim qilish ham foydali deb o’ylayman. Sababi – konsul odatda chaqiruvchining moddiy holati, keyinchalik noqonuniy mehnat faoliyatidan hadiksirab viza bermaydi degan farazlarimiz bor. Shuning uchun bunday ma`lumot ya`ni siz to’liq kontrakt to’lovchi talaba emasligingiz ijobiy ta`sir qilishi shubhasiz. Bu ma`lumotnomani ba`zida avtomat uskunadan, ba`zida fakultet ofisidan olinadi, universitetga qarab.

5.      Baholar

Agar baholaringiz yaxshi bo’lsa, bu ham masalan siz nolegal maqomga chiqish ehtimolingiz past ekanligini ko’rsatadi. Bu ma`lumotnomani ham avtomat uskunadan chiqarib olsa bo’ladi.

6.      Ish joyidan va oylik maosh haqida ma`lumotnoma

Talabalikdan tashqari rasman ish joyingiz va har oy oladigan maoshingiz bo’lsa yoki labaratoriyada professor tomonidan maosh berib turilsa, buni albatta ko’rsatish kerak. Lekin talaba uchun bu majburiy emas. Bankdagi mablag’ingiz kifoya qiladi. Yoki universitetda biror dastur doirasida maosh olmasdan ishlayotgan bo’lsangiz ham, rahbaringizdan tavsifnomaga o’xshash xat qildirsangiz bo’ladi.

7.      Uy ijara shartnomasi nusxasi

Uy ijara shartnomasi o’z nomingizda bo’lishi kerak. Bunga qo’shimcha mahalla(chumin sento)dan “uegugin tingrok sashil chingmyongso” degan ma`lumotnomani ham qo’shib jo’natsa bo’ladi. Bu aslida zarur emas, lekin qayta-qayta viza chiqmasa, qo’shib jo’natilsa, zarar qilmaydi. Ba`zilar yotoqxonada yashab turgan holda oilalarini chaqirishar ekan. Agar o’z nomingizga ijaraga olingan alohida turar joyingiz bo’lmasa, viza bermasligi ehtimoli 99% bo’lsa kerak deb o’ylayman.

8.      Bankdan ma`lumotnoma

Koreyadagi hisob raqamingizda mablag’ingiz bor ekanligini ko’rsatish uchun ma`lumotnoma olasiz, odatda 10 million bilan 20 million von orasida mablag’ ko’rsatiladi, lekin aniq talab yo’q. Imkoniyatingizga qarab qilaverasiz. Aytgancha, hisob raqamida pul borligi haqida ma`lumotnoma olgach, o’sha kuni bir von ham pul yechib olib bo’lmasligini bilsangiz kerak. Buning oldini olish uchun ma`lumotnomani bir kun oldingi sana bilan qildirsa bo’ladi.

9.      Pasport va Aydi (ID) nusxasi

10.  FHDYO qog’ozi asli va nusxasi

Bu nikohingiz bor ekanligini tasdiqlash uchun kerak. Hujjatni tarjima-notarius qildirgach, apostil ham qildirib oling. Konsul bu hujjatning haqiqiyligiga ishonmayotgani uchun apostil qilish boshlanib ketdi, diplomni apostil qilish ko’p vaqtni olmaydi, ammo ishonchli hujjat bo’ladi.

11.  Rafiqangiz nomiga bankdan ma`lumotnoma

Rafiqangizning nomida O’zbekistondagi bankda chet el valyutasida mablag’ borligini ko’rsatish kerak. Summasiga aniq talab yo’q, 10mingdan 20ming dollargacha qilinsa bo’laveradi. Bankning ahamiyati yo’q. Biroq bunday xat qilmasdan viza olganlarni ham eshitdim. Agar taklif qilinuvchi nomida biror xususiy mulk bo’lsa, u haqidagi hujjatni ham albatta ilova qilish kerak.

12.  Oylik daromad

Agar rafiqangiz biror joyda ishlasalar, ish joyidan ish va oxirgi bir yillik maosh haqida ma`lumotnoma. Bu odatda C-31 mehmon vizasi uchun muhimroq rol o’ynaydi, lekin bu ham majburiy talab emas. Majburiy ekan deb ishlamaydigan odamni ishlatib yolg’on ma`lumot bermagan ma`qul. Konsullik qalbaki hujjatlar bilan ishlash bo’yicha ancha tajribaga ega deb hisoblayman.

13.  Rafiqangizning pasport va xorijiy pasportlari (yoki ovir), nusxalari bilan.

14.  Viza uchun Ariza

Buni hozir elchixona uchun vositachilik qilayotgan turfirmada to’ldiriladi. Turfirma xodimi to’ldirib bersa, arizani iloji boricha tekshirib olishni maslahat beraman. Ba`zida arizalar elchixonaga xatolar bilan kirib ketayotganiga guvoh bo’ldim.

15.  Arizachining 3,5×4,5 hajmdagi surati  

16.  $50 konsullik to’lovi va 150-270ming orasida turfirma to’lovi (turfirmaga qarab).

17. Aytgancha, oilangizda sodir bo’layotgan har qanday boshqa holatlarni ham albatta maʼlum qilish kerak. Konsul oila uchun viza berish zaruratini his qilishi kerak deb hisoblayman. Masalan, agar farzand kutayotgan bo’lsangiz, rafiqangiz ayriliq sabab biroz ruhiy tushkunlikka tushgan bo’lsalar yoki farzandlaringiz sizni ko’p sog’inib o’zlarini yomon his qilayotgan bo’lishsa, bu haqida shifokor xulosasi ham zarar qilmaydi.

Manba: @javharuz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!