Agar siz Latviya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan yozgi maktablarga hujjat topshirishish niyatida bo’lsangiz, sizdan motivatsiya xati yozish talab qilinadi. Ushbu qo‘llanmada sizga ishonarli va shaxsingizni ochib bera oladigan xat yozish bo‘yicha foydali maslahatlar beramiz.
Eslatma: Latviyadagi yozgi maktablar mavzulari har yili o’zgarib turadi. Plagiarizmning oldini olish maqsadida, ushbu insho uchun bu yil mavjud bo’lmagan mavzu tanlandi. Bu misollarni o’rganib chiqqach, 2025 yilgi yozgi maktablardan birini tanlab, shu mavzuga mos insho yozishingiz mumkin.
Xatingizni qanday tuzish kerak?
Motivatsion xatingiz aniq, lo‘nda va mantiqan tuzilgan bo‘lishi kerak. Uni quyidagi qismlarga ajratishni tavsiya qilamiz:
1-paragraf: Kirish
Inshoning bu qismi qisqa bo‘lishi kerak (2-3 qator).
O‘zingizni tanishtiring: Ismingiz nima? Qayerda va qaysi sohada tahsil olasiz? Hozir qaysi bosqichda o‘qiysiz? Qaysi yozgi maktabga ariza bermoqchisiz va nega aynan shu maktabni tanladingiz?
Misol:
«Mening ismim Shahzoda Karimova, men Toshkent Davlat Yuridik Universitetining xalqaro munosabatlar yo‘nalishining 2-bosqichida o‘qiyman. Latviyada bo‘lib o‘tadigan «Demokratik boshqaruv va iqtisodiy rivojlanish» yozgi maktabi meni juda qiziqtirdi, chunki men Yevropa Ittifoqi davlatlarining boshqaruv tizimlari bo‘yicha ko‘proq ma’lumot olishni istayman.»
2-paragraf: Nega aynan shu mavzu va shu yozgi maktab sizni qiziqtiradi?
Bu qismda yozgi maktab mavzusiga bo‘lgan qiziqishingizni tushuntiring. Ushbu yo‘nalishga qanday qilib qiziqib qolgansiz? Boshingizdan o’tgan hikoya yoki hayotiy misol keltiring.
Yaxshi misol:
«Men bolaligimdan dunyo mamlakatlarining boshqaruv tizimlarini solishtirishga qiziqardim. Masalan, 16 yoshimda Latviya va O‘zbekistonning ta’lim tizimini o‘rganib, ular orasidagi farqlarni kuzatganman. Aynan shu qiziqish meni xalqaro munosabatlar yo‘nalishida o‘qishga undadi.»
Yomon misol:
«Men xalqaro munosabatlarga qiziqaman, shuning uchun shu yozgi maktabga borishni xohlayman.» (Bu fikr juda umumiy, hech qanday shaxsiy motiv yoki sabab ko‘rsatilmagan.)
3-paragraf: Tanlangan yozgi maktab mavzusi bo’yicha nimalarni bilasiz?
Ushbu qismda bakalavr davringizda yoki umuman shu paytgacha o’qishda o‘rgangan bilimlaringiz, o‘tgan amaliyot yoki volontyorlik tajribangiz haqida yozing. Agar ilgari shu mavzuga oid loyihalarda ishtirok etgan bo‘lsangiz, ularni sanab o‘ting. Inshoning bu qismida tanlagan maktabingiz mavzusini o’rganib chiqqaningizni ko’rsata olishingiz kerak.
Misol:
«Men universitetda «Xalqaro diplomatiya» kursini o‘qib, turli davlatlarning iqtisodiy va siyosiy siyosatlarini tahlil qilishni o‘rgandim. Bundan tashqari, 2023-yilda Yevropa Ittifoqi bo‘yicha tadqiqot loyihasida qatnashib, Latviya iqtisodiy rivojlanish strategiyalarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldim.»
4-paragraf: Ushbu yozgi maktab sizning kelajakdagi maqsadlaringizga qanday yordam beradi?
Bu qismda aniq maqsadlaringizni yozing. Yozgi maktab sizga qanday yangi bilimlar beradi va ular kelajak rejalaringizga qanday ta’sir qiladi?
1-Misol:
«Kelajakda men Yevropa Ittifoqi davlatlari va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha loyihalarda ishlashni maqsad qilganman. Ushbu yozgi maktabda Latviya tajribasini o‘rganib, uni O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga moslashtirish imkoniyatlarini ko‘rmoqchiman.»
2-Misol:
«Men jurnalist sifatida xalqaro mavzularda maqolalar yozaman. Ushbu yozgi maktab menga Yevropa siyosati bo‘yicha chuqurroq tushuncha beradi va bu menga maqolalarimni yanada ilmiy va asosli qilishga yordam beradi.»
5-paragraf: Nega aynan sizni tanlashlari kerak?
Bu yerda o‘zingiz haqingizda biroz ko‘proq yozing. O‘z iste’dodlaringiz, mehnatsevarligingiz yoki o‘rganishga bo‘lgan intilishingiz haqida yozing. Yozgi maktab jamoasiga qanday ijobiy hissa qo‘shishingiz mumkinligini tushuntiring.
Misol:
«Men ochiq fikrlaydigan va bilimga chanqoq insonman. Turli millat vakillari bilan ishlash menga zavq beradi. Bundan tashqari, men ushbu yozgi maktabdan o‘rganadigan bilimlarimni O‘zbekistondagi tengdoshlarim bilan bo‘lishish niyatidaman.»
6-paragraf: Yakuniy xulosa
Bu qism qisqa bo‘lishi kerak. Barcha fikrlaringizni qisqacha jamlab, ushbu yozgi maktab siz uchun nechog‘lik muhimligini ta’kidlang.
Misol:
«Latviyada bo‘lib o‘tadigan ushbu yozgi maktab menga kelajakdagi ilmiy va professional maqsadlarimga erishishda muhim tajriba beradi. Bu dastur menga yangi bilimlar olish va xalqaro do‘stlar orttirish imkoniyatini taqdim etadi. Men ushbu imkoniyatdan foydalanishni intiqlik bilan kutmoqdaman.»
Muhim eslatmalar:
✔ Motivatsion xatingiz 1 betdan oshmasin. Juda uzun bo‘lsa, diqqat bilan o‘qilmay qolishi mumkin.
✔ Aniq va tushunarli yozing. Noaniq gaplar yozmang, har bir fikringizga dalil keltiring.
✔ Iloji boricha shaxsiy hikoyalaringizni qo‘shing. Bu sizning samimiyligingizni ko‘rsatadi.
✔ Xatingizni bir necha marta qayta ko‘rib chiqing. Imlo va grammatik xatolar bo‘lmasligi muhim.
Quyida namuna sifatida yozilgan motivatsion inshoni taqdim etamiz. Bu insho plagiarizmning oldini olish maqsadida o’zbek tilida yozildi.
“Hurmatli qabul komissiyasi a’zolari,
Mening ismim Shahzoda Karimova, men Toshkent Davlat Yuridik Universitetining xalqaro munosabatlar yo‘nalishida 2-bosqich talabasiman. Sizlarning “Demokratik boshqaruv va iqtisodiy rivojlanish” yozgi maktab dasturingiz meni juda qiziqtirdi. Shu sababli, ushbu dasturning ishtirokchisi bo‘lish istagimni bildirish uchun ushbu motivatsion xatni yozmoqdaman.
Bolaligimdan dunyo mamlakatlarining siyosiy va iqtisodiy tizimlari qanday ishlashini o‘rganishga qiziqib kelganman. 16 yoshimda Latviya va O‘zbekistonning ta’lim tizimlarini solishtirish haqida tadqiqot olib borganim, bu yo‘nalishga qiziqishimni yanada oshirdi. O‘sha paytda O‘zbekistondagi islohotlar va Latviyaning mustaqillikdan keyingi iqtisodiy o‘sish yo‘li meni hayratga solgan edi. Shu sababli, xalqaro munosabatlar sohasini tanladim va bugungi kunda o‘zimga savol beraman: Latviyaning boshqaruv tajribasidan O‘zbekiston qanday foydalana oladi?
Universitetimdagi “Xalqaro diplomatiya” va “Siyosiy tahlil” kurslari menga davlatlararo hamkorlikning turli shakllarini o‘rganish imkonini berdi. 2023-yilda esa Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi munosabatlari bo‘yicha tadqiqot loyihasida qatnashdim va Latviya iqtisodiy modeli haqida ko‘proq ma’lumot oldim. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi yosh liderlar uchun tashkil etilgan konferensiyalarda volontyor sifatida faol qatnashganman. Ushbu tajribalar menga xalqaro siyosiy jarayonlarni chuqur tushunish va ularni tahlil qilish ko‘nikmasini berdi.
Kelajakda men Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarda ishlashni xohlayman. Latviya Yevropa Ittifoqining faol a’zolaridan biri sifatida demokratik boshqaruv hamda iqtisodiy islohotlar bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribaga ega. Sizning yozgi maktabingiz menga Latviya modeli haqida ko‘proq bilim olish, uni O‘zbekiston sharoitiga qanday moslashtirish mumkinligini tushunish imkoniyatini beradi. Ayniqsa, dasturingizdagi «Yevropa davlatlarining iqtisodiy transformatsiyasi» mavzusi meni juda qiziqtirmoqda, chunki men ushbu bilimlar orqali o‘z vatanimdagi o‘zgarishlarga hissa qo‘shishni xohlayman.
Bundan tashqari, men doimo yangi bilim va tajribalarni boshqalar bilan baham ko‘rishga tayyorman. Ushbu yozgi maktab menga nafaqat o‘qish, balki boshqa davlatlardan kelgan tengdoshlarim bilan fikr almashish, yangi do‘stlar orttirish imkoniyatini ham beradi. O‘zbekistonga qaytgach, olgan bilimlarimni universitetimdagi boshqa talabalarga yetkazish hamda ushbu sohada faoliyat yuritishni maqsad qilgan yoshlarni ilhomlantirish niyatidaman.
Sizning dasturingiz menga xalqaro miqyosdagi amaliy tajriba orttirish va kelajakdagi ilmiy hamda professional maqsadlarimga erishishda katta yordam beradi. Ushbu imkoniyatni qo‘lga kiritishni intiqlik bilan kutmoqdaman va o‘z tajribam bilan yozgi maktab jamoasiga ijobiy hissa qo‘shishimga ishonaman.
E’tiboringiz uchun oldindan rahmat.”